Mamlakat podshosining oldiga bir kishi keldi.
– Men rassomman, – dedi u. – Umrim qashshoqlikda oʻtdi, hayotimda shunday kunlar boʻldiki, eslashning oʻzi dahshat. Men endi ochlikdan juda qoʻrqaman. Senga oʻzimning suratlarimni sotishim mumkin. Suratlarim juda gʻaroyib, u odam qurbi yetmaydigan ishlarga qodir. Agar xohlasang senga gʻalabaning suratini chizib beraman, u orqali sen qoʻshni shohlikni osongina bosib olasan yoki boʻlmasa goʻzal bir qizning suratini chizib beraman.
Shoh endi oyogʻini uzatib yotadigan darajada qarib qolgan, lekin yuragi tinch emas edi. Shohlikda tez-tez gʻalayon boʻlib turardi. Odamlar oʻz haq-huquqlarini talab qilib, goh narx-navoning oshib ketganiga, goh uzluksiz soliqlarga qarshi norozilik bildirar, saroy ahli juda bezovta edi. Odamlarda shohga nisbatan ishonchsizlik kuchayib borar, baʼzi joylarda hukumat qoʻshinlari bilan toʻqnashuvlar sodir boʻlayotgan edi.
– Menga qoʻshni yerning keragi yoʻq, – dedi shoh rassomga. – Oʻzimda ham ortiqcha yerlar oshib-toshib yotibdi. Agar sen rostdan ham shunday moʻjizali suratlar chiza olsang, unda menga osoyishtalikning suratini chizib ber. Odamlar hech qachon gʻavgʻo qilmasinlar, gʻalayon ham boʻlmasin, mening chizgan chizigʻimdan chiqishmasin. Mamlakatdagi masalalarni hal etishga faqat mening haqim boʻlsin.
Rassom darrov ishga kirishdi. U har xil boʻyoqlarda avval shohlikning, soʻng unda yashayotgan fuqarolarning suratini chizdi, lekin suratdagi odamlar favqulodda itoatkor, moʻmin va mehnatkash edi. Rassom ularni gʻoyat qunt va ustalik bilan chizar, uning qoʻli jodugarlarnikidek harakat qilardi. Surat chizilgan sayin shohlikdagi odamlarning ham tabiati asta-sekin oʻzgarib borardi: shaharlarda gʻalayonlar birin-ketin tinchiy boshlagan edi. Qandaydir sehrli kuch ularning koʻngillaridagi norozilik iplarini uzib tashlardi: odamlar ishlashar, nima berishsa, qanoat qilishar, teatrga, kinolarga borishar, qoʻshiq ham eshitishardi, biroq gʻalayon koʻtarishmasdi.
Rassom shohning talabiga binoan ularni rostdan ham madaniyatli qilib tasvirlagandi. Mamlakatda hamma shohona kiyinib yurar va shoh bilan bir qozondan ovqat ham yeya olardi. Eng qashshoqchilik yillari ham bu shohlik fuqarolari toʻqlardek, shod-xurram kun kechirishardi. Surat shohga juda maʼqul boʻldi. Ayniqsa, fuqarolarning oʻziga haddan ortiq sodiqligidan xursand edi. U rassomni koʻngli tusaganicha taqdirladi va suratni abadiy asrash uchun saroyning toʻriga osib qoʻydi.
Rassom tirikchilik ilinjida hamma joyda – shaharda, qishloqlarda, kent va viloyatlarda, qoʻrgʻon va qalʼalarda, qarorgoh va jang maydonlarida kezib yurar va uning suratlari hamma joyda munosib taqdirlanardi.
U uzoq yillar qirollarga va vazirlarga goh sirli qurolning, goh kishanning, goh boylikning, goh ochlikning, goh qullikning, goh xiyonatning, goh urushning suratini chizib berib yurdi. U uzoq umr koʻrdi, biroq undan biron marta ham baxtning suratini chizib berishni soʻrashmadi.
Nazar ESHONQUL
“Ijod olami”, 2017–1
https://saviya.uz/ijod/nasr/sanat-1/