Sen boʻlmasang nima qilardim

“Seni bugun koʻrmasam boʻlmas” (2015) kitobidan sheʼrlar

 

 

Qizim Kumushoy

 

Menga oltin nima, menga nima dur?

Baridan aʼlosan, qizim Kumushoy.

Yorugʻ dunyo nima, olam nimadir?

Qarogʻim gavhari – koʻzim Kumushoy.

 

Kulsang yorishadi zimiston xonam,

Qoshingda muntazir onangu onam.

Yagona xudoyim bergan yagonam,

Yigʻlasang, yosh yuvar yuzim, Kumushoy.

 

Kulging kumush boʻlsa, chehrang toʻlinoy,

Kechalar uzanib silar qoʻling oy.

Quyosh xizmatingda, sodiq quling oy,

Yulduzchalar tizim-tizim, Kumushoy.

 

Sen dunyoga kelding, dunyo xush boʻldi,

Yomon kunlar qoldi, eski tush boʻldi.

Jujuqqinam, nega qoʻling musht boʻldi?

Mening aytolmagan soʻzim, Kumushoy.

 

Senga qoʻshib xudo berdi farogʻat,

Momiq sochlaringda ajib tarovat.

Termulsam bir huzur, oʻylasam rohat,

Joningdan aylanay oʻzim, Kumushoy.

 

 

Shahlolaring

 

Qoʻsha yulduz boʻlib yonar shahlolaring,

Yulduz koʻrar boʻldim, mana, kunduzlari.

Bor-u… koʻkning eng charogʻon yulduzlari,

Oʻsha yulduz boʻlib yonar shahlolaring.

 

Nima qilay, men ham senga yoqsam deyman,

Nima qilay yonib tursa shahlolaring.

Suydirib soʻng tonib tursa shahlolaring,

Qarogʻlaring tub-tubiga boqsam deyman.

 

Oramizga kiprigingdan devor qoʻyma,

Bagʻrim oʻyma, xudodan qoʻrq, dilozorim.

Nargis koʻzim, binafshaboʻy, gulʼuzorim,

Oshigʻingni tashlab qoʻyma, bekor qoʻyma.

 

Qoʻsha yulduz boʻlib yonar shahlolaring,

Qara, koʻkda topishdilar ikki yulduz.

Qora koʻkda topishdilar ikki yulduz,

Oʻsha yulduz boʻlib yonar shahlolaring.

 

 

Malol kelmasin

 

Yuzimizga yopmang eshigingizni,

Biz kelgan chogʻlarda shamol kelmasin.

Egallab olmaymiz beshigingizni,

Sizga muhabbatim malol kelmasin.

 

Nozik taʼbingiz hech boʻlmasin xira,

Kelsak, soʻramaymiz sizdan yoʻlkira.

Sizga ogʻirligi tushmaydi sira,

Sizga muhabbatim malol kelmasin.

 

Shunaqa beqaror turish-turmushim,

Turmushim oʻylasam keladi gʻashim.

Gʻashlanib qaraydi tagʻin bu kishim,

Sizga muhabbatim malol kelmasin.

 

Siz uxlasangiz ham oy sochar ziyo,

Yulduzlar boqadi oyga mahliyo.

Soʻrab seving, degan qonun bormi yo?

Sizga muhabbatim malol kelmasin.

 

Sevgi ham bir bisot – zardan ziyoda,

Bisotim otdayu oʻzim piyoda.

Yashasak yashabmiz biz ham dunyoda,

Sizga muhabbatim malol kelmasin.

 

 

Margʻilon

 

Margʻilonga borgim kelmaydi,

Borsam alam oʻrayveradi.

“Kumush yaxshi yuribdimi”, deb,

Hamma mendan soʻrayveradi.

 

Soʻrayverar koʻcha, guzarlar,

Soʻrayverib koʻnglim buzarlar,

Kumushoydan, oygina qizdan

Qandoq qilib umid uzarlar.

 

“Yaxshi”, deyman, “shukur, sogʻ-omon,

Kelib qolar, deyman, Margʻilon…”

Qarolmayman Oftoboyimga,

Ich-ichidan kuyar, bagʻri qon.

 

Soʻroq belgisidek yangi oy

Ergashadi, tinmay soʻroqlar.

Kumushini soʻraydi mendan

Kumushi yoʻq tilla ravoqlar.

 

Birdan jimib, toʻxtar oʻyindan –

Qizchalarning savolchasi bor.

Yuz ellik yil boʻldi – qoʻynimda

Kumushoyning roʻmolchasi bor.

 

Margʻilonga borgim kelmaydi,

Borsam qaygʻu oʻrayveradi.

“Kumush yaxshi yuribdimi” deb,

Hamma mendan soʻrayveradi.

 

 

Aldab yashadim

 

Ufqda koʻrinsa qush, xabar kutdim,

Atay sizni koʻrib tush, xabar kutdim,

Sizdan darak kutdim, xushxabar kutdim,

Meni oʻzimni shunday aldab yashadim.

 

Ey dil, yoʻl soʻngida safo bor dedim,

Kuyma, qizlarda ham vafo bor dedim,

U goʻzal boʻlsa-da, vafodor dedim,

Meni oʻzimni shunday aldab yashadim.

 

Davralarning guli men emas, boshqa,

Davronning bulbuli men emas, boshqa,

Ichkilikning quli men emas, boshqa,

Meni oʻzimni shunday aldab yashadim.

 

Jonim gʻaribligin anglab yashadim,

Tanlamaganni men tanlab yashadim,

Eshitgim kelganni aytdim oʻzimga,

Meni oʻzimni shunday aldab yashadim.

