Samarqand — Shohi Zinda majmuasi
Samarqand shahridagi Shohi Zinda, ya’ni «Tirik shoh» maqbaralar majmuasi o’tmish ajdodlarimiz tarixi va taqdirida alohida o’rin tutadi. U ko’hna Samarqandning janubiy qismida joylashgan bo’lib, muqaddas ziyoratgohlaridandir.
Shohi Zinda nomi Muhammad payg’ambarning amakivachchalari Qusam ibn Abbos nomi bilan bog’liq. G’iyosiddin Javhariyning yozishicha, hazrat Qusam ibn Abbos Muhammad (s.a.v.)ni vafot etgandan so’ng, yuvganlardan biridir. O’sha chog’da Qusam 8 yoshda bo’lgan. Payg’ambarimizni hadislarida aynan u kishi to’g’risidagi quyidagi so’zlari Qusam ibn Abbosni kirish eshiklarini peshtoqida yozilgan: “Qusam ibn Abbos o’z xulqlari va tashqi ko’rinishlari bilan menga o’xshaydigan shaxslardandir” deyilgan. Hazrat Qusam imom Xasan bilan emishgan aka-ukadur.
Qusam ibn Abbos Hazrat Amir-ul mo’minin Ali ibn Abu Tolib xalifaligi davrida Makka shahrida hokim bo’lgan. Uning vafotidan so’ng Muoviya ibn Abu-So’fiyon zamonida Xuroson hokimligiga tayinlangan. Usmon o’g’li Sa’id bilan Movarounnahrga kelgan. Usmon o’g’li Sa’id Samarqandni olib, xalq musulmonchilikka qabul qilgan, dinni kuchaytirmoq va shariat hukmlarini yurguzmoq niyatida Qusamni bir qancha islom qo’shini bilan Samarqandda qoldirgan. Uning asosiy vazifasi mamlakatda islomni targ’ib qilish bo’lgan. Bu esa oson kechmadi. Chunki Qadim Movarounnahr xalqi otashparastlikka sig’inardi.
Ular Markaziy Osiyo davlatlarini arablar bosqinchilariga faol kurashga chorladi. Biroq Islom lashkarlari qarshiliklarni tabora engib borib, o’lkaning ichkari qismini ishg’ol qila boshladi. Milodiy 677 yil boshqa dinga e’tiqodchilar shaharga hujum qildi. Samarqand shahri namozgohida Qusamga o’q tegdi va uni Bonu-Nojiya qabristonidagi g’or yoniga dafn etildi. Keng tarqalgan boshqa bir rivoyatda aytilishicha Said ibn Usmon Qusam ibn Abbos bilan birgalikda Usrushonani fath etmoq uchun yo’l olishib, Siyrakasga etishganda bir necha kun to’xtab dam olishadi. Shu erdagi janglarning birida Qusam ibn Abbos vafot etadi. Mayit solingan tobutni shaharga jo’natadilar.
Qusam ibn Abbosning onalari Luboba al Kubro (Ummul-fazl) mo’minlar onasi Maymuna bintiy Xorisning singillari bo’lib, Abbos ibn Mutalibning jufti halollari edilar. Ul muhtarama olti o’g’il ko’rganlar, ular Fazl, Abdulloh, Ubaydulloh, Qusam, Ma’ruf va Abdurahmon. Bularni barchasi turli mamlakatlarga Islom targ’iboti bilan mashg’ul bo’lib shahid bo’ldilar.
Tarix va afsona ana shu tariqa bir-bir bilan uyg’unlashib ketgan.
U ko’hna Samarqandning janubiy qismida joylashgan bo’lib, sharq musulmonlarining muqaddas ziyoratgohlaridan biridir. Shohi Zindaga ziyorat qilish va bu qutlug’ joyda toat-ibodat bajo keltirish har bir imonli mo’min-mustofoning xayrli ishi hisoblanadi.
Majmuada binolarning aksariyati podshohlar xonadoniga mansub shaxslarning qabri ustiga qurilgan maqbaralardir. XIasr oxirida yuqori maydonchada dastlabki maqbaralar paydo bo’lgan. Qusam ibn Abbos maqbarasi shulardan biridir. Uning yonida yog’ochga o’ymakorlik uslubga naqshlar solib bezatilgan masjid bo’lgan. 1219 yil mo’g’ullar istilosidan keyin Afrosiyobda hayot so’ngan. Dastlabki maqbaralar nurab asta-sekin emirilgan. Amir Temur hukmronligi davrida uning yaqin qarindoshlari va sarkardalari Qusam ibn Abbos qabri atrofida o’zlari uchun maqbaralar qurdirishgan.
Shohi Zinda majmuasi o’ziga xos yo’laklari va mahobatli binolari bilan sayyohlarni o’ziga maftun etadi.
