SARIMSOQ (Allium sativutn) — piyozdoshlar oilasi piyozlar turkumiga mansub ikki va koʻp yillik oʻtsimon oʻsimliklar turi, sabzavot ekini. Vatani — Oʻrta Osiyo. Yovvoyi xrlda Hindiston, Oʻrta dengiz atroflarida, Qozogʻiston, Sibir, Kavkaz va Oʻrta Osiyoda uchraydi. Oʻzbekistonda yovvoyi Sarimsoq (A. longicuspis Pgl.) togʻli mintaqalarda oʻsadi. Jahondagi deyarli barcha mamlakatlarda yetishtiriladi. Madaniy Sarimsoqning 2 turi mavjud boʻlib, biri gulpoya chiqarmaydi, ikkinchisi gullab, urugʻ hosil qiladi. Sarimsoqning Oʻzbekistonda tarqalgan gulpoya chiqaruvchi navlari serhosil, qishga chidamli. Bargi lentasimon, ildizi patak. Gullari mayda, ikki jinsli, qoʻngʻiroqsimon, oq yoki binafsharang. Piyozi murakkab, pardasimon umumiy qobiq ichida 7 — 30 dona mayda piyozchalari boʻladi. Tarkibida qand, S, V vitaminlari, efir moyi, fitonsidlar bor. Oziqovqatga, tibbiyotda, veterinariyada, sabzavotlarni konservalashda ishlatiladi.
Sarimsoq boshqa sabzavotlarga nisbatan tez oʻsadi. —7, —8° sovuqqa chidamli, 10 — 12° issikda yaxshi oʻsib rivojlanadi, 20—25° da pishib, yetiladi. Sarimsoq ikki marta — bahorda va, asosan, kuzda ekiladi. Kuzda ekilganidan kelgusi yili bahorda hosil olinadi. Madaniy S urugʻ bermaydi, balki piyozidan tashqari gulpoyasi toʻpgulida 10 dan 45 tagacha poya sarimsoqchalari hosil qiladi. Sarimsoq vegetativ yoʻl b-n, kuzda va bahorda piyozini boʻlaklarga ajratib ekib koʻpaytiriladi. 100 m2 yerga shunday piyozchalardan 10—15 kg sarf qilinadi. Sugʻoriladigan unumdor yerlarga qator oralarini 45 sm, oʻsimlik oraligʻini 4—8 sm qilib, 4—6 sm chuqurlikka koʻmiladi. Ekib boʻlingach, tuproq, somonli goʻng, chirindi bilan mulchalanadi. Oʻsuv davrida 5—6-marta sugʻoriladi, oziklantiriladi, parvarishi piyozga oʻxshash. Bahorda oʻsib chiqqan gulpoya (karnay) lari yulib tashlanadi. Uzbekistonda ertapishar (Mayskiy) navi may oyining oxirlarida, kechpishar (Binafsharang, Jan. binafsharang, Andijon) navlari iyul boshlarida yetiladi. Hosildorligi 50—150 s/ga.
Kasalliklari: vilt, asosiy zararkunandasi — poya nematodasi.