Safar

Essedan parcha

Shunday qilib filologiya fanlari doktori, professor Pirmat Shermuhammedovning yetmish yillik yubileyi munosabati bilan ulugʻvor Qoraqalpogʻiston diyoriga tashrif buyurdik. Yubiley bilan bogʻliq barcha rasmiy-norasmiy tadbirlar yakunlangach, bu muazzam oʻlka boʻylab safarimiz davom etdi. Hamrohlarim – Oʻzbekiston Xalq yozuvchisi Muhammad Ali, pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yoʻldoshev, filologiya fanlari nomzodi Adhambek Alimbekov, taniqli ijodkor, “Ishonch” gazetasi Bosh muharriri Abduxoliq Abdurazzoqov, Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Oʻrazboy Abdurahmonov. Tabiiyki, ustoz Pirmat Shermuhammedov hammamiz uchun ham mezbon, ham yoʻlboshchi. Safarimiz, sayru sayohatimiz bir-biridan maroqli kechmoqda edi.

 

* * *

Amudaryo ustidagi “Jumurtov panton koʻprigi”dan oʻtib, oʻngga qayrildik. Guar qalʼa xarobalari koʻ­rindi. Qalʼa daryodan yuz qadam berida edi. Uchburchak shaklda, daryo yoqalab shimoldan janubga choʻzilgan qalʼa atrofi qadimda ikki qator qalin devorlar bilan oʻralgan. Asrlar boʻroni tishlab-kemirib baʼzi joylarini yer barobar qilib xaro­baga aylantirib tash­lagan esa-da, shu qol­diq­larning oʻzi­yoq bu devorlar oʻz zamo­nida na­qadar baland, ma­ho­­batli va mustah­kam boʻlganini aytib tur­gandek edi. De­vor­lar sir­tidan har 20 qa­dam­­da burjlar bilan mustah­kamlangan. Devor va burjlar boʻylab maxsus otish darchalari koʻzga tashlanadi. Devor tepa­sida qoʻrgʻon yasovul­lari va askarlari yuradigan ochiq yer boʻlib, unga devorga yopishtirib ishlangan zinapoyalar yordamida chiqilgan. Qalʼa atrofini oʻragan va bu­tun bir istehkomlar kompleksini tashkil qilgan bu devorlar dushmanlardan saqlanish uchun xizmat qilgan…

– Dastlabki tekshirishlarda Guarning qurilgan vaqti milodiy 2 – 4 asrlarga toʻgʻri keladi deyilardi. Ammo soʻnggi tekshirishlar qalʼa miloddan avvalgi 4 – 3 asrlarga taalluqli ekanini isbotladi, – deb tushuntirish berdi allaqachon norasmiy safarboshiga aylanib boʻlgan Pirmat aka Shermuhamedov. – Il­gari behad katta edi. Devorlarining tuprogʻi juda foydali ekanligi tufayli oʻgʻit oʻrnida tashib ke­tishdi. Oʻtgan asrning 50-yillarida bu yer qamoqxona va harbiy shaharcha edi. Baland vishkalarda qurolli soqchilar turardi. Siyosiy mahbuslar saqlanardi. Ar­xeologlar harbiy garnizon turgan joyning bir chekkasida muqaddas olov yonib turganini tasdiqlovchi bezakli oʻchoq, as­karlar haykalchalarining parchalari va filning kichik haykalchalarini topishgan. Olimlar shuningdek, qalʼa ichida drenaj-kanalizatsiya ham boʻl­­ganini aniqlashdi. Qarang, antik davrda ham suv quvurlaridan foydalanishga eʼtibor berilgan ekan.

Qalʼaga chiqishimiz bilan tasavvurga sigʻishi qi­yin boʻlgan inja manzaraga yuzma-yuz boʻldik: bir tomon goʻzal va bepoyon choʻl, bir tomonda sokin, osoyishta oqib yotgan Jayhun, bir tomonda adoqsiz  Bodoytoʻqay changalzorlari.

– Bu tomonlarda qaynar buloqlaru zumrad soylar, yashil archazorlaru koʻm-koʻk oʻtloqlar kamchil. Koʻrib turibsiz, choʻl taraf pastu baland barxanlar, koʻsa soqolidek dikkaygan saksovul poyalari, choʻkirtaklar. Ammo, bahorda shunday goʻzal boʻlib ketadiki, qip-qizil qizgʻaldoqzorlar koʻzni qamashtiradi. Shamolga koʻksini tutib turgan tepaliklar yam-yashil maysalar bilan qoplanadi.Oʻsimlik dunyosi shu qadar boy, tiz­zaga uradigan oʻt-oʻlanlari shu qadar rang-barangki, soatlab tomosha qilsang ham toʻymaysan.

– Zamonlar boʻronida togʻlar yemirilgan, kentlar xoki turob boʻlib ketgan, – dedi afsus bilan Muhammad Ali aka. – Bu paxsa devorlar esa hamon tirik, hamon chidab kelyapti hammasiga.

– Guar toʻgʻrisida bir qiziq afsona bor. Bu afsonani Rossikova degan olima yozib olgan. Un­da aytiladiki, Guar ismli kelishgan yigit Shish paygʻambarning ayoliga oshiq boʻlib qoladi. Va daryoning oʻng sohiliga, toqqa yaqin joyda ajoyib qoʻrgʻon va saroy quradi. Yer tagidan daryoning chap sohilidagi se­­viklisining saroyiga eltuvchi yoʻl qazadi. Shish paygʻambar xiyonatkorlar aloqasi ustidan chiqib qo­ladi va oʻz raqibiga tashlanadi. Shunda ayol oʻz eriga yordamlashish oʻrniga uning oyogʻi ostiga tariq sochadi. Shish paygʻambar oyo­gʻi toyib tiz choʻkadi. Shu payt paygʻambarning iti Guarni oyogʻidan tishlab yiqitadi. Raqibini oʻldirgach, paygʻam­bar ayoliga: “Xoʻjangga qan­day xizmat qilishni itimdan oʻr­gan”, deydi. Pay­gʻambar dunyoni tark etish oldidan Guarning oldida tiz choʻkkani uchun oʻgʻillariga oʻlganimdan keyin oyoqlarimni kesib, fa­qat tanamni dafn qilinglar, deb vasiyat qiladi va uning vasiyati bajariladi.

– Tayyor kino ekan-ku! – deb yubordi rivoyatdan taʼ­sirlangan Alimbekov.– Nega kino qilmaymiz? Xoʻp, avvallari tilimiz kurmovda, ongimiz tushovda edi. Shoʻrolarga yoqmasdi bobolarimiz ruhiy olamini ulugʻlash. Endi-chi? – Alimbekov qizishib ketdi. – Ni­ma toʻsqinlik qilyapti? Sharoitmi? Mablagʻmi? Texnikami? Hammasi bor-ku! Prezidentimiz maʼ­naviyatni yuksaltirish toʻgʻrisida qanchalar kuyunyapti. Hech nimani ayamayapti. Million-million mablagʻ evaziga texnikalar, asbob-uskunalar olib beril­yapti. Kinochilar-chi? Televizorda turk bilan koreysnikidan boʻlak odam tomosha qiladigan narsa boʻlmasa.

– Savol berish oson, – dedi goʻyo uni yupatmoq ohangida Pirmat aka. – Siz kinochini, kinochi sizu bizni ayblagani bilan masala hal boʻlib qolmaydi. Belni ikki-uch joyidan mahkam bogʻlab hammamiz baravariga bir yoqadan bosh chiqarib ishlashimiz ke­rak. Xoʻsh, mana Muhammad Ali aka, tarixni biladi, qoʻlidan yozish keladi. Nima uchun yozmaydi? Misol uchun sohibqiron Amir Temur haqida bir necha seriyali film yozib berishi mumkin-ku?

