“Safar ila amr etildik!..”

Jaloliddin Xorazmshohning turk va islom tarixida muhim oʻrni bor. Moʻgʻul bosqinchilariga qarshi koʻrsatgan muvaffaqiyatli qarshiliklari tufayli u turk va islom olamining faxri-gʻururiga aylandi. U jang qilmoq haqida shunday degan: “Biz zafar bilan amr etilmadik, safar ila amr etildik!”

Xorazmshohlar davlatining soʻnggi hukmdori boʻlgan Jaloliddin Xorazmshoh yosh vaqtidayoq Gʻazna hamda uning atrofidagi hududlar hokimligiga tayinlandi va  shundan soʻng otasi Alouddin Muhammadning barcha yurishlarida qatnashdi.

Xorazmshoh Alouddin Mahmud butun Eron va Movarounnahrni oʻz qalamraviga olgandi. Shu tarzda Sayhun daryosidan Dajla qirgʻoqlariga qadar ulkan saltanat barpo qilgandi. Biroq bu davrda Moʻgʻulistonda Chingizxon hukmronlik qilayotgandi. Gʻarbiy Turk elidagi eng buyuk hukmdor esa Alouddin Mahmud edi. Bu turk hukmdorining shuhratini eshitgan Chingizxon Mahmud Yalavoch degan elchisini Alouddin Mahmud qoshiga yubordi. Elchi Chingizxonning shu soʻzlarini unga yetkazdi: “Tangri Gʻarb tarafdagi oʻlkani menga berdi. Seni oʻgʻillikka qabul qilaman. Menga tobe boʻlsang, musulmonlar huzur-halovatda yashaydilar”. Bu gapdan gʻazablangan Sulton Mahmud: “Bilasanki, mening oʻlkam naqadar keng, davlatim naqadar qudratli! Sening xoning kim boʻlibdiki, oʻzini mendan katta tutib, meni “oʻgʻlim” desa?! Uning qancha ham askari bor oʻzi?!” deganida, moʻgʻul elchisi: “Sening askaring bilan uniki solishtirilsa, xuddi oy shuʼlasining oftob ziyosiga tenglashmoqchi boʻlgani kabidir”, deya javob berdi. 

Nihoyat, bu ikki hukmdor orasida bir doʻstlik kelishuvi yuzaga keltirildi. Ammo Alouddin Mahmudning siyosiy qarashlari teran emasdi. Ayni paytda u magʻrur bir odam edi. Kunlarning birida sulton Vizantiyaga mol keltirgan moʻgʻul savdogarlarining mollarini talon-toroj qildirib, oʻzlarini oʻlimga buyurdi.

Chingizxon savdogarlarning mollari uchun badal talab qilib, sulton Mahmudga uch elchi yubordi. Ularning biri Bugʻro ismli turk, qolgan ikkovi esa moʻgʻul edi. Alouddin Mahmud Bugʻroning boshini tanidan judo qildirib, moʻgʻullarni tahqirladi va bu ishi bilan had-chegaradan chiqdi. Bundan xabar topgan Chingizxon 1219 yilda katta qoʻshin bilan Movarounnahrga yurish boshladi. Uning bostirib kelayotganini bilgan turkiylar darhol Samarqand shahri mudofaasini kuchaytirdilar. Yosh qahramon Jaloliddin Xorazmshoh otliq jangchilardan iborat bir qoʻshinga boshchilik qildi. Otasi urushga kirishni istamayotganida, u “Jangchilar oʻz hukmdorini boshida koʻrishni istaydilar”, deya uni ham qoʻshinga oldi.

Moʻgʻul qoʻshini tepasida Chingizxonning katta oʻgʻli Joʻji turardi. Bu qoʻshin Xorazmshoh turklari ustiga shiddatli hujum boshladi. Bu shiddat qarshisida Xorazmshoh lashkari vahimaga tushib qoldi. Biroq Jaloliddin Xorazmshoh  moʻgʻullar ustiga qilich yalangʻochlab, shunday tashlandiki, bu dafʼa moʻgʻullar chekindilar.

