* * *
Yor ketdi, koʻzim bulogʻi qoldi,
Siynamda tirik firogʻi qoldi.
Ishq xotirasi kabi sochimning
Yoshlikda koʻpaygan oqi qoldi…
Har lahza dilu xayol parishon,
Bir xoʻrsinishimda dardlar ummon.
Yulduz kabi tunda yarqirar jon.
Tundek sochi ishtiyoqi qoldi…
1942
* * *
Sendadir koʻzlarim, sendadir koʻngil,
Uzoqlarga hasrat bilan boqaman.
Na quyosh, na bahor, na gulshanda gul
Yurakni yupatmas – men sogʻinaman.
Seni sogʻinaman, ruhda yoʻq qaror,
Oshib kel togʻ, dovon!
Bu qadar hijron!..
Dardim bor, gulim bor, qoʻshiqlarim bor…
Sen yoʻqsan! Nahotki bu mangu armon?!
1942
QORAXAT
Bexosdan uzilgan shoda dur kabi,
Toʻkildi umidning rangli barglari.
Osildi bir onda qoʻllar madorsiz,
Yer qochdi, qoraydi quyosh zarlari…
1941
* * *
Olmalar taram-taram,
Bogʻlarning husni toʻlgan,
Chaman rangga boy, koʻrkam:
Koʻngillarga ne boʻlgan?
Koʻzlar jilvasi oʻzga,
Qoʻshiqlarning shoʻxi oz.
Bir “uh” kirar har soʻz-la,
Horgʻin, gʻalati bu yoz.
Ufqlarning beti qon…
Har yurakda bir hijron…
1942
* * *
Hayot qaʼri larzada…
Asabiy, tund shamollar.
Betoqatdir xayollar,
Tonggi soʻz – kech safsata…
Bulutlarning alvoni –
Boʻronlarga bayroqdir.
Kurash – kurashmoq haqdir!
Joʻshar hayot girdobi…
Kurash, haqlik bizniki,
Mangu zafar bizniki!
1942
* * *
Qorli yoʻllar, uh, uzun
Bu yillarning dardidek…
Uvillaydi oq quyun,
Achchigʻi bilmaydi chek!
Bu yoʻllardan yurdi yov,
Zilziladek oʻtdi u.
Hayot kuyundi – kosov,
Qon sizuvchi yoʻllar bu.
Chekildi yov poytaxtdan
Boshsiz, qoʻlsiz, oyoqsiz…
Kafani qordan, yaxdan…
Qish, nayza xoʻb inoqsiz!
1943
* * *
Yigʻi kelmaydi sira…
Gʻazabdan qaqragan koʻz.
Bu yoʻllarning yaxidek
Labimda qotipti soʻz.
Qoshlar, kipriklar qirov –
Yuraman hushsiz, hayron.
Qornim och, esga kelmas
Xaltamdagi gʻishtdek non…
Kuygan uylarda uvlar
Qish quyuni betinim.
Tanho kezaman. Yigʻlar
Yuragimda Vatanim.
1944
MAYLI
Nima desa desin odamlar!
It huradi – oʻtadi karvon.
Vijdon bilan qimmatdir damlar!
Har vaqt eshdir qalbimga vijdon!
1944
Oybek,
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi
https://saviya.uz/ijod/nazm/sendadir-kozlarim-sendadir-kongil/