– Hozirgina oʻzingiz aytdingiz, savol berish oson, deb. Men sizga aytmovdimmi Sohibqiron hazratlari haqida koʻp qismli kinossenariy yozib, kinokompaniyaga topshirganimni? Ular “zoʻr” deb qabul qilishdi-yu, ni­ma uchundir ushlab-ushlab ikki yil oʻtgach qoʻlimga qaytarib berishdi.

– Konservatoriya binosi yonboshida qurilayotgan Mediamarkaz bitay deb turibdi, – deb muloqotga aralashdim bu sohadan xiyol xabarim borligi uchun. – Markaz ishlay boshlaganidan keyin kino olish uchun juda keng imkoniyat ochiladi. Kinochilar yil davomida sira qiynalmay sʼyomka qiladigan boʻladilar. Yuqo­riga poyama-poya chiqiladi, uchib emas.

– Qaranglar, – dedi Pirmat aka choʻl tomonda yerga sanchilgan nayza kabi qaqqayib turgan qator simyogʻochlarni koʻrsatib. – Butalar orasida boʻzrayib yotgan yolgʻizoyoq soʻqmoq, daryoning u sohilida qush uyalariga oʻxshab moʻjaz koʻringan imoratlar, qirmiz rangga boʻyalgan tomlar, daraxt uchlaridagi yakkam-dukkam yaproqlarning ajib jilvalanishi… Qani endi bir operator boʻlsayu… Qayerda bor bunday manzara. Eshitishimcha, hind kinosanʼatkorlari mana shun­day manzaralarni suratga tushirish uchun boshqa mam­lakatlarga borib, mil­­li­on­lab mablagʻ sarf­lar ekan. Bizda esa dehqon­chi­lik, fa­qat qadriga yet­may­miz, shekilli.

Oxirlab borayotgan kun­­ning hozirgi koʻrinishi ha­­qi­qatan ham betakror qiyo­fada edi. Botayotgan qon­talash oftob daryo betida akslanadi. Yengil shamol, ovulda kimdir tandirga oʻt yoqayotgan boʻlsa kerak, oʻsha tomondan turli giyoh hidlari aralash kuyuk tezak isini ham olib kelmoqda.

Qoʻqqisdan tik turgancha oftob yonboshlayotgan te­palik tomonga koʻzlarini qisib qarab turgan Abduxoliq Abdurazzoqovning baland ovozi jaranglab ketdi:

Bu yurtda har tepa – bir shahar oʻrni…

Ne-ne bogʻlar qolgan qumlar tagida,

Kukunlarda uxlar ne-ne saroylar…

Asrlar zarbidan hali choʻkmagan,

Belin bukmagan –

Minoralar boshlar hu olislarga

Koʻngil, joy boʻshatma gʻarib hislarga.

Coʻzlarning jarangiga, toʻlqiniga zavqlanib quloq solib turgan Oʻrazboy suyunib ketdi:

– Mirtemir domlaning “Qoraqalpoq daftari” turkumiday chiroyli turkum joʻq! Bizni yurt toʻgʻrisida hech kim Mirtemir domlachalik sodda va qaynoq sheʼr­lar bitgan emas. Qarang, manovi goʻzal satrlarga qarang:

– Yangajon! – dedim.

– Qaynim-ov! – dedi.

– Berroq kel! – dedim.

– Aynima! – dedi.

Davra quvnoq edi, suhbat shoʻx edi,

Koʻngilda zarra ham gʻubor yoʻq edi.

Ana tabiiylik, ana hazil-huzul! Ana soddalik, ana daholik! Sel boʻlib ketasan, sel!

Endi mana bunisini eshiting:

Boʻylarida suxsur uchar, gʻoz uchar,

Qirgʻovul, oqquvlar etib noz uchar,

Qishni quvib koʻklam uchar, yoz uchar,

Koʻkka toʻlar savt-sado, yali-yali.

Sira aql bovar qilmaydi-ya! Qancha serboʻyoqlik, xalqchillik, samimiyat, mazmundorlik, nafosat, na­fislik, musiqiylik!.. Oqin degani, xalq oqini degani shunday boʻlsa-da!

– Shunaqa narsani yozib qoʻyib, bemalol oyoqni uzatib ketvorsang arziydi! – deb qoʻydi orzumandlik bilan Muzaffar Ahmad.

– Shuning uchun ham domlaning sheʼrlari al­la­qachon qoʻshiqqa aylanib, tom maʼnoda xalq mulkiga aylanib ketgan. Mirtemir domlaning sheʼrlari shun­day sehrli bir qudratga egaki, uni aytib, yozib, gapirib berish qiyin.

– Toʻgʻri, Mirtemir domla adabiyotimizdagi ba­land choʻqqi, juda baland!.. Oʻqiysan, oʻqiysan… oʻqigan sayin yana nimadir kashf etgandek boʻlaverasan. Ammo Abdulla Qodiriydir, Usmon Nosirdir, Gʻa­fur Gʻulomdir, Abdulla Qahhor yoki Oybek dom­ladir, ular haqida ozmi-koʻpmi bir nimalar qi­lingan adabiyotshunoslikda. Mirtemir domlaning ijo­­di esa ochilmagan qoʻriqday yaydoq yotibdi. Ada­biyotshunoslarning katta qarzi bor bu ulugʻ zot ruhi­yati oldida.

Alimbekov gapini tugatar-tugatmas daryo taraf­dan:

– Assalom, Amu! Assalom, Jayxun! – degan hay­qiriq keldi. Yoppa qaradik: Qozoqboy Yoʻldosh! Jay­xun boʻyida bizga qarab qoʻllarini silkityapti: – Bu yoqqa tushinglar! 

Qalʼadan qachon daryoga tushib ketganini sezmay qolibmiz. Zavqim toshib ketdi qulochlarini kerib tu­­­rishiga qarab. Kechki salqinda sovqota boshlagan iliklarimga olov oqib kirgandek boʻldi va unga qoʻ­shilib hayqirib yuborishdan oʻzimni zoʻrgʻa tiyib qoldim.

Qalʼaning eng baland nuqtasidan qachonlardir bolakay Pirmatni oʻz quchogʻida kuniga oʻn martalab erkalatgan mehribon daryo boʻyiga endik. Tushayot­ganimizda ustozning entikib-entikib nafas olayot­ganini sezdim.

Amudaryo qadrdon doʻsti bilan salomla-shayot­gandek shoʻx toʻlqinlarini qirgʻoqqa chalpidi. Pirmat aka:

– Salom, ona daryo! – deb qoʻllarini koʻksiga qoʻy­­di, egilib daryoga salom berdi. Keyin qaddini rostlab, qoʻllarini keng yozib, oʻmganini kerib xuddi daryoni quchoqlamoqchi boʻlganday mehr va ichki bir nido bilan: – Dunyoda Amudan chiroyli daryo yoʻq! – deya xi­tob qildi. Ustozning bu soʻzlarida hech qanday shior yo chaqiriq tarzidagi chuchmal ohanjamalik yoʻq edi. Solih farzandning ota makonga beadoq muhabbati gurkirab turardi bu xitobda.  Ustoz chuqur nafas oldi-da, qamishlar, chechaklar oʻsib yotgan narigi qirgʻoqqa, tepaliklarga, daryo yoqalab ketgan beadoq toʻqayga suqlanib qarab qoldi.

Daryo ham mungli-maʼyus boʻlib qolgandek edi. Toʻl­­qinlar oʻsha kunlar qissasini shivirlab aytib bermoqchi boʻlayotgandek mayin chayqalardi.

