Satrlarga sigʻmagan siyrat

Qarshimdagi oʻrta boʻy, kichik jussa, keng peshonali kishini koʻrib, ochigʻi, sarosimada qoldim: men izlagan inson chindan ham shu odammi?! Ishongim kelmaydi. Oʻzbekiston Qahramoni, senator, tibbiyot fanlari doktori, professor Xolidjon Komilov bilan uchrashuvga shaylangan chogʻda butkul boshqacha xayolda edim. Koʻz oʻngimda sersavlat, sersalobat, baland kursida yastanib oʻtirgan, tevaragida necha-necha shogirdlar, xodimlar girdikapalak, boqishlari, soʻzlashlari kibrli bir kishi jonlangan edi. Ammo… roʻparamda oppoq qalpogʻi ostidan muloyimgina boqib turgan shifokor tasavvurlarimni butkul toʻzgʻitib yubordi.

– Xolidjon Mahamadjonovich, men… – deya rasmiy, ohanjama ohangda oʻzimni tanishtirib, murod-maqsadimni aytarkanman, qogʻoz-qalamimni namoyishkorona shaylab qoʻydim.

– Iltimos, – dedi domla andak chimrilib, – aka-ukalarday gaplashaylik.

– Ha, albatta… – deb chaynaldim soxta sipogarchiligim u kishiga xush kelmaganini anglab.

Shu orada xodimalardan biri oldimizga choy, qand-qurs keltirib qoʻydi. Domlaga allaqanday hujjatni uzatib imzo chektirib ham oldi.

– Ukajon, uzr, – deb qoldi bir mahal Xolidjon aka qimtinib, – siz kirib kelgan payt bir bemorni qarayotgan edim. Shu ish chala qoldi-da… Agar qarshi boʻlmasangiz, shu koʻrikni oxiriga yetkazib qoʻysam… Harholda, uzoqdan meni atay izlab kelgan kasal, ularni kuttirib qoʻyish insofdan emas, keyin ikkimiz bafurja suhbatlashamiz.

– Bemalol, domla, bemalol.

– Ungacha siz choydan hoʻplab, jamoamiz faoliyati bilan tanishib turing, – dedi Xolidjon aka yaltiroq jildli qalin albomni oldimga qoʻyib.

Albomni shoshilmay varaqlashga tushdim. Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining oftalmologiya kafedrasi xodimlari, dars jarayonlari, amaliy mashgʻulotlar, hasharlar aks etgan tasvirlarga toʻla ekan. Mana, domlaning surati! Muhtaram Prezidentimiz qoʻlidan “Oltin yulduz” nishonini olayotgan payt. Quvonchli, unutilmas lahzalar muhrlangan!

Albom varaqlab oradan ancha vaqt oʻtib ketganini bilmay qolibman. Xolidjon akadan hanuz darak yoʻq. Betoqatlana boshladim. Bir payt oʻsha qand-qurs keltirgan xodima eshikdan yana moʻralab qoldi.

– Kechirasiz, kamchiliklar yoʻqmi?

– Kamchiliklar bor-da, domla qanilar? – dedim.

– U kishi hali kasallarni qarayapti.

– Domlaning birlamchi vazifasi malaka oshirish oʻquv ishlarini tashkil qilish, dars oʻtish-ku, – dedim ajablanib, – bemorlarga qarash masʼuliyati yoʻq u kishida, shunday emasmi?

Xodima kulimsirab bosh chayqadi.

– Ustozimiz oldida aslo bunday deya koʻrmang. Shifokor ish paytida ham, dam olish paytida ham, uyida, toʻy-hashamda boʻlsa ham shifokorligicha qoladi, odamlarni davolashga hamisha burchli, deb u kishi bizga har kuni uqtiradilar.

– Iltimos, men kutib qolganimni yana bir marta eslatib qoʻying.

– Yaxshi, harakat qilaman.

Xodima bosh irgʻagan koʻyi eshikni yopdi. Birozdan soʻng Xolidjon aka shoshqin-toshqin kirib keldi.

– Uzr, mehmon… ushlanib qoldim.

Men u kishiga sinchkov koʻz tashlarkanman, professor bemorlarga qarashga berilib ketib meni biroz unutganini, hoynahoy, xodima kutib qolganimni aytganidan keyingina yonimga oshiqqanini payqadim.

Xolidjon aka ish stoliga oʻtirarkan:

– Endi bemalol soʻroqqa tutavering, – dedi kulimsirab.