 

Yolgʻonchi dunyoga rost soʻzlaring xayf,

Yolgʻondan zavq topdim, chindan topdim kayf.

Aldangan boʻlsangiz oʻzingizda ayb,

Meni oʻzimni shunday aldab yashadim.

 

 

Seni oʻylasam

 

Gul, kelding umrimning kuz pallasida,

Shamollar guvlaydi seni oʻylasam.

Gulboʻron – ilk qorlar arafasida

Yuragim gullaydi seni oʻylasam.

 

Qaysi feʼlim yoqib mehribon xudo

Senday gulni menga ayladi ato?

Endi xato qilsam boʻladi xato,

Xudoyim qoʻllaydi seni oʻylasam.

 

Qaytmas boʻlib mendan ketgan gulyuzlar,

Yonimga qaytishga yonib yoʻl izlar.

Olisdan koʻz qisib bir-bir yulduzlar,

Boʻsalar yoʻllaydi seni oʻylasam.

 

Tilim – yuragimning davomidir, gul,

Yuragim ikki yurt dovonidir, gul,

Dovonda bir gulning tovonidir gul,

Oʻlib ham boʻlmaydi seni oʻylasam.

 

 

Bahorning ilk kuni

 

Bahorning ilk kuni – birinchi martda

Seni uchratgandim birinchi marta…

 

Taqvim – kalendar ne tabiat uchun?

Mendek qalandar ne tabiat uchun?

 

Ammo birdan bitdi qahraton qahri,

Tumanday tarqadi izgʻirin zahri.

 

Bahorning elchisi boʻlib turarding,

Nafis tarovatga toʻlib turarding.

 

Ammo atrofingda anov birovlar,

Ivirsib yurardi koʻngli qirovlar.

 

Ha-da, turqi sovuq, qish bandalari,

Bor-ku ishqdan ozod ish bandalari.

 

Gullayotganimdan hayron edilar,

Obodligim koʻrib vayron edilar.

 

Ammo naylayinki asling bilmasdim,

Naylayinki, koʻngling faslin bilmasdim.

 

Bilmasdim borligim sezdingmi, bahor?

Intizor, zorligim sezdingmi, bahor?

 

Ammo avaylayman shu shirin dardni,

Ilk marta gul tutgan birinchi martni…

 

 

Jonim

 

Jonimdan toʻyganman, hayotdan pand yeb,

Kim soʻz ochsa, qalbim yarasin ochar.

Agar oʻlib ketsam oʻksimagin, deb

Oʻlib ketay agar, yuribman nochor.

 

Koʻrgan kunim qursin, kunimni koʻrdim,

Yuzlab yuzsizlarga boʻldim yuzma-yuz.

Xudo urganlarga oʻzimni urdim,

Yoʻldan urgan bilan ketdim izma-iz.

 

Azizam, oʻzing ayt, bedilda ne dil?

Oʻt-oʻlan ichra oʻt ichradir oʻlan.

Azizam, egilsang osmonga egil,

Suhbat qur koʻnglini qurganlar bilan.

 

Kimga keragim bor? Yashashga yoʻq ep…

Qoʻlsiz, oyoqsiz gʻam yuragim ochar.

Agar oʻlib ketsam xafa boʻlma, deb

Oʻlib ketay agar, yuribman nochor.

 

 

Borligingni oʻylasam

 

Meni koʻrsang yuzlaring

Qizarardi, qizirdi.

Isming aytsam ichimda

Yurakkinam isirdi.

 

Maktab payti ortimdan

Asta-asta borarding.

Qarasam yuz burarding,

Qaramasam qararding.

 

Gʻaroyib-da chindan ham,

Bolamiz-ku oʻzimiz.

Toʻlib ketadi oʻpkam

Uchrashganda koʻzimiz.

 

Darslikda yoʻq bu saboq:

Bunday suygin suyganda!

Yuragim toshar nogoh

Sen jilmayib qoʻyganda.

 

Yoshimizni aytmayman,

Choʻpchakmi bu, ertakmi?

Balo bormi deyishar,

Jinnimi bu, tentakmi?

 

Endi koʻnglimni ochsam,

Eshigin yopolmayman.

Koʻzing yodimda, ammo

Ismingni topolmayman.

 

Uyalaman oʻzimdan

Darrov yuzim qiziydi.

Borligingni oʻylasam

Yurakkinam isiydi.

 

 

Qaydadir

 

Jonki, topolmas oromin, oromu jonim qaydadir?

Oromni jondan ayirgan oromijonim qaydadir?

 

Ozoridan ming oʻrgilib, ketmas edimku qoshidan,

Endi degayman oʻrtanib, qoshi kamonim qaydadir?

 

Oʻtdimi davrim debon dardim ziyoda kun sayin,

Davru davron gultoji avvalzamonim qaydadir?

 

Poyiga gullar sochib, jonim poyandoz yoʻliga,

Ruhimi tez aylagan ruhi ravonim qaydadir?

 

Necha oy xufton dilim, tundek qorongʻu kunduzim,

Koʻnglima yogʻdu sochar mohi tobonim qaydadir?

 

Kim soʻrar ishqda tovon, boshdan tovonim boʻldi choʻgʻ,

Yor demas, soʻrmaydi hech ul notavonim qaydadir?

 

Yaxshidir oʻzi, vale soʻzi yomondir bunchalar,

Iqboling der, ey xudo, yaxshi-yomonim qaydadir?

 

 

Kuyaymi

 

Ogʻaynilar, yoshlik tez oʻtganiga kuyaymi?

Yurakdan qoʻr, koʻzdan nur ketganiga kuyaymi?

Olachalpoq tush kabi sudralar qora turmush,

Sochu soqol mosh-guruch bitganiga kuyaymi?