– Uchta qoʻyimiz boʻlardi. Oʻtlatish uchun har ku­ni qayiqqa mindirib daryoning u yogʻidan bu yo­gʻiga olib oʻtardik. Oʻt qalin edi bu qirgʻoqda. Qoʻy boqib yurganimizda qalʼa devorlari atrofida Iso pay­gʻambarga oʻxshagan sochlari uzun bir chol yurardi Guar qoldiqlarini kovlab-qazib. Qadimda bu za­min­da umrguzaronlik qilgan mahalliy aholi – sak-massagetlar Amuni “Oʻkuz” deganini birinchi marta oʻsha choldan eshitgan edik. Ona daryomiz yunon adabiyotida OKS gerkcha OKOS shaklida tilga olinishi, Mahmud Qoshgʻariy lugʻatida “Oʻkuz” termini daryo soʻzini ang­latishi, “Avesto”da Ardvi, yana bir manbada Amul ham deyilishi, Jayhun nomi esa Tavrotdagi “Gihon”ning arabchalashgan shakli boʻlib, daryo 17-asrgacha oʻgʻuz deb kelingani, turkiy tillarda ham oʻgʻiz atamasi daryo maʼnosida qoʻllanganini keyin-keyin kitoblarni oʻqib bildik. Bilganlarim daryodan tomchi, dengizdan zarradir. Bu zaminda ne-ne siru sinoatlar yashringani yolgʻiz Yaratganning oʻziga ayon.

– Amul degani hozirgi Chorjoʻy. Amudaryo ata­masi adabiyotga ancha kech, IX-X-asrlarda kir­gan. Akademiklar Bartold va Yahyo Gʻulomovning aniqlashicha, Amul shahri Mavorounnahr bilan Xo­razmni bogʻlovchi yoʻl­lar chorrahasida joylashgan boʻlgan.

Quyosh togʻlar ortiga botib borar, roʻparadan e­sa­yotgan shamol butalarni chayqatar, Pirmat aka hi­koya qilayotganda, quruq qamish poyalari bir-biriga tegib shitirlagan ovozlar eshitilardi.

– Bu dunyo yoʻriqlarini anglamoq qiyin, – dedi bir daqiqalik jimlikdan keyin Muhammad Ali aka oʻychan ohangda. – Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig”ida bir manzara bor. Oʻzgʻurmish Oʻgdulmushning savoliga javob bera turib deydi: “Qora yer qaʼriga bir nazar solgin, unga ne-ne kishilar kirmagan. Ammo uning oʻpqoni sira-sira toʻlmaydi.

Qora yer qaʼrini ochib koʻrish mumkin boʻlganda edi, u yerda ne-ne sara, asl kishilar azob chekib yotganlarini koʻrgan boʻlar eding.

Ne-ne beklar qora yer bilan teng boʻlib yotib­dilar, ne-ne bilagʻon, donishmandlar yer ostida chirib yotibdilar.

Ularning begini qulidan ajrata olmayman, kam­bagʻallarini boylaridan farqlay olmayman.

Mana shunday sara kishilar yer bilan yakson boʻlganlarida, yo sen, yo men tirik qolarmidik…” Fal­safaga qarang…

– Tarixni kovlasang qiziq, – dedi halidan buyon indamay eshitib turgan Qozoqboy aka. – Mana til, oʻzimizning turkiy tilimizning boshidan kechir­ganlari. Tilshunos olim Baskakov turkiy tillarning shakllanishini uch davrga: xunlar, qadimgi turk, oʻrta turk davrlariga boʻladi. Eramizning v asrigacha boʻlgan birinchi davrda avval janub va shimolda, keyin sharq va gʻarbda yirik urugʻ-qabilaviy birliklar paydo boʻladi. 6-9 asrlarni oʻz ichiga olgan qadimgi turk davrida ilgari shakllangan qabilalar va urugʻlar endi bulgʻorlar, qipchoqlar, oʻgʻuzlar, qorluqlar, qir­gʻiz-qipchoqlar kabilarga boʻlinib ketadi. Olim 9 -15 asrlarni qamrovchi uchinchi davrni ikkiga: 4-12 asrlarni qamrovchi moʻgʻullarga va ulardan keyingi 13-15 davrlarni oʻz ichiga olgan qoraxoniylar, xo­razmiylar va ulardan keyingi Oltin Oʻrda dav­lati, Saljuqiylar ittifoqining tashkil topishi bi­lan belgilaydi. Baskakovning fikricha oʻgʻuzlardan: oʻgʻuz-turkmanlar, oʻgʻuz-saljuqiylar, oʻgʻuz-boʻlgʻorlar, qipchoqlardan esa qipchoq-bulgʻorlar, qipchoq-polo­vets­lar va hokazolar vujudga keladi. Ammo uning tadqiqotida bahsli oʻrinlar koʻp.

Fayzulla Salayev Qozoqboy akaning muloha­zala­rini davom ettirdi:

– Ammo bitta haqiqat borki, hamma davrlarda ham bu mintaqada yashagan ajdodlarimizning obroʻ-eʼtibori jahon miqyosida salmoqli boʻlgan. Aleksandr Makedonskiy bostirib kirganda, Xo­razm davlatining chegarasi Itil (Volga) va Yoyiq (Urol) boʻylaridan tortib Dnepr va Qora dengiz qirgʻoqlarigacha choʻzilgan edi. Bu yerlarda qipchoqlar, mojorlar, xazarlar, oʻgʻuz­lar, pecheneglar kabi tur­kiy qavmlar yashar edi. Kiyev Rusi davrida ham Xorazm davlatining qudrati baland edi. Bu vaqtlarda hatto Kiyev Rusi davlatining knyazi Vladimir Svya­toslavich islom dinini qabul qilish niyatida oʻzining toʻrt kishilik vakilini Xo­razmga joʻnatgan. Rus el­chilarini hurmat bilan ku­tib olgan Xorazmshoh, javob tariqasida mashhur imomlardan birini Rus davlatiga yuborgan, shundan soʻng ayrim ruslar islom dinini qabul qilgan.

– Yana bir qiziq fakt, – dedi Pirmat aka. – Bundan bir necha ming yillar oldin Amudaryo Uzboy orqali oʻtib Kaspiy dengiziga quyilgan. Keyinchalik tabiiy kuchlarning qarshiligiga uchrab daryo oʻz yoʻlini gʻarb tomonga burgan va natijada Orol dengizi hosil boʻlgan. Serunum togʻ jinslari-mineral oʻgʻitlar choʻ­­kib-oʻrnashib qolganidan boʻlsa kerak, tumanimiz yerlari serhosil. Lekin… – Pirmat aka birdan xayolga choʻmdi. – Lekin, bu xalqning chekkan azoblariga… Mayli, Iskandaru moʻgʻul istilolarini qoʻya turaylik. Faqat rus imperiyasining oʻzi uch marotaba uyushtirgan bosqini oqibatida ozmuncha begunoh insonlar qurbon boʻldimi?  1717 yilda kelib chiqishi kavkazlik boʻlgan general Bekovich-Cherkasskiy, 1839–40-yillarda Oren­­­burg hokimi Petrovskiy, undan keyin Fon Kauf­man boshchiligida amalga oshirilgan bosqinlarda shu darajada vahshiyliklar qilganki, tarixchi Bayo­niyning “Shajarai Xorazmshoh” asarida yozilishicha, Mangʻitni bosib olayotgan rus qoʻshinlari aholining erkagu ayoli, yoshu qarisiga qaramay beshikdagi bola­sigacha ayamay qirib tashlagan. Uylarni yondirib ku­lini koʻkka sovurgan bosqinchilar bozor kuni bozorga sotish uchun keltirilgan chorva mollarini ham otib tashlagan. Rus imperatori qonxoʻr xizmatchilarini ulkan unvonlar, oltin qurollar bilan taqdirlagan.

Unutib boʻlarkanmi bu fojealarni. Mangʻitda “Ming yarim shahidlar” qabristoni bor. Oʻsha dah­shat­­larda qurbon boʻlgan eldoshlarimiz taqdirini es­latib turuvchi unsiz xotira bu. Hokimiyat hozir u yerda bogʻ va muzey barpo qilyapti. 