Men professor Xolidjon Komilov uzoq yillardan beri boshqarib kelayotgan oftalmologiya kafedrasi tarixi haqida uzundan-uzoq savol berishga chogʻlandim. Shu payt stol ustidagi shahar telefoni tuyqus jiringlab qoldi. Xolidjon Mahamadjonovich menga aybdorona koʻz tashlab, uzr soʻradi-da, goʻshakni koʻtardi.

Men yon-atrofimga qiziqish bilan koʻz tashladim. Ochigʻi, bu yer uch nafar fan doktoriga, oʻttizdan ziyod fan nomzodiga ustozlik qilgan olimning, mashhur shifokorning ish kabinetidan koʻra aʼlochi, intizomli oʻquvchining darsxonasiga oʻxshaydi. Eni uch, boʻyi toʻrt qulochcha keladigan shinamgina hujra. Oʻrtada bir juft oddiygina ish stoli, stullar. Stol ustida har xil hujjatnamo qogʻozlar, yozuv-chizuv anjomlari sarishtalab qoʻyilgan. Devor yonida moʻjazgina oynavand javon. Javon ichida turli-tuman kitoblar, darsliklar, qoʻllanmalar koʻzga tashlanadi.

Xolidjon Mahamadjonovich kim bilandir jiddiy bir tarzda soʻzlashib boʻlgach, goʻshakni oʻrniga qoʻydi. Yuz-koʻzlari toʻla tabassum, mamnuniyat, quvonch!

– Bizni tabriklashingiz mumkin, ukajon, oʻtgan hafta bir bemorning koʻzlarini operatsiya qilgandik, bugun vrachlar bogʻlovlarini yechibdi, natija biz kutgandan ham aʼlo!

– Tabriklayman, domla, – dedim u kishining hayratu hayajonidan hayratlanib.

Ajab! Salkam yarim asrdan beri koʻz kasalliklari bilan mashgʻul, har kuni, har hafta, har oy necha-necha bemorlarni koʻrikdan oʻtkazib, necha-necha jarrohlik amaliyotiga qoʻl uradigan oftalmologiya ilmi allomasini yana yoʻqotib qoʻydim. Ayni paytda qarshimda goʻyo endigina klinika eshigidan hatlab oʻtgan, biror kasalning koʻziga ilk bor malham tomizgan va bu ishini olamshumul sanab cheksiz hayratu hayajonga chulgʻangan navnihol talaba turardi!

– Oʻta murakkab, oʻta nozik operatsiyani amalga oshirgan ekansiz-da, – dedim oʻzimcha sinchkovlik koʻrsatib.

Hanuz bolalarcha quvnab turgan Xolidjon aka menga savolchan koʻz tashladi.

– Nima uchun bunday fikrga keldingiz?

– Cheksiz hayajonu quvonchingizni koʻrib…

– Birinchidan, bizning sohada murakkab, nozik boʻlmagan operatsiyaning oʻzi yoʻq. Qolaversa, men bemorga oddiy bir dori ichirayotganda ham hayajonlanaman, quvonaman.

“Burch, masʼuliyat hissi bor odamlargina xuddi shunday boʻladi!” degan oʻy nogoh xayolimda oʻtdi. Xuddi shu chaqin zarbidan haligi sodda, gʻoʻr talaba timsoli tumanday tarqab, koʻz oldimda yana ulugʻvor, fidokor, oʻz kasbining bilimdoni, minglab kishilarni koʻz kasalligidan xalos qilib, qarogʻiga nur baxsh etgan, kamtar, oʻz-oʻziga talabchan shifokor Xolidjon Komilov butun insoniy xislatlari bilan yana namoyon boʻldi.

Biz ancha paytgacha suhbatlashib oʻtirdik. Bolalikning, talabalikning begʻubor, bepoyon dunyosiga borib keldik. Shifokorning sermashaqqat, ammo sharafli hayot yoʻliga nazar tashladik.

 

***

Xolidjon, hoynahoy, otasiga tortdi. Otasi Mahamadjon aka mashhur koʻz kasalliklari shifokori edi. Oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida Toshkent davlat meditsina institutida tahsilni boshlagan Xolidjon ajoyib kunlarning birida padari buzrukvoriga oʻz ahdini aytdi: “Men ham sizday koʻz shifokori boʻlaman”.

Mahamadjon aka kulimsirab bosh chayqadi: “Mendek emas, oʻgʻlim, mendan ham zoʻr vrach boʻling. Lekin faqat orzu bilan ish bitmaydi-da…”.

Xolidjonning qarori qatʼiy edi. Endigina institutning ikkinchi bosqichida oʻqiyotgan talaba ertasi kuni oʻzi istagan kafedraga kirib bordi: “Koʻz kasalliklari boʻyicha toʻgarakka qatnashmoqchi edim, – dedi qimtinib, – darslardan soʻng boʻlimlarda ish oʻrgansam…”.

