Sa’d ibn Abu Vaqqos

DO`STLARGA ULASHING:

«Ot, Sa’d, ot… Ota-onam senga fido bo’lsin».
(Muhammad Rasululloh Uhud kuni
Sa’dga shunday xitob qilgandilar)
Auzu billahi minash shaytonir rojiym, bismillahir rohmanir rohiym.
«Biz insonga ota-onasini (ya’ni ularga yaxshilik qilishni) amr etdik. Onasi unga ojizlik ustiga ojizlik bilan homilador bo’ldi. Uni (ko’krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (kelur). (Biz insonga, buyurdikki,) «Sen Menga va ota-onanga shukr qilgin! Yolg’iz O’zimga qaytajaksan!» Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o’zing bilmagam narsalarni Menga sherik qilishga zo’rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo’lsalar-da,) dunyoda yaxshi muomalada bo’lgin va o’zing Menga ijbat-tavba qilgan kishilarning yo’liga ergashgin! So’ngra (ya’ni qiyomat kunida) O’zimga qaytursizlar; bas, Men sizlarga qilib o’tgan amallaringizning xabarini berurman» («Luqmon surasi», 14-15-oyatlar).
Bu oyati karimalar ajoyib va nodir bir voqea sababi bilan nozil bo’lgandir. Hali g’o’r, yoshgina yigitchaning shuurini butunlay bir-biriga zid hissiyotlar chulg’ab olgandi. O’shanda yaxshilik yomonlik ustidan, iymon kufr ustidan g’olib kelgandi. Bu voqeaning qahramoni makkalik yoshlarning sarkori, ham otasi, ham onasi baobro’ shaxslardan bo’lgan, olinasab yigitcha edi. Uning ismi Sa’d ibn Abu Vaqqos roziallohu anhudir.
Makkada nubuvvat nuri zohir bo’lgan onda Sa’d o’n gulidan bir guli ochilmagan, beg’ubor, ota-onasiga mehr-muhabbatli, ayniqsa, onasining atrofida girdikapalak farzand edi. U hali suyagi qotmagan, bor-yo’g’i o’n etti bahorni qarshilagan bo’lishiga, qaramasdan ko’pni ko’rgan kishilar kabi aqlli, mo’ysafidlar singari mulohazakor edi. Tengdoshlari ruju qo’ygan behuda o’yin-kulgularga mutlaqo qo’shilmas, go’yoki uni buyuk kelajak kutib turganini oldindan bilganday aksar vaqtini o’q-yoy yasashga, kamondan o’q uzish mashqlariga bag’ishlardi. Bundan tashqari, u qavmi mukkasidan ketgan rasvogarchilik va buzuq aqidadan bezor edi. Odamlarni adashib-uloqib yurgan zulmatlaridan qutqarib, najot yo’liga yetaklash uchun qayerdandir qudratli va mehribon yordam qo’li cho’zilishini intizorlik bilan kutardi.

Sa’dning kunlari shu zaylda o’tib turgan bir mahalda Alloh azza va jalla insoniyatga ana shunday mehribon va bunyodkor yordam qo’li cho’zilishini iroda etdi. Bu qo’l bashariyat sayyidi Muhammad ibn Abdullohning qo’llari edi. U qo’l mangu nursochar ilohiy yulduzni — Allohning kitobini mahkam tutgandi…
Sa’d ibn Abu Vaqqos sira ikkilanmay haq va hidoyat chaqirig’iga «labbay», deb javob berdi. U erkaklardan uchinchi yoki to’rtinchi bo’lib, islomni qabul qildi. Shuning uchun ko’pincha faxrlanib «Men yetti kun davomida islomning uchdan bir qismini tashkil qilib turdim», deb qo’yardi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sa’dning iymonga kelishi bilan ko’p quvondilar. Chunki undagi olijanoblik alomatlari, javonmardlik nishonalari, shak-shubhasiz, bu hilol yaqin kunlar ichida badrga, ya’ni to’lim oyga aylanishining bashoratini berardi. Sa’d hurmat-e’tiborli, obro’-izzatli xonadondan bo’lgani uchun Makka yoshlarini ketidan ergashtirib, islomga yetaklashi mumkin edi. Qolaversa, Sa’d Payg’ambar alayhissalomning tog’alari tarafidan, banu Zuhra qavmidan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning onalari Omina binti Vahb ham shu qavmdan edi. Sarvari olam bu qarindoshchilikni mo’’tabar sanardilar. Rivoyat qilinishicha, bir kuni payg’ambarimiz bir necha ashoblarining davrasida o’tirganlarida, Sa’dning kelayotganini ko’rib qoladilar. Shunda «Mana bu kishi mening tog’am! Qani boshqalar ham o’zining shunaqa tog’asini ko’rsatsin-chi!» deydilar.

Sa’d ibn Abu Vaqqosning islomdan keyingi hayoti ilgarigiday bir tekis davom etavermadi, balki yosh, tajribasiz mo’min yigitnig og’ir va shiddatli imtihonga ro’baro’ qildi. Azbaroyi imtihonning qiyinligidan Alloh subhonahu va taolo uning xususida Qur’on oyatlarini tushirdi. Keling, bu mashaqqatli sinovni hikoya qilib berishi uchun so’zni Sa’dning o’ziga beraylik. Sa’dning hikoyasi:
— Iymonga kelishimdan uch kun oldin tush ko’rdim. Go’yoki biri biridan quyuq zulmatlar qo’ynida g’arq bo’lib ketganmishman. Qoqilib-yiqilib, zo’rg’a o’rmalab ketayotgan paytimda to’satdan bir parcha Oy nuri paydo bo’libdi. Men Oyning nuriga qarab yuribman. Borsam, mendan oldin uch kishi — Zayd ibn Horisa, Ali ibn Abu Tolib va Abu Bakr Siddiqlar yorug’likka chiqib olishibdi.
Tong otgandan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam maxfiy tarzda islomga da’vat qilayotganlarining xabari qulog’imga chalindi. Shunda Alloh menga yaxshilikni iroda etganini, o’zining elchisi orqali zulmatlardan nur sari chiqarishni xohlaganini bildim. Vaqtni cho’zib o’tirmay, darhol yo’lga tushdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Jiyod darasida uchratdim. U kishi endigina asr namozini o’qib bo’lgan ekanlar. Shu yerda islomni qabul qildim. Mendan oldin faqat tushimda ko’rgan uch kishigina musulmon bo’lgan edilar.
Mening iymonga kelganimni eshitib, onamning tepa sochi tikka bo’layozdi. Men onamga mehr-muruvvatli, itoatkor farzand edim. Buni bilgan onam o’z ta’sirini o’tkazmoqchi bo’ldi.
— Ey Sa’d, — dedi, — sen allaqanday noma’lum dinni qabul qilibsan. Xatto u tufayli ota-onangning dinidan voz kechibsan… Allohning nomiga qasamki, sen o’sha yangi diningni tark etasan, aks holda men bir luqma taom ham yemayman, bir qultum suv ham ichmayman. Ochlik va tashnalikda ko’z yumaman. Ana o’shanda ko’yimda jigar-bag’ring kabob bo’ladi, qilib quygan ahmoqliging uchun afsusu nadomatlar chekasan, butun umr odamlardan «onasining qotili» degan ta’nayu malomatlarni eshitib o’tasan.
Men «Unday qilmang, onajon. Men hech narsa evaziga dinimdan voz kechmayman», deb yolvordim, biroq onam qarorida qat’iy turib oldi. Obi-taomdan butunlay chetlandi. Bir necha kun tuz ham totmadi, suvga ham yaqinlashmadi. Ko’z o’ngimda ozib-to’zib, ko’zlari kirtayib, oxiri holsizlikdan sillasi qurib, yotib qoldi. Men tez-tez onamning tepasiga borib, hech bo’lmasa bir tishlam taom yeyishini yoinki bir ho’plam suv ichishini o’tinib so’rardim. U esa keskin bosh chayqar, agar dinimdan qaytmasam o’lgunicha shu holda davom etishini aytib, qasam ichardi.
Shunda men ham gapning po’stkallasini aytdim:
— Onajon, men sizni jonimdan ortiq ko’raman, ammo Alloh va Rasulini sizdan ko’ra ko’proq sevaman… Xudo haqqi, agar sizning mingta joningiz bo’lsayu hammasi birma bir chiqib tursa ham dinimni tark qilmayman.
Onam mening so’zlarim jiddiy ekanini anglab, taqdirga tan berdi. Noiloj, yeb-ichishni boshladi. Alloh bizning to’g’rimizda oyat tushirdi:
— «Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o’zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo’rlasalar u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo’lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo’lgin».

Sa’d ibn Abu Vaqqos iymonga kelgan kun musulmonlar uchun eng xayrli, islom uchun eng muborak kunlardan biri bo’lgan edi.
Badr jihodida Sa’d va ukasi Umayr barchaga o’rnak bo’lishdi. U kezlar Umayr kichkina bola, pari borsa, endi balog’at yoshiga yetgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jangdan oldin lashkarni ko’zdan kechirib chiqayotgan mahalda ko’rib qolib, kichkinaligi uchun qaytarib yuborishlaridan qo’rqib, orqa safga berkinib oldi, biroq Payg’ambar alayhissalom uning ayyorligini bilib qoldilar va jihodga chiqishdan man’ etdilar. O’shanda Umayr qattiq yig’ladi. Oxiri Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga rahmlari kelib, jangda qatnashishga izn berdilar. Sa’d ham bundan ko’p quvondi va bo’yi pastligi sababli qilichni ukasining bo’yniga ilib qo’ydi. Aka-uka Allohning yo’lida haqiqiy mujohidlarga xos jasoratlar ko’rsatishdi.
