Rustam Nazar

(1949—2011)

Bolalar ijodkorlaridan biri Rustam Nazar 1949-yilda Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida tugʻilgan. Respublika rus tili va adabiyoti institutini tugatgach, maktabda oʻqituvchilik qilgan. Keyinchalik turli gazeta tahririyatlarida ishlagan.

„Men turli adabiy janrlarda kuchimni sinab koʻrdim, lekin oʻzimni aynan bolalar adabiyotida kashf etdim, — deb yozgan edi shoir. — Bolalar uchun sheʼr mashq qila boshlaganimda yoshim oʻttizdan oshgandi… Ammo oʻsha davrda bolalar adabiyotining, xususan, sheʼriyatining badiiy saviyasi yuqori emasdi. Bunga shoʻro mafkurasining ham taʼsiri bor edi, albatta. Bolalar adabiyoti deganda, asosan:

Oq paxta, oppoq paxta,

Biz senga inoq paxta! —

kabi deklamatsiya ruhidagi quruq sheʼrlar tushunilardi. Faqat 70—80-yillarda Anvar Obidjon, Tursunboy Adashboyev, Abdusaid Koʻchimov, Miraziz Aʼzam, Hamza Imonberdiyev, Kavsar Turdiyeva kabi shoirlar magʻzi toʻq, fikrlovchi sheʼriyat namunalarini yaratib, bolalar adabiyoti oqimini yangi oʻzanga burishdi“.

Rustam Nazarning oʻzi ham shu oʻzanda oqdi, suzdi, quloch otdi. Faol izlandi, intildi, kashf etdi. Aytish mumkinki, shoirning deyarli har bir sheʼri oxorli, yangi topilmadek. Misollarga murojaat qilaylik.

„Sumalakjon, sumalak“ deb berilib, ich-ichidan suyunib, kun boʻyi qoʻshiq aytib yurgan qizchaning onasi qishloqdan sumalak olib keladi. Akalari uni talashib, paqqos yeb qoyishadi. Qizcha esa, bundan hayronboʻlib qoladi:

Qizcha xomush, jim edi,

Bilmasdi ne deyishni.

Istamasdi qoʻshiqqa,

Non botirib yeyishni!..

Sheʼrdagi kutilmagan xulosa kishini yoqimli seskantirib, beixtiyor xushyor torttiradi. Yosh qizchaning soddaligi zamiridagi beozorlik, begʻuborlik va ulugʻlikdan qattiq mutaassib boʻladi kitobxon.

Shunda „Bolalar pokligi bilan ulugʻdir, Soddaligi bilan kattadir bizdan“ degan shoir M. Kenjabekning iqroriga soʻzsiz qoʻshilamiz.

Sevimli „qoʻshiqqa non botirib yeyishni“ istamagan qizcha kattalarga ibrat boʻlgulik emasmi?

V. Belinskiy „ … bolalar uchun kitob yozish kerak, biroq shunday yaxshi va foydali asarlar yozmoq zarurki, ular chinakam badiiy asar sifatida hammaga moʻljallanganligi bilan qiziqtira olsin,“ degan edi.

Xuddi shuni eʼtirof etgandek, Rustam Nazar oʻzi haqida: „Men bolalar sheʼriyatini jiddiylashtirishga, unga kattalar adabiyotiga xos unsurlarni olib kirishga harakat qildim“, deb yozadi. Chindan, u yaratgan sheʼrlarning lirik qahramonlari muayyan bir voqelik, narsa-hodisalarni sinchkovlik bilan kuzatib, jiddiy fikr-mulohaza yuritadigan aqlli, mustaqil fikrli bolalardir:

Qora nima, oq nima.

Fahmiga tez yetaman.

Boqib rangin olamga,

Sirlarin kashf etaman, —

deydi „Dunyo va men“ sheʼri qahramoni. Bu lirik qahramon rangin olamning turfa sir-sinoatlarini oʻz aql-u shuuri bilan anglab, his etib, oʻziga xos fikr-xulosalarni oʻrtaga tashlaydiki, u yosh kitobxonni ham, kattalarni ham birdek oʻyga toldiradi.

Shoir „Rangli favvora“da koʻzboʻyamachi, yuzi yaltirogʻ-u ichi qaltiroq kimsalarning asl qiyofasini koʻradi.

Turfa chiroqlar yogʻdusida kamalakday tovlanib, oʻzini koʻzkoʻz qilgan favvora chiroqlar oʻchgach, asl holiga qaytadi. Bu holni kuzatgan lirik qahramon oʻz munosabatini shunday bildiradi:

Soxtalikdan naf yoʻq-da,

Xatosini anglarmi?

Koʻz-koʻz aylash lozimdir

Oʻzingda bor ranglarni!..

„Boqib rangin olamga, sirlarin kashf etaman“ degan lirik qahramon „Rangli favvora“da shu taxlit oq-qorani ajratadi.

Daraxtni ham, hayvonni ham odam deb ataydigan Dersu Uzala haqidagi filmni koʻrib esa, bu holdan hayron boʻladi:

Nega baʼzi odamlar

Yomonlikni koʻzlashar —

Bir-birini toʻnka deb,

Kalamush, deb soʻzlashar?!

Har bir jonzotga odam deb qaraydigan („Odam kabi gaplashar, hatto yoʻlbars bilan u“) film qahramoni va hayotda odam boʻla turib, bir-birini „toʻnka“, „kalamush“ deb ataydigan kimsalarni qiyoslab, lirik qahramon chuqur oʻyga toladi. Uning savoli zamirida yomonlik, qabihlik kabi illatlardan qochish, bir-biriga mehr, izzat koʻrsatish orzusi bor.

„Olis urush yillari“dan „unsiz hikoya“ soʻylayotgan mangu olov yoniga bir chol gul qoʻyadi, „ogʻriq kirib taniga“. Bu hol, bu ogʻriq sababi maʼlum — olis xotiralar qiynogʻi bu. Shu payt „tantiq bir oʻsmir“ ham „chopib keldi shoshilib“. Uni ham shoshilmay kuzatib:

Yodgorlikka boqmadi,

Nigohida yoʻq maʼni.

… Kun sovuq-da, kelibdi

Sal isinib olgani!

— deydi lirik qahramon va tantiq oʻsmirning sovqotgan (aslida sovuq, hissiz) qiyofasini („Nigohida yoʻq maʼni“) chizar ekan, oʻz munosabatini kesatish ohangida bildiradi. Sheʼrdagi chol va oʻsmir qiyofasi faqat ikki avlod emas, ayni paytda, ikki xil olam kishilari sifatida gavdalanadi: ezgulik, tinchlik uchun kurashgan fidoyi (chol) va faqat oʻz tinchini, rohatini oʻylaydigan xudbin (oʻsmir) kimsalar.

Bunday xudbinlar erta bir kun ulgʻaygach ham el-yurt uchun biror-bir naf keltirishni aslo oʻylamaydi. „Chigʻanoq“ sheʼrining lirik qahramoni shundaylardan nihoyatda dilzada. Chigʻanoqqa „quloq tutsangiz, xuddi dengiz shovullar“. Goʻyo shu mitti xilqat ardoqlab „Dengiz — asl maʼvosin, Charchamas hech, bezmas hech kuylashdan yurt navosin“. Lirik qahramon shu kichik chigʻanoqdan katta maʼno tuyadi: u oʻz yurtiga sadoqatli, ayriliqda ham Vatan yodi bilan yashovchi yurtparvar fidoyi kabi. Lirik qahramon fikrlashda davom etadi:

Odamlar-chi? Baʼzilar

Subutsiz va ayyordir.

Gaplarida yurt uchun,

Oʻlmoqqa tayyordir.

Lekin quloq tutsangiz

Qalblariga mabodo,

Eshitilar barala,

Koʻp gʻalati bir sado, —

kabi satrlarda tili boshqa-yu, dili boshqa odamlarning qiyofasini tasvirlar ekan, ularning aslida chigʻanoqdan ham maydalashib ketganidan afsus chekadi, achinadi:

Uy-joy, roʻzgʻor gʻamida

Soʻnar dillar hovuri —

Ichlarida gʻuvullar

Bozor gʻala-gʻovuri.

Chigʻanoqdan dengiz shovullashi eshitilsa, baʼzilarning ichida „bozor gʻala-gʻovuri“ „gʻuvillaydi“. Bu ikki soʻz — ulkan dengizga xos oʻktam ovoz (shovullash) va bozor „gʻala-gʻovuri“ning gʻuvullashi ichki olami ikki xil boʻlgan kishilar maʼnaviy holatini tasvirlaydi. Ichki olami gʻarib, faqat tirikchilik gʻamidagi „bozorbop“ kimsalarning siri ochilib, fosh etiladi.

Hatto chigʻanoqcha boʻlolmagan baʼzi kimsalarning ayanchli holati — tasviri bu. Umuman, Rustam Nazar sheʼrlarida, koʻpincha, hayotni yanada mukammal va goʻzal, insonni barkamol va ulugʻvor koʻrish orzusi barq urib turadi. Buning uchun inson tinimsiz saʼy-harakat qilmogʻi, yuksalmogʻi, vaqt va umrning qadriga yetmogʻi kerak! Toshbaqa kabi imillash mumkin emas.

Toshbaqa manzili olis boʻlsa ham shoshilishiga hojat yoʻq, chunki u 400 yil yashaydi. „Lekin sen-chi, bolakay, nega begʻam yotibsan, hamma ishing chala-yu, puch oʻylarga botibsan?!“ deb tanbeh beradi, kuyunadi. „Toshbaqa“ sheʼri lirik qahramonining daʼvati va talabi qatʼiy:

Qadrla har fursatni,

Chaman yarat, qur qasr.

Imillagan har jonzot

Yashamaydi toʻrt asr!