 

Koʻz yoshingga qaramas, koʻngil oʻzi yosh axir,

Koʻngil qurgʻur tamanno etganiga kuyaymi?

Oʻzim-ku yoʻl istagan, qarab kulgim qistagan,

Etagimdan birovlar tutganiga kuyaymi?

 

Tegajoq qiz-juvonlar, oq-doʻmboq qiz juvonlar

Sheʼrim aytib menga gap otganiga kuyaymi?

Kecha kaltak yeganlar, suykalganni suyganlar

Qariganda oʻranib oʻtganiga kuyaymi?

 

Tez botadi oftob ham, tez tugaydi sharob ham,

Ulfat choʻqishtirmay “gʻoʻlt” yutganiga kuyaymi?

Eski qoʻshigʻim tinglab, eski rasmimni oʻpib,

Sodda qizlar haliyam kutganiga kuyaymi?

 

 

Tabassum

 

Qanday totli bu baxt, bu safo!

Boshda sochar boshdan zar sevgi.

Yoz tongidek toza, musaffo

Tabassumdan boshlanar sevgi.

 

Tomiringga qorishar ziyo,

Nari ketar yomonlik, riyo.

Qiz toʻxtaydi. Qaraydi qiyo…

Tabassumdan boshlanar sevgi.

 

Birdan oʻpkang toʻlib ketadi.

Tushunganlar kulib ketadi.

Hamma yaxshi boʻlib ketadi,

Tabassumdan boshlanar sevgi.

 

Aylanasan xayol bogʻida,

Qiynalasan hijron dogʻida,

Qoʻshiq aytging kelar gohida

Tabassumdan boshlanar sevgi.

 

Kim biladi qiz bola sirin,

Yuragingga tashlar koʻz qirin,

Ming vaʼda, ming hiyla yashirin

Tabassumdan boshlanar sevgi.

 

Qanday shirin bu baxt, bu safo,

Shunday achchiq bu dard, bu jafo.

Koʻzyosh bilan tugaydi, ammo

Tabassumdan boshlanar sevgi.

 

 

Buloq

 

Buloq koʻzyoshining asl asosi

Anov choʻqqilarda, tumanli togʻda.

Mening gʻussalarim manbai, rosti,

Oʻsmirlik yoshimda, juda yiroqda.

 

Buloq koʻzyoshidan tiniqib ichib,

Chanqogʻi bosilib, yoʻlchi minnatdor.

Sheʼrlarimni oʻqib, yorishib ichi

Yana sevib qopti, deguvchi ham bor.

 

 

Men oʻzimni yengdim

 

Men oʻzimni yengdim – seni unutdim.

Yana bakor keldi kuchli irodam.

Yana gul hayotga yuzimni tutdim,

Yana el qatori odamman, odam.

 

Ammo yoʻl qoʻymayman unutishingga,

Chekkan jabrim uchun tortgaysan jazo.

Kechalar sharpadek kirib tushingga

Eslataveraman men – Iqbol Mirzo.

 

Kitob muqovasin eshikdek ochib,

Oʻrnashib olaman fikru oʻyingga.

Qaygayam borarding zamondan qochib,

Qoʻshigʻim bostirib kirar uyingga.

 

Abadiy tirikdir shoir qargʻishi,

Men yutsam, seni deb iztirob yutdim.

Alvido! Buyogʻi xudoning ishi,

Men oʻzimni yengdim – seni unutdim.

 

 

Kuni kecha uchrashdik

 

Kuni kecha uchrashdik, biroq

Mahallangda oʻsgandayman men.

Hushtak chalib goh oʻyinqaroq,

Goh yoʻlingni toʻsgandayman men.

 

Katta sinflardan qizgʻonib,

Oʻn yil birga oʻqigandayman.

Birdan yigit boʻlib oʻygʻonib,

Ismingga sheʼr toʻqigandayman.

 

Qoʻrgʻonchadan toʻydan qaytishda

Qoʻllaringni topgandayman-a,

Boshim gangim, koʻrganday tushda

Tutqatorda oʻpgandayman-a.

 

Harbiyda xoʻp sogʻinganim bor,

Oy seni eslatib oʻtardi.

Sen meni kutarding intizor,

U paytlarda… qizlar kutardi.

 

Kuni kecha uchrashdik, biroq

Birga-birga oʻsgandayman men.

Gaplar otib goh oʻyinqaroq,

Goh yoʻlingni toʻsgandayman men.

 

 

Mening Bagʻdodimning qizlari

 

Bodomqovoq, qiyiq koʻzlari,

Begonadan tiyiq koʻzlari.

Quralaymi, kiyik koʻzlari?

Mening Bagʻdodimning qizlari.

 

Gʻoʻrlik paytim, beboshlik paytim

Sizni tashlab ketibman daydib.

Mana, keldim bosh egib qaytib,

Mening Bagʻdodimning qizlari.

 

Umrimda koʻp tannozni koʻrdim,

Suhbatlashdim, oʻtirdim, yurdim.

Hammasidan chiroyli yurtim –

Mening Bagʻdodimning qizlari.

 

Koʻz boʻyash yoʻq, ulama soch yoʻq,

Nazar qattiq – bunga iloj yoʻq.

Qayda boʻlmay, sizdan koʻnglim toʻq,

Mening Bagʻdodimning qizlari.

 

Ohanjama soʻzlar begona,

Mehnat bilan tugʻma dugona,

Iqboljoni uchun yagona,

Mening Bagʻdodimning qizlari.

 

Oyxonlari, Dilrabolari,

Dilnozlari, Gulhayolari,

Kumushlari va Raʼnolari…

Mening Bagʻdodimning qizlari.