Sa’d ma’rakadan Madinaga yolg’iz o’zi qaytdi. Ukasi Umayrni Badr tuprog’ida shahid holda qoldirdi, savobini Alloh taolodan umid qildi.
Uhud kunida tizzalarga titroq kirib, musulmonlar qo’shini parchalanib ketdi. Janggohda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni himoya qilib o’n nafarga yetar-yetmas kishi qoldi, xolos. Ular orasida Sa’d ibn Abu Vaqqos ham bo’lib, jon-jahdi bilan Payg’ambar alayhissalomni mudofaa qilar, har safar kamondan o’q uzganda, albatta, bir mushrikni yer tishlatardi. Sarvari olam buni ko’rib, Sa’dni yanada ko’proq shijoatlantirish uchun «Ot, Sa’d, ot… Ota-onam senga fido bo’lsin», deb qichqirgandilar. Sa’d butun umri davomida mana shu xitob bilan faxrlanib o’tdi. Ahyon-ahyonda:
— Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hech kimga birdaniga «ota-onam fido bo’lsin» devaganlar. Faqat mengagina Uhud kunida shu so’zlarni aytganlar, — deb qo’yardi.

Sa’d o’zining eng ulkan xizmatini keyinroq hazrati Umar forslar diyoriga haq dinni olib kirib, kofirlar davlatiga yakun yasashga va shu bilan majusiylik illatini tag-tomiri bilan qo’porib tashlashlikka ahd qilgan paytda ko’rsatdi. Xalifa chor atrofdagi voliylarga maktublar yo’llab, ot minib, qurol tutishga qodir bo’lganlarni, jasur, aqlli va ziyrak kishilarni, she’r yoki notiqlik san’atidan boxabarlarni, qo’yingki, jangda asqotishi mumkin bo’lgan barcha odamlarni Madinaga jo’natishni buyurdi. Mashriqu Mag’ribdan mujohidlar gurros-gurros poytaxt sari kela boshlashdi. Hamma jamlanib, qo’shin shay bo’lgach, Umar ibn Xattob sarkardalikni kimga ishonib topshirish masalasini muhokamaga qo’ydi. Mashvarat ahli bir ovozdan yagona nomzodni ko’rsatishdi — sheryurak pahlavon Sa’d ibn Abu Vaqqos. Umar roziallohu anhu unga jangovar bayroqni tutqazdi.
Ulkan cherik Madinadan jo’nab ketishi oldidan jangchilarni kuzatishga chiqqan amirul mo’minin lashkarboshiga so’nggi ko’rsatmalarni berdi:
— Ey Sa’d, seni «Rasulullohning tog’asi, Rasulullohning sahobasi» degan so’zlar kekkaytirib yubormasin. Zero, Alloh taolo yomonlikki yomonlik bilan o’chirmaydi, balki yomonlikni yaxshilik bilan mahv etadi.
Ey Sa’d, Alloh bilan hech kimning o’rtasida qarindosh-urug’lik yaqinligi yo’q, u zotga magar toat bilan yaqinlashuv mumkin. Odamlarning boy-badavlatiyu faqiru fuqarolari Allohning nazdida barobardir. Alloh ularning parvardigori, ular esa bandalardir. Bandalar bir-birlaridan faqat taqvo bilan afzal bo’la oladilar. Rob taoloning huzuridagi mukofotga toat bilan erishiladi. Sen Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning asosiy vazifalari nimadan iborat ekanini bilasan. O’sha ishni davom ettirmoq bugun sening ham burchingdir.
Lashkar asta qo’zg’oldi. Unda to’qson to’qqizta Badr jangi qatnashchisi, uch yuz o’ndan ortiq Rizvon bay’atidan oldin iymon keltirgan musulmonlar, uch yuzta Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Makka fathida ishtirok etganlar va yetti yuzta sahobalarning farzandlari bor edi.
Qo’shin Qodisiyada (Ko’fadan o’n besh chaqirim uzoqlikdagi mavze’. Hijratning o’n oltinchi yilida u yerda musulmonlar va forslar o’rtasida hal qiluvchi janglar bo’lib o’tgan. Unda musulmonlar uzil-kesil g’alaba qozonganlar) qaror topdi. Harir kunida (Qodisiya kunlarining so’nggisi) musulmonlar shiddatli hujum boshladilar. Dushmanni mahkam iskanjaga olib, saflarini parokanda qilib tashladilar. Hamma yoqni «La ilaha illalloh» va «Allohu akbar» hayqiriqlari tutib ketdi. Fors lashkarboshisi Rustam halok bo’ldi. Qo’mondonidan ayrilgan askarlar butunlay karaxt bo’lib, hatto himoyalanishdan ham ojiz qoldilar. Qarshilik qilish behuda ekanini tushunib, taslim bo’ldilar. Behad-behisob g’animat o’lja qilindi. O’sha kuni musulmonlar ulkan zafarni qo’lga kiritdilar.

Sa’d uzoq umr ko’rdi. Alloh unga ko’p molu davlat in’om qildi, lekin u o’lim to’shagida yotganida jundan to’qilgan, titilib ketgan jubbasini keltirishni buyurdi va dedi:
— Meni jubbamga o’rab ko’minglar, chunki Badr kuni men shu libosimda mushriklarga qarshi jang qilganman. Allohga ham o’sha kiyimimda yo’liqmshni xohlayman.

Doktor Abdurahmon Ra’fat al-Boshoning  «Sodiq sahobalar qissasi» (Toshkent, “O’zbekiston”, 1997) kitobidan olindi.
SA’D ibn ABU VAQQOS, to‘liq ismi Molik ibn Vahb ibn Abdumanof al-Qurayshiy Zahriy (taxminan 590-674) — sahoba, makkalik ilk musulmonlardan. Asharai Mubashsharadan, Muhammad (sav)ning qo‘riqchilaridan biri.
Quraysh qabilasidan, Rasuli Akramning onalari Omina kabi Bani Zahra urug‘idan bo‘lgan. Madinaga ko‘chib borgan muhojirlardan. Rasululohning barcha g‘azovatlarida qatnashib, u kishining hurmatlariga sazovor bo‘lgan.
G’oyat jasur, mard inson, mohir mergan hisoblangan. Uhud jangida Rasuli Akramning yonlarida turib jang qilgan Sa’d mingdan ortiq o‘q otgan. Eronga yuborilgan qo‘shinga lashkarboshi etib tayinlangan. Unga shuhrat keltirgan Qodisiya jangvda (636yil) Rustam boshchiligidaga 40 ming kishilik fors qo‘shinlari yengilgan.
So‘ng Madoin (Ktesifon) shahrini hujum bilan olgan va Sosoniy shohlarining behisob xazinalarini qo‘lga kiritgan. Ma’lum muddat Eron va Iroq noibi bo‘lgan.
Umar (ra) zamonida (638 yil) Kufa shahrini qurgan. Usmon (ra)ning fojiali o‘limidan so‘ng biror ishga qo‘shilmagan, xalifalikka da’vogarlik qilmagan. Jamal va Siffin janglarida ishtirok etmagan.
Muoviya huzuriga chaqirtirilganda bormagan. Madina tashqarisidaga uyida 84 yoshida vafot etgan. Vasiyatiga binoan, Badr jangida kiygan va 55 yildan beri asrab kelgani — jundan to‘qilgan bir jubbasi bilan kafanlangan.
Islom ensiklopediyasidan
 

ARSLONNI CHANGALIDA TUTGAN INSON
Umar ibn Xattob r.a.ni fors qo‘shinlari musulmonlarga qarshi qilayotgan ketma-ket xujumlari to‘g‘risidagi xabarlar bezovta qila boshladi. Xususan, Iroq ahli o‘z zimmalariga olgan majburiyatlarini buzub, natijada to‘rt mingdan ortiq musulmonlar halok bo‘lgan ko‘prik (Jisr) urushi xaqidagi habar Umar r.a.ni nihoyatda larzaga soldi. Umar r.a. forslar bilan bo‘ladigan hal qiluvchi so‘nggi jangda musulmonlar qo‘shiniga o‘zi qo‘mondonlik qilishga qaror qildi. Ammo Madina shahridan hali chiqishiga ham ulgurmay turib, uni ba’zi birodarlari qaytarishib, bu muhim ish uchun boshqa birovni tayin qilishini taklif etishdi. Abdurrahmon ibn Avf mana shu fikrning asoschilaridan edi. U Islom boshidan kechirayotgan bu muhim kunlarda mo‘minlar amirining hayotini xatarga qo‘yish to‘g‘ri yo‘l emasligini barchaga tushuntirdi. Mo‘minlar amiri Umar ibn Xattob musulmonlarni sho‘ro (maslahat) uchun to‘plashga amr berdi. Bu sho‘roga Umar r.a. Ali ibn Abu Tolibni ham chorladi. Barcha musulmonlar Abdurrahmon ibn Avfning qo‘llab-quvvatlagan xolda, Umar r.a.ni Madinaga qaytishiga kelishib, uning o‘rniga musulmonlar qo‘shniga boshqa odamni qo‘mondon qilishga qaror qildilar.
Umar r.a. bu fikrga qo‘shilib ulardan:
 “Iroqqa qo‘mondon qilib kimni jo‘natishni taklif etasizlar?” — deb so‘radi. Musulmonlar biroz sukut saqlab fikr qildilar, so‘ngra Abdurrahmon ibn Avf birdan:
«Men topdim” — deb qichqirib yubordi.
 Umar r.a:
«Kim ekan u?” — deb so‘radi.
Abdurrahmon:
 “Arslonni changalidan tutgan inson”… Sa’d ibn Molik Az-Zuxriy” — dedi. Musulmonlar bu fikrni qo‘llab-quvvatladilar. Mo‘minlar amiri Sa’d ibn Molik Az-Zuxriyni, ya’ni Sa’d ibn abi Vaqqosni o‘z huzuriga chorlab, uni Iroqqa amir va qo‘shinga qo‘mondon qilib jo‘natdi.
 “Arslonni changalida tutgan inson” kim o‘zi?
 Ashoblar orasida o‘tirgan Payg‘ambar AS.ning xuzurlariga borib, salom bergan vaqtda Rosululloh sallallohu alayhi vassalom hazil qilib asxoblariga:
 “Mana bu mening tog‘am. Qani birontangiz menga o‘z tog‘asini ko‘rsatsinchi!”- deb aytadigan inson kim o‘zi?
 Albatta, u Sa’d ibn abi Vaqqos r.adir. Uning bobosi Rosululloh sallallohu alayhi vassalom onalari Ominaning amakisi, Uxayb ibn Mannof edi. Sa’d 17 yoshida Islom dinini qabul qildi. Va u eng avvalgi musulmonlardan bo‘lib, o‘zi haqida shunday deydi:
 “.. . o‘sha kunlarda men uch musulmonning biri edim”.
Ya’ni, u Islom bag‘riga shoshilib iymon keltirgan eng avvalgi uch musulmonning biri bo‘lgan edi. Rasululloh sallallohu alayhi vassalom yakkayu-yolg‘iz Alloh Ta’lo va hamda yangi din xaqida so‘zlay boshlagan kunlarning avvalida va o‘zlari bilan musulmonlar uchun Arqam xovlisidan panox topib, asta sekin insonlar u kishiga iymon keltirmaslaridan ilgari, Sa’d ibn abi Vaqqos musulmon bo‘lib ulgurgan edi.
 Tarix va siyrat kitoblarining ta’kidlashicha, Sa’d ibn abi Vaqqos Abu Bakr musulmon bo‘lganidan keyin, xususan uning da’vati natijasida Islomni qabul qilganlardan biridir. Balki, u Abu Bakrning so‘zidan qanoatlanib Islomni qabul qilgan, Usmon ibn Affon, Zubayr ibn Avvom, Abdurahmon ibn Avf va Talxa ibn Ubaydullohlar bilan birga o‘z Islomini e’lon qilgan bo‘lsa ajab emas.
 Sa’d ibn abi Vaqqos xar bir inson maqtanib, faxrlansa arzigulik xususiyatlarning ko‘pchiligidan nasibador edi. Ammo shunga qaramay, u fazilatlarining faqatgina ikkitasi bilan nihoyatda faxrlanar edi. Birinchisi, Sa’d ibn abi Vaqqos Alloh yo‘lida birinchi bo‘lib kamon otgan kishi edi. Ikkinchisi, Payg‘ambar alayhis salom ota-onalarini u uchun fido qilishga tayyor bo‘lgan yagona inson bo‘lgan edi.
Uhud kuni Rasululloh sallallohu alayhi vassalom unga:
 “Otgin ey Sa’d.. . Ota-onam senga fido bo‘lsin” — degan edilar.
Ha, albatta, u mana shu ikki buyuk fazilatini doim takrorlab, bu ne’matga erishtirgan Allohga shukronalar izhor qilar edi. U:
 “Allohga qasamki men arablardan birinchi bo‘lib Alloh yo‘lida kamondan o‘q uzgan kishiman” — derdi.
Ali ibn Abu Tolib r.a. dedi:
 “Rasululloh sallallohu alayhi vassalom o‘z ota-onalarini fido qilishga tayyor bo‘lgan Sa’d ibn abi Vaqqosdan o‘zga kishini bilmayman. Men Uhud kuni Rasululloh sallallohu alayhi vassalomning bunday deganlarini eshitdim:
 “Otgin ey Sa’d.. . Ota-onam senga fido bo‘lsin”.
Sa’d ibn abi Vaqqos musulmonlarning va arablarning eng jasur chavandozlaridan biri hisoblanardi. Uning ikki quroli mavjud bo‘lib, birinchisi kamonining o‘qi bo‘lsa, ikkinchisi duosi edi. Qachonki jangda dushmanga qarab o‘q uzsa, hato qilmasdi. Va qachonki Allohga duo qilsa, duosi ijobat bo‘lar edi. Bunday xususiyatlarga ega bo‘lishining sababini o‘zi va birodarlari Rosululloh sallallohu alayhi vassalomning uning haqqiga qilgan duolari bilan bog‘lashardi. Kunlarning birida Rosululloh sallallohu alayhi vassalom Sa’ddan ko‘zlarini quvontirib, u kishini hursand qiladigan narsani ko‘rib, uning xaqqiga mana bu duoni qildilar:
 “Allohim uning o‘qlarini to‘g‘rilab, duosini ijobat qil.”
Shunday qilib, u do‘sti-birodarlarining orasida duosi qilich kabi o‘tkir inson bo‘lib tanildi. U biror bir kishining xaqqiga uning ishini Allohga havola etgan holda duo qilmasin, magaram Alloh duosini ijobat qilar edi. Bu xususida Omir ibn Sa’d aytadi.
 “Sa’d ibn abi Vaqqos Ali, Talha va Zubayrni haqorat qilib so‘kayotgan kishini ko‘rib qoldi. Bas, har qancha uni qaytarmasin, u kishi so‘zidan to‘xtamadi. Shunda Sa’d unga:
 “Unday bo‘lsa seni duoi ba’d qilaman «- dedi.
U kishi:
 «Nima sen payg‘ambarmiding menga tahdid qilayapsan?” — dedi.
Sa’d borib tahorat olib ikki rakaat namoz o‘qidi, so‘ngra qo‘llarini samoga ko‘tarib:
 “Allohim, albatta, sen mana bu kishi, o‘zing tarafingdan yaxshilik va hidoyatga erishgan insonlarni haqorat qilayotganini ko‘rib turibsan. Albatta, u kishi bu zotlarni xaqorat qilib, seni g‘azablantirdi. Bas, unga o‘zingning oyat-ibratingni ko‘rsatgin” — deb duo qildi.
Ozgina fursat o‘tmay turib, bir hovlidan katta quturgan, bahaybat tuya chiqib, insonlar to‘dasining orasiga kirib ketdi. Hech kim uni to‘xtata olmadi. U go‘yo bir narsani izlayotganday edi. So‘ngra boyagi kishiga tashlanib, uni yerga qulatdi. Keyin esa, oyoqlari bilan yanchib, o‘sha kishini o‘ldirdi.
 Duosi ijobat bo‘lishi kabi bu manzaradan biz uning ruhining pokligi, iymonining rostligi va ixlosining chuqurligini bilib olamiz. Sa’d doim taqvosini faqatgina halol luqma yeyish bilan quvvatlab turar edi. Bas, u shubhaning biror asari bo‘lgan har bir dirhamdan o‘zini qattiq tiyar edi. Sa’d hayotini yashab, hatto musulmonlar orasida eng boy-badavlat insonlardan biriga aylandi. U vafot etganda, ortidan juda katta boylik qoldirgan edi. Shu bilan birga kamdan-kam holatda mol-davlat bir vaqtning o‘zida ham ko‘p, ham halol bo‘lishiga qaramay, Alloh Sa’dga ham halol, ham nihoyatda ko‘p mol-dunyo ato etgan edi. Sadaqa qilish bobida u barchaga ustoz bo‘ldi. Alloh yo‘lida infoq-ehson qilish qobilyati huddi halol va pok mol davlat to‘plash qobilyati kabi, ko‘pincha esa, undan ham ziyoda bo‘lar edi.
 Bu voqe’a Hajjatul va’doda bo‘lgan edi. Sa’d qattiq kasal bo‘lib qoldi. Uning huzuriga Rasululloh sallallohu alayhi vassalom ziyorat qilish uchun kirganlarida, Sa’d Janobimizdan so‘radi:
 “Ya Rasulalloh sallallohu alayhi vassalom men badavlat kishiman, birgina qizimdan o‘zga merosxo‘rim yo‘q, shuning uchun molimni uchdan ikkisini sadaqa qilaymi?” Nabiy sallallohu alayhi vassalom:
«Yo‘q “-dedilar.
Sa’d:
«Yarmisinichi?” — deb so‘radi. .
Rasululloh sallallohu alayhi vassalom: “Yo‘q” — dedilar. .
Sa’d:
«Uchdan birinichi?” — dedi.
Rasululloh sallallohu alayhi vassalom:
 “Ha, mayli, aslida uchdan biri ham ko‘p. Albatta, sen o‘z merosxo‘rlaringni qashshoq va odamlardan tilanadigan holda qoldirishingdan, ularni boy-badavlat qilib qoldirishing afzaldir. Albatta Allohning yuzini istab qilgan sadaqotigning har biriga ajr olasan. Hatto, o‘z ayolingning og‘ziga solgan luqmangga ham ajrlanasan” –dedilar.
 Sa’d Allohdan qo‘rqib juda ko‘p ko‘z yosh to‘kar edi. Rasululloh sallallohu alayhi vassalom ularga va’z nasihat qilgan paytlarida, uning ko‘zlaridan shu qadar yoshlari to‘kilib yig‘lar ediki, hatto ko‘ksi jiqqa ho‘l bo‘lib ketar edi. Bir kuni Janob Rasululloh sallallohu alayhi vassalom ashoblari bilan o‘tirgan edilar, birdan ko‘zlarini ufqqa qaratib biroz sukut saqlab qoldilar. So‘ngra atrofdagi ashoblariga dedilar:
 “Hozir jannat ahlidan bo‘lgan inson sizning huzuringizga kirib keladi”.
Ashoblar bu so‘zni eshitib, barchalari ko‘zlarini eshik tomonga qaratgan holda, bu ulkan ulush egasi bo‘lgan baxtli inson kim ekanligini intizorlik bilan kuta boshladilar. Biroz fursat o‘tgach, ularning huzuriga Sa’d ibn Abi Vaqqos r.a. kirib keldi. Hatto, shu holat uch kun qatorasiga takrorlandi. Shu hodisalardan keyin Abdulloh ibn Amr ibn al-Os r.a. Sa’d ibn Abi Vaqqosga maqsadini bildirmay, uni Allohga yaqinlashtirib, bu ulkan mukofotga erishtirgan qanday amallari borligini bilishlik uchun, Sa’ddan uyida uch kun tunashga ijozat so‘radi. Qarasa, barcha musulmonlar qilayotgan ibodatdan sira ham ortiq emas ekan. So‘ngra Abdulloh Rasululloh sallallohu alayhi vassalomning bashoratlarini Sa’dga aytib, bu yuksak mukofotga yetishtirgan qaysi amali borligini undan so‘radi.
Sa’d esa:
 “Barcha insonlar qilayotgan ibodat va amallardan ortiq hech narsam yo‘q. Ammo, men hech qachon biron bir musulmonga nisbatan xasad va adovat qilmayman” — dedi.
 Bu Abdurrahmon ibn Avf vasf qilganidek,” Arslonni changalidan tutgan inson”dir.
Bu zot buyuk Qodisiya kuni uchun Umar r.a.. uni tanlagan inson bo‘ladi. Sa’dning yuqoridagi barcha go‘zal fazilatlari Umar r.a. ning ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lib, uni musulmonlar va Islom ro‘baro‘ bo‘lgan eng og‘ir va muhim vazifa uchun ixtiyor etishiga sabab bo‘ldi.
 Albatta u, ya’ni Sa’d, duosi ijobat bo‘ladigan zotdir. Agar Allohdan nusrat so‘rasa, shubhasiz Alloh unga nusratni beradi.
 Albatta u, pokiza til va pok qalb egasidir.
 Albatta u, Badr, Uhud va boshqa barcha ishtirok etgan g‘azotlarning chavandozidir.
Uning yana boshqa bir xususiyati bor ediki, Umar uni sira ham unitmagan va uning ahamiyati va qiymatidan hecham g‘aflatda bo‘lmagan edi. Bu xususiyat Sa’dning iymonini qat’iyligidan iborat edi. Sa’d ibn Abi Vaqqos iymon keltirib, Rasululloh sallallohu alayhi vassalomga ergashgan kundan boshlab, u bilan onasi o‘rtasidagi bo‘lib o‘tgan kelishmovchiliklardan Umar r.a. xabardor edi. Sa’dning onasi o‘g‘lini Islomdan qaytarishga bo‘lgan urunishlari puchga chiqqach, shunday choraga qo‘l urdiki, uni eshitgan barcha insonlar Sa’dning ruhi chekinib, qat’iyligi ketib, o‘zi esa, yana but-sanamlarga ibodat qilishga qaytadi deb gumon qilishi mumkin edi. Uning onasi toki Sa’d qovmining va ota-bobosining diniga qaytmagunicha taom yeyish va suv ichishdan bosh tortishini e’lon qildi. Onasi shunday qat’iylikda o‘z niyatida davom etdiki, hatto buning natijasida halok bo‘lishga ham tayyor edi. Lekin shunga qaramay, Sa’d bunga e’tibor qilmagan xolda, o‘z iymonini va dinini hech narsa evaziga, hatto o‘sha narsa onasining hayoti bo‘lsa ham, sotmasligini bildirdi. Qachonki, onasining holi og‘irlashgach, Sa’dning qarindoshlari uni onasi bilan vidolashishiga chorlab, shoyad qalbi yumshab, onasining rayini qabul etsa, deb umid qilishdi.
№4.Sa’d yetib keldi va toshni ham eritib yuboradigan manzarani ko‘rdi. Ammo uning Alloh va rosuliga bo‘lgan iymoni har qanday toshdan ham maxkamroq, va har qanday po‘latdan pishiqroq edi. Onasiga yaqinroq kelib dedi:
 “Bilasizmi, ey onajon, agar sizning yuzta joningiz bo‘lib, barchasi birma-bir chiqib ketayotgan bo‘lsa ham, men mana bu dinimni xech narsa evaziga tark etmayman… bas, hohlasangiz taomlaning, hohlamasangiz taomlangmang!” Ona o‘z niyatidan qaytib, yana taomlana boshladi. Shudan so‘ng Sa’dning bu tutgan yo‘lini maqtab va quvvatlab Alloh Taolo quyidagi oyatni nozil qildi.
 14.Biz insonga ota-onasini(rozi qilishni) amr etdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko‘tarib yurdi. Uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda ( bitar).(Biz insonga buyurdikki), “Sen menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytishlik mening huzurimgadir!”
 15.Agar ular(ya’ni ota-onang)seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalar-da,) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin va o‘zing Menga tavba qilgan kishilarning yo‘liga ergashgin! So‘ngra (ya’ni, qiyomat kunida) qaytishlik Mening huzurimgadir, bas, sizlarga qilib o‘tgan amallaringizning xabarini berurman”.
 Uning “Arslonni changalidan tutgan inson” ekanligi haq emas ekanmi?
 Demak, mo‘minlar amiri yuz mingdan ziyod tish-tirnoqlarigacha qurrollangan fors qo‘shiniga zarba berish uchun Qodisiya jangining bayrog‘ini Ca’d ibn Abi Vaqqosning qo‘liga topshirdi. O‘sha paytda forslar yer yuzidagi eng daxshatli va kuchli qurol-yarog‘larga ega bo‘lib, qo‘shinlarini esa urush ilmini eng yaxshi biluvchi va eng ayyor kishi boshqarardi.
Ha… Sa’d mana shunday daxshatli qo‘shinga qarshi o‘ttiz mingdan ziyod bo‘lmagan askarlariga bosh bo‘lib chiqdi. Musulmonlarning qo‘llarida qilich va nayzalaridan bo‘lak hech narsalari yo‘q edi. Ammo qalblari din shakllantirgan iymon, hamda o‘lim va shahidlikka zavq-shavq birla to‘lib toshgan edi. Hali ikki tomon bir-birlari bilan to‘qnashmasdan ilgari Sa’d mo‘minlar amiri Umar r.a.ning nasihat va maslahatlarini kutib intizor bo‘lib turardi. Shu asnoda Umarning xati yetib keldi. Unda mo‘minlar amiri Sa’dni forslarning eshigi bo‘lgan Qodisiyaga shahriga borishini amr qilib, uning qalbini nur va hidoyatdan iborat bo‘lgan quyidagi kalimalar bilan ruhlantirdi:
«Ey Sa’d ibn Suhayb… seni odamlar “Rosullullohning tog‘asi va sahobiysi” deyishlari mag‘rurlantirib, Allohdan aldab qo‘ymasin. Chunki bir inson bshqasidan Allohning nazdida faqat ibodati bilan afzal bo‘lishi mumkin. Insonlarning yuksak va past tabaqaliklari Allohning huzurida barobardirlar. Alloh ularning robbilari, ular esa uning bandalaridirlar. Faqat taqvolari tufayli bir-birlaridan ustun bo‘lishlari mumkin. Va toatlari bilan Allohning huzuridagi ne’matlarga yetisha oladilar. Rosullulloh sallallohu alayhi vassalom payg‘ambar etib jo‘natilgan kunlaridan, to bizni tark etgunlariga qadar qanday yo‘l tutganlarini ko‘rgan bo‘lsang, o‘shani o‘zingga lozim tutgin”. So‘ngra yana xatini davom ettirib dedi:
 “Menga tamomiy axvollaringiz xususida yozib yubor. Qanday yetib bordinglar? Dushman sizlardan qancha masofada? Xating orqali xuddi sizlarni ko‘rib turganday bo‘lay”.
 Sa’d mo‘minlar amiriga xat yozib, unga har bir mavqifni va har bir askarning o‘rnini aniq va ravshan ko‘rsatib berdi.
 Shunday qilib Sa’d Qodisiya shahriga yetib keldi. Forslarning qo‘shinlari urug‘-urug‘, qabila-qabila bo‘lib saf tortdilar. Ilgari hech ham bu kabi saf tortmagan edilar. Ularning qo‘shinlarini oralaridagi eng mashhur va eng kuchli bo‘lgan Rustam ismli qo‘mondon boshqarar edi.
 Sa’d mo‘minlar amiriga xat yozib, quyidagi javobni oldi:
 “Forslardan eshitayotgan va ko‘rayotgan hamda ular o‘zlari bilan olib kelayotgan kuch-quvvat va qurol yarog‘lar seni sira xafa qilmasin. Allohdan madad so‘rab, Uning O‘ziga suyangin. Rustamning huzuriga obro‘-etiborlik kishilardan bir guruhini yuborginki, ular Rustamni Allohning diniga da’vat etsinlar…..Har kuni menga xat yozib tur….”