Tun choʻkkach, jang toʻxtadi. Ammo Joʻjixon bekor turmadi. Tun yarmida jang boʻlgan daladagi qurigan oʻt-oʻlanlarga olov berib, atrofni tutunga toʻldirdi va shu tutun pardasi panasida butun lashkarini olib qochdi. Jaloliddinning yetarli askari boʻlmagani sababidan dushmanni taʼqib qilishdan voz kechdi. Joʻjining magʻlubiyatini koʻrgan Chingizxonning jahli chiqdi. Bu safar 200 ming kishilik ulkan bir qoʻshin hozirlatdi. Bu taradduddan xabar topgach, Alouddin Mahmud Gʻaznaga ketib, otabiylari bilan koʻrishdi, qoʻshin toʻplash uchun yoʻlga chiqdi. Jaloliddin Xorazmshoh esa juda tahlikali bir vaziyatda qoldi. Turkman, oʻgʻuzlardan iborat lashkari bilan bir sahroga chekindi. 1220 yilda Chingizxon qoʻshini hech bir qarshilikka uchramasdan Buxoro shahriga kirib bordi.

Jangchilar Buxoroni, keyin Samarqandni boshdan-oyoq talashdi.

Bu orada Sulton Mahmud jangdan chekingan, jonini olib qochgandi.

Moʻgʻullar Sulton Mahmudning vaziri, kichik oʻgʻli va Turkon Xotunni asir olib, Chingizxon yoniga yuborishdi. Chingizxon ularning barini oʻlimga buyurdi. Bu xabarni eshitganida Sulton Mahmudning ahvoli yomonlashgan, oʻlim oldida edi. Shunchalik nochor ahvolda ediki, yonidagilar uning jasadini oʻrashga bir kafan ham topolmadilar. Unga koʻylagini kafan qildilar. Oʻlimidan oldin shu soʻzlarni aytdi: “Men shu zaminning sohibi edim. Hozir boʻlsa mozorimni qazishga ikki arshin yer topolmayapman!”

Sulton Mahmud shunday abgor holda hayotdan koʻz yumarkan, oʻgʻli Jaloliddin Xorazmshoh uning yonida edi. Bu yolgʻon dunyoning jilvasini u ham koʻrib turardi. Sharqdan kelayotgan oxiri koʻrinmas bu toʻfon (moʻgʻullar)ga qarshi qalbidagi nafrat kuchaydi. Ammo turklarni oʻz ona yerlaridan quvgan bu ulkan qoʻshinga qarshi Jaloliddinning bir oʻzi nima ham qila olardi? Koʻz yoshlarini ichiga yutib, otasining qabrini tark etarkan, faqat shuni oʻylardi. Yonida  70 tacha suvoriysi bor edi. Shu koʻyi toʻgʻri Xorazmga keldi.

Xalq oʻz hukmdorining oʻgʻli Jaloliddinni sevinch koʻz yoshlari bilan qarshiladi. Toʻzib-tarqalib ketgan qoʻshin yana tartibga keldi. Xorazmshoh atrofida 7 ming kishi toʻplandi. Jaloliddin otasi oʻrniga taxtga oʻtirdi. Bir muddat oʻtgach esa moʻgʻullar ustiga hujum uyushtirib, ularni magʻlubiyatga uchratdi.

1221 yilda Valiyon qalʼasini qamalga olgan bir paytida moʻgʻullar hujumga oʻtdi. Jaloliddin qilich yalangʻochlab, oldinga tashlandi va dushmanlarini daf etdi. Lekin moʻgʻullar hiyla ishlatishdi: otlar ustiga shol va namatdan qoʻgʻirchoqlar yasab, qoʻndirdilar va yarim tunda ularni orqa saflarga tizdilar. Buni koʻrgan xorazmliklar moʻgʻullar qoʻshimcha kuch olgan, deb oʻylab qochishga tutindilar. Jaloliddin: “Qoʻrqmanglar, bu hiyladir. Ular jangda doim shunday hiylalari bilan gʻolib boʻladilar”, deya bu vahimaga chek qoʻydi. Shu tarzda moʻgʻul qoʻshini yana bir marta magʻlub etildi.

Chingiz bundan xabardor boʻlgani hamono shaxsan oʻzi Jaloliddin ustiga lashkar tortdi. Jaloliddin ulkan lashkar kelayotganini bilib, Sind daryosiga qarab chekinadi. Daryoning narigi qirgʻogʻiga kechib oʻtmoqchi boʻldi. Moʻgʻullar uning atrofini toʻrt tomondan lak-lak askar bilan oʻrab borardi. Jaloliddin oʻt va suv orasida qolgandek edi. Bu onda u nimayam qila olardi? Chingiz uni tiriklay qoʻlga tushirishni buyurgandi. Jaloliddin qilichini sermarkan, yolgʻiz jang qilib, oʻzini qoʻlga olishni istaganlarning hujumini qaytara boshladi. Dushmanning biror  jangchisi unga oʻq otolmasdi. Ammo uning atrofidagi xalqa borgan sari zichlashib, qisqarib borardi. Jaloliddin xalqani yorib oʻtishga urinib, oʻngu tersiga qilich solar, biroq uni butunlay yorib oʻtishga muvaffaq boʻlolmayotgandi. Yagona bir yoʻl qolgandi: horimagan bir otga minib, qalqonini orqasiga taqdi, turkiy bayroqni qoʻliga oldi; baland qirgʻoqdan oʻzini Sind daryosining joʻshqin suviga otdi. Oti bilan suzib narigi qirgʻoqqa chiqdi.

