Post Views:
130
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Sadullayevich Otamuratov 1973 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Millati — o‘zbek. Ma’lumoti — oliy, Toshkent davlat universiteti falsafa-iqtisodiyot fakultetining sotsiologiya bo‘limini, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Sotsiologiya fanlari nomzodi.
1995–2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Valyuta-iqtisod bosh boshqarmasida yetakchi iqtisodchi, bosh iqtisodchi, bo‘lim boshlig‘ining o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘i lavozimlarida, 2006–2009 yillarda sug‘urta kompaniyalarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
2009 va 2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan.
2010–2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
2013 yilda Sarvar Otamuratov O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi etib saylangan.
Uning bevosita rahbarligida partiyaning kadrlar tarkibi mustahkamlandi, hududiy partiya tashkilotlarining aholi bilan ishlash borasidagi faoliyati takomillashtirildi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlarining joylarda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi maqsad va vazifalarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha faoliyati kuchaytirildi.
2015 yildan bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Fraksiya rahbari lavozimida deputatlarning ijtimoiy va axborot sohalarini isloh etishga qaratilgan qonun loyihalarini ishlab chiqish, markaz va joylarda samarali deputatlik nazoratini amalga oshirishga doir tizimli faoliyatini tashkil etdi.
Sarvar Otamuratovning globallashuv sharoitlarida o‘zlikni anglashni kuchaytirish, fuqarolarda, ayniqsa, yoshlarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, jamoatchilik fikrini o‘rganish va boshqa dolzarb mavzularga bag‘ishlangan qator risolalari, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari va maqolalari chop etilgan.
Oilali, ikki farzandi bor.
https://shosh.uz/uz/sarvar-sadullayevich-otamuratov/