SAYYORALAR

SAYYORALAR — Quyoshning tortish kuchi taʼsirida uning atrofida aylanuvchi yirik sharsimon jismlar. Sayyoralar Quyosh atrofida aylanuvchi minglab mayda sayyora (asteroid) lardan farq qiladi. Ularni juda qadimdan qoʻzgʻalmas yulduzlar fonida siljib yurishidan sezib «adashgan yulduzlar», yaʼni Sayyoralar deb atashgan. Quyosh atrofida aylanuvchi yirik Sayyoralar 9 ta (Merkuriy, Venera, Yer, Mars, Yupiter, Saturn, Uran, Neptun, Pluton). Ulardan 5 tasini oddiy («qurollanmagan») koʻz b-n koʻrish mumkin.

Qadimda barcha Sayyoralar va Quyosh Yer atrofida aylanadi deb notoʻgʻri talqin qilingan. 16-a. boshlarida polyak astronomi N. Kopernik S. ning Quyosh atrofida aylanish tartibini aniqladi. Italyan olimi G. Galiley oʻzi yasagan teleskopda Sayyoralarni kuzatib, ular sharsimon jismlar ekanligini aniqladi. U Venerani ham xuddi Oy kabi turli fazalarda koʻrinishini kuzatib, Sayyoralar oʻzidan nur chiqarmasligini, balki Quyosh nurlarini qaytarishi hisobiga yulduzlarga oʻxshab ravshan koʻrinishini aniqladi. Teleskop ixtiro qilingach, Quyosh sistemasida yana 3 ta yirik sayyora topildi: 1781-y. da ingliz astronomi V. Gershel Uranni, 1846-y. fransuz astronomi U. Leverye hamda ingliz astronomi J. Adams Neptunni va 1930-y. da amerikalik astronom Tombo Plutonni kashf etdi.

Sayyoralar fizik tabiatiga koʻra, Yer tipidagi Sayyoralar va gigant Sayyoralar larga boʻlinadi: Yer tipidagi Sayyoralarga Merkuriy, Venera, Yer, Mars, gigant Sayyoralarga esa Yupiter, Saturn, Uran, Neptun kiradi. Pluton yaxshi oʻrganilmaganligi uchun qaysi tipdagiga mansubligi hali aniq belgilanmagan. Yer tipidagi Sayyoralarning fizik tasniflarida bir qancha umumiylik boʻlib, ularning oʻlchami va massasi uncha katta emas (Yer — ular ichida eng kattasi), qattiq sirt qobigʻiga va atmosferaga (Merkuriydan tashqari) ham ega Sayyoralar dir. Ularning oʻrtacha zichliklari nisbatan yuqori boʻlib, Yer zichligiga (5,5 g/sm3) yaqin.

Gigant Sayyoralar oʻlchami va massasi juda kattaligi bilan Yer tipidagi Sdan farq qiladi, oʻrtacha zichliklari ularnikidan ancha kichik. Gigant Sayyoralar nisbatan tez aylanishi, qattiq sirtga ega emasligi va juda qalin geliy hamda vodorodli (qisman metan — SN4 va ammiak — NH3 aralashmali) atmosfera qobikdarining mavjudligi bilan ham Yer tipidagilardan keskin farq qiladi. Quyosh atrofida bu ikki guruhga kiruvchi Sayyoralardan tashqari oʻn minglab mayda Sayyoralar (asteroidlar) ham aylanadi. Ular Quyoshdan oʻrtacha 2,8 astronomik birlik masofada, Quyosh atrofida aylanadi; bu zona asteroidlar mintaqasi deb yuritiladi. Sayyoralar koʻrinish shartlariga koʻra ham 2 guruhga boʻlinadi: orbitalari Yer orbitasining ichki qismida joylashgani — ichki (Merkuriy va Venera), tashkarida joylashgani esa tashki Sayyoralar (Mars, Yupiter, Saturn, Uran, Neptun va Plutonlar) deb ataladi. Ichki S. Quyosh chiqishidan oldin (sharq tomonda) va Quyosh botgandan soʻng (gʻarb tomonda) davriy koʻrinish holatlarida boʻla oladi, tashki Sayyoralar tunda turli paytlarda, jumladan, butun tun davomida koʻrinish holatlarida ham boʻlishi mumkin.

Sayyoralarning fizik tabiati 20-a. 2-yarmidan boshlab, sayyoralararo avtomatik st-yalar yordamida muntazam oʻrganila boshladi. Xususan, Merkuriy «Mariner», Venera «Venera», Mars — «Mars», «Viking», gigant Sayyoralar esa AQSHning «Katta tur» dasturi boʻyicha uchirilgan. «Pioner10, 11», «Voyajer» avtomatik st-yalari yordamida samarali tadqiq qilindi. Yerdan turib olib borilgan bevosita kuzatishlar orqali topilgan Sayyoralarning yoʻldoshlari quyidagilar: Yerda 1 ta (Oy), Marsda — 2 ta, Yupiterda — 12 ta, Saturnda — 9 ta, Uranda — 5ta, Neptunda — 2ta, Plutonda — 1ta. Keyinchalik kosmik apparatlar yordamida gigant Sayyoralar atrofida yana oʻnlab yangi yoʻldoshlar topildi (q. Sayyoralarning yoʻldoshlari).

Sayyoralarning ayrimlari (Yer va Yupiter) sezilarli magnit maydoniga ega. Yer magnit maydonining kuchlanganligi uning geomagnit qutblarida 0,63 erstedni, geomagnit ekvatorida esa 0,31 erstedni tashkil etadi. Koinot qaʼridan va Quyoshdan kelayotgan kosmik nurlar va zarralar oqimi (asosan, elektronlar va protonlar) ni Yer magnit maydoni tutib qoladi. «Qafasga tushgan» bunday zarralarning energiyasi va konsentratsiyasi ularning Yer sirtidan uzokligi va geomagnit kengligiga bogʻliq boʻladi. Bunday zarralar oxiroqibatda Yer atrofida, geomagnit ekvatorni oʻrovchi halqa yoki kamar shaklini oladi.

Yer va Yupiter atrofida turli balandliklarda hosil boʻlgan va radiatsion kamar deb ataluvchi ana shunday kuvvatli elektron hamda protonlardan tashkil topgan kamarlardan bir nechtasi oxirgi yillarda kashf etildi.

Ad.: Ksanfomaliti L. V., Planetы otkrыtыye zanovo, M., 1978; Kulikovskiy P. G., Spravochnik lyubitelya astronomii, M., 1971; Silkin B. I., V mire mnojestva lun, M., 1982; Mamatazimov M., Quyosh sistemasi haqida ocherklar, T., 1984.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x