Samarqanddagi ushbu mashhur zotlar xonaqohi o’ziga xos va tengsiz bo’lib, dovrug’i olamga yoyilgan Misr ehromlari, Toj Mahal kabi etti mo”jizaning biri desa bo’ladigan maqbaralar turkumidir.
U dastlab Samarqand hokimlari va ulamolari tomonidan XI asrda payg’ambar Muhammad (S.A.V)ning amakilarining o’g’li Qusam ibn Abbos sharafiga qurilgan.
Dastavval, bu erda faqatgina XI asrning ikkinchi yarmida Samarqanddagi ilk qoraxoniylar davrida qurilgan «Tirikshoh» nomli maqbara bor edi. Bu joyga ilgari ham tub joy aholisi ziyoratlarga kelib turgan. Keyinchalik xuddi shu erga 1066 yili Tamg’ach Bo’g’raxon madrasasi qurildi va unga tutash bir qator turkum majmua yuzaga keldi. XI-XII asrlarda serhasham bezatilgan boshqa maqbaralar ham vujudga kela boshladi. Arxeologlar ulardan bir nechtasini XIV asr inshootlarining g’arb tomonidagi yo’lakdan qazib topdilar. Ular bezaklari bilan Temur davri maqbaralaridan farq qilgan. O’sha davrda ham Qusam ibn Abbos maqbarasi «muqqadas» hisoblanib ziyorat qilingan.
XIII asrda mo’g’ul istilochilarining Samarqandga qilgan harbiy yurishlari XI-XII asrga oid ko’plab inshootlarning, buzilib, xarobaga aylanishiga sabab bo’ldi. Qabriston XIV asrda qaytadan tiklana boshlandi.
Amir Temur hukmronlik qilgan (1370-1405) davrda qurilish ishlari juda jadal sur’atda olib boriladi. Bu inshootlarning ko’pchiligi bizning davrimizgacha etib kelgan. Turkum majmua Afrosiyobning shimolidan to janubga shaharning qo’rg’on devorigacha cho’zilgan.
Ba’zi dahmalar, XI-XII asrlarga oid maqbaralarning xarobalari ustiga quriladi. XV asr boshlarida binolar Xoja Ahmad maqbarasidan Hazrati Xizr masjidiga boradigan yo’l bo’ylab quriladi. Amir Temur davri me’morchiligi, bezak berishning yangi texnikalari bilan ya’ni qirqma koshinlar bilan yanada boyitiladi. Maqbaralar ikkitadan, tashqi va ichki gumbazli, baland tsilindr barabanli qilib quriladigan bo’ladi.
Shohi Zinda me’morchilik majmuasi uch qismdan iborat qilib qurilgan. Majmuaga ulkan o’ymakor darvozadan kiriladi. Peshtoq ravog’ining g’arbiy devorida uning Abdulaziz Bahodir ibn Ulug’bek ibn Shohrux ibn Temur tomonidan hijriyning 838 yilda (1434-1435) bunyod etilgani yozilgan.
Bizgacha etib kelgan maqbara majmuasining va dastlabki binolar qoldiqlarini ko’zdan kechirganda, ularni badiiy pardozlash, bezash texnikasi o’zgarib borganligini payqash mumkin.
Chortoqning o’ng tomonida kichgina hovli ichida madrasa bor uni hijriy 1228 yilda (1812-1813 yy.) hokim Davlat Qushbegi qurdirgan chap tomonda esa Amir Husaynni onasi sharafiga qurilgan yozgi ayvon masjidi bor. Uni Samarqandlik usta Muhammad Sidiq va usta Abdu Zohidlar 1910-1911 yillarda qurishgan. Bu yodgorlik XIX-XX asr ustalarning didi va badiiy mahoratini ko’rsatib turibdi.Masjid orqasida chapda tepalik yon bag’rida qo’sh xonali baland moviy gumbazli maqbara (XV asr o’rtasi) bor.Qo’shgumbazli maqbara Shohi Zinda majmuasi temuriylar zamonasi me’morchiligining ajoyib namunasi.Bir-biri bilan bog’langan ikki to’rt burchak xona, katta xona (ziyoratxona) va kichik xona (qabrxona)ga egadir. Qabrxonada bitta qabrtosh, uning ostida dahma bor. To’rt gumbaz chortoqni yuziga keltiradi. Gumbaz qalpog’i va tahmonlar ko’p pog’anali muqarnasga ega. Devorlarga gul naqshlangan, ammo naqshlar qisman saqlanib qolgan. Qo’shgumbazli maqbara majhullik pardasi bilan to’silgan va tadqiqotchilar o’rtasida ancha-muncha bahslarga sabab bo’lgan edi.
