NAVOIY VA BOBUR
Ona tili ori, gʻururi
Asrlardan sado beradi.
Navoiydan soʻz ayta turib,
Tilga Bobur kelaveradi.
Olti kunda yaralmish olam
Va Odam ham. Shukrona ayta
Biz fevralning olti kunida
Tugʻilamiz har yili qayta.
Hali borliq qish uyqusida,
Hali koʻzin ochmayin bodom, –
Turkiy zamin kengliklarida
Chaparasta gullaydi odam.
Sen, ey koʻngil, gar tilarsan xoʻb,
Soʻz sehridan umringga najot, –
Mir Alisher etagini oʻp,
Borib Mirzo eshigida yot…
Ona tili ori, gʻururi
Asrlardan sado beradi.
Navoiydan soʻz ayta turib
Dilga Bobur kelaveradi!
ODAM ANATOMIYASI
Olim aytar: “Odam zoti ham
Olam ichra ajib imorat.
Sakson foiz tanasi suvdan
Va qolgani “loy”dan iborat”.
Oqil aytar: “Toʻgʻri tushuning,
Har ne kelsa kelar kishidan.
Yolgʻoni koʻp rostidan uning,
Xatosi koʻp toʻgʻri ishidan”.
Oshiq aytar: “Chechak chamanda
Yashnar oftob borligi uchun.
Har inson bus-butun mehr va
Sogʻinchdan iborat bus-butun!”.
SOʻFIYONA
Muhabbatning sharobini ichdim manam,
Maykoʻzani jonon kabi quchdim manam.
Uchqur xayol uchogʻida hayron-hayron,
Samolarda sayron-sayron uchdim manam.
Bu dunyoning ming bir quroq matohidan
Hoyu hasham libosini bichdim manam.
Yoʻq zamonlar bobom yechgan muammoni
Toʻq zamonlar qayta boshdan yechdim manam.
Muhabbatsiz kishilardan bir qush kabi
Ollohyordan ibrat olib qochdim manam.
Sening boʻldim – kimligimni angladim, yor,
Menim boʻlding – oʻzligimdan kechdim manam.
Taʼrifingda soʻzimga rang, maʼno kirdi,
Soʻz bozori ichra doʻkon ochdim manam.
Mashoq terib ulugʻ nazm ellarida
Har soʻzimni bugʻdoy kabi sochdim manam.
KOʻZING QUYOSHI
Koʻzing quyoshidan kuyib jingalak
Boʻlmishdir sochlaring, qoshlaring qaro.
Koʻzing quyoshidan boʻlib jizgʻanak
Mening ham shaydoyi yuragim yaro.
Boqsam yondi koʻzim, qara choʻgʻiga,
Quyuq qora tushdi qorachigʻiga.
Oʻchirmasa uni koʻzim bulogʻi,
Bilmadim, ne boʻlar edi buyogʻi?
Oʻzing ayt, yuragim kuygani ozmi,
Koʻzing quyoshidan, qalbim suyugi.
Axir, qora qildi qancha qogʻozni
Ishqing oʻti yoqqan soʻzlar kuyugi!
BOSHI TIK ODAM
Yulduzlarga tutash choʻqqida, qarang,
Togʻlar salobati, koʻrki mujassam.
Tuz bergan eliga keltirar sharaf
Choʻqqi kabi yuksak qalb sohibi ham.
Magʻrur chorlab turar, kunduzmi-kecha,
Hech qachon urmagay yerga qadrini.
Bamisli quyoshga intilgan chechak
Millat unga qarab tiklar qaddini.
Yuksaklik quyidan boshlanar desam,
Balki joʻn qarashdek tuyular bu hol.
Asli oʻzi shunday, boshi tik odam
Oyogʻi ostini koʻrajak yaqqol.
QAYGʻU VA QUVONCH
Tuproqdan yaralding, ey odamizod,
Soʻng ruhdan taningga jon boʻldi ato.
Koʻrganing alamu iztirob nahot,
Asli yaralmishda oʻtganmi xato?
Iblis aldoviga uchmasa magar
Momo Havo yoʻldan ozdirmasaydi, –
Balki roʻy bermasdi bu koʻrguliklar,
Kezmasding yer uzra quvgʻindi, daydi.
Magʻrur boshing baland tutib borasan
Gʻam-gʻussa tun kabi yopirilsa ham.
Zulmatni yoritib ketib borasan
Quvonchni oy kabi quchgancha mahkam!