 

Asli manov yerim sizniki,

Koʻzdan toʻkkan terim sizniki,

Hamma yaxshi sheʼrim sizniki,

Mening Bagʻdodimning qizlari.

 

Oy qizlarim, oyday toʻling siz,

Oydin boʻlsin yurar yoʻlingiz,

Men uchun ham baxtli boʻling siz –

Mening Bagʻdodimning qizlari.

 

 

Askarlikdan qaytish

 

Xayr, moviy diyor! Eh, kim biladi,

Balki yoʻlim tushmas bagʻringga qaytib.

Poyezd jilar. Bir qiz zor yuguradi

Shpalga qoqilib, ismimni aytib.

 

Kupeda toʻrt kishi. Gurji oʻrtogʻim

Oʻrtaga toʻkadi topgan-tutganin

Va hikoya qilar qolsin deb nomin

Devorga, daraxtga oʻyib bitganin.

 

Vodillik ogʻaynim uni maʼqullar,

Shu-da bizdan qolar xotira, axir.

Qumiq doʻstim yozib qoʻyganin aytar

Ismini xarsangga, yana qaygadir.

 

Beun choʻzilaman oʻrnimga, alhol,

Hech qayga ismimni qoʻymadim bitib.

Koʻzimni yumaman: bir qiz zoru zor

Ortimdan yugurar ismimni aytib…

 

 

Meni kechir

 

Toshbaqaning yelkasida vaqt,

Yalmogʻizning xaltasida baxt.

Kunlar oʻtar sudralib, karaxt,

Meni kechir, gunohimdan oʻt.

 

Qizgʻaldoqning tubida dogʻlar,

Oʻzi bilmas nimani xohlar.

Yigʻlab chopib borar irmoqlar,

Meni kechir, gunohimdan oʻt.

 

Naykamalak senga oʻq otar,

Dilga hilol xanjardek botar.

Yuragingni qor bosib yotar,

Meni kechir, gunohimdan oʻt.

 

Qumrilarning boʻgʻzida tolqon,

Navolarning rostligi yolgʻon.

Yolgʻonlarga mayliga ishon,

Meni kechir, gunohimdan oʻt.

 

Hayotingni yogʻduga toʻldir,

Qalbingdagi Iqbolni oʻldir.

Sevolmadim, gunohim shuldir,

Meni kechir, gunohimdan oʻt.

 

 

Yodingdami?

 

Yodingdami, gul sayli edi,

Koʻngil sayli, dil sayli edi.

Bahor ham biz tufayli edi,

Men sen uchun, sen men uchun.

 

Lolalardek qizargan yuzing,

Xushboʻy edi nafasing, soʻzing.

Koʻzim tushsa qochardi koʻzing,

Men sen uchun, sen men uchun.

 

Yurak qushdek tipirlar edi,

Jismu jonim jimirlar edi.

Nigohlaring shivirlar edi:

“Men sen uchun, sen men uchun”.

 

Lolazordek bugun qon dilim,

Ochildingmi mensiz ham, gulim?

Armon boʻldik endi, sevgilim,

Men sen uchun, sen men uchun.

 

Tabiatning bormidi qasdi?

Xazon boʻldi qizgʻaldoq fasli,

Bu dunyoga kelgandik asli

Men sen uchun, sen men uchun…

 

 

Esingizga kimlar tushdi

 

Marjon-marjon turnalarga termuldingiz,

Soʻng parishon xoʻrsindingiz, soʻng kuldingiz.

Lekin kulgu xoʻrsiniqdan ogʻir boʻldi,

Xayolingiz qayga uchdi, bilolmadim,

Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

 

Turna safi paykon kabi ketdi tamom,

Yana neni izlayapsiz koʻkdan hamon?

Koʻzingizga tushgan tomchi – yomgʻir boʻldi,

Nigohingiz neni quchdi, bilolmadim,

Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

 

Soʻray desam, bilamanki, aldagaysiz,

Esim-hushim, muhabbatim senda deysiz.

Koʻzyosh tomib ishq sharobi taxir boʻldi,

Majnun uni qandoq ichdi, bilolmadim,

Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

 

Nahot menga yoʻldosh boʻlsa yolgʻon sevgi,

Qachonlardir, kimlardandir qolgʻon sevgi.

Nahot hayot shunchalar toshbagʻir boʻldi,

Ne deb oʻzni ovutishni bilolmadim,

Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

 

Boshqa qizda edi mening koʻnglim axir,

Mana men ham ayrilmoqqa koʻndim axir.

Sizni menga bogʻlab qoʻygan taqdir boʻldi,

Bu oʻngimmi yoki tushmi, bilolmdim,

Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

 

 

Oshiqligimni ayting

 

Ey yaxshilar, dildorga

oshiqligimni ayting,

Hamroz boʻldi dil torga,

oshiqligimni ayting.

 

Dilnavozu dilrabo,

koʻrgaymikin dil ravo?

Dilafroʻz, dilozorga

oshiqligimni ayting.

 

Holi yomon deb ayting,

bogʻi xazon deb ayting,

Gulzoda, gulbahorga

oshiqligimni ayting.

 

Chohlar qazib yurmasin,

koʻnglin buzib yurmasin,

Dushmanimga, agʻyorga

oshiqligimni ayting.

 

Yuragi dogʻliq mardlar,

yurakka bogʻliq dardlar,

Taskin boʻlar, bemorga

oshiqligimni ayting.

 

Qanoti yoʻq ne xabar?

El qolmasin bexabar,

Jarchi solib bozorga

oshiqligimni ayting.

 

 

Gulmisiz

 

Gulmisiz, jambilmisiz, rayhonmisiz?

Hurmisiz, paykarmisiz, jononmisiz?