«Shohi Zinda» ziyoratgohining ikkinchi qismi qirq zina bag’ridan boshlanib, sirlar hamda jumboqlarga to’la o’rta asr dahliziga kirib borasiz. Zinaning eni 5 gazni tashkil etadi. Bu erda esa butunlay o’zgacha davr, hayot o’zgacha me’morchilik echimlari mavjuddur.
Bu erda dahma emas, balki diniy fikrlar dunyosi, qabr emas balki uning dafn etish sirlari mavjuddir. Aziz zotlar dahmasida butunlay o’zgacha manzaraga duch kelasiz, u kishining bugungi turmush tashvishlaridan ruhan forig’ etadi va tamoman o’rta asr me’morchiligi, nafis bezakli ajib naqshlar olamiga olib kiradi. Maqbaralarning sirlangan koshinlaridagi ranglar tovlanadi. Bularning barchasi ziyoratchi sayyohlarni o’ziga mahliyo qilib qo’yadi.
Amir Xusayn va uning onasi uchun qurilgan obida me’morchilikning eng nozik uslublarida ijod qilingan. Chunki sarkarda Amir Xusayn strategik jihatdan juda kuchli sardorlardan bo’lgan. Amir Temur ularga ehtirom ko’rsatib mahobatli binolar qudirib ularni shu erga dafn ettirgan. Maqbaradagi fayz va chiroy hattotlarning yozuvlari bilan yanada go’zallashgan. Maqbara 1376 yilda qurilgan bo’lib, bizni kunlarimizga qadar bir necha marta ta’mir etilgan.
Kirish peshtog’ining eshigi 1911 yilda qurilgan, undagi naqshinkor bezak va yozuvlar kishi diqqatini o’ziga tortadi.
Eshikda «O’limdan oldin tavbaga – vaqt o’tmasdan namozga shoshiling» ibratli so’zlari yozilgan. Pastki qism tarkibiga masjid, mulozimxona hamda madrasa ham kiritilgan.
Qo’sh gumbazli maqbaraning ichki gumbazlari naqshinkor qilib ishlangan, panellari esa olti qirrali koshinlar bilan bezatilgan. 1949-1952 yillarda maqbara tekshirildi va bosib yotgan tuproqdan tozalanib, qayta qurildi.
Shodimulk Oqo maqbarasi
Maqbaralar orasida 1372 yilda qurilgan Shodimulk oqo maqbarasi Shohi Zindada Amir Temur davrida qurilgan birinchi inshoot hisoblanadi. Binoda 11 yoshida vafot etgan Amir Temurning jigargo’shalaridan biri Shodimulk oqo dafn etilgan.
Bu binoni Amir Temurning opasi Turqon oqo vafot etgan qiziga atab qurdiradi. 1383 yilda o’zi ham shu erga dafn etilgan.
Maqbarada go’zal naqsh va yozuvlar o’z aksini topgan. Yozuvning birida shunday so’zlar bitilgan:
“Bu jannatiy bog’dir va unda tol’e xazinasi ko’milgan. Bu qabrda qimmatbaho marvarid yashirilgan. Unda sarvqad nazokatli yotibdi, shu sababli, bu joyni jannatga qiyoslash mumkin. Bu o’liklar orasida garchi uning uzugida qudratlilik muhri bo’lsa-da, Sulaymonday odam g’oyibga ravona bo’ldi”.
Binoning ustalari Zayniddin va Bahriddin ekanligi ta’kid etilgan. Boshqa bir yirik jimjimador kitobada shunday deyilgan: “Ushbu shirtdat muqarnaslarga to’la gumbaz va zarhal peshtoqlarni Zayniddindan xotira deb bilgil. Bu maskanda ko’rib turgan har bir san’at va mahorat ijodkor yaratuvchining marhamatidir”. Maqbaraning ichki tomonlari yanada hashamatli va ziynatlidir.
Shuning uchun ham u Shohizinda majmuasining eng go’zal guldastasi hisoblanadi.
Tug’li Tekin maqbarasi
Bu muqaddas joyda orom topgan navbatdagi marhum Amir Husayn bo’ladi. Maqbara peshtoqiga, sag’ona ustiga, hijriy 777 yil sanasi bitilib qo’yilgan. Lavhada quyidagi so’zlarni o’qiymiz: “Dunyoda baxtiyor amir nigohi bilan tug’ilgan jafokash Amir Husayn qutlug’ o’g’lini Olloh o’z jannatiga yo’llagay. U hijriy 777 yilning zulqa’da oyida azoblanib o’ldi”.