 

* * * 

Rasmiy-norasmiy uchrashuvlar adoqlagach, nav­bat ovga keldi. Bu jarayon tashabbuskori Oʻrazboy Abdurahmonov edi. U bir necha yillardan beri i­­chim­­­ni qizitib kelardi Qoraqalpoq toʻqayzorlariyu changalzorlari haqida gapiraverib. Gap shundaki, biz yetti-sakkiz yil bitta tashkilotda – Oʻzbekiston teleradiokompaniyasida yonma-yon xizmat qildik. U “Oʻzbektelefilm”ning Qora­qalpoq boʻlimini bosh­qardi. Qoraqalpogʻistonning ta­biiy boyliklari, qa­­­dimiy yodgorliklari, betakror ta­biat olamini tas­virlovchi qator hujjatli filmlar yaratdi. “Axborot” teledasturida qoʻriqxonalardan tay­yorlagan qiziqarli lavha va reportajlari berildi. Faqat shu emas, bu ogʻam bilan juda uzoq, salkam qirq yillik qadrdonligimiz bor.

Oldinda bizning “Gazik”, orqada “Neksiya” – ke­tib boryapmiz choʻl oralab. Mangʻit orqada qoldi. Kegayli kanalining “Kiyik koʻprik” degan koʻprigiga yaqin­lash­ganda, Oʻrazboy:

– Manov yoqqa bir qaranglar! – dedi katta yoʻlning chap tomonida katta karvon yangligʻ tizilib turgan zamonaviy imoratlardan iborat koʻrkam qoʻrgʻonni koʻrsatib. – Zamonaviy usulda qurilgan yangi posyolka. Yangi Xalqobod deyiladi. Prezidentimizning 2009 yilda qabul qilgan “Qishloq joylarda uy-joy qu­rilishi koʻlamini kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroridan keyin qurilgan. Shahardagi uylardan kam emas. Hamma sharoiti bor. Bir vaqtlar uy qursak, hovlining yarmini bostirmayu molxona egallardi. Bu uylarda butkul boshqacha – ayvon, dahliz, mehmonxona, yotoqboʻlma, bala-chaqa xo­nasi, vanna, garaj – hammasi muhayyo, joy-joyida.

– Shu yerda bir pas toʻxtab, yangi posyolkani bir koʻraylik, – dedi qiziqishi ortgan Abduxoliq aka.– Prezidentimizning siz tilga olgan qarori mamlakatda zamonaviy qishloq meʼmorchiligining shakllanishiga asos soldi, qishloq obodligi va taraqqiyotiga zamin yaratdi. Lekin ayrim viloyatlarda mahalliy sharoit, xalqimizning tabiati, mayl-istagi va azaliy anʼ­nalarini hisobga olishda maʼlum kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilganini Pirezidentimiz Andijon viloyatiga borganlarida alohida taʼkidladilar.

– Bizda hammasi odamlar ming yillardan buyon orzu qilib kelganiday! – dedi koʻzlari yonib Oʻrazboy ogʻa. – Har bir hudud alohida-alohida yaratilgan namunaviy loyihalar boʻyicha qurilgan. Mana, hozir oʻzingiz koʻrasiz.

Koʻrdik.

Havasimiz keldi.

Qani endi, biz shunday bir imorat qursak, de­dik bir-birimizga. Illo, Yangi Xalqobodning koʻ­chalari shaharning ravon yoʻllaridan aslo kam emas, devorlari qizgʻimtir pishiq gʻishtli, gʻoyat shinam va bejirim uylar, bu uylardagi qulay sharoitlar, chindan-da havas qilsa-qilgulik edi. Yotish-turishdan tashqari 12 sotixli hovlida echki-qoʻy, tovuq-joʻja bo­qish, daraxtlardan meva-cheva, to­mor­­­qadan sabzi-piyoz yetishtirib, bemalol roʻzgʻori das­turxonini obod qilish mumkin. Shaharcha toza ichimlik suvi, tabiiy gaz bilan taʼminlangan. Oʻzining bogʻ­chasi, maktabi, sport maydoni, supermarketi, maʼ­raka-mavridlar oʻtkazuvchi marosimlar uyi bor. Ikki chaqirimcha nariroqda yangi kollej binosi bitay-bitay deb turibdi.

– Yangi uy-joylar odamlarning hayotini, orzu-oʻylarini oʻzgartirib yuboryapti, – deb davom etdi yana katta yoʻlga tushganimizdan keyin Oʻrazboy ogʻa. – Hamma ishlaydi, tinmay oldinga intiladi. Sababi, bu uylar kreditdan paydo boʻlgan. Kreditlar imtiyozli – 15 yillik. Qarzdan qutulish uchun ham astoydil ishlamasang boʻlmaydi. Uy qurish azoblarini uy qurgan biladi. Yogʻoch top, taxta top, sement qidir, gʻisht opke, usta gaplash, mardikor opke, hasharchi izla – joningni halqumingga keltirib yuboradi. Qoraqalpogʻistonda shuning uchun ham uy qurish pashti toʻxtab qolgan edi. Hozir-chi, meʼmorlarga borib, koʻnglingga yoqqan lo­yihani tanlab, buyurtma berasan – tamom-vassalom. Hammasini oʻzi bajarib, qoʻlingga kalitni tuqazadi. Men bitta gazetaning zakazi bilan shu sohada amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganib chiqdim. Burnogʻi yili mamlakatda 6800 ta, bultur 7400 ta mana shunday uy-joylar qurilgan boʻlib, shularning 500 ga yaqini “Qishloqqurilishinvest” injenireng kompaniyasi Qo­­­ra­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­qalpogʻiston filiali buyurtmasiga asosan Qo­raqalpogʻistonda barpo qilingan. Ellikqalʼadagi “Qilchinoq”, Kegaylidagi “Qizil uy”, Xoʻjaylidagi “Oy­­bek”, Chimboydagi “Tazqora”, Nukusdagi “Uzunkoʻl”, Qoʻngʻirotdagi “Guliston” qoʻrgʻonlarida saf-saf tur­nalar kabi tizilishib turgan mana shunday binolarni koʻrganda odamning sevinchi ichiga sigʻmay ketadi.

Oʻrazboy ogʻaning hikoyasi toʻqayzorgacha davom etdi. U yana barcha turdagi qurilish materiallari ham asosan Qoraqalpogʻistonning oʻzida ishlab chiqarilayotganini, ilgarilari atigi toʻrtta gʻisht zavodi boʻlgan oʻlkada hozir oʻnlab shunday zavodlar kechayu kunduz tinimsiz ishlab turganini ham aytib berdi. Yoʻlning ikki betini qoplab borayotgan changalzor qalinlashib-quyuq­lashaverdi.

– Hozir burilamiz, – dedi mashinani haydab borayotgan Oʻrazboyning bojasi – Abduqodir Kara­mid­dinov daraxtlar orasidan oqarib koʻringan tor koʻchaga burilish uchun ulovni yoʻl oʻrtasiga olar ekan. – Bu yogʻi oʻydim-chuqur.

Angladikki, endi ehtiyotroq boʻlish kerak. As­falt yoʻldan chapga burilib changalzorga kirdik. Tup­roq koʻ­cha toʻqayzor-oʻrmon ichidagi tevaragi chetan devor bi­lan oʻralgan hayat-hovliga olib bordi. Ismi Manabay ekan, yoshi 25 larga kirgan sovuqda ham yengil kiyingan yigit bizga peshvoz chiqib qoʻlimizga suv quya boshladi.

– U Abduqahhor akaga ayricha koʻtarinkilik bilan: – Baliqshoʻrvayam, baliqjarkopam taxt. Qaysidan bosh­lay­­lik, ogʻa?–dedi.

– Oʻrdakshoʻrva-chi? Tayyormi uyam? – deb kuldi Karamiddinov aka. Keyin bizga burilib: – Qoraqalpoq degani toʻgʻri tayoq – ayyorlikni bilmaydi, – deb yana yigitga yuzlandi: – Avval uyga kiraylik, ovmin-povmin qilaylik.