Hajringizda oʻlmagan jonim mening,

Men-ku lol, siz ham menga hayronmisiz?

 

Qosh boʻlib qoʻnmish ikki kuygan hilol,

Qoshiga yulduzchalar uygan hilol,

Yolvorurman, koʻzni och, uygʻon, hilol,

Oymisiz, oftobmisiz, osmonmisiz?

 

Gulmisiz, jambilmisiz, rayhonmisiz?

Qumrimi, gulmohmi yo jayronmisiz?

Durmisiz, injumisiz, olmosmi yo?

Bormisiz rostdan yoki yolgʻonmisiz?

 

Xoʻp gʻalat holat emish oshiq ishi,

Kim degay rohat emish oshiq tushi.

Behol, betoqat emish oshiq kishi,

Bir nafas koʻz qirini solgʻonmisiz?

 

Gulmisiz, jambilmisiz, rayhonmisiz?

Togʻmisiz, daryomisiz, sayhonmisiz?

Voajab, mendan soʻraydir doʻstlarim

Qulmisiz, shoirmisiz, qurbonmisiz?

 

 

Kipriklaring

 

Kipriklaring quyuqdir biram,

Tirnoqlaring tabiiy guldor.

Tirnogʻingga arzimasam ham

Oʻtib ketma beparvo, dildor!

 

Fursat ketib borar qasdma-qasd,

Bu ne alam, bu ne sitamki,

Ketib qolma, senga shu nafas

Bevafolik yarashsa hamki.

 

Xayr, dema, xayr qil menga,

Toshkoʻchada boʻlmasin dil xor.

Yuragimni beray qoʻlingga

Bir erkalab oʻpib qoʻy, dildor.

 

Jilmayasan sheʼrimni tinglab,

Tashna labga tutma zaharni.

Qoʻy, yaramni uygʻotma tirnab,

Qoʻy, eslatma anavilarni.

 

Dilginamga tushdi yalt-yult choʻgʻ,

Behalovat ziraklaridan.

Oʻzim ketdim, haydashgani yoʻq

Dangʻillama yuraklaridan.

 

Keyin senga boʻlguncha oshiq

Osmonga ham yerga sigʻmadim.

Chaqmoqlardan oʻrgandim qoʻshiq,

Bulutlarga yotib yigʻladim.

 

Kulib boqsang sadaqa jonim,

Mendan kulib ketmagin zinhor.

Qaytib kelmas mening zamonim,

Oʻtib ketma beparvo, dildor!

 

 

Noz va firoq

 

Oʻlay agar, arazning xoʻp gashti bor,

Agar araz begʻaraz, begard boʻlsa.

Endi yetar! Xizmatiga men tayyor –

Yarashtirib qoʻyadigan mard boʻlsa.

 

Jon-jon derdim agar jonim olsa ham,

Sovib ketmay oʻrtansaydi, kuysaydi.

Uchrashganda yolgʻon qovoq solsa ham,

Chetga qarab rostdan kulib qoʻysaydi.

 

Sal choʻzilib ketdi firoq bu safar,

Oʻyindan oʻq chiqmasa deb qoʻrqaman.

Shayton bor-da oʻrtada, shu bachchagʻar

Tumshugʻini tiqmasa deb qoʻrqaman.

 

Aloq-chaloq tushga oʻxshar hayotim,

Koʻnglim bogʻda, oʻzim esa togʻdaman.

Ucholmasang, ortiqcha yuk qanoting,

Bir bahona topolmasdan dogʻdaman.

 

Muddat kerak ekan nozu arazga,

Agar ishqda shu qiynoqlar shart boʻlsa.

Sovgʻa oberardim aytib u qizga

Yarashtirib qoʻyadigan mard boʻlsa.

 

 

Kirib borayotgan mahalim kuzga

 

Kirib borayotgan mahalim kuzga,

Koʻngil chak-chak yogʻdi, koʻngil tinmadi.

Guldastadek xushboʻy, xushroʻy bir qizga

Yur, baxtli boʻlamiz, desam koʻnmadi.

 

Lolazor misoli dogʻ edi bagʻrim,

Necha yil bu dashtda chechak unmadi.

Shudringdek tovlanib ketdi-da mehrim,

Yur, baxtli boʻlamiz, desam koʻnmadi.

 

Men kuzdan bahorga hatlamoqchiydim,

Gullamoqchi edim, yana boʻlmadi.

Yana binafshani hidlamoqchiydim,

Yur, baxtli boʻlamiz, desam koʻnmadi.

 

Daraday huvillar edi quchogʻim,

Koʻzim va quchogʻim birdek toʻlmadi.

Menga ishonmadi, tushunmadi chogʻim,

Yur, baxtli boʻlamiz, desam koʻnmadi.

 

Bu balki eng soʻnggi jurʼat, qasd edi,

Baxt qushi aylanib oʻtdi, qoʻnmadi.

Qayerga boʻlsa ham ketsak bas edi,

Yur, baxtli boʻlamiz, desam koʻnmadi.

 

 

Unutma

 

Unutma, xudoyim bizni erkalab

Uchrashtirib qoʻygan kunni unutma.

Unutma, yuzingdan olgunimcha lab

Qushdek uchib ketgan tunni unutma.

 

Bir tola sochingni aylagan tumor,

Boʻylaringdan mastu boʻyingga xumor –

Kim boʻlsa, oʻshani unutma zinhor,

Bagʻri qon, yuragi xunni unutma!

 

Umrim orom bilmay oʻtar alomat,

Sen qayerda boʻlsang, shunda halovat.

Qaylarda boʻlsang ham boʻlgin salomat,

Men seni sevaman, shuni unutma!

