SAREZ ZILZILASI — Pomirda 1911-y. 18 fev. da soat 18 dan 4 min. oʻtganda sodir boʻlgan dunyodagi kuchli zilzilalardan biri. Zilzila tektonik jarayonlarning faollashuvi va Bartang—Pishart Yer uzilmasi boʻyicha qatlamlarning keskin siljishi natijasida vujudga kelgan. Magnitudasi 7,4, zilzila kuchi 9 ball va chuq. 20 km boʻlgan bu zilzila oʻchogʻidan tarqalgan seysmik toʻlqinlar yer ustini larzaga keltirgan. Epitsentr zonasining relyefi butunlay oʻzgargan. Murgʻob daryosiga togʻ bagʻrining juda katta qismi bir zumda qulab tushgan, natijada bal. 700 m, uz. 7 km va kengligi 4 km li katta koʻl hosil boʻlgan. Sarez, Oʻzboy qishloqlari suv ostida qolgan, atrofdagi bir qancha qishloqlar vayron boʻlgan, 200 ga yaqin kishi imoratlar tagida qolib halok boʻlgan. Zilzila tufayli paydo boʻlgan Sarez koʻlida (hoz. shu nom bilan ataladi) hajmi 18—20 km3 suv yigʻilgan, bu esa Charvoq suv omboridagi suvdan 10-marta koʻp. Sarez zilzilasi dunyoning koʻp joyida sezilgan boʻlishiga qaramay, uning epitsentr zonasi uncha katta boʻlmagan joyni egallagan.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые