Saʼdulla Hakim (1951)

Saʼdulla Hakim 1951 yil 25 martda Jizzax viloyati, Forish tumanidagi Garasha qishlogʻida tugʻildi. ToshDU (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetida tahsil oldi. Avvaliga “Saodat” jurnalida, soʻng “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Oʻzbekiston ovozi” gazetalarida adabiyot va sanʼat boʻlimi mudiri, masʼul kotib lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi. “Maʼrifat” gazetasiga rahbarlik qildi (1992–1996). Masʼul lavozimlarda, ishladi, “Turkiston press” Axborot agentligida bosh direktor, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida bosh muharrir vazifalarida xizmat qildi.

Saʼdulla Hakimning “Hamal tonglari” (1981), “Sen kutgan bahor” (1986), “Yoz oqshomi” (1996), “Ona soʻz” (2000), “Saylanma” (2001), “Koʻngil yuzi” (2006), “Qoʻhna naql” (2011) sheʼriy kitoblari nashr etildi. Gyote, Pushkin, Lermontov, Yesenin, Yunus Emro kabi shoirlarning sheʼrlarini tarjima qildi. “Saylanma” kitobi uchun 2002 yili “Eng ulugʻ, eng aziz” respublika tanlovi gʻolibi boʻldi. Maʼnaviy hayotimizga oid “Esimda qolgan kunlar”, “Atom qaʼriga sayohat” kabi publitsistik asarlari adabiy jamoatchilik nazariga tushdi. “Oqsaroy” (2001) manzumasida istiqlolimiz va davlat boshqaruvi ramziga aylangan Oqsaroy qarorgohi tarixiy-zamonaviy nuqtai nazardan mushtarak obraz sifatida tarannum etilsa, “Bola Botir” dostonida (2013) badiiy soʻzning ulkan maqsadlar va mustahkam eʼtiqod yoʻlidagi oʻrni, ahamiyati tiniq obrazlar vositasida ochib beriladi.

Ayniqsa, uning tarixiy qahramonlikni ulugʻlovchi “Olis yulduz” dostoni muxlislar eʼtiboriga tushdi. Dostonda shoirning adabiy-falsafiy konsepsiyasi, olam bilan odamni yaxlit uygʻunlikda koʻrish, tasvirlash yoʻsini oʻziga xos tarzda ifoda etiladi.

Saʼdulla Hakim 2002 yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/sadulla-hakim-1951/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x