Bu qahramonlik sahnasini Chingiz va uning askarlari hayrat va hayronlik ichida tomosha qilib turishardi.

1224 yilda Kirmon qalʼasiga qaytgan Jaloliddin yana qayta saltanat barpo etishga kirishdi. 1225 yilda Tabrizni egallab, qarorgohini shu yerga koʻchirgan sarkarda 1228 yilda  Isfahonda moʻgʻullar bilan toʻqnashdi. Inisi Gʻiyosiddinning xiyonatiga qaramasdan moʻgʻullarga kuchli zarba bergan Jaloliddin taʼqib chogʻida chap qanot lashkarining moʻgʻullar tuzogʻiga tushgani sababidan Luristonga chekindi.

Uning zaiflashganidan foydalangan moʻgʻullar takror hujum boshladilar. Moʻgʻullar xavfini toʻla anglab yetmagan boshqa musulmon oʻlka hukmdorlari esa Jaloliddinning yordam soʻrab yuborgan talabini javobsiz qoldirdilar. 1231 yil avgustida Dajla qirgʻogʻida moʻgʻullar bosqiniga uchragan Jaloliddinning barcha odamlari halok boʻldi. Taʼqibdan qochib,  togʻlarga yashiringan Jaloliddin Xorazmshoh shu yerda koʻchmanchilar tarafidan oʻldirildi (1231 yilning 17-20 avgusti)…

Uning oʻlimidan soʻng Xorazmshohlar davlati yoʻqlikka yuz tutdi, islom dunyosida moʻgʻullarga qarshi tura oladigan biror kuch qolmadi.

Sulton Jaloliddin Xorazmshohning oʻlimi haqida aksariyat tarixchilarning fikrlari bir-birini takrorlaydi. Bu mavzuda Nasaviy va Juzjoniyning yozganlari eng toʻgʻri xabarlardir.

Boshqa bir manba, 1930 yillarda tayyorlangan maʼruzada shunday deyiladi: “Tunjeli (Poʻlumur)da keksa odamlar hamon Jaloliddin Xorazmshohga oid afsonalarni eslaydilar, buyuk Bobo togʻi uning mozori ekanini va shuning uchun ayni zamonda Sulton Bobo nomi bilan mashhurligini aytadilar”. Asli Poʻlumurdan boʻlgan Pir Ahmet Dikme Qosim esa 1999 yilda “Hayqirib bildiradiganlarim” deya nom bergan kitobida shu mavzu bilan bogʻliq shunday fikrlarni yozadi: “Moʻgʻullar bosqini tufayli yurtini tark etish majburiyatida qolgan    Muhammad oʻgʻli Jaloliddin Xorazmshoh ular bilan kurasha-kurasha kunbotishga qarab ilgarilar ekan, bir jangda yaralanadi. Doʻsti va sirdoshi boʻlgan Shayx Hasanning yoniga keladi va shu yerda bir kurd tarafidan oʻldiriladi. Uning oʻlimi haqida xabar topgan Onadoʻlidagi saljuqiy sulton Alouddin Kayqubod shunday deydi: “Jaloliddin Xorazmshoh bir kurd bahodiri qoʻlida jon berdi. Allohga hamdu sanolar boʻlsin!” Shu soʻzlarni keltirgach, poʻlumurlik Pir Ahmet Dikme shunday yozadi: “Shu tarzda oʻldirilgan Jaloliddin Xorazmshoh, bizdagi manbalarga qaraganda, yonidagi oʻgʻli Mahmudni Shayx Hasanga omonat qilib qoldiradi. Shayx Hasan avvalo chuqur ehtirom qilgan doʻsti Jaloliddinning jasadini keltirib, Tojikiston togʻlaridagi bir qoyaga dafn qiladi, shundan soʻng Jaloliddinning oʻgʻlini oʻz himoyasiga oladi. 3-4 yildan soʻng Mahmudni oʻz qiziga uylantiradi”…

 

Muallif: Suleyman MERDANOʻGʻLI,

Xalqaro “Oltin meros” jamgʻarmasi Anqara boʻlimi raisi

 

Turk tilidan Xurshida ABDULLAYEVA tarjimasi

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/safar-ila-amr-etildik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x