Amir Husayn Amir Temurning etakchi izdoshlaridan bo’lib, milodiy 1376 yilda (hijriy 776-777 y.) Temur Ili daryosi yuqorisida joylashgan Uch Turfon mavzeida, mo’g’ul xoni Qamariddinga qarshi qilgan janglaridan birida halokatga uchragan. Uning Shohizindadagi maqbarasi eshigi ustiga quyidagi so’zlar bitilgan: “Agar mening peshayvonim tomi Mushtariyga etsa-da, bari bir bu dunyoning zahri, o’lim jazosi mustahiqdir. Bu zimziyo qabrda birodarlarimiz, yolg’izlikdagi umidim xudoning rahm-shafqatidir”.
Bu qabrtoshdagi marsiya dunyo yanglig’ abadiy fikrni tasdiqlab turibdi: “Oy ostidagi hech bir narsa mangu emas, xoh u ulug’, xoh u kichik odam bo’lsin, u o’ziga zax tuproqdan panoh topadi va u tenglar ichida teng bo’lib qoladi”. Bu so’zlar har bir kishini hushyorlikka tortadi. Maqbarada sarkardaning onasi To’g’li Tekin ham dafn etilganligi to’g’risida tarixiy manbalarda ma’lumot keltirilgan. Bu ulug’ bino 1952-1954 yillarda ilmiy jihatdan o’rganilgan va muhofaza choralari ko’rilib, qayta tiklandi.
Amirzoda maqbarasi
Mashhur tarixiy obida ustalarning san’atini yana bir karra o’z sinovidan o’tkazdi. Chunki me’morchilikdagi koshinpazlikning barcha turlari aynan shu bino qurilishida qo’llanilgan. Bu maqbaraga dafn etilgan sarkarda Amirzoda va unga tegishli aslzodalardan etti nafar kishi dafn etilgandir. Uning peshtoqida faqat vafot etgan yili 1386 (786 y.) yozilgan. Bu maqbarada koshinkorlik yanada yuqori darajada amalga oshirilgan. Unda guldor, sirkor sopol asosiy o’rinni egallaydi.
Binoning ichki qismi ham o’ziga xos uslubda bezatilgan. So’nggi ta’mir davomida maqbaraning fusunkorligi yanada ortdi. Tarixiy va arxeologik izlanishlar ko’plab topilmalarga asoslanib obidani Amir Temur davrining xusunkor binolaridan deb takidlaydi.
Shirinbeka Oqomaqbarasi (XIV-XV asrlar)
Amir Temurning jigargo’shalaridan judo bo’lishi noxushliklar yuzaga kelishiga sabab bo’ldi. Hatto harbiy yurishlarni to’xtatib qo’ydi. Lekin pir-ustozlarining ko’ngil taskini unga yana kuch bag’ishladi. Bu ulug’vor bino Amir Temurning singlisi Shirinbeka oqoga atab qurilgan bo’lib, uning ravoqida marhumaning vafot yili 1385 (787 h.) ko’rsatilgan. Ayni shu kunlarda Sohibqiron saltanatida motam kunlari e’lon qilindi. Malika sha’niga Amir Temur katta maqbara qurdirdi u XV asrning ikkinchi yarmida koshinkorlikning qirqma usulida ijod qilindi.
Undagi bezak san’at uslubi jihatidan boshqa maqbaralardan farq qiladi, uning peshtoq qismi nafis terma koshin bilan qoplangan. Shirinbeka oqo maqbarasi birinchi qirqma koshin ishlatilgan bino edi. Yodgorlikning gumbaz qismi koshinkorlikning nafis uslubi bilan bezatilgan. Binoning ichki bezaklar o’ziga xos uslubda devoriy naqshlarda zarhalli o’simliksimon manzarada ishlangan. Arabiy husni xatda qur’onning “Fath” sur’asi ichki xona gumbazidan pastki qismiga qadar to’la holaticha tiklandi. Yozuvlar yupqa shakldagi tillo bezaklar bilan ziynatlandi. Yuqori gumbaz atroflari ranglishisha panjaralar bilan bezalgan.
Amir Temur odatda “3”, “5” va “7” yillik harbiy yurishlar uyushtirish jarayonida o’zga mamlakatlar tarixi, ma’naviyatidan eng noyob jihatlarni o’z mamlakati tajribasida unumli qo’llagan. Shuning uchun ham uning davrida qurilgan inshootlarda turli millat san’ati na’munalarini uchratamiz.
Bino olimlar va ta’mirlash ustaxonasi xodimlari hamkorligida ilmiy jihatdan o’rganilib, mustahkamlash ishlari olib borildi. Hatto, marhuma jasadi ochib o’rganildi. Olti qirrali zangori sopol taxtachalar bilan maqbaraning panel qismi nafis qilib ishlangan. Ichki qismini yorug’lik bilan ta’minlash uchun yuqori qismlaridagi darichalarga rangli shisha bilan ishlangan panjaralar o’rnatilgan.