Janabay sharaqlab kuldi:

– Boʻladigan ishni jantaqqa sudrash nima kerak, ogʻa?

Peshonasi yarim aylana ayvonchada poyabzallarni qoldirib, nimyorugʻ yoʻlak bilan toʻrdagi koʻndalang uyga oʻtdik. Keng va yorugʻ edi bu xona. Oʻrtada tuzalgan uzun xontaxta. Xontaxta girdiga yangi koʻrpachalar toʻ­shalgan.

Har kim siyini bilib-bilib oʻtirdi.

Hassa tayangan esa-da, harakatlari tetik qora­qalpoqaft bir chol kirdi. Koʻrinishiga qarab yet­mish­larga kirgandir desak, saksondan oshganiga besh yil boʻlgan ekan. Esengeldi bobo duoni ham baʼzi chollarga oʻxshab ezib oʻtirmadi:

– Olganlaring oltin boʻlsin. Yurtimiz obod­li­gi­ni, tinchligimizni saqlab turgan davlat­bo­­­shi­mizning um­ri uzoq boʻlsin. Koʻz tegmasin mamlakatimizga. Omin, oblohu akbar!

Qoraqalpoq odati boʻyicha xonadon bekasi choy opkirdi.

– Kelinim, – dedi chol. – Oti Zebogul. Qizim, ulugʻ mehmonlar bilan soʻrash.

Zebogul kelinchaklar kabi egilib soʻzsiz sa­lomlashdi. “Xush koʻrdik, ogʻa”, deb Abduqodir akaga alohida iltifot qildi. Uy egalarining muomalasidan sezdikki, Abduqodir akaning obroʻyi baland edi bu yoqlarda. Axir, u kimsan – “Nukus baliq” ochiq aksiyadorlik jamiyati raisining oʻrinbosari-da.

Bir-ikki piyola choydan keyin, Esengeldi bobo “Sizlar yozilishib bemalol oʻtiringlar”, deya uzr soʻrab chiqib ketdi. Karamiddinov Janaboyni chaqirib bunday dedi:

– Mana endi shoʻrvang bormi, qovurmangmi – opkelaver. Faqat tez boʻl. Qorongʻu tushib qolmasidan koʻlga chiqib… a? Miltiqlar moylanganmi? Malades. Chechamga ayt, dajjam-dajjam qimirlasin.

Gap osh-ovqatda emas-u, lekin dasturxon hurmati, mehmondorchilik hurmati – aytishim shart: umrimda yemagandim bunday mazali baliqshoʻrvani – ichgan sari ichging keladi.

Baliqxoʻrlikdan keyin, ust-boshimizni almash­tirib, ovga joʻnadik

Olti kishimi, sakkiz kishimi, ishqilib, Pirmat aka bilan Muhammad Ali akadan (ular ikkovi shu yer­da qolishdi. Muhammad Ali aka yaqinda koʻzini davolatgan, ehtiyot qildi. Pirmat aka u kishini yol­gʻiz qoldirib ketgisi kelmadi) boʻlak hammamiz, va yana ikkita mezbon bola bilan mashinaga joylashdik. Mashina chetan devor yoqalab biroz yurgach, chapga – quyuq butazor ichiga shoʻngʻib ketgan ilonizi koʻchaga burildi. Oldimizda tramvay yoʻliday yonma-yon ketgan ikkita iz koʻrinib turardi. Izlarda halqoblanib qolgan loyqa suv pasayib-gʻingʻillab borayotgan “Gazik” gʻil­diragi ostida butalarga sachraydi. Mashina muzda ketayotgandek goh oldi, goh keti toygʻonib ketadi, ammo ariqchadan chetga chiqolmay, yana biltanglab-biltanglab ketaveradi. Izlarning orasida qurib qolgan oʻt-oʻlan choʻkirtaklari dikkayi koʻrinadi, koʻchaning ikki yoni uvat – u yogʻi butazor.

Koʻp yurmay changalzor qalinlashdi. Oldinda qo­rayib turgan daraxtlar orasida umringda koʻrmagan qanaqadir mubham bir nimalar borday tuyuladi. Ix­tiyoringni oʻgʻirlab qoʻygan oʻsha “bir nimalar” sari zoʻr hafsala bilan intilaverasan, nihoyat sehrli boʻlib koʻringan boyagi joyga yetib borasan, qarasang –­­­ oʻzing bilgan daraxtlaru butalar, boshqa hech gap yoʻq. Nadomatli bosh chayqab qoʻyasan. Ammo shu zahoti ol­dinda yanayam mavhumroq narsalar bordek boʻladiyu, tagʻin shiddat bilan yoʻlingda davom etasan. Bizning istqbolimizda ham qandaydir oʻzgacha bir narsa koʻ­ringandek boʻlaverdi. Olisda, qalin changallar ora­sida allanarsa yaltirab koʻrindi. Butalar or­tidagi bepoyon koʻl ekan bu. Shu ekan Dovudkoʻl deganlari.

Bu yerdagi manzara hayratli edi: botayotgan quyosh nurlari koʻl betiga qip-qizil gilamday toʻshalgan – choʻgʻdek tovlanadi, kechki shamolda qamishlar sirli-sirli shitirlaydi, suv chayqalib kelib sohilga uri­ladi. Bir muddat koʻldan koʻz uzolmay qotib turdik. Turgan joyimiz mashina oldinga-orqaga yurib amal-taqal bilan burilishi mumkin boʻlgan kichik sayhonlik edi. Oyoq osti loy, shox-shabba va qurigan oʻt-oʻlanlar ustidan ehtiyot boʻlib yurmasang oyogʻing loyga kirib ketishi mumkin. Janaboy mashinadan tush­gan zahoti miltiqni yelkasiga tashladi-yu, odam boʻyi qamishlar orasiga kirib ketdi. Karamiddinov qurigan qamish­larni yonlamasiga tepib-bosib joy tayyorlashga ki­rishdi. Oʻrazboy mashina yukxonasidan ul-bul olib “Gazik”ning tumshugʻiga qoʻydi:

– Bu jay savuq, aqsaqallar, badanni qizdirib olmasangʻiz shamallab qoluv mumkin.

Toʻgʻri edi uning gaplari. Biz – shaharlik soyakilar, koʻldan kelayotgan muzday shamolning sovuq zahrini allaqachon sezib boʻlgan edik. “Badandi qizdirib” olayotganimizda, Janaboy kirib ketgan qamishzor ichidan ketma-ket oʻq tovushi eshitildi.

– Ikkitasi tegdi, bittasi… yoʻq, – dedi oʻsha tarafga qulogʻini ding qilib turgan Karamiddinov.

– Qayoqdan bildingiz?

– Tegsa “piq” etadi, tegmagani varanglab ketadi.

Abduxoliq Abdurazzaqov:

– Biz faqat varanglatar ekanmiz-da, – deb ma­shinaga suyab qoʻyilgan miltiqni qoʻliga oldi.

– Ovchi aka, miltiq stvolini odatda birovga qaratmaydilar, tepaga koʻtarvoling! – deb yayrabgina kuldi Oʻrazboy.

– E, darvoqe, – deb Abduxoliq aka miltigʻining uchini osmonga oʻnglab, qoʻgʻa-qamish orasida gʻoyib boʻldi.

Qozoqboy Yoʻldosh boʻlsa eski ovchi singari beshotarni obdon tekshirib boʻlganidan keyin sho­shilmay, Janabay ketgan tomon yoʻnaldi. Men koʻlga qarab yurdim. Shox-shabbalarni asta-asta bosib suv­ga kirdim. Yelkamdagi miltiq sovuq va ogʻirgina edi. Ehtiyotlik bilan qoʻnji bir quloch rezin etikni sud­rab, toyib-toygʻonib tobora ichkarilab boryapman. Tikkayib turgan qamishpoyalarning boʻyi pasayib, koʻl sathi kengayib bormoqda. Suv tizzamni koʻmdi.

