Sabr tushunchasi va turlari

Sabr lugʻatda “toʻsmoq”, “bogʻlamoq” demak. Istilohda esa nafsga xush keluvchi narsalarni tark etish, qazo va qadardagi ishlarga isyon qilmay boʻyin egish, balo va mashaqqat kelganida shikoyat qilmaslik maʼnolarini ifodalaydi.

Sabr, ummatning ijmosi bilan farz boʻlib, imonning yarmi hisoblanadi. Qolgan yarmi esa shukrdir. Sabrning imondagi oʻrni boshning vujuddagi oʻrni kabi. Junayd Bagʻdodiy moʻminning ziynati imon, imonning ziynati aql, aqlning ziynati sabr ekanini bayon etadi.

Bandaning maʼnan yuksalishigina emas, dunyo hayotida huzur va saodat ichra yashashi uchun ham sabr zarur. Biz koʻpincha oʻtmishni oʻylab, “agar”, “koshki”lar bilan vaqt oʻtkazamiz. Xayo­limizni oʻgʻirlab, bor diqqatimizni tortib, Haqdan uzoqlashishimizga, tushkunlikka tushib oʻylanib oʻtiraverishimizga sabab oʻtmishdagi har turli ishlardir. Bu xastalik ham sabr bilan yengiladi. Oqil kishi oʻtmish va kelajak haqida qaygʻuga tushmaydi, yashayotgan lahzalarining qimmatini biladi. Bu xuddi olma oʻstirayotgan bogʻbonning yuqoridagi gul va mevalar quvvatlanishi uchun nihol tagidan oʻsib chiqqan shoxlarni kesib tashlashi kabidir.

Har turdagi ilmni oʻrganish mumkin, lekin sabr boʻlmasa, bu ilmdan foyda yoʻq. Yaʼni, ilm bilan sabr bir-biridan ayrilmaydigan ikki hamroh yoki ruh bilan jasad singaridir.

Sirriy Saqatiydan sabr mohiyati haqida soʻrashdi. U kishi javob berayotganida oyogʻini chayon chaqa boshladi. Hazratning indamay oʻtirganini koʻrib: “Nega uni oʻldirmayapsiz?” deyishdi.

– Ham sabr haqida gapirib, ham chayon chaqyapti deb faryod chekishdan Allohdan hayo qilaman, – deb aytdi.

Sabr uchga boʻlinadi. Allohga ibodatlarda sabr, gunoh qilmaslikka sabr, Yaratganning sinovi boʻlgan musibatlarga sabr. Bu sanalganlardan birinchi va ikkinchisi bandaning ixtiyoriga bogʻliq. Uchinchisi esa unday emas.

Hadisi sharifda marhamat qilinadi: “Sabr uch (turli)dir. Musibatlarga sabr, toatda sabr, gunoh qilmaslikka sabr. Kim balo oʻzidan koʻtarilgunicha chiroyli sabr qilsa, Alloh taolo unga uch yuz daraja yozadi. Kim toatda sabrli boʻlsa, Alloh taolo unga olti yuz daraja yozadi. Kim maʼsiyatga qarshi sabr qilsa, Alloh taolo unga toʻqqiz yuz daraja yozadi”.

Shuningdek, sabr mohiyatiga koʻra uch xil boʻladi:

Farz sabr. Alloh taoloning amrlariga boʻysunish, harom qilganlaridan tiyilishdagi sabr har bandaga farz;

Nafl sabr. Qilinishi makruh boʻlgan narsalarga sabr qilish;

Harom sabr. Musulmonning Alloh taolo mukarram etgan moli, joni, nomusiga nisbatan tajovuzga sabr qilish haromdir.

Manba: irfon.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x