Hatto devoriy bezaklar ichida muqaddas Qur’on va payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning hadislaridan namunalar yozilgan. Ta’mirlash ishlari maqbara umrining yanada uzoqroq saqlanishiga omil yaratib berdi.
1964-1965 yillardagi arxeologik qazishlar vaqtida Shodimulk oqo maqbarasining shimoliy fasadi yonida XIV asrning o’rtalarida bir-biriga yondosh qilib solingan ikkita maqbaraning qoldiqlari topildi. Binoning ikkinchisida kirish peshtoqi sayqal berilgan sopol bilan bezatilgan.
Maqbarada uchta dahma bo’lib, o’rtadagi dahma badiiy jihatdan kishining e’tiborini o’ziga tortadi. Dahma, shikasta xat bilan bezatilgan.
Afsuski dahmaga bitilgan yozuvlarda tarixiy ma’lumotlar yo’q. Shuning uchun ham maqbara kim uchun qurilganligi to’g’risida aniq ma’lumot yo’q. U hozirda ta’mirlanib sayyohlar uchun ochib qo’yilgan. 1966 yilda maqbaraning shimolida XIII asrning ikkinchi yarmiga oid ikkita bino qoldiqlari topildi. Uning birida peshtoqli ayvon va sag’ana mavjudligi aniqlandi.
Sakkiz qirrali maqbara
Bu maqbaralar ichida me’morchilikning o’ziga xos namunasi sanalgan sodda bezakli, sakkiz yoqli maqbara mavjud. U Ozorbayjon ustalarining san’ati mahsulidir. Chunki tomonlarining ochiqligi, gumbazning ichki bezaklari musaffo osmon jismlarini ramzi ekanligi bilan ajralib turadi.
Maqbaraning tagida 4 ta aslzoda ayol kishining sag’anasi bor. Binoning boy bezaklari bu erda ham temuriylarga tegishli shaxslar yotganligidan darak beradi.
Keyingi ta’mirlash ishlari davomida uning gumbaz qismi qayta tiklandi. Ochiq ravoqlarning timpanlarida hadislar yozildi. Xonaning ichki qismida betakror zarhallangan devoriy naqshlar Qur’oniy oyatlarda o’zini ijobiy mahsulini topdi. Maqbaraning hovli qismi kengaytirildi, xilxonadagi dafn jarayonlari ochib o’rganildi. Yog’och tobutlarda dafn etilgan shaxslarning suyaq qoldiqlari ba’zi ashyolar, ularning irqi va tuzulishi to’g’risida yorqin ma’lumotlar olishida omil yaratdi.
Undagi sakkiz ochiq eshik, musulmonlar tasavvuridagi jannatning eshiklarini eslatadi, chunki payg’ambar Muhammad (s.a.v.) hadislariga ko’ra, «jannat – onalar oyog’i ostidadir». Uning ichki qismida sodda naqshlar solingan. Chiroyli nusxalar ichida muqaddas Qur’ondan maxsus suralar bitilgan. 1963 yilda sakkiz yoqli maqbaraning shimolidan ikkita maqbara qoldiqlari ochildi. Undan dahma devor qoldiqlari va o’ymakor uslubda ishlangan qabr usti toshlari qolgan.
Usta Ali Nasafiy maqbarasi (XIV ASR)
Majmua eng ko’p xilli uslubda barpo etilgan maqbaralar qatoriga kiradi. Chunki bu yodgorlik XIV asrning 60-70 yillarida qarshilik usta Ali Nasafiy tomonidan handasaviy naqshlar qo’llanilgan. Kufiy yozuvida binoning peshtoq va ichki qismi mahorat bilan ishlangan. Uni ko’pincha «guldor maqbara» ham deyishadi, chunki ichki va tashqi devorlarida rang-barang sirli koshinlar, o’simliksimon naqshlarda namoyish etilgan. Binoga geometrik shakl berilishi ham so’zimizning isbotidir. Ular chirmashib, sakkiz qirrali yulduzlar turkumini hosil qiladi. Shakllar, xilma-xil naqshli, zarhal va sirlangan koshinlar bilan bezatilgan. Binoning burchaklarida muqarnas gul bilan to’lgan ravoq bor.
Uning ustki qismidagi gumbaz ham ikki qavatli bo’lgan. Hozirda bu gumbazning faqat asosi-qirrali gumbaz saqlanib qolgan. Uning qoplamasiga arabcha xat bitilgan.
2-noma’lum maqbara (XIV ASR)
2-noma’lum maqbara koldig’i XI asrning ikkinchi yarimda faoliyatda bo’lgan Tamg’och Bug’roxon madrasasi paydevorlari ustida qurilgan. Undagi devoriy naqshlar zarxallangan. Ba’zi manbalarda yodgorlik Ulug’ Sultonbegi nomi bilan ataladi. Bino ishlatilgan go’zal xattotlik san’ati bilan peshtoqning husniga husn ko’shib turibdi.
