Bugungi globallashuv, texnika, informatsiya asrida ijtimoiy ongga faol taʼsir etadigan vositalar qatorida, adabiyotning publitsistika janriga ehtiyoj oshmoqda, u badiiy adabiyotning yetakchi sohasiga aylandi.
Hech kimga sir emas, yurtimizda ulkan oʻzgarishlar yuz bermoqda. Ana shu ulkan yaratuvchilik jarayoni badiiy publitsistikada qanchalik aks etayapti? Jurnallar tahlili, bu borada harakatlar, izlanishlar ancha samarador ekanligini koʻrsatmoqda.
“Tafakkur” jurnali Prezidentimizning maxsus qarori bilan tashkil etilgan edi. Oʻtgan yillar davomida jurnal toʻla shakllandi, oʻz yoʻlini, qiyofasini aniq belgilab oldi, oʻz auditoriyasiga, oʻquvchilariga ega boʻldi. Jurnalning oʻtgan yilgi taxlamlarini koʻzdan kechirib ham bunga ishonch hosil qilish mumkin. Uning qator ruknlari tashkil etilganidan buyon doimiy harakatda, har bir sonda bu yoʻnalishda maqola berish taʼminlangan, binobarin, ruknlar jurnalning muhtasham ustunlariga aylangan. Bu tajriba dunyo jurnalistikasida butunlay ijobiy baholanadi. Oʻtgan yil ham “Nima deysiz, zamondosh?”, “Yangi asr muammolari”, “Maʼno va mohiyat”, “Sharqu Gʻarb falsafasi”, “Javondagi javohir”, “Talqin va tadqiqotlar” singari ruknlar yil boʻyi amalda boʻlgan, ularda qiziqarli maqolalar eʼlon qilingan. Jurnalning Abdurayim Erkayev, Najmiddin Nizomiddinov, Akmal Saidov, Abdulla Aʼzam, Mansur Toirov singari doimiy mualliflari borligi uni salmoqli nashrga aylantirgan, deyish mumkin. Oʻtgan yil eʼlon qilingan “Suv jangi”, “Hurlik fikrdan boshlanadi”, “Mehvar almashmaydi”, “Poyezddagi bir oʻzbek” singari turli janrdagi materiallarda bugungi kunning muayyan bahstalab yoki koʻpchilikni oʻylantirayotgan masalalari yuzasidan fikr yuritilgan. Jurnalda tashkil qilingan “…(falonchi) mutolaa qiladi” rukni juda topilgan, unda turli mavzudagi kitoblarni bir kishi tomonidan sharhlash yoʻlga qoʻyilgan. Bu usul kitobxonlikni tashviq qilishda ham asqotadi.
“Tafakkur” jurnalining imkoniyatlari keng, biroq jurnal ulardan toʻla foydalana olmayotgandek tuyuldi, nazarimizda. Negaki, jurnalda hamma qiziqib, izlab oʻqiydigan chiqishlar kam, holbuki bunday mavzular serob. Olaylik, maʼnaviy-axloqiy mavzuda hech kimni beparvo qoldirmaydigan maqolalar yozish mumkin.
“Sharq yulduzi” jurnalida eʼlon qilingan publitsistik maqolalarda shukronalik, bugungi kunimizdan mamnunlik ruhi ufurib turibdi. Buni sarlavhalardan ham sezish mumkin: “Ezguliklar ramzisan, Vatan”, “Maʼnaviy yuksalish yillarida”, “Vatanga qaytayotgan minorlar”, “Quyosh qarshisidagi shahar”, “Mahallaning oltin tuproqlari” va boshqalar. Bu maqolalar qiziqarliligi, dalillarga, kuzatuvlarga boyligi bilan ibratlidir. Ammo mohiyatga chuqurroq razm solib, bugungi shodumon kunlarimizga yarashmay turgan holatlarning ildizini ochib beradigan maqolalar, shular yuzasidan katta adiblarning chiqishlari eʼlon qilinsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Yil davomida “Jarayon” ruknida yoshlar ovozi sifatida ijodkorlarning jurnal savollariga javoblari berib borilgan. Ularning saviyasi turlicha boʻlsa-da, biroq biror yangi gap aytish, oʻzini bezovta qilayotgan kechinmalar bilan oʻrtoqlashish kayfiyati borligi bilan manzur boʻldi. Oxirgi, 6-sonda “Yangi avlod ovozi” ruknida I. Gʻafurov, Q. Yoʻldoshev, U. Normatov chiqishlari bilan mavzuga yakun yasalgan.
Shu sonda Abdusaid Koʻchimovning “Sizni oʻylayman” badiasi eʼlon qilingan. U oʻzining samimiy ruhi bilan ibratli, oʻquvchiga odamiylik sabogʻini yuqtiradi. Muallif qahramoni – Barot Boyqobilovni yaqindan bilishi koʻrinib turibdi, shunday ekan, taniqli shaxsning ichki olamiga yana teranroq nazar tashlash imkoni bor edi, negaki, bunday oʻz eʼtiqodiga sodiq odamlar timsoli adabiyotda jamiyat qiyofasini koʻrsatishda kalit boʻlib kelgan…
“Jahon adabiyoti” jurnalida “Najot – oʻzlikni anglashda”, “Parijni zabt etgan “Parizod”, “Muloqot mavzusi maʼnaviyat” singari chiqishlar; “Xiva roʻyosi”, “Yillar qanotida tugʻilgan oʻylar”, “Onamning isi” kabi tarjimalarda badiiy publitsistik ruh ustuvor. Istisno tariqasida bir gap – badiiy publitsistika deganda, aynan ijtimoiy hayot masalalariga taalluqli badiiy asarlar koʻzda tutilmoqda. Aslida, jurnallarda ilmiy, falsafiy yoʻnalishdagi, sanalar, tarixga doir asarlar anchagina. Nima boʻlganda ham, “Jahon adabiyoti” jurnalining eng yaxshi asarlar bilan oʻquvchilarni oshno qilish borasidagi imkoniyatlari katta. Bugungi jurnalxon davomli eʼlon qilingan romanni oʻqimasligi mumkin, biroq biror millat maʼnaviyatida sezilarli iz qoldirgan publitsistikani, albatta, oʻqiydi.