OLTMISHBOYLARGA
Goh oʻylab qolaman: oltmishga kirib,
Bormi hali yana bilmaganimiz?
Ne-ne yumushlarga koʻrdik qoʻl urib,
Qolmadi-yov deyman qilmaganimiz.
Bu bari bor gaplar, oʻtirik emas,
Demaganimiz ham qolmadi hisob.
Gohida qand yedik, gohi pand… xullas
Yemaganimiz ham qolmadi hisob.
Umr yoʻllarida kezdik qirma-qir,
Gohi yaxshi, gohi yomoni keldi.
Boshdan oʻtganini endi birma-bir
Aytib huzurlanish zamoni keldi.
Bu ham bir baxt asli. Oftob izidan
Osmonga yulduzlar sochilgan siyoq.
Duru gavhar tomar koʻngil koʻzidan,
Oʻchmas yoshlik ruhi, soʻnmas ishtiyoq.
Chuqur oʻylab koʻrsam, oltmishga kirib,
Bilgandan koʻp ekan bilmaganimiz.
Ne-ne yumushlarga koʻrdik qoʻl urib,
Hali oldindadir qilmaganimiz!
UMR QOʻShIGʻI
Hayotning talx sharobin icha-icha,
Umr oʻtar yillarni kecha-kecha.
Oppoq oftob qora tun oʻgʻli boʻlar,
Yashil daraxt qizi qizil olucha.
Yer qoʻporib er yigit bogʻ yaratar,
Gul tugʻadi gul hidlab gul boybicha.
Dili poklar yoʻli pok el boʻlajak,
Sham kabi porlab yonar to oʻchgucha.
Vale nopok insonlar oxiratda
Qadr topmas Isoning eshagicha.
Chin oshiqlar aylanar qatra durga,
Tun va kundek bir-birin qucha-qucha.
Bitar davron kotibi bir oyatni:
“Otdi tong. Ogʻdi kunduz. Oqdi kecha”.
FAXRIYa
Kim Milliy bogʻ sari qoʻysa gar qadam
Yuksalur Alisher Navoiy qadar.
Kim kezsa qoʻl berib hazrat ilkiga,
Dunyo aylanajak oʻzbek mulkiga!
OSHIQLAR
Oshiqlar soʻz demas bilsa-bilmasa,
Har ishga qoʻl urmas boʻlsa-boʻlmasa.
Chiroq simlariga oʻxshar oshiqlar,
Dil yonmas, tutashuv – boʻsa boʻlmasa.
DUR QADRI
Bir dona marvarid – momo merosi
Yotardi qutida chang-gʻubor bosib.
Necha dur birlashib tamanno qilgach,
Yor suluv boʻyniga koʻrdi munosib!
ShOIRGA
Belni mahkam bogʻla, bogʻlama tilni,
Va lekin unutma bir taomilni.
Ogʻzingdan kirgani oʻzingni boqar,
Ogʻzingdan chiqqani boqadi elni!
AKALAR
(Mahmud va Bahriddin akamga)
Akalarning yelkasida
Katta boʻlar uka zoti.
Uka yulduzni koʻzlasa
Aka boʻlar koʻkka shoti.
Hov ukalar, yoningizga
Olib suluv bekangizni.
Qulluq qilib yangangizga,
Yoʻqlab turing akangizni.
Gar akaning koʻksi baland –
Uka dasti doim uzun.
Oftobani bering, akam
Qoʻliga suv quyay oʻzim!
KOʻRMADIM
Koʻrmadim hech bir goʻzalda koʻrganimdek senda noz,
Koʻrdimu uygʻondi koʻksim koʻksida yongʻin ovoz.
Qayga boqsang noz ila nozli chechaklar nozlanur,
Qoʻzgʻalur sen yuz oʻgirgan har koʻngilda muz ayoz.
Gʻayri koʻzlarga nazar bir bora solsang mingchalik,
Men sari ming boqqaning bir boqqaningcha dilga oz.
Oy sening chehrangdadur, oftob sening koʻksingdadur,
Chehranga yuz ishqiboz, oftobinga ming ishqiboz.
Kel, bahor yangligʻ, Saʼdullo umrin obod ayla, yor,
Ham hofiz madhingni bitsin, kuylasin to qoʻlda soz.
Saʼdulla HAKIM
“Yoshlik”, 2012 yil, 11–12-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/samolarda-sayron-sayron-uchdim-manam/