Uzoqdan yana oʻq tovushi keldi. Qudalar otdi-yov. Nimadir oʻldi. Yuragim shuvillab ketdi. Miltiqni avaylab tushirdim. Yelkamga osdim. Va negadir suyunib ketdim. Rezin etikni sudragancha tez yurishga harakat qilib, qirgʻoqqa chiqdim.

Sohildagilar kula-kula qarshi olishdi:

– Oʻh-hoʻ! Kakliklar kamarga sigʻmay ketibdi-ku!

– E-e! Gʻozlarni qayoqdan topdingiz?

– Aytsam, ishonmaysiz, – dedim Adhambek Alim­bekovga qurolni uzatib.– Men umrimda miltiq otgan emasman.

– Qoyilman! – oshkora hayqirib yubordi u. – Qoʻrboshi, ovchilarning qoʻrboshisiman demaysizmi, taqsir! – Keyin mashinaning kapotiga qoʻli bilan tarsillatib bir urdi-da: – Oling manovini, – deb piyolani qoʻlimga tutqazdi.

Qamishzorni shitirlatib, qudalar va Janabay bilan oʻzimizning ovchilar chiqib kelishdi. Qudalar­ning qoʻli belida, ammo Janabayning kamarida besh­tacha qirgʻovul osilib turardi.

– Otgan biz boʻlamiz, Janabay koʻtarib kelyapti! – deb vah-vahlab kuldi Qozoqboy aka. – Toʻgʻrimi, Janabay inim?

– Eh-he ular otgan qushlarning qanchasi cha­ka­lakzorda qopketdi, topolmay qoldik qorongʻida, – deb kulgiga qoʻshildi mezbon. – Ovchilik havosini olgan, pixini yorgan ekan Qozoqboy agʻamiz.

Tik turgancha “pixini yorgan” ovchilarni sharaf­ladik, Keyin Karamiddinov toʻshagan dasturxon te­varagida davra qurdik. Boyagina osmonda emin-erkin uchib yurgan baxtsiz qirgʻovullar bir chetda – xas-xashaklar ustida uyulib yotardi. Ichim achishib ketdi:

– Har kelgan toʻda shunchadan otib oʻldiraversa dunyoda qush zoti qolmasak kerak. Shundaymi?

– Yoʻq, gap faqat otishda emas, – dedi Kara­mid­­dinov. – Xitoyda 1,5 milliard odam bor. Agar ular bittadan qush otganda ham Xitoyda parranda qirilib ketardi. Qushlarni koʻpaytirishni ham esdan chiqarmaslik kerak, hamma gap ana shunda..

– Nega olov yoqmay oʻtiribmiz? Shunday joy, oqshom, suvuq…

– Manov bashliq ne qilmayatir, – Karamiddinovga ishora qildi Oʻrazboy ogʻa. – Alov toʻqaygʻa oʻtsa, oʻrman janip ketadi, diydimi-ye…

– Gulxanni ertaga, baliq ovida yoqamiz, – dedi Karamiddinov yurt egasiga xos salobat bilan. – Kechki olov apasniy, butalar hali quruq, tangaday choʻgʻ palakatga aylanib ketishi mumkin. Toʻqayda qamish koʻp, yulgʻun, saksovul koʻp, qari tollar koʻp. Salga pov etib ketadi.

Karamiddinov endi bizlarni chalgʻitmoqchi boʻ­lib gap abdavini bu yerlarning tabiatiga burdi.

– Qoraqalpogʻistonda oʻrmon-toʻqay fondi 1129 ming gektardan ziyat. Amudaryo deltasida yetti yuz xilga yaqin gulli oʻsimliklar oʻsadi. Shularning 364 turi dorivorlik xususiyatiga ega. Umurtqali hayvonlarning 3500 dan ortiq turi bor. Choʻlda – ilon, kaltakesak, qumsichqon, qoʻshoyoq, jayron, boʻri, burgut, tuvaloq; toʻqayda – qirgʻovul, oʻrdak, gʻoz, loyxoʻrak, chiya­boʻri, toʻqay mushugi, quyon, qabon; koʻlda – pilmay, sazan,taran, laqqa…

Oʻrazboy shu yerda bojasining gapini boʻlib, mavzu jilovini qoʻliga oldi:

– Eng katta qoʻriqxona “Sudochye”. 1991 yilning dekabr oyida Prezidentimizning tashabbusi bilan “Sudochye” davlat ornitologiya buyurtma qoʻriqxonasi tashkil etildi. “Bodaytoʻqay” bilan “Saygʻoq” qoʻriq­xonalariyam bepoyon. Bulardan tashqari, 2000 yildan buyon Orol dengizining qurib qolgan oʻzanida oʻrmon barpo etishga oid Oʻzbekiston – Germaniya qoʻshma loyihasini amalga oshirish ishlari davom etmoqda. Har toycha oʻzi suv ichgan buloqni maqtaydi, degan xayolga bormanglar-u, ammo inson uchun tugʻilgan yeridan mukarram manzil boʻlmaydi. Har koʻkatning oʻzi suygan tuprogʻi boʻladi.

Qoraqalpogʻiston degani – bir yoni Qizilqumga, bir yoni Qoraqumga ulanib ketgan behudud choʻlu sahrolar orasidagi bir makon aslida. Ammo shu sahroyu choʻl­lar bir kun kelib yurtimizni Quvayt, Dubay degan davlatlar kabi dunyodagi eng badavlat davlatlarga aylantirib yuborishi mumkin.

Halidan beri bojasining gapi tugashini ku­tib turgan Karamiddinov allaqanday shishinib, allaqanday boshqacha boʻlib, mavzuni ilib ketdi:

– Malades! Dunyodagi eng katta sahro Sahroi Kabirdir. Uning maydoni 700 ming kvadrat kilometr.Undan keyin Markaziy Osiyoda Gobi, Jungʻoriya, Arabiston yarim orolida Rub ul-Xoliy, Qizilqum bilan Qoraqum ana shu sahrolardan keyingi oʻrinlarni egallaydi. Qoraqum 350 ming, Qizilqum 300 ming kvadrat kilometrdan iborat.

Bojasi soʻzlayotganda chekib turgan Oʻrazboy yana undan jilovni tortib oldi:

