Saxiy bilan baxil

DO`STLARGA ULASHING:

Kunlardan bir kuni baxil bilan saxiy sahroda sayohat qilib yurishgan ekan. Baxil suv solgan meshining og‘zini hyech ochmabdi, oziq-ovqat solgan xaltasini yechmabdi. Saxiyning suvini ichib, nonini yeb yuraveribdi.
Bir kuni saxiyning suvi ham, noni ham sob bo‘libdi. Ular charchab, quruq bir cho‘lda dam olgani o‘tirishibdi. Baxil o‘z meshidan piyolaga suv quyib ichibdi, xaltasidan non olib yebdi. Ochlik va tashnalikdan holsizlangan saxiy:
— Do‘stim, menga ham ber, — debdi. Baxil nafrat bilan:
— Men sening holingga tushishni istamayman, — debdi. U tuyaga minib, o‘z yo‘ldoshini cho‘lda yolg‘iz tashlab ketibdi.
Saxiyning yo‘l yurishga madori qolmabdi. U ochligi va tashnaligini qondirish uchun ko‘karib turgan bir o‘tni og‘ziga solib chaynabdi. Bu o‘tning ajoyib xosiyati bor ekan, saxiy hamma giyoh va jonivorlarning tilini tushunadigan bo‘libdi.
Kech kirib qolganida u qum ustiga yotibdi, lekin och va tashna bo‘lganidan ko‘ziga uyqu kelmabdi. Qorong‘i tushganda ikkita toshbaqa o‘rmalab kelibdi.
— Qizig‘i shuki, bu ahmoq tashnalikdan o‘layapti, yarim soat yo‘l yursa, quduqqa yetadi, — debdi bir toshbaqa.
— Men ham shunga hayronman, — debdi yosh toshbaqa, — ahmoq ochidan o‘lay deyapti, bo‘lmasa quduqning yonidagi o‘tovda bir ko‘chmanchi turadi, suti ham, go‘shti ham bor, o‘sha yerga borsa bo‘lardi.
Saxiy o‘z qulog‘iga ishonmay, sekin-sekin o‘sha tomonga qarab tuyada yo‘lga tushibdi. Quduqni topib, to‘yguncha suv ichib, mehmondo‘st ko‘chmanchining uyida ovkat yebdi.
Erta bilan saxiy ko‘chmanchidan oziq-ovqat sotib olibdi. Shu yerda u baxil bilan yana uchrashib qolibdi. Baxil yana u bilan birga ketaveribdi.
Saxiy ko‘chmanchidan olgan go‘sht haqini to‘layotganida baxil uning hamyoni katta ekanligini sezib qolib, niyati buzilgan ekan. Ular bir qishloqqa yetibdilar. Saxiy uyquga ketganida baxil bildirmay uning hamyonini va tuyasini o‘g‘irlab, qochib ketibdi.
Saxiy juda qayg‘uribdi. Noiloj, o‘ziga bir tayoq kesib olib, uni hassa qilib yo‘lga tushibdi. Ketaturib, devor ustida o‘tirgan ikkita zag‘izg‘onning gaplarini eshitib qolibdi:
— Sen o‘z uyangga qaerdan oltin tangalar tashib kelasan? — deb so‘rabdi bir zag‘izg‘on yonidagi sherigidan.
— Manavi baland terakning tagida ko‘r sichqon turadi, — debdi ikkinchi zag‘izg‘on, — u yetti podshoning xazinasini topibdi. Ko‘r sichqonning oyog‘i ostidan tangalarni o‘g‘irlab qochaman, u esa ko‘rmaydi.
Saxiy terakning tagini qazib, yetti podshoning xazinasini topibdi. Shaharga yetib kelib, karvonsaroyda to‘xtabdi. Saxiy o‘z odatiga ko‘ra pulni ayamabdi, kambag‘allarga yordam berib, ularni xursand qilibdi.
Baxil saxiyning boyib ketganini va gadoylarga ayamay sadaqa berayotganini ko‘rib, hasadi kelibdi, alamiga chidayolmay, uyqusi qochibdi. Podshoga borib:
— Podsho hazratlari, sizning shahringizdagi karvonsaroyga bir qaroqchi kelib tushdi. Uni qamashga amr qiling, — debdi.
Podshoning posbonlari karvonsaroyga kelib, saxiyni qamab, pullarini tortib olishibdi va o‘zini podsho huzuriga keltiribdilar.
— Sen qaroqchisan,— deb baqiribdi podsho, — ertaga seni dorga ostiraman.
Saxiy o‘zining kimligini va nima voqyealar bo‘lganini so‘zlabdi, lekin podsho uning gapiga quloq solishni istamabdi. Pullarni xazina foydasiga olibdi. Baxilni haydab yuboribdi, saxiyni zindonga soldiribdi.
