Bir mamlakatda kambagʻal rassom yashardi. U ayanchli darajada qashshoq, ustiga-ustak juda ham yolgʻiz edi: u hayotni qanday tushunsa, shunday koʻrinishda chizar, lekin uni hech kim tushunmas, suratlari past narxda sotilardi. Omadsiz rassom bir kuni koʻchada – aynan koʻchada, chunki malikalarni boshqa joyda uchratish mumkin emas, buni ertaklar ham tasdiqlaydi – shahar aylanib yurgan malikani koʻrdi-yu, unga oshiq boʻlib qoldi; muhabbat uni devonaga aylantirdi: u malikaning ismini aytib, koʻcha-koʻyda sangʻib yuradigan va esiga tushib qolgan joyda – toshga ham, devorga ham uning suratini chizadigan boʻlib qoldi. Bu holni malikaga yetkazdilar. Malika qah-qah urib kuldi-yu, rassomni chaqirib, avval masxara qildi. Lekin malika rassomning koʻzlariga boqib dong qotdi. Bu koʻz emas, tun qoʻynida porlab turgan mashʼala edi: u yerda musibat va sitamlarning yogʻdulangan boʻyoqlari jilva qilardi. “Agar mening suratimni xuddi oʻzimdek qilib chizolsang, men senga tegishga roziman – dedi malika.
– Faqat surat ham men kabi jonli boʻlishi shart.”
U qashshoq kishilarni yoqtirmasdi, biroq mamlakatdagi yagona rassomning koʻnglini qoldirishdan ham qoʻrqardi, shuning uchun hech qachon amalga oshmaydigan shart bilan uning muhabbatini rad etmoqchi edi.
Rassom mashaqqat bilan uzoq yillar yolgʻiz surat ustida ishladi. U yana ham qashshoqlashdi, egnidagi kiyimlar juldurga aylandi, yeyishga noni qolmadi, tushkunlikning barcha ayanchli va xaroba koʻchalarini bir-bir kezib chiqdi, lekin ixlos bilan ishlayverdi. Charchagan yoki umidsizlikka tushgan paytlari malikaning goʻzal chehrasini koʻz oldiga keltirib, unga yalinib-yolvordi, iltijo qildi, yigʻladi, sogʻinch va visol onlariga umid hamda yolgʻizlik musibati unga kuch bagʻishladi: u boʻyoqqa oʻzining qonini qoʻshib yangi-yangi ranglar topdi, qarochiqlarga koʻzlarining nurini baxshida etdi, oradan yillar oʻtib, rassomni masxara qilish uchun malikaning oʻzi unikiga tashrif buyurdi. U rassomni koʻrib, yanada hayratda qoldi – rassom juda ham yasharib ketgan, koʻzlarida baxt va muhabbatning olovlari yonar, yuzida ulugʻvorlik aks etar, yonida esa xuddi malikaga oʻxshash, goʻyo malikaning egizagiday, xuddi malikaning koʻzga tashlanar va tashlanmas nuqsonlari taroshlab chiqilganday, malikadan-da latofatliroq, endigina ochilgan guldek soʻlim va nazokatli qiz ham turardi. Qiz malikadan ham goʻzalroq va jozibaliroq edi – rassom unga xayolning ranglarini bergandi, muhabbatning buyukligi bilan ishlangan goʻzal bir iloha yaralgan edi: u qah-qah otib kula olar, rassomning xonasini mushku anbarga va gul hidiga toʻldirib farishtalarday raqs tushib yurardi. Bu rassom qalbi va muhabbatining timsoli edi. Rassom oʻzi yaratgan ilohani koʻrib, aqli-hushidan ayrilgan, u malikani ham, uning vaʼdasini ham unutgandi; “Malikam, – dedi rassom, – men sizning muhabbatingizda yillar mashaqqat chekdim, yigʻladim-siqtadim, qalbimni gʻam-anduh soʻndirdi. Koʻzlarim yoʻlingizda nigoron boʻldi, lekin siz shu yillarda hatto mendan biron marta ham hol soʻramadingiz, aksincha, ustimdan kulib, meni telba, deya ovoza qildingiz. Men uchun eng ogʻir boʻlgan uqubatli davrda menga faqat shu suratgina taskin berdi, menga qunt va ishonch bagʻishlab turdi.
Suratni chizib boʻlgach tushundim, men sizni emas, aslida sizning qiyofangizda boʻlgan bu siymoni sevgan ekanman. Men izlaganimni topdim, biz ahdu paymon qildik, mendek bir qashshoq rassom faqat shu malakning tengiman, sizning emas, malikam”. Shunday deya rassom chehrasidan malohat taralib turgan qizni yetaklab uyiga kirib ketdi…
Biz aslida sevganimiz timsolidagi boshqa qiyofani sevamiz. Buni anglash uchun rassom kabi xoʻrlikni boshdan kechirishimiz kerak.
Nazar ESHONQUL
“Ijod olami”, 2017–1
https://saviya.uz/ijod/nasr/sanat-2/