O‘zbekistonning eng badavlat insonlaridan biri, mashhur saxovatli tadbirkor va prodyuser Salim Abduvaliev 1950 yil 5 mayda Toshkent shahrida tavallud topgan. Yoshligida uzoq vaqt erkin kurash bilan shug‘ullangan va 5 karra O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. So‘ng, zavodda ishlagan, ma’lum bir muddat yuk mashina haydovchisi bo‘lgan. 1990 yillardan Salim Abduvaliev tadbirkorlikka qo‘l urgan va alyuminiy biznesi bilan shug‘ullangan. Salim Abduvaliev oliy ma’lumotli, ziyoli inson. U 2006 yilda Iqtisodiyot fanlari nomzodligi uchun “Mahalliy (munitsipal) ta’limning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini boshqarish: Rossiya va O‘zbekiston tajribasini umumlashtirish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Hozirgi kunda Salim Abduvaliev O‘zbekistonda kurash rivoji va uni jahon miqyosiga olib chiqishga juda katta hissa qo‘shib kelmoqda. U bir nechta Mehribonlik uylarida bolalar uchun erkin kurash bo‘yicha seksiyalar tashqil qilib, yoshlarning kurashga bo‘lgan qiziqishlarini har taraflama qo‘llab-quvvatlamoqda. O‘zbekistonning eng badavlat fuqarolaridan biri sifatida ko‘plab xorijiy hamda, mahalliy musobaqalar va turnirlarga homiylik qilib, yosh iqtidorlarni xalqaro olimpiadalarda ishtirok etishlari uchun homiylik qilib, imkoniyatlar yaratib bermoqda. Salim Abduvalievning homiylik faoliyati davlat tarafidan ham e’tiborga olinib, u 1997 yil O‘zbekiston Kurash Assotsiatsiyasi Prezidenti etib tayinlandi. Keyinchalik, esa, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti etib saylandi. Salim Qirg‘izboyevich Abduvaliev bir necha yil davomida Tennis bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti Kubogiga homiylik ham qilgan. Shuningdek, erkin kurash bo‘yicha Jahon chempionati, “Gran-pri” xalqaro turniri, erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston Mustaqillik kubogiga homiylik qilib kelmoqda. Salim Qirg‘izboyevich Abduvaliev o‘z faoliyati davomida ko‘plab yuqori darajadagi unvon va mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Jumladan, 2015 yilda “Do‘stlik ordeni”, 2021 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni, 2022 yilda nufuzli xalqaro Lyudvig Nobel mukofoti, shuningdek, Butunjahon Xayriya ittifoqining “Tinchlikparvar” ordeni, “CIPDH” Inson huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “Oltin burgut” mukofoti, Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi tomonidan “Osiyo va Afrika yulduzi” nishoni, Milliy xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi “Xizmatlari uchun” (Za zaslugi) ordeni, kurash sporti rivoji va ommalashishiga qo‘shgan hissasi uchun FILA ordeni, hamda “QIZIL ÜRƏK” ordeni bilan taqdirlangan. Salim Abduvaliev oilali, 6 farzand, ya’ni 4 qiz va 2 o‘g‘ilning otasidir. Toshkentdagi “Qirg‘izboy ota” ko‘chasi uning padari buzrukvori Qirg‘izboy Abduvaliyev ismi bilan nomlangan. Salim Abduvaliev tennis va suzishga ham qiziqadi. Ziyoli inson sifatida kitob mutolaa qilishni yaxshi ko‘radi.