Sen onalar duosini ol

SEN ONALAR DUOSINI OL…

 

Bu dunyoning xilqati ayol,

Maʼno birla hikmat ayol,

Odamzodga tilagi – iqbol,

Koʻrmay desang umringda zavol,

Sen onalar duosini ol.

 

Ayol joni qirqta degan zot

Uning baxtin aylagay barbod.

Bu qandayin qabohat, hayhot!

Koʻrmay desang umringda zavol

Sen onalar duosini ol.

 

Guvoh erur zamin-zamonlar:

Ayolga bosh egmish sultonlar.

Qattiq soʻzlar unga nodonlar,

Koʻrmay desang umringda zavol,

Sen onalar duosini ol.

 

Qadam bossang balki titrar yer,

Hayiqadir balki sendan sher,

Bitta soʻzga lekin, quloq ber,

Koʻrmay desang umringda zvvol,

Sen onalar duosini ol.

 

Farishta ham ayol siymodir,

Bir joniga ming mehr jodir,

Oʻyu fikri vafo, hayodir,

Koʻrmay desang umringda zavol,

Sen onalar duosini ol.

 

Yigit boʻlsang, oʻlimdan qoʻrqma,

Taʼqiblardan, zulmdan qoʻrqma,

Boʻhtonchilar tilidan qoʻrqma,

Koʻrmay desang umringda zvvol,

Sen onalar duosini ol.

 

Ayol – ona, mushfiqi zordir,

Ayol – singil, vafoli yordir,

Vafodorga vafosi bordir,

Koʻrmay desang umringda zavol,

Sen onalar duosini ol.

 

 

ONA

 

Hassami toʻqillar keng koridorda

Soʻng sekin ochildi xona eshigi.

Nuroniy bir ona kimnidir soʻrab

Turar ostonada – qomati egik.

 

– Ona! – deb otildi bir qiz bagʻriga,

Yuzlarin kuydirar otash nafasi.

Ona-bola choʻmmish quvonch nahriga,

Qizlar tikilishar kelib havasi…

 

Koʻksiga bosadi farzandin ona,

Tushmish peshonaga oppoq soch toli.

Xushboʻy taratadi savatda, ana,

Fargʻonadan kelgan luchchak shaftoli.

 

– Nega etmadingiz meni xabardor

Kutib olardim-ku vokzalda oʻzim.

– Yoʻq, buncha tashvishning ne keragi bor,

Axir…

vaqtginangni qizgʻandim, qizim…

 

 

 

ONAJONIM QOSHIDA

 

Bir umr qarzdor erurman onajonim qoshida,

Davlatim, togʻday panohim, soyabonim qoshida.

 

Boyligim ham toleim deb koʻrsaturman izlarin,

Oʻzga boylik na kerak jonu jahonim qoshida?

 

Xulqi xushligu hayodan berdilar menga saboq,

To abad taʼzim etay rohi ravonim qoshida.

 

Ne deya izhor etay shaʼniga yoniq hislarim,

Jonajonday jonajonroq jonajonim qoshida?

 

Derlar, oftob mehridan jon olur roʻyi zamin,

Lekin, oftob mehri nadir mehribonim qoshida?

 

Men volidam jonidagi jon erurman, begumon,

Sadqa boʻlsin xonumonim, sadqa jonim qoshida!

 

 

ONA

 

(Farzandlarimning marhuma onalari

haqidagi soʻzlari)

 

Ona, tark etdingiz yorugʻ olamni,

Bildik, ayriliqdek dardu alamni,

Fil ham koʻtarolmas bundayin gʻamni,

Hovlimiz sahnida,oʻchoq boshida

Goʻyoki onajon, izingiz qoldi…

 

Siz oqilu dono erdingiz, ona,

Diyonat izmida yurdingiz, ona,

Ortimdan qolinglar, derdingiz ona,

Aytganingiz keldi, faryodlar chekib,

Ortingizdan uchta qizingiz qoldi.

 

Boshimiz silardi qoʻlingiz mudom,

Duolarda edi tilingiz mudom,

Yumush edi oʻngu soʻlingiz mudom.

Mungligʻ qizlaringiz quloqlarida

Jonbaxshu purmaʼno soʻzingiz qoldi.

 

Sizsiz gʻarib boʻlib koʻrinur dunyo,

Qaniydi bu kunlar boʻlsa bir roʻyo,

Dunyoda yoʻq ekan onaday siymo

Koʻzimiz oldida farishtasurat

Oftobdayin issiq yuzingiz qoldi.

 

Garchi ohimizdan chiqsa-da tutun,

Oʻksinib koʻzyoshlar toʻksak-da beun,

Bizlarning onajon, jismimiz butun,

Bizga hayot ila idrok bergansiz,

Jismimizda bergan tuzingiz qoldi.

 

Bizlar uchun doim hayotsiz, ona,

Parvoz etar boʻlsak qanotsiz, ona,

Biz uchun qoʻshigʻu bayotsiz, ona,

Goʻyo nigohingiz bizlarda doim,

Koʻzimiz oldida koʻzingiz qoldi…

 

Hovlimiz sahnida izingiz qoldi!

 

Oxunjon HAKIM

https://saviya.uz/ijod/nazm/sen-onalar-duosini-ol/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x