 Sa’d esa Umarga quyidagi xatni jo‘natdi:
 “Rustam qo‘shinlarini to‘plab, o‘zi bilan birga otlar va fillarni yetaklab, biz tomon bostirib kelyapti”.
Umar ibn Xattob r.a. Sa’dni xotirjam qilgan holda unga yo‘l ko‘rsatib,javob maktubini yo‘lladi. Albatta, Sa’d Rosulullohning sallallohu alayhi vassalomning tog‘alari va Islomga doxil bo‘lganlar-ning avvalgilaridan, hamda barcha g‘azovot va janglarning qahramoni bo‘lib kelgan dovyurak va zakiy chavandoz edi. Tarixda bo‘lib o‘tgan buyuk janglarning biri bo‘lmish mana bu Qodisiya jangida Sa’d huddi oddiy askarga o‘xshab qo‘shinning oldi safidan joy olib, hech qanday boshliqlik va sarkardalik g‘ururi bo‘lmagan holda jang qilishga hozirlik ko‘ra boshladi.U har kuni o‘zidan uzundan-uzoq masofa, ya’ni Madinada bo‘lgan mo‘minlar amiri bilan maktub almashinib turar, hamda buyuk jang arafasida Umar r.a.dan qimmatli maslahat va nasihatlarni qabul qilib borardi.
 Sababi, Sa’d aniq bilar ediki, Madinada turgan mo‘minlar amiri bu ko‘rsatma va qarorlarni bir o‘zi qabul etmay, balki Rasululloh sallallohu alayhi vassalom ning eng yaxshi va kibor sahobalari bilan maslahatlashar edi. Shuning uchun Sa’d ibn Abi Vaqqos vaziyat keskin bo‘lishiga qaramay, o‘zini va barcha musulmon jangchilarini “sho‘ro” (mo‘minlarning maslahat majlisi) barakoti va foydalaridan mahrum etishni istamadi. Ayniqsa, bu maslahatlarning boshida buyuk ilhomlantiruvchi Umar r.a. bo‘lganidan keyin qanday qilib Sa’d o‘zini va qo‘shinini bu barakotdan mahrum etsin.
* * *
 Sa’d Umar r.a. vasiyatiga amal qilgan holda forslarning qo‘mondoni Rustamning huzuriga uni Islomga chaqirish uchun musulmonlardan bir necha nafarini yubordi .
Musulmon elchilari bilan fors qo‘mondoni o‘rtasida suhbat qizib ketdi. Musulmonlar oxiri so‘zlarini mana bu kalimalar bilan yakunladilar:
 “Albatta Alloh taolo O‘zining xoxlagan bandalarini butparastlikdan tavhidga, dunyo torligidan oxirat kengligiga va hokimlarning zo‘rovonligidan Islomning adolatiga biz musulmonlar orqali chiqarishlikni ixtiyor etdi. Kimki bu narsalarni bizdan qabul etsa, biz ham undan rozi bo‘lib, ortimizga qaytamiz. Kimki biz bilan jang qilishni istasa, to Alloh bizga va’da qilgan narsaga yetishgunimizcha jang qilamiz”.
Rustam so‘radi: “Allohning sizlarga bergan va’dasi nima ekan?
Bir sahoobiy javob berib:
 “Shahidlarimiz uchun jannat, tiriklarimiz uchun g‘alabadir” – dedi.
Ikki tomon bir biri bilan kelisha olmaganidan so‘ng, elchilar Sa’dning huzuriga qaytib, jang bo‘lishi muqarrar ekanligini xabarini berdilar.
Sa’dning ko‘zlari yoshga to‘ldi. Sababi, u jang biroz keyinroq yoki biroz avvalroq bo‘lishligini hohlagan edi. Hozirgi kunda u qattiq betob bo‘lib qolib, kasali uni holdan toydirgan edi. Butun badanini yaralar qoplab, hatto o‘tirishga ham qodir bo‘lmay qolgan edi. Yana shu bilan birgalikda bu shafqatsiz jangda otiga minib qatnashishga ham qodir emas edi. Agarda jang betob bo‘lishidan avval yoki sog‘ayib ketganidan so‘ngra boshlanganda, albatta Sa’d bu jangda buyuk jasorat ko‘rsatgan bo‘lar edi. Endi hozirchi?… Biroq, unday emas. Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ularni “agar” deyishlikdan qaytargan edilar. Chunki “agar” so‘zi bu ojizlik belgisidir. Kuchli mo‘min esa ojiz qolmay, albatta biror chora topadi. Shu asnoda “Arslonni changalidan tutgan inson” yotgan o‘rnidan bir amallab ko‘tarilgach, musulmonlarga xitob qilib, so‘zlarini mana bu oyati karima bilan boshladi:
105. Biz Zikrdan so‘ng Zaburda: “Albatta, yerda faqat Mening solih bandalarim voris bo‘lurlar”,- deb yozib qo‘ygandirmiz.
 Xutbani tugatgach, qo‘shin bilan birga peshin namozini o‘qidi. So‘ngra qo‘shinga yuzlanib to‘rt bor “Allohu akbar” deb takbir aytdi. Uning ketidan musulmonlar ham baravariga takbir aytganlarida, osmonlar larzaga kelib ketdi. So‘ngra Sa’d qo‘lini cho‘zib, dushman tarafga ishora qilgan holda, askarlarga nido qildi:
 “Allohning barakotiga ketdik!”
 Sa’d o‘zi joylashgan uyning tepa qavatidagi ochiq ayvonga chiqib, shu joyni qo‘mondonlik markazi qilib oldi. Bu ayvonda zo‘rba-zo‘r yostiqqa suyangan holda o‘tirar, devorning hamma tarafi esa, ochiq-oydin dushmanga ko‘rinib turardi. Forslar tomonidan qilinadigan ozgina xujum ham Sa’dni halok qilishi mumkin edi. Lekin u sira ham bu xolatdan qo‘rqmay, jangni boshqarib turardi. Yaralari butun tanasini qoplab, og‘riq berayotgan bo‘lsada, u bunga parvo qilmay, ayvondan turib takbir aytib, o‘z qo‘shinlariga nidolar qilib turdi. Safning bu tomonidagi jangchilarga:»O‘ng tomonga yaqinroq kelinglar” der”, u tomonda turganlarga esa, “chap tomoningizdagi ochiq qolgan masofani berkiting”. “Ey Mug‘ira dushman oldindan kelyapti. Ey Jarir ortinga qara. No‘‘mon qiliching bilan ur. Ey Muxammad alayhis salom ashoblari oldinga….!” — deb hayqirar edi.
Niyat va qat’iyyatning quvvati tufayli uning tovushi jaranglab chiqar, va bu orqali har bir jangchini katta qo‘shinga aylantirar edi .
 Fors qo‘shinlari hududi chayqalgan pashshalardek quladilar. Ular bilan birgalikda but-sanam va olovga ibodat qilish ham shu kabi quladi…! Mag‘lub bo‘lgan fors qo‘shinlarining qoldiqlari, qo‘mondonlari va eng jasur jangchilari bo‘lmish Rustamning halok bo‘lganini ko‘rib har qayoqqa qochib, tarqalib ketishdi. Musulmonlar ularni “Naxovand” shahrigacha ta’qib qilib keldilar, keyinchalik “Madoin”ga xujum qilib, Fors podshohi bo‘lgan Kisroning saroy va oltin tojini g‘animat qilib oldilar.”
Madoin” shahridagi jangda Sa’d yuksak qaxramonligini namoyon etdi.» Madoin” jangi “Qodisiya” jangidan keyin taxminan ikki yil orasida bo‘lib o‘tgan edi. Bu oraliqda musulmonlar va forslar o‘rtasida kichik-kichik to‘qnashuvlar, to fors qo‘shinlarining hammasi Madoin shahriga kelib, hal qiluvchi jangga tayyorlangunlariga qadar davom etib turdi.
 Sa’d qarasa vaqt dushmaning foydasiga ishlayapti. Shuning uchun fursatni boy bermay, xujumga o‘tishga qaror qildi. Lekin qanday qilib, axir u bilan dushman orasini to‘lib-toshib oqayotgan Dajla daryosi to‘sib turibdiku? Mana shu o‘rinda dovyurak Sa’d uni Abduraxmon ibn Avf bejizdan “Arslonni changalida tutgan inson «- deb vasf qilmaganini isbot etdi. Albatta Sa’dning iymoni va qat’iyati xatarni oldida bosh egmay, nihoyatda ilojisiz va qiyin bo‘lgan buyuk mardlikka intila boshladi.
