Said Ahmad


Post Views:
4 384

SAID AHMAD (taxallusi; asl ism-sharifi Husanxo‘jayev Said­ahmad) (1920.10.6–2007.5.12) – O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1980). O‘zbekiston Qahramoni (1999). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1968). Toshkentda tug‘ilgan. Tasviriy san’at bilim yurtida, Toshkent pedagogika institutida o‘qigan (1940–43). «Mushtum» jurnali (1938–38; 1955–57), O‘zbekiston radioqo‘mitasi (1941–43)da, «Qizil O‘zbekiston» gazetasi (1943–47) va «Sharq yulduzi» (1948–50; 1957–59) jurnalida adabiy xodim.

«Er yurak» (1942), «Farg‘ona hikoyalari» (1948), «CHo‘l burguti» (1960), «CHo‘l oqshomlari», «Odam va bo‘ron» to‘plamlariga kirgan hikoyalarida zamondoshlarining murakkab taqdiri, ruhiy kechinmalari ehtiros bilan aks ettirilgan. Said Ahmad ijodining kattagina qismini hajviy-yumoristik hikoyalar, qissalar, komediyalar tashkil etadi. Romanlarida ham yumoristik yo‘nalish muhim o‘rin tutadi.

«Ufq» (1967–74) romani 20-asr millat hayotining o‘n yillik davri – 2-jahon urushi, urush va urushdan keyingi yillar voqyealarini o‘z ichiga oladi. Trilogiya o‘sha yillari xalq boshiga tushgan musibatlar, odamlar ko‘ksidagi armonlar, shu musibatlarni yengishga qodir mislsiz matonat va shijoatlar yozuvchi iste’dodiga xos yorqin ehtiros bilan aks ettirilgan. «Jimjitlik» (1988) romanida esa sirtdan tinch, sokin ko‘ringan sho‘ro davrining ichki dramalari, tuzum inqirozi butun keskinligi, shiddati bilan ko‘rsatilgan.

Said Ahmad istiqlol yillarida ham hayotdagi o‘zgarishlar haqida ko‘plab maqola, badialar yozdi, quvnoq yumoristik, jo‘shqin lirik hikoyalar yaratdi. «Xandon pista» (1994), «Bir o‘pichning bahosi» (1995) hajviy to‘plamlari, «Yo‘qotganlarim va topganlarim» (1998), «Qorako‘z majnun» (2001), «Kiprikda qolgan tong» (2003) kitoblari, 3 jildli «Tanlangan asarlar»i (2000) chop etildi. Istiqlol tufayli odamlar qismati va ruhiyatidagi evrilishlar haqida bahs etuvchi «Qorako‘z majnun», «Ot bilan suhbat», «Azroil o‘tgan yo‘llarda» hikoyalari qatag‘on davri xotiralari bilan bog‘liq. «Borsa kelmas darvozasi», «Taqdir, taqdir…», «Oftob oyim» hikoyalari, adibning o‘zi yaqindan muloqotda bo‘lgan ustoz adiblar, tengdoshlari, shogird­lari va, nihoyat, o‘z hayot va ijod yo‘li haqidagi xotira-esselaridan iborat. Felyeton janrida ham samarali ijod qilgan. 1947 yil «xalq dushmani» sifatida hibsga olingan, Stalin vafotidan so‘ng oqlangan. «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Kuyov» komediyalari hozirgi O‘zbek milliy akademik teatrida, «Kelinlar qo‘zg‘oloni» dunyoning ko‘plab mamlakatlarida sahnalashtirilgan. Chig‘atoy qabristoniga dafn etilgan. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1978). «Do‘stlik» (1996), «Buyuk xizmatlari uchun» (1997) ordenlari bilan mukofotlangan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/said-ahmad/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x