Kontsert odatdagicha “navbatdagi nomeramizda… Kelganlaringga rahmat, oʻrtoqlar” bilan tamom boʻldi. Nomi chiqqan ashulachi – sanʼatkordan boshqa hamma xursand boʻlib tarqaldi. Sanʼatkor tajang edi: tanaffus vaqgida zalga chiqqan edi, bir traktorchi uni savodsizlikda aybladi. Traktorchi tanqid qilganiga sanʼatkor asti chiday olmas edi: traktor qayoqdayu, masalan, “chorzarb” qayoqda, traktorchi qayoqdayu, ashulachi qayoqda!
Sanʼatkor uyiga ketgani izvoshga oʻtirganida yana tutaqib ketdi: “Hech boʻlmasa aytadigan ashulanshi oʻrgan, soʻzlarini toʻgʻri ayt” emish! Nimasini bilmayman, nimasi toʻgʻri emas? Meni shu vaqtgacha muxbirlar, yozuvchilar ham tanqid qilgan emas; formalizm, naturalizmlardan oʻtdim – hech kim otvod bergani yoʻq. Otvod berish qayoqda, hech kim meni ogʻziga ham olmadi. endi bir traktorchi tanqid qilar emish!..”
Sanʼatkor, izvoshchini hayron qoldirib, oʻzidan-oʻzi gʻoʻldirab borar edi. Uyda xizmatchi ovqat qilib qoʻygan ekan, sanʼatkorning tomogʻidan hech narsa oʻtmadi – ikki piyola choy ichdi, xolos. Unga turib-turib nashʼa qilar edi: “Ashulani mexaylistik aytar emishman! Tovushim yomon boʻlsa nega plastinkaga oldi? Tanqid deganiga endi bu kishining ham tanqid qilgʻulari kelipti… Amali traktorchi… Obbo!..”
– Oʻqishga bordingizmi? – dedi xizmatchiga, qovogʻini solib.
– Bordim… – Xizmatchi ikki haftadan beri savod maktabida oʻqir edi.
– Xizmatchisi savod maktabida oʻqiyotgan bir kishini traktorchi savodsiz, desa alam qilmaydimi? – dedi sanʼatkor oʻzicha boʻgʻilib, – “labingdan boʻlsa olsam, e, shakarlab”, deganim u kishiga yoqmapti, “boʻlsa” emas, “boʻsa” emish! Oʻzi bilmaydiyu, menga oʻrgatganiga kuyaman! Senga oʻxshagan savodsizlar “boʻsa, boʻmasa” deydi. Artist kulturniy odam – gapni adabiy qilib aytadi – “boʻlsa, boʻlmasa” deydi. Pojarni “gugurtni yerga tashlamang” dedi, rejissyorimiz esa “gugurtning yerga tashamang” dedi. Qanday chiroylik! Pojarnimi, pojarningmi? Shoshma, nimauchun pojarni? Pojarni, albatta! Rejissyorimiz juda kulturniy odam. Odam degan mana shunday boʻlsa, urishsa ham xafa boʻlmaydi kishi – ikki gapning birida “taʼbir joyiz koʻrilsa” deb turadi. Bu traktorchi menga shuncha dashnom berib, koʻngil uchun bir marta “taʼbir joyiz koʻrilsa” demadi.
Xizmatchi daftar-qalam keltirib, sanʼatkorning oldiga qoʻydi.
– “J”ning kattasi qanday yozilar edi? Domlamiz bir kuni koʻrsatgan edi, esimda qolmapti. Sanʼatkorning jahli chiqdi:
– Yendi “J”ga keldingizmi? Barjom deganda yoziladi.
Kechagi barjom ogʻzi ochiq qolipti, gazi chiqqandan keyin bir pulga qimmat. Siz ham dunyoga kelib kulturniy boʻlsangiz-chi!.. Burningiz terladi, arting, taʼbir joyiz koʻrilsa!
Sanʼatkor oʻrnidan turib yotoqqa kirib ketdi.
– Yotasizmi? – dedi xizmatchi narigi uydan.
– Nima edi?
– “J”ning kattasini koʻrsatib bermadingiz, ertaga domla soʻraydigan edilar. Qanaqa yoziladi?
– Kichigini yozib qattiqroq oʻqing!
Sanʼatkor yechinib koʻrpaga kirdi. Xizmatchi chiroqni oʻchirib chikdi. Sanʼatkor koʻzini yumdi, koʻziga gʻira-shira qorongʻi zaldagi son-sanoqsiz kallalar koʻrindi. Bular ichida eng kattasi traktorchining kallasi, u iljayar edi.
– Afting qursin! – dedi sanʼatkor va narigi yonboshiga agʻdarildi.
Xayal oʻtmay uyquga ketib, xurrak otdi. Uning xurragi ham nechukdir adabiyroq edi: “Pluq-qum-prr… pluq-qum-prr…”
1936
Abdulla QAHHOR
https://saviya.uz/ijod/nasr/sanatkor/