 Shunday qilib Sa’d askarlariga Dajla daryosidan suzib o‘tishni amr qildi. Avvaliga daryoning kechib o‘tish mumkin bo‘lgan bexatar va sayozroq joyini topib olindi. Kechib o‘tish amaliyoti boshlanmasidan ilgari Sa’dning hayoliga musulmonlar suzib o‘tadigan narigi qirg‘oq xavfsizligini ta’minlash fikri keldi. Chunki narigi qirg‘oqda fors qo‘shinlari tish-tirnoqlarigacha qurollanib, musulmonlar bilan jang qilishga hozirlanib turgan edilar. Shu asnoda u ikkita bir-biridan alohida bo‘lgan qo‘shinni jihozladi. Birinchi qo‘shinga “qo‘rqinch lashkarlari” deb nom berilib, Sa’d unga Osim ibn Amrni amr etib tayinladi. Ikkinchi qo‘shinning nomi “gung qo‘shin” bo‘lib, unga Qa’qo ibn Amr bosh etib tayinlandi. Bu ikki qo‘shin jangchilarining vazifalari daxshatni ichiga kirib, ortlaridan suzib o‘tadigan jangchilar uchun xavfsiz bo‘lgan makon hozir qilish edi. Bu vazifani ular hayratga solarli ravishda mohirlik bilan uddalay oldilar. Mana shu kunda Sa’dning rejasi shu qadar o‘ngidan keldiki, butun tarixchilar unga lol qoldilar. Bu g‘alaba Sa’dning o‘zini ham, jangda ishtirok etgan birodari Salmon Forsiyni ham hayratga soldi. Salmon hayratlanib, kaftini-kaftiga urgan holda, benihoya xursandlik bilan dedi:
 “Albatta Islom buyukdir. Allohga qasamki, xuddi quruqlik unga bo‘ysunganidek, dengizlar ham bo‘ysundi. Salmonning joni qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, musulmonlar daryoga qay holda guruh-guruh bo‘lib sho‘ng‘igan bo‘lsalar, xuddi shu holda guruh-guruh bo‘lib undan suzib chiqdilar”.
 Ha…Xuddi shunday bo‘lgan edi. Musulmonlar qanday qilib Dajla daryosiga to‘p-to‘p bo‘-lib tashlangan bo‘lsalar, yana o‘shanday to‘p-to‘p bo‘lib biror-bir askarni ham yo‘qotmay, balki forslarning qalblariga qo‘rqinch solgan holda suvdan chiqdilar. Daryodan kechib o‘tayotgan paytda askarlarning biri o‘z kamon o‘qlarini qo‘lidan chiqarib yubordi. Barcha musulmonlar orasida o‘qdonini yo‘qotgan yolg‘iz musulmon bo‘lib qolishni og‘ir sanagani tufayli, zudlik
 bilan boshqa musulmonlarni yordamga chaqirib, o‘qdonini suvning tubidan tortib chiqarishga yordam berishlarini so‘radi. Shu payt katta bir to‘lqin kelib uning o‘qdonini ba’zi musulmonlar suzib o‘tayotgan tomonga oqizib yubordi. Ular esa uni darhol ushlab oldilar.
 Tarix rivoyatlarining biri bizga Dajladan suzib o‘tish holatini shunday hikoya qiladi:
 “Sa’d musulmonlarga “Hasbunollohu va ne’mal vakil” — deyishlikni buyurdi. So‘ngra Dajlaga otini mingan holda tushdi. Uning ketidan musulmonlar ham suvga otildilar. Ulardan hech birlari ikkilanmay va ortda qolmay harakat qildilar. Ular suvda ikki tomonni to‘ldirib, xuddi yer ustida harakat qilayotganday keta boshladilar. Chavandoz otliq va piyoda askarlarning ko‘pligidan suvning beti ko‘rinmas edi. Askarlar xuddi yer ustida ketayotganday, suvning ustida ham xotirjam gaplashib ketardilar .Buning sababi, ular Allohning nusrati, ko‘magi va va’dasiga chuqur ishonch his qilib,xotirjam bo‘lganliklaridan edi.
 Umar r.a. Sa’dni Iroqqa valiy etib tayinlagach, u yerni musulmonlar uchun obod qilishga jo‘nab ketdi. Ko‘fa shaxrini bunyod qildi. Va mana shu keng va katta yurtda Islom qoidalarini o‘rnatdi.
Bir kuni Ko‘fa ahli mo‘minlar amiri Umar r.a.ga Sa’dning ustidan shikoyat qildi.Ularning isyonkor tabiatlari qo‘zg‘ab, noto‘g‘ri bo‘lgan kulgili gumonlarini oshkor etdilar. Ular:
 “Sa’d yaxshilab namoz o‘qishni bilmaydi” – deb shikoyat qildilar.
Bu shikoyatni eshitgach, Sa’d kulimsirab,so‘ngra dedi:
 “Allohga qasamki, men ularga Rosululloh sallallohu alayhi vassalom o‘qigan namozlarini o‘qib beryapman. Avvalgi ikki rakaatni uzunroq, qolgan ikkisini qisqaroq qilyapman”.
Umar r.a g‘azab qilmagan xolda, uni Madinaga chorladi. Vaqtiki Umar r.a uni Ko‘faga yana qaytarmoqchi bo‘lganida, Sa’d kulib dedi:
«Meni, “namoz o‘qishni bilmaydi «- deb gumon qilgan qovmning huzuriga qaytib borishga buyuryapsanmi???!!”
Sa’d ibn Abi Vaqqos Madinada qolishni o‘ziga afzal bildi .
 Mo‘minlar amiri Umar r.a ga suyiqasd uyushtirilganidan so‘ng, u Rasululloh sallallohu alayhi vassalomning ashoblaridan olti kishini yangi xalifa tayin qilish vazifasini topshirish uchun ixtiyor etdi. Umar r.a dedi:
« Men Rosululloh sallallohu alayhi vassalom rozi bo‘lgan olti kishini tanladim «.
 Ular orasida Sa’d ibn Abi Vaqqos ham bor edi. Balki,Umarning oxirgi so‘zlaridan ma’lum bo‘ladiki, agar u ashoblardan biror kishini xalifa qilib tanlamoqchi bo‘lganida, albatta Sa’dni ixtiyor etgan bo‘lardi …Umar r.a asxoblariga vasiyat qilib, ular bilan vidolashib dedi:
 “Agar Sa’d xalifa etib tayinlansa, shunday bo‘la qolsin. Agar undan boshqasi xalifalikka tayin qilinsa, Sa’dga tayansin “.
 Sa’d uzoq umr ko‘rdi. Katta fitnalar kelganda, o‘zini ulardan chetga olibgina qolmay, balki axllari va farzandlariga bu fitnalar xususida unga hech qanday xabar keltirmasliklarini buyurdi. Bir kun jiyani Xishom ibn Utba ibn Abi Vaqqos uning yoniga kelib dedi:
 “Ey amaki, mana bu yerda yuz ming qilich sizni xalifalikka eng loyiq inson ekanligingizni ko‘ryapti”.
Sa’d unga:
 “Men o‘sha yuz ming qilichdan ko‘ra, o‘zimning birgina qilichimni afzal ko‘raman. Agar u bilan mo‘minni ursam o‘tmaydi, agarda u bilan kofirni ursam, boshini kesadi» — deb javob berdi .
Amakisining niyati va xoxishini tushungan jiyan, uni tinch qo‘ydi. Qachonki bu fitnalar tugab, hukumronlik Muoviyaning qo‘liga o‘tgach, Muoviya Sa’ddan so‘radi:
 “Senga nima bo‘ldi, biz bilan birga jang qilmading?»
Sa’d unga quyidagicha javob qildi:
 “Men yo‘lda ketayotgan edim. Birdan qattiq shamol ko‘tarildi. Men “ah, ah”- deb, tuyamni cho‘ktirib, undan yerga tushsam, tuyam yonimdan ketib qoldi».( Ya’ni, u fitnani “shamol” deb atab, “fitna tarafga qarab tuyam yurishni istamay ketib qoldi”- demoqchi.)
 Muoviya dedi:
“Allohning kitobida “ah-ah” — degan so‘z yo‘q….. Lekin Alloh Ta’olo shunday degan: 9.Agar mo‘minlardan ikki toifa o‘zaro urushib qolsalar, darhol ular o‘rtasini isloh qilinglar!
Muoviya so‘zida davom etib:
 “Sen adashgan qavm bilan adolatli qavmga qarshi ham jang qilmading, va na adolatli qavm bilan birgalikda adashganlarga qarshi urushmading” – dedi.
Sa’d unga:
 “Men Ali ibn Abu Tolibga qarshi jang qilmayman. Chunki Rosululloh sallallohu alayhi vassalom unga:
 “Sen menga Muso yoniidagi Xorun alayhis salom maqomidasan, illo mendan keyin payg‘ambar kelmaydi” — degan edilar” — deb javob qildi .
 Xijratning 54 yili 80 yoshdan oshgan Sa’d ibn Abi Vaqqos Atiqdagi xovlisida Alloh Subhanaxu va Ta’lo bilan uchrashishlik uchun tayyorlanib turgan edi. Bizga uning o‘g‘li otasining oxirgi lahzalarini quydagicha xikoya qilib beradi:
 “Otamning boshlari mening ko‘ksimning ustida bo‘lib, u kishi jon berayotgan edilar. Bu xolatni ko‘rib yig‘lab yubordim. Otam menga dedilar:
 “Nima uchun yig‘layapsan, o‘g‘lim? Albatta, Alloh Ta’lo meni xecham azoblamaydi. Chunki men jannat ahlidandurman “…!
 Iymonining salobatini xech narsa, xatto o‘limning dahshati ham susaytira olmasdi. Batahqiq,Rasululloh sallallohu alayhi vassalom unga jannatni bashoratini bergan edilar. U esa Rasulullohning so‘zlari rostligini bilib, unga shak-shubxasiz iymon keltirgan edi. Demak, nima uchun qo‘rqishi kerak?
 “Albatta, Alloh Ta’lo meni hecham azoblamaydi. Chunki men jannat ahlidandirman”.