Mutasaddi rahbar istehzoli kuldi: “Birinchidan, bu yerda unaqa toʻgarak yoʻq. Ikkinchidan, sening qanaqa sohada mutaxassis boʻlishing toʻrtinchi kursda maʼlum boʻladi…”

Sovuqqon munosabat Xolidjonning hafsalasini pir qildi. Mutasaddi rahbarning noxolis, nopisand gaplaridan “Oʻv, koʻp hovliqmagin, sandan baribir koʻz shifokori chiqmaydi”, degan maʼnoni uqdi.

Yosh talabaning ruhi tushib, koʻngli xijil tortdi. Ikkinchi jahon urushining ne bir talotoʻplarini koʻrgan, harbiy shifokor sifatida janggohlarda qatnashgan Mahamadjon aka oʻgʻlidagi noxush kayfiyatni payqab, bir kuni uni qarshisiga oʻtqazdi: “Bolam, hayotda hal boʻlmaydigan muammoning oʻzi yoʻq. Har qanday baland choʻqqini ham zabt etish mumkin. Buning uchun insonga aql va iroda zarur, – deya nasihat qildi Mahamadjon aka, – urush payti baʼzan ayrim marralarni tik hujumga oʻtib, bir hamlada qoʻlga kiritishga urinishlar koʻp boʻlardi, ammo talofatdan boshqa narsaga erishilmagan. Shunday kezlar salohiyatli sarkardalar yangi rejalar ishlab chiqishardi. Unga koʻra, oʻsha marra yo qurshovga olinar yoki dushman kutmagan tarafdan zarba berilardi. Oqibatda, koʻzlangan hudud nisbatan yengil, kam talofatlar evaziga qoʻlga kiritilgan. Bu bilan nima demoqchiman? Aytmoqchimanki, hayot ham jang maydoniga oʻxshaydi. Koʻpgina masalalar oson va joʻn koʻrinsa-da, uni tik hujumga oʻtib, bir hamlada hal qilib boʻlmaydi. Aql va irodani ishga solish zarur. Muammoning qulay va zaif joyini aniqlab, oʻsha yerdan yechim topish mumkin. Eng muhimi, tushkunlikka chap berish, noumid boʻlmaslik kerak…”.

Otasining bu oʻgitlari Xolidjonga bir umrlik dasturilamal boʻldi, hisob. Oftalmologiya kafedrasidan oʻksib qaytgach, koʻp oʻtmay, orzusini amalga oshirishga boshqa bir yoʻl topildi. Talaba Xolidjon Komilovning tirishqoqligini, tib ilmiga chanqoqligini kuzatib yurgan asab kasalliklari kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Nabi Majidov yosh yigitni oʻz yoʻnalishiga qiziqtirib qoʻydi.

“Koʻz kasalliklari ham asosan asab tolalari bilan bogʻliq. Masalaning aynan shu jihatini oʻrgansam-chi?!” degan oʻy Xolidjonning xayolidan yalt etib oʻtdi. Bu fikrni ustoziga, otasiga aytdi. Ular talabaning nuqtai nazarini qoʻllab-quvvatlashdi. Natijada Xolidjon Komilov bosh miya va koʻrish aʼzolarini bogʻlab turadigan asab tizimi muammolari masalasida jiddiy shugʻullana boshladi. Aynan shu mavzu keyinchalik uning nomzodlik, doktorlik ilmiy ishlariga ham asos boʻldi. Yosh shifokor yoʻnalishni gʻoyat oqilona, teran tushuncha bilan tanlagan edi! Otasining oʻsha oʻgitlari boʻyicha taʼriflaganda, zabt etilishi zarur boʻlgan marraning boshqa tarafiga aylanib oʻtib, hech kutilmagan hujum bilan uni ishgʻol qildi! Navqiron iqtidor egasi, Toshkent davlat meditsina institutining oltinchi bosqich talabasi Xolidjon Komilov nufuzli bir anjumanda oʻzi oʻrganayotgan yoʻnalish boʻyicha maʼruza qilib, sohaning yetuk mutaxassislari eʼtiborini qozondi, olqishlarga koʻmilib ketdi. Hatto, bir paytlar uni eshigidan noumid qaytargan mutasaddi rahbar ham Xolidjonning zakovatiga tan berdi. Ammo keyinchalik bu iqtidorli talaba oftalmologiya kafedrasida ishga qolishni soʻrab kelganida, institut rahbariyati uning iltimosini rad etdi. Noiloj, oliy taʼlimni aʼlo baholar bilan tugallagan Xolidjon Komilov Respublika koʻz kasalliklari shifoxonasida vrach ordinator sifatida ish boshladi. Shu barobarida Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida tadqiqotchi maqomida oʻz ilmiy izlanishlarini davom ettirdi. Oradan yillar oʻtdi. Nihoyat Xolidjon Komilov tibbiyot fanlari nomzodi darajasiga erishib, neyrooftalmologiya sohasining respublikadagi ilk mutaxassislaridan biri boʻldi. Albatta, biz bu kechmishlarni quruqqina, sipogina satrlarda silliqqina, qisqagina bayon etib oʻtayapmiz. Ammo bu ilmiy-amaliy faoliyat zamirida qanchadan-qancha mashaqqatlar, necha-necha uyqusiz tunlar, iztirobu tashvishlar yotgani Yaratganning oʻziga, shuningdek, qahramonimizga ayon.