XII asrda bu erda ajoyib bezatilgan ulkan bino bo’lgan. 1968-1974 yillarda binoning poydevori tuproq qatlamlaridan tozalandi. Bu erdagi yodgorlik Markaziy Osiyodagi ilk inshoatlardan biri bo’lgan. Madrasa peshtoqi naqshli g’ishtlar bilan bezatilgan. Amir Temur vafotidan keyin bu maqbara tabiiy ofatlar ta’siridan katta talofat ko’rdi. Arxiv hujjatlarini chuqur o’rganish natijasida mutaxassislar binoning orqa yon devorlari va gumbaz qismlarini qayta tiklashdi. Maqbaraning peshtoq qismi qur’onning “Ar-Rahmon” surasi oyatlari bilan to’ldirildi.
O’rta qismda olib borilgan arxeologik qazishmalar esa ko’plab qadimiy inshootlarning poydevor xamda xilxonalarini topilishiga zamin yaratdi. Bu o’z navbatida esa «Shoxi-Zinda» majmuasi tarixini yanada boyitdi.
Amir Burunduq maqbarasi (XIV ASR 80 yillari)
Amir Temur o’z sarkardalariga juda e’tiborli bo’lgan. Strategik jihatdan juda kuchli mahoratga ega bo’lgan bu sarkarda sohibqironning har bir zafarli yurishiga o’z ulushini qo’shgan. Amir Burunduq ko’plab harbiy yurishlarda Temur armiyasini g’alaba qozonishiga omil yaratgan. Uning jasadi o’z yaqinlari bilan birga bino xilxonasida, archa tobutida mo’miyolangan holatda dafn etilgan.
Binoning ichki va tashqi tomoni sodda qilib qurilgan. Maqbara sahnida dahma va qabrlar bor. Uning ichki devorlarining pastki qismiga husunkor olti qirrali sirli naqshlar bilan bezak berilgan. Bino atrofida 1963 va 1998 yillarda katta ta’mirlash ishlari olib borildi. Dahmalar ochib o’rganildi. Tekshirilgan dahmalar orasida yosh yigitning dafn etilgani olimlar e’tiborini tortdi. Marhum o’z kiyimida ko’milgan edi. Hozirda uning tanasidagi yaktak Samarqand davlat muzeyida eng noyob amaliy san’at durdonasi sifatida saqlanmoqda. Binoning kirish joyi asl holicha qoldirildi.
Tuman Oqo majmuasi (XIV ASR)
Malika Tuman oqo Amir Temur saroyida «kichik ona» nomlari bilan e’tibor qozongan mashhur ayol. «Zafarnoma»da qayd etilishcha, Tuman oqo 1365 yilda tug’ilgan. Uning otasi Amir Muso Temurga qarshi yurishlarda sobitqadam bo’lgan. Lekin Temurning Tumon oqoga uylanishi ular orasidagi munosabatlarning yaxshilanishiga zamin yaratdi. Nihoyat 1378 yil Temur Tumon oqo sharafiga Obi – rahmat arig’i bo’yiga go’zal «Bog’i – Behisht» nomli bog’ barpo etadi. Bu Temurning Tumon oqoga bo’lgan hurmat va ehtiromining ramzi edi.
XIV asrning oxirida Temurning kichik xotini Tuman oqo uch xonadan iborat yodgorlik qurdirdi. Ular mulozimxona, masjid va Tuman oqo maqbaralaridan iborat. Devordagi chuqur tokchalarning usti ganjdan ishlangan nafis muqarnaslar bilan bezatilgan. Gumbazchalar tagida quyosh nuri tushadigan darchalar bor. Majmua devorlarida terma koshin ishlatilgan. Obidani ozarbayjonlik koshinkor usta Shayx Muhammad ibn Xoja Bandgir To’g’rabozi bezagan. Devordagi izoralar olti qirrali to’q yashil koshinlar bilan bezatilgan. Naqshlarning ba’zisida zarhalli nusxalar saqlanib qolgan. Maqbara tashqi tomondan koshinkoriy peshtoqi va baland ko’k gumbazi bilan kishi e’tiborini tortadi. Uning peshtoqida 808 hijriy, ya’ni 1405 milodiy sana ko’rsatilgan. «Olloh uning saltanatini davomiy aylasin» so’zi Amir Temurga nisbatan aytilgani sezilib turibdi. Boshqa bir bitikda «Xatti Shayx Muxammad ibn Xoja Bandgir at-Tabriziy» degan so’zlarni o’qiymiz. Bu zot Temur saroyida o’z vaqtida mashhur xattot-kotibi bo’lgan.