 Ammo u Robbisiga dini orqali hayotida to‘plagan ajoyib va go‘zal taassurotlar asarini ko‘targan holda yo‘liqishni istagan edi. Shu sababli hujrasiga ishora qilib, u yerdan eski ridosini olib chiqishni so‘radi. Hujradan nihoyatda eskirib ketgan ridoni olib chiqdilar. So‘ngra Sa’d ahllariga o‘zini mana shu kiyimga kafanlashlarini buyurib dedi:
 “Men Badr kuni mushriklarga aynan mana shu ridoim bilan yo‘liqib, uni mana shu kunimga saqlab qo‘ygan edim”.
 Ha, albatta, bu eski kiyim oddiy kiyim bo‘libgina qolmay, balki u mo‘‘min, rostgo‘y va shijoat egasining ulug‘ va uzun hayoti ustida hilpirab turgan bir bayroq ham edi.( Chunki bu kiyimda Sa’d ibn Abi Vaqqos r.a.ning ibodat asarlari mavjud edi.)
 Vafot etgan muhojirlardan oxirgi bo‘lmish Sa’dning pokiza jasadini insonlar Madina tomonga ko‘tarib, Allohning diniga eng avval erishgan insonlar guruhi qatoridan joy olishligi uchun olib ketdilar.Uning jasadi Baqe’ qabristonining tuprog‘idan o‘ziga makon topdi.
 Alvido, ey Sa’d…
 Alvido, ey Qodisiyaning qaramoni. Madoinning fotihi va fors yerlaridagi ibodat qilinadigan olovlarni to abad o‘chirgan inson.
Rijolun havlar-rasulHadis.islom.uz
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Sa’d kelayotgan edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Mana bu mening tog‘am. Bas, kim menga o‘z tog‘asini ko‘rsata oladi!», dedilar”.
Termiziy rivoyat qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kishini tog‘am deyishlariga sabab, ma’lumki, U zotning onalari Omina binti Vahb Bani Zahra qabilasidan bo‘lganlar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu ham Banu Zuhra qabilasidan bo‘lganliklari uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini tog‘am deganlar.
Sa’d ibn Abu Vaqqos rozilallohu anhuning to‘liq qismlari Sa’d ibn Molik ibn Uhayb ibn Abdumannof ibn Zuhra ibn Kilob ibn Murra bo‘lib, nasablari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Kilob ibn Murrada birlashadi.
Sa’d ibn Abu Vaqqos rozilallohu anhu birinchi bo‘lib islomga kirgan kishilardan hisoblanadilar. U kishi bu haqda shunday deganlar:
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Men Islomga kirgan kunimdan avval birov islomga kirmagan edi. Ta’kidki, yetti kungacha Islomning uchdan biri bo‘lib terdim»
Buxoriy rivot qilgan
Sa’d ibn Abu Vaqqos rozilallohu anhu Islomga qanday kirganlari quyidagilarni aytadilar: “Islomga kirishimdan uch kun ilgari tushimda o‘zimni qatma-qat zulmatlarning ichida qolganimni ko‘rdim, uning to‘foni ichida tipirchilab turganimda birdan menga oy nur sochib qoldi. Men u tomon yurdim. O‘z oldimda ul oyga mendan oldin borganlarni ko‘rdim. Zayd ibn Xorisa, Ali ibn Abu Tolib va Abu Bakr siddiqni ko‘rdim. Ularga:
«Bu yoqqa qachon keldingiz?», dedim.
«Bu soatda», dedilar.
Erta bilan menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yashirin ravishda Islomga da’vat qilayotganliklarini xabari yetdi. Shunda Alloh menga yaxshilikni iroda qilganini, meni zulmatlardan nurga chiqarishini iroda qilganini bildim. Bas, U zot tomon shoshilib bordim. Jiyod darasida uchratdim. Namoz o‘qib turgan ekanlar. Musulmon bo‘ldim. Tushimda ko‘rganlardan boshqa mening oldimga tusha olmagan…”.
Sa’d ibn Abu Vaqqos rozilallohuanhu Islomga kirganlarida u kishi o‘n yetti yoshda edilar. U kishi yoshliklaridan baquvvat, shijoatli bo‘lib o‘sib ulg‘aydilar va ko‘plab fazilat va baxtlarga ega bo‘ldilar. Jumladan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qo‘riqchi bo‘lishlik baxtiga erishganlar:
 Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida bir kecha uyqulari qochdi va:
«Sahobalarimdan bir solih kishi meni kechasi qo‘riqlaganida edi», dedilar.
Biz shundoq holda turganimizda silohning shitirlagani eshitilib qoldi. Bas, U zot,
«Kim bu?», dedilar.
«Sa’d ibn Abu Vaqqos», dedi
«Nimaga kelding», dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
«Ko‘nglimga Nabiy sollallohu alayhi vasalam haqida havf tushib, U zotni qo‘riqlagani keldim», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning haqqiga duo qilib, so‘ngra uyquga ketdilar”.
Termiziy va Muslim rivoyat qilishgan.
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhu vasallamning istaklariga binoan Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuni ko‘ngillariga U zotni qo‘riqlashlikni solib qo‘ydi. Bu esa Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuga Alloh taolo tomonidan berilgan fazilatlardandir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘ngillarini topib, istaklarini bajarib, duolarini olish yuksak darajadir. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu ana shunday kishilardan edilar.
Karimulloh Toshmatov Muslim.uz
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning tug‘ilgan yillari manbalarda hijratdan 23- yoki 27-yil oldin deb ko‘rsatiladi. Bu milodiy hisobda 595 yoki 599 yilga to‘g‘ri keladi.
Sa’d roziyallohu anhu merganlik va kamondan o‘q uzish bo‘yicha o‘ta mohir sahoba edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Uhud kuni u kishiga “Ot, ey Sa’d, ota-onam senga fido bo‘lsin, ot!” deganlar. Ali roziyallohu anhu “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sa’ddan boshqa odamga bu gapni aytganlarini eshitmaganman” deganlar.
Islom diniga eng avval kirgan sahobalardan biri edilar.
Sahobalarning ichida pahlavonligi, qo‘mondonlik salohiyati borligi, merganligi, duosi tez qabul bo‘lishi bilan mashhur edilar.
Forslar o‘lkasining fath qilinishiga sabab bo‘lgan Qodisiya, Madoin janglarida qo‘mondon bo‘lganlar.
Kufaga birinchi voliy bo‘lganlar. Umar roziyallohu anhu u kishini Kufaga voliy etib tayinlaganlar.
Muhojir sahobalardan Madinada eng oxiri vafot etgan kishi shu zot edilar.
U kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qo‘riqlab yurgan zotlardan biri edilar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Sa’d roziyallohu anhu kelganlarida, “Bu mening tog‘am. Biror kishi o‘z tog‘asini ko‘rsatsinchi” deganlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Yo Alloh! U Senga duo qilganda, duosini ijobat qilgin!” deb duo qilganlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Sa’d roziyallohu anhuning peshonalariga qo‘llarini qo‘yganlar. Keyin yuzlarini, ko‘ksilarini va qorinlarini silab, “Yo Alloh, Sa’daga shifo bergin!” deb duo qilganlar. Keyinchalik Sa’d roziyallohu anhu bu voqeani eslab, “Hozirgacha u zot alayhissalomning qo‘llari taftini ko‘ksimda his qilaman” deganlar.
Sa’d roziyallohu anhu Umar roziyallohu anhuning vafotlaridan keyin yangi rahbar tanlash borasidagi Maslahat Kengashining a’zosi bo‘lganlar.
U kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga barcha g‘azotlarda ishtirok etganlar.
Uhud kuni ko‘pchilik ortga chekingan paytda joyidan qimirlamay, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yonlarida turib, u zot alayhissalomni qo‘riqlagan kam sonli sahobalardan biri edilar.
Sa’d roziyallohu anhu Makka fathi kuni muhojirlarning uchta bayroqlaridan birini ko‘tarib borgan zot edilar.
U kishi tirikligida jannati ekanligini eshitgan baxtiyor insonlardan biri edilar.
Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Ahmad kabi muhaddislar Sa’d roziyallohu anhudan ko‘plab sahih hadislar rivoyat qilishgan.
Abdulloh ibn Umar, Oisha bint Abu Bakr, Abdulloh ibn Abbos, Soib ibn Yazid, Jubayr ibn Mut’im, Jobir ibn Abdulloh, Misvar ibn Maxrama, Abdulloh ibn Omir, farzandlari Omir, Umar, Muhammad, Mus’ab, Ibrohim, Sa’id ibn Musayyib, Abu Usmon Nahdiy, Amr ibn Maymun, Ahnaf ibn Qays, Alqama ibn Qays, Ibrohim ibn Abdurahmon ibn Avf, Abu Abdurahmon Sulamiy, Mujohid, Urva ibn Zubayr roziyallohu anhum kabi ko‘plab zotlar u kishidan hadis rivoyat qilishgan.
Vafotlaridan oldin yungdan bo‘lgan kiyim (jubba)larini olib kelishni buyurganlar. Olib kelishgach, “Meni shunga kafanlanglar. Chunki, Badr g‘azoti kuni dushmanga ro‘baro‘ bo‘lganimda, ustimda shu kiyim bor edi. Kafanim bo‘lsin deb shu kungacha saqlab qo‘ygandim” deganlar.
Hijriy 55-yilda, milodiy 674 yilda, Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu davrida vafot etib, Madinada dafn etilganlar.
Suratda Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning mashhur kamonlari bo‘lib, ushbu kamon Madinai munavvaradagi “Hijoz temir yo‘li” nomli muzeyda saqlanadi.