 

 

Senga xatlar yozdim

 

Senga xatlar yozdim, yetib bormadi,

Yomgʻirlarda qolib qunishdi kaptar.

Mahzun kuy taratdi yomgʻir torlari,

Yurakka koʻylakdek yopishdi dardlar.

 

Senga xatlar yozdim, alanga boʻldi,

Oy ham quyosh kuydi, qoraydi olam.

Ingichka yuragi tutunga toʻldi

Va oʻzini yerga tashladi qalam.

 

Senga xatlar yozdim, boychechak boʻyli,

Gullatib yubordi qogʻozni – qorni.

Koshki, eriyversang oʻqigan koʻyi,

Koshki, unutmasang meni, bahorni.

 

 

Sochlaring fatila

 

Sochlaring fatila, toʻptosh oʻynarding,

Tirnogʻingda shuʼla, manglayingda nur.

Toʻptoshlaring sochib ketsam, yigʻlarding:

“Onamga aytaman, hali qarab tur!”

 

Arazlarding, lekin arz qilmas eding,

Hammadan yaxshi qiz eding, bilardim.

Baribir sochingdan tortardim sening,

Baribir sochingdan tortgim kelardi.

 

 

Mening shumligimdan zerikdi maktab,

Sen esa chiroyli yigʻlarding, qurgʻur.

Jonimga yoqardi alamli shu gap:

“Onamga aytaman, hali qarab tur!”

 

Bir kun bizni maktab yigʻlab kuzatdi,

Sochilib ketdik-ku toʻptoshlar kabi.

Har tong yostigʻimni yoding tuzatdi,

Ismingni takrorlab qabardi labim.

 

Meni kuzatmading. Vaʼda bermading.

Meni shimollarga opketdi shamol.

Menga yupanch boʻldi choʻgʻli sheʼrlarim,

Meni ovuntirdi munisa hilol.

 

Yarmiga yetganda uzildi ertak,

Kutmasman chiroyli xotimalarni.

Faqat deyman qoʻling ushlagan erkak

Yigʻlatmasmi xoʻrlab xotiralarni.

 

Men yengim yirtigʻin muallimadan

Yashirganim kabi

anduhlarimni

Pinhon tutajakman to oxirgi dam,

Yashiraman qalbim chandiqlarini!

 

Endi sen qaydasan, endi men qayda,

Qayda toʻptoshlardan kelgan gul atri?

Faqat deyman, ey qiz, eng zarur paytda

Hammasin onangga aytsang boʻlardi.

 

 

Yodimga tushsa

 

Yayrayman, yodimga tushsa ariqlar,

Qanoti hilpirab suzgan baliqlar.

Men bilan choʻmilib oʻsgan baliqlar,

Koʻzlari chashmalar yodimga tushsa.

 

Hayot erkalatgan tannozu tantiq,

Lablari shirinu soʻzlari achchiq.

Bugun jigarimda turadi sanchiq

Ul bigiz poshnalar yodimga tushsa.

 

Kimga gulgun sharob tuyular qonim,

Qachon hovuchiga quyular qonim.

Eng totli neʼmatga aylanar jonim,

Qonimga tashnalar yodimga tushsa.

 

Biri eski oʻgʻri, biri yangi boy,

Koʻzini yogʻ bosgan, labi-lunji moy.

Dili bilan tili kelar poyma-poy,

Ogʻayni-oshnalar yodimga tushsa.

 

Bir qoʻlida tasbih oʻgirgan otam,

Oftobshuvoqlarda oʻtirgan otam.

Ongu shuurimda abadiy motam,

Koʻzlarim yoshlanar yodimga tushsa.

 

Janob bolakaylar, muhtaram zotlar,

Inson degan unvonlarga nomzodlar.

Shular bor, yuragim yozar qanotlar,

Bahorlar boshlanar yodimga tushsa.

 

Xotira – umrga kushanda deyman,

Xayolim zanjiru kishanda deyman.

Nega musht otmadim oʻshanda deyman,

Yuragim gʻashlanar yodimga tushsa.

 

 

Tillo zanjir

 

Boʻyningizga tillo zanjir solgan kim?

Tillo zanjir solib bogʻlab olgan kim?

Qaysi baland qoʻrgʻonlarning gulisiz?

Kulsangiz ham bunchalar qaygʻulisiz?

 

Mohitobonmisiz bulutga tutqun?

Yoki jayronmisiz burgutga tutqun?

Yoki soyning ermagi – sumbulisiz?

Kulsangiz ham bunchalar qaygʻulisiz?

 

Yo jilgʻasiz oʻzanidan adashgan,

Yo yulduzsi nogoh yerlarga tushgan,

Yoki qora qismatning bir qulisiz?

Kulsangiz ham bunchalar qaygʻulisiz.

 

Men-ku hasrat, qaygʻularga koʻnganman,

Hammasini sheʼrlarimga koʻmganman.

Qaysi shoirning ezilgan dilisiz?

Kulsangiz ham bunchalar qaygʻulisiz?

 

 

Ozorlar yetdi

 

Yomgʻirlar sochildi, gʻuborlar ketdi,

Senga gul tutolmay bahorlar ketdi.

Yellar hovuchida uforlar ketdi,

Shamolcha himmatim bormidi mening?

Mendan senga faqat ozorlar yetdi.

 

Barcha goʻzallarni rashk qilguvchi – men,

Boqmasa yuragin ham tilguvchi – men,

Qoʻl yetmas yulduzga intilguvchi – men,

Dilimda illatim bormidi mening,

Mendan senga faqat ozorlar yetdi.