Temur vafotidan keyin uning malikalari taqdiri halokat to’foniga duchor bo’ldi. Xalil Sultonning qisqa xukmronligi davrida uning farmoyishi bilan Tuman oqo shayx Nuriddinga nikohqilindi. Biroq u ham suiqasd tufayli o’ldirildi. Ikkinchi marta beva kolgan malika Tuman oqo Shohruh Mirzoni taklifiga binoan Hirotga boradi. Poytaxt yaqinidagi Ko’xisan mavzeyida yashab qoladi. U yashagan mahobatli xonaqohhozir ham o’z jozibasini saqlab qolgan.
Maqbarining ichki gumbaz qismi keyingi ta’mir davomida yupqa holatdagi tillo naqshlar bilan bezatilib, arabiy husni xatdagi barcha yozuvlar qayta tiklandi. Samarqand me’morlari tomonidan binoning tashqi qismidagi qirqma koshinda ishlangan peshtoq bezaklari to’la holatda tiklandi. Bu xayrli ishda Samarqand va Buxoro mudarris va ulamolarining xizmatlari katta bo’ldi. Shirinbeka oqo maqbarasidagi kabi nafis qoplama qilingan Tuman og’o maqbarasi uyg’unligi bilan ajralib turadi. Binodagi salobat o’ziga xos ixchamlik bu maqbarani boshqalaridan ajratib turadi.
Hoja Ahmad maqbarasi (XIV asr) 1360 y.
Bu maqbara XIV asrda qurilgan binolar ichida eng qadimgisi sanaladi. Maqbara yo’lakning oxirida joylashgan. Maqbaraning fasadi janubga qaragan. Bino islom ma’naviyati va uning tarixiga ulkan xizmatlari singan shayx Xoja Ahmad nomi bilan bog’liqdir. Maqbaraning ravoqli peshtoqi tarixiy va badiiy jihatdan katta ahamiyatga ega. O’ymakor koshin qoplamining foni asosan feruza rangli bo’lib, ustiga oq bo’yoq bilan muqaddas Qur’on oyatlari bitilgan. Xuddi shu erda gulni bezak ichida me’mor Faxr Alining nomi mayda harflar bilan jimjimador qilib yozilgan. Oyatlarning ikki yoniga koshin bilan hoshiya qilingan. XX asr boshida Xoja Ahmad maqbarasining qiyshayib qolgan peshtoqigina saqlanib qolgan edi. Shu sababli maqbaraning tashqi devori 1922 yilda qayta tiklanib, tom qismi yopildi. 1962 yilda Xoja Ahmad maqbarasining peshtoq qismi to’g’rilanib, noyob qoplamasi tozalandi va mustahkamlandi.
Binoning poydevor qismida arxeologik qazilma olib borilib, 12 metr uzunlikdagi laxm g’or topildi. Bu tarix uchun yana bir yangilik bo’ldi. Maqbarini peshtoq qismi hamda o’stgi gumbazi qayta tiklandi kirish eshikni Samarqand ustasi mohir san’at sohibi usta Nasrullo o’z o’rniga jamlashtirildi.
Qutlug’ Oqa maqbarasi (1360-1361 yil)
O’ziga xos uslubda qurilgan XIV asr yodgorliklaridan yana biri, bu Qutlug’ oqo maqbarasidir. Peshtoqdagi yozuv qoldiqlarida maqbara qurilgan vaqti 762 hijriy (1360-1361 yil ekani ko’rsatilgan. Bu yozuv maqbaraning aslzodalar uchun qurilganiga shioradir. Xonaning sahnida yosh bola qabri bor. Maqbaraning peshtoqi va ichkarisining ziynati o’ymakor sirli koshin bilan ishlangan bo’lib, uni ham Xoja Ahmad maqbarasining me’mori qurgan bo’lsa ajab emas degan fikr bildiriladi.
Qusam Ibn Abbos majmuasi
Shimoliy qismdagi chortoq majmuaning asosi sari yo’l boshlaydi. Uning kirishida Muhammad (s.a.v.)ning quyidagi hadislari yozilgan: «Arabiy hoshimiy, qurayshiy, makkalik, madinalik Muhammad s.a.v. aytdilar: «Qusam ibn Abbos xulqi va tashqi ko’rinishi bilan menga o’xshaydigan shaxslardandir». Chortoqning sharq tarafida ikki tabaqali o’ymakor naqshli qayrag’och eshik bor. Eshik Amir Temurning farmoyishiga binoan usta Said Yusuf Sheroziy tomonidan 1404-1405 yillar mobaynida ishlangan. Eshikning naqshlari takrorlanmas san’at namunasi sifatida ishlanib, undagi arabiy yozuvlar ustida fil suyaklaridan qadama bezaklar qilingan. ikki tabaqani eshiklardan birida quyidagi so’zlar bitilgan: «Jannat eshiklari faqirlar uchun ochiqdir». Ikkinchi tabaqasida esa «Rahmat eshiklari rahimlilar uchun ochiqdir».