“Saodat” jurnali respublikamizda oʻz salohiyati va oʻrniga ega nashrlardan biri. Jurnalni aholining barcha tabaqasi sevib oʻqiydi, u allaqachon koʻpchilikning yaqin doʻsti, maslahatchisiga aylanib ulgurgan. Oʻtgan yil ham jurnal oʻz anʼanalariga sodiq holda chiqishda davom etdi. Sahifalarida doimiy ravishda “Bosh muharrrir minbari”, “Ayol va siyosat”, “Istiqlol va yoshlar” ruknlarini ushlab turgan. Poligrafik ijro, bezatilishida ayollarga xos did, nafosatni sezib olish qiyin emas. Faqat fikr sifatida taʼkidlash mumkinki, masalalarga chuqurroq kirib borilsa, faqat koʻzga tashlanib turgan tashqi belgilarni qaychilash, kaltaklashdan qochib, mohiyatga publitsistik nazar tashlansa, shunda muammoning yechimini tezroq topish mumkin boʻlardi. Masalan, toʻy-hashamlardagi koʻp togʻoralar, bir-biridan oʻzishga intilayotgan ayollar gaplari, hammaning ogʻrigʻiga aylangan erta nikoh yoki odam savdosi haqida, nazarimda, “Saodat”gina toʻlaqonli yechimga kela olishi mumkin, yaʼni ayollar koʻmagida salbiy holatlarning ildizini topib, uni quritishga koʻmaklashishi mumkin. Bunda auditoriyani kengroq olib, shu ishlarda “tashabbuskor” boʻlayotgan tabaqa vakillarining fikrini teranroq oʻrganish maqsadga muvofiq boʻlardi.
Respublikamizda yoshlarga alohida eʼtibor qaratilayapti, ularning kamol topishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Shu maʼnoda “Yoshlik” jurnali oʻz oʻrniga, mavqeiga ega boʻlishi, yosh sanʼatkorlar, olimlar, ijodkorlarning boshini qovushtiradigan minbar boʻlmogʻi lozim. Ana shu ezgu maqsad yoʻlida jurnal jamoasi olib borayotgan harakatlarni qoʻllab-quvvatlash barobarida, erishilgan muvaffaqiyatlarni davom ettirish shart, deb hisoblaymiz.
“Adib xonadonida” ruknida berilgan materiallarda ijodkorning “daxlsiz” dunyosiga kirishga harakat qilingani, ularning ham mamlakatning bir fuqarosi sifatida hammaga tanish yumushlar bilan yashayotgani, quvonch va tashvishlari uygʻunligi qiziqarli ifodalanayotgani adabiyotni xalqqa, xalqni adabiyotga yaqinlashtirish borasida antik davrdan qolgan talablarga hamohangligi bilan qadrlidir. Faqat masalaning bir nozik tomoni – shu asnoda koʻplar uchun sirli tuyulgan shoir yoki yozuvchining shaxsi, turmush tarzi joʻnlashib qolmasligi, oʻqigan kishilarda xira taassurot uygʻotmasligi lozim. Bu juda nozik masala, shuning uchun bunday suhbatlarda murakkab masalalar, chuqur falsafiy mushohadalarga keng oʻrin berilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Kitob nashr etish boʻyicha oʻziga xos tajriba shakllandi, koʻplab publitsistlarning kitoblari, hatto saylanmalari chop etildi. Biz uchun mamnun qiladigani, bu – istiqlol yillarida ilk bora adabiyotimiz antologiyasi yaratilgani, “Ozod Vatan saodati” deb yuritilgan zamonaviy tazkiraning toʻrtinchi jildi aynan badiiy publitsistikaga bagʻishlangani boʻldi. Qirq nafar publitsist ijodidan namunalar va oxirida uyushma kengashining raisi Ahmadjon Meliboyevning umumlashtiruvchi maqolasi bilan bosilib chiqqan kitobni bir qur mutolaa qilsangiz, koʻz oldingizda munavvar bir kamalak paydo boʻladi. Saralangan namunalar turli mavzularda, har xil uslubda, bir-birini takrorlamaydigan pafos va ruh bilan yozilgan, ular istiqlol yillarida yurtimizda amalga oshirilgan olamshumul ishlardan maroqli hikoya qiladi. Baʼzi qaytariqlar, imlo va texnik xatolarni istisno qilganda, bunday kitobning nashr etilishi adabiy hayotimizda voqea boʻldi.
Shuningdek, “Obod turmush yili” munosabati bilan amalga oshirilgan yaratuvchilik ishlaridan hikoya qiluvchi “Ozod turmush – obod turmush” toʻplami ham publitsistikamizning salohiyatini koʻrsatishda koʻzgu vazifasini bajargan.
Xullas, axborot zamonida bizning milliy adabiyotimiz, jurnalistikamiz ham harakatda davom etmoqda va ularning oʻz taraqqiyot tamoyillari, oʻz yoʻli bor. Bular shakllangan qadriyatlarga, tajribalarga asoslanganligi bilan kishini quvontiradi.
Hakim SATTORIY
“Sharq yulduzi”, 2014–3
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/samimiy-soz-ehtiyoji/