 

Oqshom umid bilan chirogʻing yoqib,

Toshkent tomonlarga yuraging oqib,

Unsiz yigʻlagansan rasmimga boqib…

Yuragim, bilmadim, bormidi mening…

Mendan senga faqat ozorlar yetdi.

 

Endi har bitta soʻz – zaharli tikan,

Ey, nadomat yuki boshini eggan!

Koshki, koʻz yoshingga arzisam ekan,

Bir pullik qimmatim bormidi mening

Mendan senga faqat ozorlar yetdi.

 

 

Yuragimning tutuni

 

Tirik daraxt kesildi,

Qurimadi oʻtini.

Koʻzimdagi yoshlarim –

Yuragimning tutuni.

 

Togʻlar koʻrkam koʻrinar

Boshidagi qor sabab.

Boshimdagi qirovlar

Ul bevafo yor sabab.

 

Yupqapoʻchoq bodomning

Ilma-teshik koʻzi bor.

Bodomchadek yurakda

Tikonlarning izi bor.

 

Kuz yomgʻiri oʻchirdi

Muhabbatning oʻtini.

Koʻzda yoshimga sabab

Yuragimning tutuni.

 

Arosatda oshiqlar –

Sanoqda bor, yoʻq sonda.

Eslamasam, sen yoʻqsan,

Oʻylamasam, yoʻqsan-da!

 

Dumalagan tosh borki,

Bir kun joyin topadi.

Osmon qolmas yulduzsiz,

Osmon oyin topadi.

 

Qor yogʻadi – sochilar

Boshimdan ishq kukuni.

Koʻzlarimni yoshlatar

Yuragimning tutuni.

 

 

Oʻzing

 

Hamma goʻzal qizlar senga oʻxshaydi,

Goʻzal, oʻxshamaysan hech kimga oʻzing.

Yuragimni qirib, shirin oʻrtaydi,

Ayniqsa, qoshlaring, ayniqsa, koʻzing.

 

Chiroyli qizlardan seni axtardim,

Xayoliy timsollar yaratdim takror.

Tobora yuk solib, ulgʻaydi dardim,

Ey, barcha goʻzallar jam boʻlgan dildor!

 

O, mening navrasta orzularim, o!

O, mening tubi yoʻq, notovon koʻnglim!

Istardim: meniki boʻlsaydi dunyo,

Oʻylardim: hech qachon topmasman oʻlim.

 

Shoirona yengil kayfiyat bilan

Yangi may ichgandek sarhush yurardim.

Yashardim pok dilu sof niyat bilan

Men hamma insonni yaxshi koʻrardim.

 

Hozir ham shunaqa…

Qoʻyaver, mayli…

Kel, ruhim erkala, ayt shirin soʻzing.

Hamma goʻzal qizlar senga oʻxshaydi,

Ammo oʻxshamaysan hech kimga oʻzing.

 

Sening jamolingda tajalli husn,

Sening visolingga eltajak yoʻlim.

Muhabbat muborak boʻlsin sen uchun,

Sen menga muborak, Nargizim, gulim!

 

 

Sen boʻlmasang

 

Sen boʻlmasang nima qilardim?

Qanday yigʻlab, qanday kulardim?

Yana kimdan baxtim tilardim?

Sen boʻlmasang nima qilardim?

 

Suyaklarim qaqshaydi yomon,

Iskanjaga oladi dardim.

Yaxshiyamki, sen bor, mehribon

Sen boʻlmasang nima qilardim?

 

Chalgʻuvchilar tinmay chaladi,

Yiqilsamu loy boʻlsa qadrim.

Toʻgʻriligim kim ham biladi,

Sen boʻlmasang nima qilardim?

 

Yulduz uchsa tegar boshimga,

Men hammani doʻst deb bilardim.

Oʻzing guvoh achchiq yoshimga,

Sen boʻlmasang nima qilardim?

 

Umrim boʻlsin koʻyingda ado,

Men baribir senga kelardim.

Bu kimsasiz olamda, xudo,

Sen boʻlmasang nima qilardim?

 

 

Javob

 

Koʻp kitob oʻqidim yoshlik kezimda,

Gohi Gʻarb, gohi Sharq hushimni oldi.

Atay yodlamadim, lekin esimda –

Muhammad akaning sheʼrlari qoldi.

 

Oʻzbekdek samimiy, oʻzidek toza,

Beshik bolasining koʻzidek toza,

Oʻspirin oshiqning soʻzidek toza

Muhammad akaning sheʼrlari qoldi.

 

Muhammad Yusufdan kuylar irmoqlar,

Togʻni tilimlagan kiyiksoʻqmoqlar,

Oq choʻgirma kiygan momqaymoqlar…

Muhammad akaning sheʼrlari qoldi.

 

Kim bor tagʻin ona xalqqa qayishgan,

Qaygʻusidan choʻkkan, baxtidan joʻshgan.

Kuychi shoir edi koʻklardan tushgan,

Muhammad akaning sheʼrlari qoldi.

 

Uzr, ey shoirman, zoʻrman deganlar,

Nomaʼqul buzoqning goʻshtin yeganlar,

Soʻzga noʻnoqlaru gapga chechanlar,

Muhammad akaning sheʼrlari qoldi.

 

Aylanib bagʻri keng Oʻzbekistonni

Sekin gapga soling moʻmin dehqonni,

Shoir desa, eslar Mahammadjonni,

Muhammad akaning sheʼrlari qoldi.

 

Sofdil inson edi shoir boʻlib ham,

Quladi paymona lim-lim toʻlib gʻam.

Endi qutilmasmi sizdan oʻlib ham,

Muhammad akaning sheʼrlari qoldi.

 

Mujmal satringizni kim yod oladi?

Eshitsa chumchuqlar ham dod soladi,

Qolsa, sizdan faqat isnod qoladi,

Muhammad akaning sheʼrlari qoldi.