Usti gumbaz yo’lakning o’ng tomonida yanada qadimiyroq XI asrga oid minora bor. Minoraning qoplamasi shaklli g’ishtlardan terib ishlangan.
Biz o’tmishning eng ulug’ san’at namunalarini hazrat majmuasida ko’ramiz. Uning ichki qismida aylanma zina mavjud. Yo’lak XI asrda qurilgan masjidga tomon yo’l boshlaydi. Bu yodgorlik XII asrda qurilgan inshoot qoldiqlari ustida solingan. Devorlarning pastki qismi va mehrobi sirli koshinlar bilan ishlangan.
Xilxonaga g’arb tomondan kichik bir tug’xona tutashgan. Pastki qismida esa chillaxona bor. Ulardan har birining o’ziga xos vazifalari mavjuddir. Ziyoratxonaning XI asr oxiriga oid bezak qoldiqlari shimoliy devorda saqlangan bo’lib, ular 1960 yildagi tekshirishlar natijasida topilgan.
Bu erda mo’g’ullar istilosiga qadar qurilgan masjidning yog’och bo’laklari saqlanib qolgan. Bu o’yma yog’och qismlari qoraxoniylar davriga oid noyob yodgorlikdir. Ziyoratxona XIV asrning 30-yillarida qurilgan. Devoriy gumbaz qo’yilgan sakkizyoqli qismining janubi g’arbiy tomonida o’simliksimon naqshda 735 hijriy sana (1334-1335 milodiy yillar) jimjimador qilib yozib qo’yilgan.
Qusam ibn Abbos maqbarasi kompleksidagi eng asosiy va qadimiy maqbara hisoblanadi. Maqbara xilxona va ziyoratxonadan iborat. Ularning har birini o’ziga hos ziyorat qilish odoblari bor.
Maqbarada Qusam ibn Abbosning qabri bo’lib, u Amir Temur davri sopol koshinlari bilan naqshinkor bezakda ishlangan, qabr ustida «Olloh yo’lida vafot etganlar o’lmaydi, ular tirikdir» degan Qur’oniy oyat chiroyli husni xatda yozilgandir. Qusam ibn Abbosning vafotlari sanasi qabr ustida 57 hijriy (676 milodiy) sana ekani yozib qo’yilgan. Majmuaning barcha xonalari so’ngi ta’mir davomida asl holatida mohir ustalar tomonidan qayta ta’mirlandi. Kishilarni hayratga soluvchi naqsh va bezaklar davomiy ravishda devorlarni bezab xalqimizning buyuk san’at namunalarini dunyo xalqlariga ko’z-ko’z etib kelmoqda. Bu oliy janob ishda Yurtboshimiz ko’rsatayotgan jonbozlik beqiyosdir.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 16 iyuldagi 337-sonli «Shohi Zinda yodgorligi majmuasida qayta tiklash va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish to’g’risida»gi qaroridan so’ng Shohi Zinda majmuasi va uning atrofida amalga oshirilgan ishlar uni asliga qaytarishga ulkan hissa qo’shdi. Yillar davomida ta’mir talab tarixiy binolarining umrini yanada uzoq davrlargacha etkazilishining imkoni tug’ildi.
Ta’mir jarayonida arxeologik, etnografik, tarixiy izlanishlar olib borilib, har bir yodgorlikning holati o’rganildi va mutaxassislardan olingan maslahatlar va ko’satmalar asosida keng qamrovli ta’mirlash ishlari olib borildi.
Maqbaradagi yozuvlar hadis va Qur’on oyatlari manbalar asosida qayta tiklandi.
Bu ishda Samarqand va Buxoro madrasasi hattot va mudarrislari ilmiy jihatdan ko’p masalalarning echimiga o’z hissalarini qo’shishdi. Betakror san’at usuli masjid va maqbaralar husniga yanada chiroy bag’ishladi.
Ziyoratxona ichidagi janubiy devorning yog’och panjarasi orqali xilxonadagi Qusam ibn Abbos qabrtoshini ko’rish mumkin. Xilxona maqbara bilan bir vaqtda – XI asrda qurilgan. XIV asrning 80 yillarida qabr ustiga yangi qabrtosh o’rnatilgan. Uning yon qirralariga zarhal yugurtirilib muqaddas Qur’on oyatlari yozilgan.
Shohi Zinda XIV asr boshidan XV asr o’rtalarigacha bo’lgan serhasham dahmalarning yuz yillik kelib chiqish evolyutsiyasini yoritib beradi. Afsuski, uning XI-XII asrlarga oid asosiy qismi qariyb yo’q bo’lib ketgan.