– Men bir umr yangilikka, hurfikrlilikka intilib yashadim, – deydi Xolidjon Mahamadjonovich, – busiz meditsina sohasini rivojlantirish mushkul. Ammo ilgari surilayotgan ilgʻor usullarni hamma ham teran tushunib, qoʻllab-quvvatlayvermaydi. Eskicha qoliplarga oʻrnashib olgan koʻpgina mutaxassislar jon-jahdi bilan qarshilik qilishadi. Shu yoʻl bilan oʻzlarining omonat obroʻlarini saqlab qolmoqchi boʻlishadi. Xuddi shunday kurashlarda faqat aql va irodaga tayanganman. Otam nasihat qilganday, muammo-mashaqqatlarni kutilmagan tarafdan yechishga urindim.

Darhaqiqat, shunday. Tibbiyot fanlari doktori, professor Xolidjon Komilov qiyinchiliklarni sabot-matonat bilan yengib, oʻz izlanishlarini davom ettirdi, oʻz ilmiy gʻoyalarini nazariy-amaliy yechimlar bilan dadil himoya qilib, katta doiralarda isbotlab berdi. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, istiqlol sharofatidan olimning mehnat faoliyati gurkirab oʻsdi. Bu yillarda barcha sohalar kabi tibbiyot yoʻnalishida ham olib borilgan tub islohotlar, muhtaram Prezidentimizning, hukumatimizning xalq sihat-salomatligiga koʻrsatayotgan eʼtibori, gʻamxoʻrliklari oʻz samarasini berdi. Yurtimizga dunyo tibbiyotining eng ilgʻor, eng zamonaviy anʼanalari kirib keldi. Professor Xolidjon Komilov ham mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, kompyuter texnologiyalarini koʻz kasalliklarini aniqlash, davolash tizimiga keng joriy qilib, yuksak natijalarga erishdi. Xususan, klinik oftalmologiya, neyrooftalmologiya, koʻz mikroxirurgiyasi kabi sohalar rivojiga beqiyos hissa qoʻshdi. Bugungi kunda aynan Xolidjon akaning intilishlari, bevosita rahbarligi ostida respublikamizda koʻz kasalliklari tashxisining eng ilgʻor, eng zamonaviy usullari qoʻllanilmoqda. Koʻz kasalliklarini tezkor aniqlash, kompyuter perimetriyasi, kompressiz tonografiya singari usullarni qoʻllash, kukumazim, fraksiparin, tiklid, immunomodulin, lagoden, alloplant kabi dorilarni davolash ishlariga tatbiq etish shular jumlasidandir. Bir soʻz bilan taʼriflaganda, tibbiyot fanlari doktori, professor Xolidjon Komilov tibbiyotning oftalmologiya sohasida oʻz maktabini yaratdi! Hassos shifokor yuqorida sanab oʻtilgan samarador usullar yordamida shu kungacha minglab ogʻir bemorlarni koʻrikdan oʻtkazdi, davoladi, zim-ziyo qaroqlarga nur baxsh etish yoʻllarini topdi.

– Mustaqillik yurtimiz tarixida tub burilish yasadi, – deydi domla koʻzlarida iftixor tuygʻulari porlab, – Istiqlol avvalo xalqqa erk va ozodlik berdi. Ilgari birovlarga qaram edik. Ertayu kech ularning qosh-qovogʻiga qarab oʻtirardik. Bu hol, ayniqsa, tibbiyot sohasiga salbiy taʼsir koʻrsatgan edi. Men koʻpincha kecha va bugunni xayolan qiyoslayman. “Kim edigu kim boʻldik?!” degan savolga oʻrinli javob topaman. Kechagina, yaʼni yaqin oʻtmishda hatto oddiygina dorilar ham kamyob edi. Bemorlar qoniqarli muolaja ilinjida sobiq Ittifoq markaziga qarab chopishardi. Bugun manzaralar butkul boshqacha! Oʻzbekistonda tibbiyot shaxdam odimlar bilan rivojlanmoqda. Bu boradagi siljishlar jahondagi eng taraqqiy etgan davlatlarnikidan qolishmaydi. Hatto yaqin atrofimizdagi mamlakatlardagi koʻplab bemorlar shifo istab bizlarga murojaat etishmoqda. Ular yurtimiz tibbiyot tizimiga havas bilan qarashadi.