 

 

Jonim

 

Raqiblarim bir poda,

Gʻanimlarim koʻp, jonim.

Zahrim sochsam mabodo,

Xafa boʻlma, xoʻp, jonim.

 

Koʻzday yaqin doʻstlarim,

Oʻyishga shay koʻzlarim.

Nordon boʻlsa soʻzlarim,

Xafa boʻlma, xoʻp, jonim.

 

Gʻussa yogʻar samodan,

Qaygʻu sapchir daryodan.

Men ketsam, bu dunyodan,

Xafa boʻlma, xoʻp, jonim.

 

Koʻngli siniq edimmi,

Koʻksi tiniq edimmi,

Oʻz boshimni yedimmi,

Xafa boʻlma, xoʻp, jonim.

 

Mana bu bogʻi nazm,

Ilonlar qurar bazm.

Ikki tillilik – rasm…

Xafa boʻlma, xoʻp, jonim.

 

Yosh boshimga ming savdo,

Dushmanim toʻp-toʻp, jonim.

Jahl qilsam mabodo,

Xafa boʻlma, xoʻp, jonim.

 

Yurak bagʻrim qon bugun,

Topganim yolgʻon bugun.

Tomogʻimda jon bugun…

Xafa boʻlma, xoʻp, jonim.

 

Toʻrt tarafga chopaman,

Faqat ozor topaman.

Men dunyodan xafaman,

Xafa boʻlma, xoʻp, jonim.

 

Goʻzalsan malakdayin,

Senga ne tilak deyin,

Sevmagin mendan keyin,

Xafa boʻlma, xoʻp, jonim.

 

Yuzlarimdan oʻp, jonim,

Koʻzlarimdan oʻp, jonim,

Ranjitsam ham kulib tur,

Xafa boʻlma, xoʻp, jonim.

 

 

Kosa

 

Nukusdagi Savitsskiy muzeyida kosa uchun teridan tikilgan gʻilof bor.

 

Bir teri ichida necha bor ozib,

Necha bor semirar ushoq mol, derlar.

Ultonda avval ham tuzboʻron toʻzib,

Yana lim-lim toʻlgan Koʻk Orol derlar.

 

Umidim bor Tangrim marhamatidan,

Qardoshim xoʻrsinsa, koʻzim toʻla yosh.

U ham bovurim deb tushib otidan

Chinni kosasida tutar goʻja osh.

 

Oyogʻim tagida kuldirgichim bor,

Bitta joyni bosib turolmayman hech.

Axir, yoʻllarimda Xiva intizor,

Oʻshdaman saharda, Moʻynoqdaman kech.

 

Qoʻshiqlar toʻqiyman ogʻir va quvnoq,

Jon berib tinglayman el bayotini.

Safarda topganman, doʻst qoraqalpoq,

Koʻngil kosasining ehtiyotini.

 

Ustyurt choʻllarida yuragim kuygan

(Qoʻy yungin jingala qilar bu oftob).

Sarvinoz, qimizmi, qimrondan quygin,

Yuragim bugʻlanib ketadi shu tob!

 

Koʻngil koʻngildan suv ichsa qonajak,

Jonon kosa berdim senga, jonona.

Ajiniyoz boʻlib sochayin chechak,

Roziman, qoʻlingda toʻlsin paymona!

 

Toʻnkarib qoʻyilgan kosa – oʻtov bor,

Qoʻbiz bor, chanqovuz, shu-da changʻaroq.

Oʻrtada muhabbat yoqqan olov bor,

Tutuni yoʻq hisob, choʻgʻi yarqiroq.

 

Terisiga sigʻmas diydordan oʻzbek,

Firoqqa topolmas ayni dam bardosh.

Doʻppimni qoʻynimda saqlaganimdek

Qora qalpogʻingni asragil, qardosh!

 

 

Tavakkal

 

Bir oʻzinga tavakkal, Tangrim, sendan soʻrayman,

Oʻylarimni ilohiy chechaklarga oʻrayman.

Tillo oʻgʻillar berding, kumushdayin qiz berding,

Imkon ham ber, shularning farogʻatin koʻray man.

 

Kumushimga Kumushning qolgan umrin qoʻshib ber,

Oʻgʻillarga mirzolar shashtini ham joʻshib ber.

Baxt berganda, iltimos, gashtini ham qoʻshib ber,

Sihatlikda keksalik gashtini ham suray man.

 

Izzat qildim kelgancha qoʻlimdan va dilimdan,

Dadamga extiromim qaytsayoq bas oʻgʻlimdan.

Yurtin sevishsa boʻldi, men sevgandek koʻnglimdan,

Yoʻqsa shoʻr devor kabi nursizgina nurayman.

 

Ishonganim oʻzingsan, begona tutma, Tangrim,

Xayolimdasan doim, sen ham unutma, Tangrim,

Majolim yetganidan koʻpini kutma, Tangrim,

Baytim bilan dillarda Baytullohlar quray man.

 

Doʻsti nodon yetarli, boshqa mol kerak emas,

Sevgili yor soʻzidan oʻzga bol kerak emas.

Dam shu damdir, shu holdan oʻzga hol kerak emas,

Koʻpga ber, koʻp qatori hovuch ochib turay man.

 

Har zarrangda hikmat bor, zarra qadar illat yoʻq.

Himoyatingdan oʻzga men faqirga himmat yoʻq,

Sendan soʻrayveraman, bitta senda minnat yoʻq,

Shafoat qil, bir sening poyingga bosh uray man!

 

Iqbol Mirzo

https://saviya.uz/ijod/nazm/sen-bolmasang-nima-qilardim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x