Sen-da gʻarib, boʻyingdan, men-da gʻarib

Ergash bobo Nurota tumanining qozisi bilan suxanguzarlik qilib oʻtirgan ekanlar. Qay bir jihatdandir gaplari qovushib, qurashib, oʻtar-ketar bu besh kunlik dunyoning ne savdolari, ne gʻavgʻolari, bola-chaqa, bozor-oʻchar tashvishlari, tugamas-bitmas ishlari bilan boʻlib ketib, koʻp kishilar tarovat, tariqatni, toat-ibodatni unutib oʻzlarini oʻzlari osiy qilishlari xususida gap endi qizigandan qizigan paytda bir kelinchak bilan kuyovi jigʻillashib kelib qolibdi. Kuyov yigit otdan tusha bermas, kelin bola ham boʻsh kela bermas ekan. Popukday bir qizchalari bilan bir oʻgʻilchalari qay biri gap soʻqsa, shuning ogʻziga angrayib qarab, qozi bobolaridan najot kutar ekanlar. Aslida, er bilan xotinning orasiga kim tushadi?.. Uningsiz ham, u vaqtlari er-xotinning senu menga borishib, qozilashib-qartalashib yurishi elda ayb sanalib, qoʻydi-chiqdi degan gapni odamlar yillab eshitmas ekanlar. Qozi, jahl – dushman, aql – doʻst, qolabersa, hali kelinchakning qitigʻi bosilmaganga oʻxshaydi, bunga pand-nasihat berding nimayu etagini koʻtarding nima degan gaplarni xayolidan oʻtkazib Ergash boboga qarabdi. Suxanvorlikda timsolsiz oqin ham qozining nima demoqchi boʻlganini uning yuzidan-koʻzidan sezib sal shaddodroq, sharmsizroq kelinchakka kuyov bolaning tilidan, sal boʻshangroq, bayovroq kuyovga esa kelinchakning tilidan mana shu termalarni toʻqigan ekanlar:

 

Yongan oʻtda qaytadan yonar boʻlsam,

Sen doʻzaxu men esa kanor boʻlsam,

Yo boshdin-oyoq sendin tonar boʻlsam,

Sen-da gʻarib, boʻyingdan, men-da gʻarib.

 

– Qiya-qiya qirlardan qiyib uchsam,

Bir oʻrtanib, birlarda kuyib uchsam,

Havolanib jonimdan toʻyib uchsam,

Siz-da gʻarib, sultonim, men-da gʻarib.

 

– Roʻyxush berar boʻlar yor deganlari,

Pulga sotilmaydir or deganlari,

Menga nasib qilsa dor deganlari,

Men-da gʻarib, boʻyingdan, sen-da gʻarib.

 

– Dor degani boʻlsin mugʻlar[1] bilan-a,

Baxtiqaro, dili dogʻlar bilan-a.

Yashamasam sizday sogʻlar bilan-a,

Men-da gʻarib, sultonim, siz-da gʻarib.

 

– Zulfi Zarafshonim, osmonda oyim,

Koʻzlari choʻlponim, qoshlari yoyim.

Shafoat qilmasa bizni xudoyim,

Sen-da gʻarib, boʻyingdan, men-da gʻarib.

 

– Yigitning nafasi jonlar olarliq,

Birlarda jon olib, jonlar solarliq.

Sizchalik zor qilsa boʻyin tolarliq,

Men-da gʻarib, sultonim, siz-da gʻarib.

 

– Koʻnglimiz mudom birday xush boʻlmasa,

Orzumiz shaytoniy bir tush boʻlmasa,

Oʻrtada yuz qoralik ish boʻlmasa,

Endi gʻarib boʻlmasmiz, endi gʻarib,

Siz ogʻzimiz senu yo menga borib.

 

Nazarkarda suxanvor shu yerga kelganida bu dargohga bez boʻla kelgan kelinchakning yuzi qirmizi tusga kirib, oʻz aybiga iqror boʻlganday boʻlibdi. Insofga kelibdi. Qaddi-qomati dol boʻla kelgan yigit oʻzini oʻnglab olibdi. Oʻz aybiga iqror boʻlish – gunohdan forigʻ boʻlish, deganlariday har ikkalasi ham oqin oldida bosh egibdilar. Bundan buyon elni kuldirib, eshakni hangratib koʻcha-koʻylarda bunday sharmisor boʻlib yurmaslikka soʻz berishibdi. Shoir esa ularga sharmu hayo birla insof, chinoqlik oʻrniga inoqlik, qabohat oʻrniga quvnoqlik tilabdi. Yigʻlab, dod-faryod koʻtarib kelgan kelinning qosh-qovogʻi ochilib, kuyov esa shikordan oʻljali boʻlib qaytgan ovchiday ogʻzi qulogʻiga yetib kulbai xonalariga qaytishibdi.

Ular qozixonadan chiqar-chiqmas qozi Ergash boboga debdi:

– Men qozi boʻlsam, siz qozikalon ekansiz. Sizning nafasingiz mufti fatvosidan, qozi hukmidan, podsho farmoyishidan ustuvor ekan. Bunga shak keltirgan kishinig oʻzi kofir, xotini…

 

Toʻra SULAYMON

 

18. X. 90.

 

“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.

 

 


[1] Mugʻ – otashparast.

https://saviya.uz/ijod/nazm/sen-da-garib-boyingdan-men-da-garib/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x