Nozimjon IminjonovMuslim.uz
U zotning to‘liq ismi Sa’d ibn Molik ibn Uhayb ibn Abdumanof ibn Zuhra ibn Kilob ibn Murra, nasabi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning nasabi bilan Kilob ibn Murrada birlashadi. Otasining ismi Molik, Molikning kunyasi Abu Vaqqos bo‘lgan. Biroq Sa’d ibn Abu Vaqqosning nomiga otasining ismi emas, kunyasi qo‘shib aytilgan.
Sa’d ibn Abu Vaqqos Islomga birinchi bo‘lib kirgan sahobai kiromlar sirasidan.
Ma’lumki, hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning dastlabki da’vati samarasi o‘laroq o‘sha vaqtda Quraysh  ashroflaridan bo‘lgan, keyinchalik sahobalarning ulug‘lariga aylangan va jannatga kirishlariga bashorat berilgan o‘n kishining beshtasi; Usmon ibn Affon, Zubayr ibn al-Avvom, Abdurrohman ibn Avf, Sa’d ibn Abu Vaqqos va Tolha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhumlar iymonga keldilar. Shu bilan birga, Sa’d ibn Abu Vaqqos o‘zini Islomga uchinchi bo‘lib kirgan shaxs hisoblar yurgan ekanlar.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men Islomga kirgan kunimdan avval birov Islomga kirmagan edi. Ta’kidki, yetti kungacha Islomning uchdan biri bo‘lib turdim» (Buxoriy rivoyat qilgan). Ulamolarimiz ma’lumotlarning hammasini diqqat bilan o‘rganib chiqib, Sa’d ibn Abu Vaqqos yettinchi o‘rinda musulmon bo‘lgan, degan xulosaga kelganlar. Bu manbalar Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning Islomga ilk bor kirgan ulug‘lardan ekanini ko‘rsatadi va u zot uchun buyuk fazl manbasi hisoblanadi.
Sa’d ibn Abu Vaqqos e’tiqodini e’lon qilgani zahoti din yo‘lida sinovga duchor bo‘ldilar. Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Sa’dning onasi unga hattoki u o‘z diniga kufr keltirmagunicha hech ham unga gapirmaslikka, yeb ichmaslikka qasam ichdi. Va “Alloh senga ota-onangga itoat qilishga amr qilgan, men onangman, men seni shunga amr qilmoqdaman!» dedi. Bas, uch kun turib qiynalganidan hushidan ketib yiqildi. Uning Umora degan o‘g‘li turib unga (bir narsa) ichirdi.
Boshqa rivoyatda: «Qachon unga ichimlik ichirmoqchi bo‘lishsa, og‘zini cho‘p bilan ochib turib, quyishar edi. U Sa’dni duoi bad qila boshladi. Bas, Alloh taolo: «Va insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tasviya qildik. Agar ular seni o‘zing bilmagan narsani Menga shirk keltirishing uchun jihod qilsalar, bas, ularga itoat qilma»ni nozil qildi» (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Sa’d ibn Abu Vaqqosning onalari bilan bo‘lib o‘tgan bu mojarolari haqida zikr qilingan yuqoridagi hadisda aytilgan «Va insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tasviya qildik. Agar ular seni o‘zing bilmagan narsani Menga shirk keltirishing uchun jihod qilsalar, bas, ularga itoat qilma» oyati karimasining nozil bo‘lish sababi haqidagi rivoyatlarini o‘rgansak, vaziyat yanada ravshanlashadi.
Imom Termiziy bu haqda quyidagilarni rivoyat qiladilar: «Ushbu oyat Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu va uning onasi Hamna binti Abu Sufyon haqida nozil bo‘lgan. U onasiga yaxshilik qiluvchi edi. Sa’d ibn Abu Vaqqos yoshligidan o‘zida jangovarlik sifatlarini mujassam qilgan holda o‘sgan edi. U kishi kamon otishni juda ko‘p mashq qilar edi. Shu boisdan mohir va mashhur amonchisi bo‘lib yetishdi. U kishining qalbini iymon nuri yoritgan lahzadan boshlab Islomning muxlis lashkariga aylandilar. U kishi har qanday og‘ir holatda ham dushmanga yuzma-yuz kelishdan tap tortmas edilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos Islomga birinchilardan bo‘lib kirganlaridek boshqa islomiy ishlarda ham birinchilardan bo‘lish u kishiga nasib etdi. Jumladan, hijratga izn berilganda Sa’d ibn Abu Vaqqos birinchilardan bo‘lib dinu diyonat, iymonu e’tiqod yo‘lida Makkadan Madinaga hijrat qildilar. Hijratdan keyin bo‘lgan barcha ishlarda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning yonlarida turdilar.
Birinchi hijriy sanada Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ubayda ibn al-Horis ibn Abdulmuttolib boshliq sariyyani Robig‘ tarafga yubordilar. Ular birinchi sariyya edilar. Sariyya Quraysh karvoni bilan to‘qnashishi kerak edi. Musulmonlarning sariyyasi oltmishta muhojir sahobalardan iborat edi. Musulmonlarning bu birinchi chiqishlarida, birinchi bayroq ham tikilgan edi. Birinchi bayroqdorlikka Sa’d ibn Abu Vaqqos ixtiyor qilingan edilar. Ikki taraf to‘qnashdi. Mushriklarga Abu Sufyon boshliq edi. Mushriklar bilan musulmonlar orasida birinchi qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Ana o‘shanda Sa’d ibn Abu Vaqqos dushmanga qarata birinchi bo‘lib kamondan o‘q otdilar.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Badr kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarida turib o‘z kamonlaridan dushmanga tinmay o‘q uzar edilar. U kishi har o‘q otishidan oldin: «Ey bor Xudoyo! Ularning qadamlarini larzaga solgin, qalblariga qo‘rquvni solgin, undoq qilgin, bundoq qilgin», der duo qilar edilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bo‘lsalar: «Ey bor Xudoyo! Sa’dning duosini qabul qilgin!» der edilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning xuddi o‘sha merganlik sifatlari Uhud urushida qo‘l keldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Sa’d ibn Abu Vaqqosga: «Ot! Ota-onam senga fido bo‘lsin! Ot!» deyishlari juda katta gap. Bu gapni u zot alayhissalom birinchi bo‘lib Sa’d ibn Abu Vaqqosga aytganlar. Ana shu ibora ham uning fazilatli zot ekanini bildiradi. Ikkinchi marta Xandaq urushida u zot alayhissalom «Ota-onam senga fido bo‘lsin!» degan gapni Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuga aytganlar va undan keyin boshqa birovga aytmaganlar.
Imom Terimiziy rivoyatidagi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Sa’d ibn Abu Vaqqosga qarata aytgan, «Ey pahlavon yigit!» degan gaplari yolg‘iz Sa’d ibn Abu Vaqqosning o‘zlariga xosdir.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida bir kecha uyqulari qochdi va: «Sahobalarimdan bir kishi meni kechasi qo‘riqlaganida edi», dedilar.Biz shundoq holda turganimizda silohning shitirlaganini eshitib qoldik. Bas u zot: «Kim u?!» dedilar. «Sa’d ibn Abu Vaqqos», dedi.«Nimaga kelding?» dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam«Ko‘nglimga Nabiy sollallohu alayhi vasallam haqida xavf tushib u zotni qo‘riqlagani keldim», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning haqiga duo qilib so‘ngra uyquga ketdilar» (Imom Termiziy va Imom Muslim rivoyat qilgan).
Alloh taolo Sa’d ibn Abu Vaqqos ko‘ngliga Rasulining istagi natijasi o‘laroq ilhom qilib solmasa bunday ish bo‘lmaydi. Qarang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kechasi orzu qilganlariga mos kelib u zotni qo‘riqlab duolarini olish qanday saodat!
Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Allohim, Sa’d Senga qachon duo qilsa, qabulaylagin!» dedilar» (Termiziy rivoyat qilgan).
Ellik to‘rtinchi hijriy sana. Madinai munavvaraning chetidagi Aqiq degan tuman. Sakson uch yoshli Sa’d ibn Abu Vaqqos safarga hozirlanmoqdalar. U kishining o‘g‘illari bu haqda shunday hikoya qilgan: «Otamning boshi quchog‘imda edi. U kishi jon taslim qilmoqda edilar. Men yig‘ladim. U kishi: «Nega yig‘laysan, o‘g‘lim? Albatta, Alloh meni hech azaoblamaydi. Men ahli jannatlardanman» dedilar.
So‘ngra u kishi sandiqqa ishora qildilar. Uni ochishdi. Ichidan eskirib ketgan ridoni olishdi. Sa’d ibn Abu Vaqqos o‘z ahllariga o‘zlarini o‘sha ridoga kafanlashni amr qililar va: «Badr kuni mushriklar bilan jang qilganimda shuni kiygan edim. Mana shu kun uchun saqlab qo‘ygan edim», dedilar.
Sa’d ibn Abu Vaqqosning janozasini Marvon ibn Hakam o‘qidi. U zotning pok jasadlari Jannatul Baqiy’ga dafn etildi. Jannat bashorati berilgan o‘nlikdan oxiri vafot etganlari Sa’d ibn Abu Vaqqos edilar. Ba’zi ulamolarimiz, muhojirlardan oxiri vafot etganlari ham Sa’d ibn Abu Vaqqosdir, deydilar.
Po‘latxon Kattayev| Muslim.uz
0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x