– Shoʻrolar tuzumi oʻtgan asrda Qoraqalpoq xalqini zoʻrlik bilan Orolidan ayirdi. 5 million gektar maydonni tashkil etuvchi Orolqum sahrosi paydo boʻldi. Qoraqum Ustyurt va Orolqum orqali Qizilqum bilan tutashib ketdi. Uch sahro va bir tekislikdan iborat boʻlgan yangi sahro yer yuzining qancha qismiga egalik qilayotganini hali hech kim hisoblab koʻrgan emas. Bu fojea oqibatida faqat oʻsimliklar dunyo­­­sining 220 dan ortiq turi nobud boʻldi, hayvonot olami boshiga qiron keldi. 1920 yilda Ustyurtda 1 milliondan ziyod boʻlgan saygʻoqlar soni 40 barobar kamayib ketdi. Hali koʻp kulfatlar keltirishi mumkin insoniyat boshiga bu dahshatli fojea.– Oʻrazboy ogʻa alanglab sigaret izladi, toʻnkarilgan piyolada tutab turgan qoldiqni olib, labiga tekizgan edi, barmogʻi kuydi, uni olovga otib, qutini titkiladi, quti boʻsh edi, uniyam olovga tashladi. Salayev sigaret tutdi. Oʻrazboy ogʻa yonayotgan choʻpni olovdan sugʻurib olib, tutatdi, koʻkragini toʻldirib tutun yutdi. – Zoʻravonlar elimizni Orolidan ayirsa ham, Olloh xalqimizning nasibasini boshqa tomondan berayotir, – deb bor alamini chiqarib tashlayotgandek ichdagi tutunni qat­­tiq pufladi. – 1995 yilda Urgʻin gaz koni foydalanishga topshirildi. 2005 yilda “Sharqiy Berdaq” gaz koni ochildi. Ustyurt bilan Orol atrofidagi 6 ta kondan sanoatbop gaz olish yoʻlga qoʻyildi. “Qoʻngʻirot” kom­pressor stansiyasida har kuni 35 million kubometr gazni quritadigan qurilma bitkazildi. Shu yilning oʻzida Moʻynoq atrofida “Porlitaoʻ” va “Sohil” gaz konlari ochildi. Qoraoʻzak bilan Taxtakoʻpirda Ja­nubiy Koreya va Eron mamlakatlari kompaniyalari tomonidan gaz konlarini tadqiq qilish ishlari boshlandi. Prezidentimiz Islom Abdugʻaniyevich Ka­rimov Janubiy Koreyaga borganlarida Surgilkon bazasida gaz-kimyo kompleksini qurish va konni oʻzlashtirish loyihasini amalga oshirish boʻyicha 3 milliard 100 million AQSH valyutasi hajmidagi investitsiya shartnomasini imzoladi. Rossiyaning “Gazprom”, “Lukoyl” kompaniyalari esa Ustyurt tekis­liklarida yangi gaz konlarini qidirib topmoqda. Eh-he, yana qaysini aytay, aytib tamomlab boʻladimi? Davayti, shunday ulugʻ ishlar uchun bir koʻtaraylik!

Odamning kimligini bilmoqchi boʻlsang, safarda sina, degan gap chin. Haliroq ja-a maqtanuvdim: Oʻraz­boy Abdurahmonov bilan falon yildan beri doʻstmiz, falonmiz, pismadonmiz, deb. Umuman, ol­ganda, nima degan boʻlsam, barisi rost. Lekin uning ruhoniyatini bilmasligim ham chin haqiqat ekanki, safar davomida buni yanayam teranroq sezyapman. U nafaqat iqtidorli adib, mamlakatda sodir boʻ­layotgan har bitta oʻzgarishni chuqur his etadigan, tahlil qiladigan, gʻalabalardan zavqu shavqqa toʻ­ladigan ulkan qalb sohibi ekan. Zehn solsang, Oʻrazboy ogʻa tilga olgan faktlar bor gaplar – boʻlib turgan ishlar, hamma bilishi, gʻururlanishi lozim boʻlgan voqealar. Lekin bu ogʻamdek yurakdan his qiladimi hamma, shodliklarini ichiga sigʻdirolmay toshadimi, koʻpiradimi? Sigʻmaylar ketadimi zaminu falakka? Zamon qanchalik tinch, osoyishta, toʻq va farovon boʻlmasin, baribir nolib yuruvchi odamlar bor-ku! Xalqimiz undaylarni: “Noshukurda shukur boʻlmas, nonkoʻrda uzr” deydi.

Quchoqlab, mahkam bagʻrimga bosgilarim kelib ketdi vatansevar ogʻamni, va yanayam joʻshtirgim kelib:

– Qoʻngʻirot soda zavodi, “Toshkent – Beynov” avtomagistrali-chi! – dedim uning kayfiyatiga mos­lab.

Shashti yanada qoʻpib, chehrasi yorishib ketdi:

– Aytdim-ku, aytib tamamlalmaysan, deb! – dedi qoʻllarini havoda silkitib. – Markaziy Osiyoda yakkayu yagona zavod bu! Kaustik, kalsiylashtirilgan soda, oziq-ovqat sodasi ishlab chiqarish bilan birga koʻp sohaga zarur xomashyolar ham tayyorlanadi bu korxonada. Bu xomashyolar shisha va shisha idishlar, yuvish va tozalash vositalari, qogʻoz-karton ishlab chiqarish, rangli metallurgiya va yengil sanoatda keng qoʻllanadi.

Yana bitta zoʻr gap bor. Tabiiy usulda olingan sodaning bahosi jahon bozorida haddan tashqari baland. Mana shunday tabiiy xom ashyo zahirasiga ega davlatlar dunyoda sanoqli. Ularning orasida avvallari Kanada, Meksika, AQSH, Braziliya, Boliviya, Venesuela, Bostvana, Keniya, Chad, Efiopiya, Nigeriya, Tanzaniya, Uganda, JAR, Xitoy, Hindiston, Pokiston singari davlatlar boʻlgan boʻlsa, endilikda bu safga Oʻzbekiston ham qoʻshildi.

Oʻzga yurtning gulidan oʻz yurtingning choʻli yaxshi. Tuq­­­qan yerda tugʻing tik. Mening tugʻim shu choʻlda tik – hilpiraydi. Mening choʻlim, mening jonim! Choʻl­laringdan, toʻqay­laringdan aylanaman, yurtim!

Na kekkayish, na gerdayish, na takabburlikni bil­maydigan ogʻamning boʻylari chinor boʻlib ketgandek edi. Bu gʻurur ogʻushida olam-olam sururni koʻrdim.

– Azim Suyun boʻl-e! – dedi unga qarab zavqi toshgan Qozoqboy aka.

– Vey, u joʻram-ku! Qaraqalpoqning kuyovi. Ayali Toʻrtkoʻldan, – deb darrov Azim Suyunni maqtay ketdi. Qoraqumu Qizilqum tugul Sulton Uvays togʻlarida ham Azim Suyunning qadami tegmagan joy yoʻq emish. Baliq boʻlib suzgan emish Amudaryoda. Badaytoʻqayda yovvoyi hindular singari chaylalarda yashagan emish haftalab. Kechalari gulxan yoqib to tongga qadar “Yaqqu” aytib chiqqan emish…

Uning soʻzlariga diqqat bilan quloq solib turgan Qozoqboy aka, shu yerda joyidan irgʻib turdi-yu:

– Boʻtalarim! – dedi bir hukmdor alpozda. – Bizni Azim Suyundan kam joyimiz bormi? Olov yoqish unga mumkin ekan-u, bizga yoʻqmi! Yoqamiz, gulxan yoqamiz. Ertalabgacha uyqu yoʻq. Qoʻshiq aytamiz, sheʼr aytamiz. Hoy, Abduqodir, sen koʻpam chimirilaverma, oʻrmoningga men kafil, bitta butang yongudek boʻlsa, yalongʻoch koʻkragim bilan bosib oʻzim oʻchiraman. Qani, hamma oʻtinga!

Oʻrmonda oʻtin qahatmi?

Zumda gulxan gurilladi.

– “Yaqqu” faqat Azim Suyunlarniki emas, biz ham qadim-qadimdan aytib kelamiz, – deb Qozoqboy Yoʻldosh boshladi:

 

Oʻchoqda oʻt beomon,

Qanday zamon bu zamon.

Mansab, puling boʻlsa bas,

Qibla erur toʻrt tomon.

Yaqqu-yaqqu,yaqqu-yaqqu-yaq!

Yaqqu-yaqqu, yaqqu-yaqqu-yaq!

 

Abduxoliq aka davom etdi:

Etik yechma – otim yoʻq deb,

Tomdan kechma – shotim yoʻq deb,

Omon boʻlsa xalqing agar

Yigʻlamagin zotim yoʻq deb.

Yaqqu-yaqqu, yaqqu-yaqqu-yaq!  

 

Men urgutcha “Beshqarsak”dan oldim:

Nozikdir qor oq bilaging,

Ogʻir narsa ushlama!

Yolgʻiz seni men suygan soʻng

Sen oʻzingni xushlama.

Va-xu, va-xa-xa!

Olovni aylanib oʻyinga tushdik. Uzun-kalta koʻ­lankalar changalzor ustida lopillab turdi.

