Sebzor dahasi (Chuvalachi, Zarqaynar, Qorasaroy)


Post Views:
417

Chuvalachi Teshikqofqa, Chigitboshi, Kaduvot, Hasanboy mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan. Mahallada 100 dan ortiq xonadon yashagan. Aholisi asosan o‘zbeklar bo‘lib, hunarmandchilik, bog‘dorchilik va dexqonchilik bilan shug‘ullangan.

Chubalanchi qurama o‘zbeklarning Tama qabilasiga mansub Oytamg‘ali urug‘ining shoxobchasi. Quramalar va qipchoqlarning Chubalanchi degan urug‘i bo‘lgan.

Tojikcha “katta qop”, ya’ni kanor ma’nosidagi so‘zidan juvol kelib chiqqan. Ya’ni “Jo‘valovchi”. Hozirgi Chuvalachi degan hududdan maskan topgan qabilaning asosiy kasbi kori qanor to‘qish bo‘lgan deb taxmin qilish mumkin. Jo‘valovchi og‘zaki tilimizda Chuvalachi shaklini olgan.

Zarqaynar – Sebzor dahasidagi mahalla va ko‘cha. Rivoyatlarga ko‘ra bir guruh taqvodor mo‘min-musulmonlar Qaffol Shoshiy huzurlarida bo‘lib, duolarini olib qaytganlar. Hazratning duolari ijobat bo‘lib, o‘sha mo‘min-musulmonlar hovlisidan oqib o‘tgan ariqlarda kichik suv inshootlari bo‘lmish «qaynama»larda oltin kukunlar suvga qo‘shilib oqa boshlaydi. Mahallaning Zarqaynar deb nomlanishi shundan degan gaplar bor.

Laylakli masjid. Zarqaynar ko‘chasida joylashgan tarixiy inshoot — Oxunguzar (xalq tilida «Laylakqo‘ndi») deb atalgan. Masjid qurilgan paytlar uning katta gumbaziga laylaklar uya qurib olgani sababli mahalliy aholi unga «Laylakqo‘ndi» deb nom bergan, keyinchalik u “Laylakli” nomi bilan yuritilgan. XIX asr oxirida masjid «Oxunguzar» nomini olgan.

Masjid binosi 1775 yili toshkentlik ustalar tomonidan bunyod etilgan ekan. U shuningdek, namoz o‘qib, ibodat qilish bilan birga, mehmonlar uchun karvonsaroy vazifasini ham o‘tagan. Masjidning umumiy sahni 13×26 metrni tashkil qilib, shimoldan janubga qaratib qurilgan.

Ta’mirlash jarayonidagi qazish ishlari natijasida sopol buyumlar — naqshlar bilan bezalgan kosa, lagan parchalari, arxeologik jihatdan e’tiborga molik bo‘lgan suv o‘tkazuvchi butun quvur topildi. Bu topilmalar XVII-XIX asrlarga oiddir.

SHo‘rolar davrida masjiddan jamg‘arma kassa va omborxona sifatida foydalanilgan. Bu davrda masjidning oldini to‘sib turish maqsadida xo‘jalik mollari do‘koni qurilgan. Yodgorlik ziyoratchilar uchun yopiq bo‘lgan. Masjidda azon o‘qiladigan minora (mezana) ham bo‘lgan.

Nochor holatga kelib qolgan masjid binosini tiklash nihoyatda murakkab edi. 2005 yil iyun oyining oxirida esa loyiha asosida ta’mirlash ishlari boshlandi. Samarqand va Toshkentdan maxsus ta’mirchi ustalar jalb qilindi. Respublikamiz mustaqilligining 14 yillik bayrami arafasida masjid poytaxtliklar ko‘z o‘ngida to‘liq ta’mirlanib yangi qiyofaga kirdi. Uning yonida barpo etilgan sakkiz ustunli o‘ymakorli yog‘och ayvon ham bino husniga husn qo‘shdi.

Hozirgi kunda Eskishaharga o‘zgacha ruh bag‘ishlayotgan ushbu ta¬rixiy bino o‘tmishning yana bir yodgorligi sifatida uzoq yillar ko‘rk qo‘shib turishiga shubha yo‘q.

Qorasaroy mahallasi. Qorasaroy ko‘chasida Muyin Xalifabobo maqbarasi (1845 yil arxitektura yodgorligi) joylashgan. Maqbara ichida ikki sag‘ana bo‘lib, unga xalifaning o‘zi va o‘g‘li Umarxon dafn etilganlar. O‘zbeklar tarkibiga kirgan qabilalar orasida Saroy qabilasining katta uyushmasi bo‘lib, u bir qancha qabila va urug‘larga bo‘lingan. Jumladan, Az-saroy, Qorabog‘saroy va Qorasaroy kabilar. Qorasaroy nomi shundan. Shaharning Qorasaroy darvozasini qo‘riqlash qorasaroyliklarga topshirilgan. Bu hududdagi qadimiy ko‘cha ham shu nom bilan ataladi. Mahalla kabi ko‘cha ham qadimiy hisoblanadi. Ko‘chada G‘oyib ota (1880 yil) qabristoni mavjud.

Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/sebzor-dahasi-chuvalachi-zarqaynar-qorasaroy-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x