Albatta, bu hali hammasi emas. Jumladan, shahar va tumanlarimizda tashkil etilgan “Tez yordam markazlari”, qishloq vrachlik punktlari haqida quvonchu gʻurur bilan gapirishimiz mumkin. Chunki bunday muassasalar boshqa mamlakatlarda deyarli uchramaydi. Shu oʻrinda alohida qayd etish joizki, sogʻliqni saqlash sohasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, bunyodkorlik ishlari shunchaki, oʻzimizni, oʻz imkoniyatlarimizni koʻz-koʻz qilish, kimlargadir maqtanish uchun amalga oshirilayotgani yoʻq. Barchasining zamirida inson manfaatlarini koʻzlash, fuqarolar salomatligini himoya qilish kabi ezgu murod-maqsadlar yotibdi. Mamnuniyat bilan eʼtirof etish joizki, boshqa sohalarda boʻlgani kabi tibbiyot yoʻnalishida ham halol va fidokorona mehnat qilib jamiyatimiz ravnaqiga ulkan hissa qoʻshayotgan shifokorlar, olimlar Yurtboshimiz, hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlab kelinmoqda. Tibbiyot fanlari doktori, professor Xolidjon Komilovning Prezidentimiz farmoniga koʻra 2006 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanishi, 2012 yilda esa “Oʻzbekiston Qahramoni” oliy unvoniga musharraf boʻlishi fikrimizning yakqol dalilidir.

***

Suhbatimiz davomida Xolidjon aka tagʻin bir necha marta soatiga oʻgʻrincha koʻz tashlab qoʻydi. Men oʻzimni koʻrib-koʻrmaslikka oldim. Ishqilib, endi yetar, ish-ishimizga qoʻzgʻalamiz, deb qolmasin-da, degan xayolga boraman. Gurungimiz menga juda maroqli tuyulardi. Xolidjon Komilov sirtdan oddiy, kamtar-kamsuqum, sokin koʻrinsa-da, u kishining siyratida, ichki dunyosida ilmu donish, chin sharqona axloq, insonparvarlik, vatanparvarlik tuygʻusi togʻ sharsharasiday jilvalanib turganini teran his etdim. Suhbat davomida yana bir karra amin boʻldimki, bu insonning shu kichkina jussasiga togʻdek choʻng ishonch, qoyadek mustahkam, metin iroda, sobitlik jo boʻlgan ekan.

– Odam birovlarga ozgina boʻlsa-da foydasi tegishini his etsa, bardoshiga bardosh qoʻshiladi, – deydi Xolidjon aka oʻychan. Xuddi shunday neʼmat ato etgani uchun ham Allohga ming-ming shukronalar aytaman. Hayotda shunday odamlar uchraydi, ishing tushib yoniga borsang, paysalga soladi, mushkuling boshqa tomondan hal boʻlsa, hammasini oʻzim qildim, deya ayuhannos koʻtaradi, tagʻin baʼzi birovlar bor – yolgʻonchi, kazzob, qoʻlidan keladigan yaxshilikni ham boshqalarga ravo koʻrmaydi. Xudoyim ana oʻsha toifalardan qilib qoʻymagani uchun ham shukrona aytaman.

Bir payt eshik qiya ochildi-yu, tagʻin tezgina yopildi. Domla menga xijolatomuz koʻz tashladi.

– Uzr… meni kutishyapti, malaka oshirishga kelgan guruhga dars oʻtishim kerak. Keyingi safar siz bilan suhbatni yana davom ettiramiz.

Biz qoʻzgʻaldik. Ichu tashim allanechuk yop-yorugʻ edi. Angladimki, tibbiyot fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Qahramoni, senator Xolidjon Komilov nafaqat kishilar koʻziga nur baxsh etuvchi, balki koʻngillarni ham ziyoga toʻldiruvchi inson ekan.

 

Luqmon BOʻRIXON

 

“Yoshlik”, 2016 yil 4-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/satrlarga-sigmagan-siyrat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x