Sadriddin Salim Buxoriy (1946–2010)

Sadriddin Salim Buxoriy (Sadriddin Salimov) 1946 yilning 16 sentyabrida Buxoro shahrida tugʻildi. Buxoro Davlat pedagogika instituti (hozirgi BuxDU)ning chet tillar fakulteti nemis tili boʻlimida tahsil oldi (1967–1972). Institutning “Fakultetlararo chet tillar” kafedrasida ishlab, uzoq yillar nemis tilidan talabalarga dars berdi. Viloyat “Maʼnaviyat va maʼrifat” markaziga rahbarlik qildi (1997–1999). 2001 yildan umrining oxirigacha “Buxoro” nashriyotida bosh muharrir boʻlib ishladi.

Shoirning “Oq qaldirgʻoch” nomli birinchi kitobi 1977 yilda chop etildi. Shundan soʻng uning “Oq qushim” (1979), “Erka qushim” (1979), “Yorugʻlik odami” (1983), “Roʻmolcha” (1988), “Buxoroga Buxoro keldi” (1999), “Hikmat ast dunyo” (tojik tilida, 2002), “Durdonalar” (2005), “Hikmatdir dunyo” (vafotidan keyin) kabi sheʼriy toʻplamlari nashr qilindi.

Sadriddin Salim Buxoriyning sheʼrlari oʻzining chuqur va keng maʼnodorligi, yuksak badiiyati, fikr teranligi, ravon ifoda tarzi bilan alohida xususiyat kasb etadi. Bu xususiyatda shoirning oʻziga xos uslubi namoyon boʻladi.

Sadriddin Salim Buxoriyning tasavvufshunos olim, tarixchi sifatidagi izlanishlari natijasida “Dilda yor” (1993), “Buyuk xorazmiylar” (1994), “Uch avliyo” (2000), “Chor Bakr yoki Joʻybor avliyolari” (2001), “Hazrat Azizon ar-Rometaniy” (2002), “Bahovuddin Naqshband yoki yetti pir”, “Xojai Jahonim bor” (2003), “Eshoni Imlo. Xalfa Xudoydod” (2005), “Hazrat Abu Hafs Kabir”, “Buxoroyi sharif avliyolari”, “Buyuk Gʻijduvoniylar”,“Ikki yuz yetmish yetti pir” (2006), “Hazrat Bahovuddin Naqshband”, “Daxmai Behishtiyon” (2007), “Xoja Orif ar-Revgariy”, “Mavlono Orif Deggaroniy” (2008), “Avliyo Shoh Axsaviy Fayzobodiy al-Buxoriy” (2009), “Hazrat Xoja Ismatulloh Valiy” (2010), “Hazrat Boyazid Bastomiy yoki Navoiy viloyati ziyoratgohlari”, “Shofirkonning tabarruk ziyoratgohlari”, “Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari” (vafotidan keyin) kabi tarixiy-maʼrifiy yoʻnalishdagi kitoblari dunyoga keldi.

Sadriddin Salim Buxoriy tarjimon sifatida Abduxoliq Gʻijduvoniy, Xoja Orif ar-Revgariy, Xoja Ali Rometaniy, Bahovuddin Naqshbandlarning purhikmat asarlari, ruboiylarini, buyuk nemis shoiri Y. V. Gyotening “Gʻarbu Sharq devoni”ni bevosita olmon tilidan ona tilimizga oʻgirdi. Ayni choqda oʻzining bir qator asarlari ham olmon, bolgar, rus, ukrain, ingliz, turk, tojik tillariga tarjima qilindi. “Bahovuddin Naqshband yoki yetti pir” risolasi Samadjon Azimov tarjimasida Germaniyada bosilib chiqdi (2014).

U “Imom Buxoriy” nomli besh qismli televizion badiiy film (1998), “Abu Hafs Kabir” (2001), “Xojai Jahon” (2003) kabi telefilmlar ssenariysi muallifi hamdir.

Sadriddin Salim Buxoriy “Mehnat shuhrati” (1999) hamda “Fidokorona xizmatlari uchun” (2005) ordenlari bilan taqdirlangan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/sadriddin-salim-buxoriy-1946-2010/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x