Har lahzaning gʻanimatligi „Oʻlchovli vaqt“ sheʼri lirik qahramoni tilidan ham obrazli, taʼsirchan tarzda taʼkidlanadi. Yugurishda atigi bir daqiqa kechikkani bois gʻolib boʻlolmagan Sobirning iztirobi tasvirlanar ekan, musobaqa emas, hayotda ham har daqiqaning qadriga yetish kerakligini uqtiradi:

Koʻzingni och, ey joʻra,

Vaqt oʻlchovli, yetsa gal —

Atigi bir daqiqa

Taqdiringni etgay hal!

Vaqtni, umrni ezgu va yaxshi ishlarga sarflashda ibrat boʻlgan, yetmishdan oshsa hamki kun boʻyi ogʻir etik kiyib bogʻda ishlaydigan otaxonga nevaralar hordiq olib, oyoq uzatib yotishni taklif qilishadi. Shunda:

Buvam kular: „Tirik jon —

Lozim mehnat etmogʻi.

Oʻzi qarib, zaminni

Yashartirib ketmogʻi“.

Oʻzidan yaxshi nom qoldirish koʻp aytilgan. Aslo eskirmas ezgu aqidaning chol tilidan aytilishi unga oʻzgacha bir ruh baxsh etmoqda. Bu sheʼrda „qarish“ va „yashartirish“ zidligi asosida maʼno yanada taʼsirchan chiqqan. Shu maʼno-fikr, oʻgit-nasihat agar quruq „Mehnat qilish kerak, yerni yashnatish, gullatish kerak“ tarzida aytilsa, yosh kitobxonning ensasini qotirishi turgan gap edi.

„Dangasa“ sheʼrida, qalovini topsa qorni yondirish ham mumkin boʻlgani holda, loqaydlikka berilganlar shunday ayovsiz tanqid qilinadi:

Jon koyitmas dangasa,

Izlash tugul qalovni,

Oʻchiradi erinib

Yonib turgan olovni!

Lirik qahramon dangasalarni shunday chimdib-chimdib oladi.

Rustam Nazar sheʼrlari, asosan, aniq sujetga ega. Shoirning mahorati shundaki, u muayyan bir voqelik, holat-manzarani yorqin va rangin boʻyoqlarda tasvirlaydi, ular asosida muayyan bir fikr, gʻoyani ilgari suradi. Muhimi, hammaga maʼlum narsalar haqida ham mutlaqo yangi bir gap, ohorli fikr ayta oladi. Oʻz fikrini badiiy jihatdan puxta asoslaydi va ishontiradi. Masalan, kuz „daraxtlarning raʼyiga qaramay“ hammasini sariq rangga boʻyaydi. Faqat archa har doim koʻm-koʻk. Shoir buni shunday izohlaydi:

Jurʼat etmas boʻyashga,

Qoʻrqar ignalaridan!

Gʻaroyib sheʼriy topilma! Hammaga maʼlum narsaning hech kimning xayoliga kelmagan yangicha izohi va badiiy isboti: archaning ignalaridan qoʻrqib, kuz uni sargʻaytirishga botinolmaydi.

Yoki „Intizomli tramvay“ sheʼrini olaylik. Avvalo, tramvay qanday qilib „intizomli“ boʻlsin? Shoir esa buni badiiy asoslaydi:

Yurar doim bir yoʻldan,

Izdan sira chiqmas u.

Avtobusday burnini

Har koʻchaga tiqmas u.

Sodda, ravon va obrazli tasvir oʻquvchini rom etadi va shoir soʻziga ishontiradi.

Narsa-hodisalarning oʻziga xos belgisi, shakli yoxud boshqa bir jihatiga asoslanib, ulardan majoziy maʼno-mazmun anglatadiki, bu badiiy topilmalar oʻquvchini soʻzsiz ishontiradi. Shu badiiy asoslarga suyangan holda, muayyan bir poetik mazmun shakllantirib, sheʼr soʻngida ixcham va taʼsirchan fikr-xulosa bayon etiladi. Bu kutilmaganlik va favquloddalik birdan kitobxonni yoqimli larzalantiradi. Shoirning poetik maqsadini oʻquvchiga tez va oson singdiradi.

Shoir sheʼrlari yosh kitobxonlarning fikr darajasi, dunyoqarashi, oʻsishiga, mulohaza layoqatining chuqurlashishiga xizmat qiladi. Ularni hayotga ziyrak nigoh va tiyrak aql bilan qarashga, ezgulikni qadrlashga undaydi. Qalblarini, maʼnaviy darajalarini yanada yuksaltiradi, ulgʻaytiradi. Zero, shoirnnig oʻzi eʼtirof etganidek:

Mashqlarimni sizga tutdim,

Dilingizga borib yetsin.

Bolalarni katta aylab,

Kattalarni bola etsin!

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

Boʻlim bolalar shoiri T. Adashboyev bilan hamkorlikda yozilgan.

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/rustam-nazar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x