Saxiy qorong‘i zindonda qayg‘urib o‘tirib, «Bu balo boshimga qaydan keldi?» deb o‘ylabdi. Shu paytda teshikdan ikkita sichqon chiqib, bir-birlari bilan so‘zlasha boshlashibdi:
— Podshoning qizi ko‘r bo‘lib qoldi. Shunday chiroyli qizga kishi achinadi, — debdi bir sichqon.
— Kimki malikaning ko‘zini davolasa, podsho uning boshidan tilla quyadi, — debdi ikkinchisi.
— Tfu, odamlar ahmoq, — debdi birinchi sichqon, — uni davolash oson. Cho‘lda kal Abdulla degan odam qo‘y boqib yuradi. Suruvning ichida qo‘tir echki bor. O‘sha echkining soqolidan ikki tola olib yondirib, kulini malikaning ko‘ziga bossa ochiladi.
Sichqonlar ketgandan keyin, saxiy eshikni qattiq taqillatib:
— Men hakimman, men tabibman, ochinglar, — deb qichqira boshlabdi. Uzoq qichqirsa ham zindonchilar uning gapiga quloq solishmabdi. Nihoyat, zindonchilardan biri podshoning huzuriga kelib tiz cho‘kib:
— Zindondagilardan biri, «Men hakimman, men tabibman» deb qichqiryapti, — debdi.
— Tez bu yerga olib kelinglar, — debdi podsho. Saxiyni podshoning huzuriga boshlab kelibdilar.
— Ha, sen edingmi, qaroqchi?—debdi podsho, — nima deb qichqiryapsan? Bari bir kuning bitgan.
— Men qaroqchi emasman, — debdi saxiy, — men ulug‘ tabibman. Men bir zumda qizingizning ko‘zini tuzataman.
Podsho uning so‘ziga ishonmabdi, lekin posbonlarga uni cho‘lga boshlab borishni buyuribdi. Cho‘lda kal Abdulla qo‘y boqib yurgan ekan. U qo‘tir echkining soqolidan yarmini yulib olib, sichqonlarning aytganini qilib, malikaning ko‘zini tuzatibdi.
Malika ko‘zini ochibdi, podsho behad xursand bo‘lib, saxiyga ko‘p oltin in’om qilibdi, o‘z ustidagi choponini beribdi.
Saxiy og‘ir qopdagi oltinlarni ko‘tarib, yangi ipak to‘nini kiyib saroydan chiqqanida baxil uning oldiga kelib ta’zim qilibdi.
— Nima deysan? — deb so‘rabdi saxiy.
— Nima sababdan sening omading keladi-yu, mening boshimga falokatlar tushaveradi. Shuni menga tushuntir. Men seni och va tashna holda cho‘lda tashlab ketdim, bir soat o‘tmasdan sen quduqni topib, ko‘chmanchining uyida mehmon bo‘lding. Men seni tunab ketdim, bir kun o‘tmay sen yana boyib ketding. Mening chaquvim bilan seni qamadilar, bor-yo‘g‘ingni tortib olishdi, o‘zingni zindonga soldilar. Bir kun o‘tmasdan sen yana boyib ketding. Men-chi? Meni esa saroydan haydab chiqardilar.
Saxiy baxildan ko‘p yomonliklar ko‘rgani uchun unga qaragisi ham kelmabdi, lekin o‘zining saxiylik tabiati g‘olib kelib, ajoyib xosiyatga ega bo‘lgan o‘t to‘g‘risida gapirib beribdi.
— O‘sha o‘tni yeb, jonivorlarning gapiga quloq sol. Dunyodagi sirlardan xabardor bo‘lasan, — debdi.
Baxil shoshib-pishib, hatto saxiyga rahmat ham aytmasdan, tuyaga minib, sahroga jo‘nabdi.
O‘sha o‘tni yeb, jonivorlar tilini tushunadigan bo‘libdi.
Toshbaqa, zag‘izg‘on, sichqonga o‘xshagan mayda-chuyda jonivorlarning gapiga quloq solib yuramanmi,— debdi u o‘z-o‘ziga, — kichik jonivorlar kichik sirlarni biladi. Katta jonivorlar katta sirlarni biladi.
Sahroda tentirab yurib, bir g‘ordan kechqurun arslon, yo‘lbars, bo‘ri va tulki chiqqanini ko‘ribdi.
— Ana shularning gapiga quloq solish kerak, — debdi.
Baxil qo‘rqoq ekan, lekin ochko‘zligi qo‘rqoqligidan ustun kelibdi va u yirtqich hayvonlarning g‘origa kirib yotibdi.
— Bu yerdan odam isi keladi, — debdi arslon.
— Ha, bu yerda allakim borga o‘xshaydi, — debdi yo‘lbars.
— Bu yerda odam bor, — deb uv tortibdi bo‘ri. — U bizning tungi ovqatimizga o‘z oyog‘i bilan kelibdi!
Jonivorlar baxilga hujum qilib, uni yeb qo‘yishibdi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x