Aytimlarimiz oʻrmonlardan oshdi, choʻllardan oshdi, osmonga tutashdi, olis qoraqum barxanlari ortida uxlab yotgan turkman qardoshlarimizni uygʻotib yubordi… Oyoq tagidagi qamishpoyalar, butalarning choʻkir­taklari tuproqqa botdi, zax yer bilchillab ket­di. Ammo, mazaning eng zoʻri Janaboyning erkasi Janatoyda ketdi – quyonchaday sakrab-sapchib toza biti toʻkildi. Am­mo, bir yogʻi oltmishdan oshgan, bir yogʻi unga yetay deb turgan odamlarning dikonglashi qayoqqa ham borardi: harsilladik-halpilladik – birin-sirin tinchidik.

– Zardushtiy bobolarimiz ruhi shod boʻldi. Ular uch ming yillar burun xuddi shunday qilishgan – olov tevaragida davra qurib, oʻyin tushgan, – dedi nafas rostlab, Fayzulla Salayev. Aytmoqchi, bu odamni tanishtirmabman-ku! U Qoraqalpogʻistonda katta nu­fuzga ega adabiyotshunos olim, Qoraqalpogʻiston Dav­lat Universitetining professori, adabiyot­shu­noslikka doir bir nechta kitoblari, shevaga doir lugʻatlari bor. Kamgap boʻlgani, ogʻir karvon koʻringani uchunmi, negadir tanishtirmabman shu paytgacha. Salayev ichimdan top qabilidagi pismiq yigitlardan emas, koʻngli ochiq ekan. Olov atrofida olovga aylanib ketdi: bir oʻynadi, bir qoʻshiqlar aytdi, oʻlanlar, termalar aytdi. – Qadimda jamoat boʻlib yashagan bobolarimizning doimo olov yonib turuvchi muqaddas xonalari boʻlgan, – deb tik turgancha tushuntirishlar berdi. – “Olovxona” deyilgan bu joylar,“Erkaklar uyi” deb ham yuritilgan. Erkaklar olovxonalarda dam olgan, xalfanalar qilgan, yigʻinlar oʻtkazgan, uzoqdan kelgan sayyohlar shu yerda tunab qolishgan.

– “Avesto”da, Abu Rayhon Beruniyda bor siz aytganlar,– deb uning fikrini quvvatladi Adhambek Alimbekov. – Zardushtiylar Yer va olov xudosi hi­soblangan Mitraga sigʻingan.

Alimbekov shu tarzda fikrini yakunlagach, Salayev yana shoshilmay hikoya qila boshladi:

– “Avesto” bitiklari ajdodlarimiz hayoti, urf-odatlari, diniy eʼtiqodi va aqidalari bilan bir qatorda tarix, falsafa, geografiya, manbashunoslik, etnografiya, tibbiyot sohalarini oʻrganishda muhim maʼnaviy-maʼrifiy qimmatga ega. Bu muqaddas kitob juda achchiq azoblarni boshidan kechirgan. Manbalarga koʻra, kitobning uchta nusxasi boʻlgan. Aleksandr Ma­kedonskiy shularning ikitasini olovda yoqib yoʻq qilgan. Oʻn ikki ming buqa terisiga oltin suvi berilgan siyoh bilan yozilgan birinchi nusxani Eronni bosib olganida zardushtiylar ibodatxonasiga qoʻshib yoqib yuborgan. Miloddan avvalgi 329 yilda Oʻkuzdan kechib oʻtib, Xorazm yerlarini istilo qilayotganda, kitobning ikkinchi nusxasini ham ming-ming olomon koʻzi oldida olovga tashlagan. Bir afsonada aytilishicha, bu mudhish voqeaning tafsiloti bunday: Ortiqcha qon toʻkilishini istamagan Xorazmshoh Makedonskiy bi­lan bitim tuzmoq niyatida uning huzuriga boradi. Iskandar uni katta tayyorgarlik bilan kutib oladi. Ulkan maydonga minglab odamlarni va lashkarini toʻplab, katta gulxan yoqadi. «Ey, Baqtriyona xalqi! – deydi Iskandar xaloyiqqa qarab. – Men sizni toʻgʻri yoʻlga boshlash uchun dunyoga kelganman. Siz esa toʻgʻri yoʻl faqat “Avesto”da deysiz. Axir, kim koʻribdi yurtning hukmdori boshqa dinga, fuqarolari esa boshqa dinga eʼtiqod qoʻyganini. Hozir siz muqaddas deb hisoblagan kitobni olovga tashlaymiz, agar yonmasa, men ham sizning diningizni qabul qilaman, yonsa, siz menga boʻysunasiz!»

Muqaddas kitobning ikkinchi nusxasi shu tariqa yoqib yuboriladi. Endi kitobning soʻnggi – uchinchi nus­xasi qolgan edi. Kitob Zardoʻsht tugʻilgan va Axura Mazdadan ilk marta vahiy qabul qilib olgan joy Xodarkatda saqlanayotgan boʻladi. Xodarkat degani hozirgi Toʻrtkoʻl shahridan 19-20 kilometrlar shimoli-sharqda, qum barxanlari orasida qolib ketgan “Qoʻy qirilgan qalʼa” xarobalariga toʻgʻri keladi. Iskandar  Xorazmshohdan shu oxirgi nusxani talab qiladi.

Xorazmshoh nima qilarini bilolmay boshi qotadi. Mudhish xabarni xufyona yoʻl bilan otashparastlarning fidoyi kishilariga yetkazadi.

Fidoyi otashparastlar kitobni olib ketayotgan karvonga hujum qilib, 21 jildli kitobning 14 ta­sini qoʻlga tushirib Eron togʻ yoʻllari orqali Hin­­distonga oʻtib ketishga muvaffaq boʻladilar. Iskan­dar isyonchilar izidan Hindistongacha boradi. Am­mo, lashkariyam, oʻziyam bezgakka chalinadi va koʻp yasha­may vafot etadi. Bu xabardan shodlangan zar­dush­­tiylar “Axura Mazda gʻazabini keltirgan har qanday nokasning jazosi mana shunday boʻladi” deya Iskandarning oʻlimini bir oy tantana bilan ni­shonlaydi. “Avesto”ning uchinchi nusxasi ana shu ta­riqa omon qoladi. Kitob keyinchalik Fransiya orqali Yevropaga oʻtib, butun dunyoga tarqalib ketadi. 1771 yilda Parijda Anketil Dyuperron degan olim ki­tobni ingliz tiliga tarjima qilganidan keyin buyuk Zardusht taʼlimotiga, “Avesto”ga qiziqish Ov­rupoda ayniqsa kuchayib ketadi.

Qozoqboy aka Gyote va zardushtlar haqida gap boshladi:

– Gyote aytadiki, Zardusht shaxsining kashf eti­lishi yevropaliklarda Sharq donishmandligining qiyo­fasini yanada jozibaliroq, yanada qudratliroq, yanada hayratomuz qiyofada tasavvur etishga olib keldi. Gyote ijodida, xususan, “Gʻarbu Sharq devoni”, “Faust” dramasi va koʻplab boshqa asarlarida ham Zardusht ruhi, Zardusht taʼlimotining kuchli tasiri yaqqol se­zilib turadi.

– Zardusht taʼsiri Gegelda ham, Nitssheda ham bor, – dedi Abduxoliq aka. – Fridrix Nitsshe “Zardusht oʻgit­lari” degan kitob yozgan.

Ajdodlarimizdan qolgan ulugʻ meros, bebaho boy­lik – muqaddas “Avesto” kitobi shu tariqa oʻz-oʻzidan gulxan tevaragidagi tungi gurungning asosiy mavzuiga aylanib ketdi.

Olovni oʻchirib, nam kul isini qoldirib, qoʻnoq­joyga qaytdik.

 

 

Abdusaid KOʻChIMOV

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 4-son

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/safar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x