RUS-TUZEM MAKTABLARI

RUS-TUZEM MAKTABLARI (rus. tuzemes — mahalliy aholi) — Turkistonda Okt. toʻntarishiga qadar mahalliy aholi bolalari uchun ochilgan boshlangʻich rus maktablari. Uni ochishdan asosiy maqsad oʻlkani ruslashtirish edi. Turkiston generalgubernatori K. P. fon Kaufman «musulmon va rus maktablarining ajralib turishi»ni iqtisodiy va siyosiy jihatdan zararli deb hisobladi. Bu gʻoyani Kaufmanning izdoshi generalleytenant N. O. Rozenbax davom ettirib, ibtidoiy turdagi yangi maktablar — R. t. m. tarmogʻini yaratish loyihasini ishlab chiqdi. Birinchi rustuzem maktabi 1884-y. 19 dek. da Toshkentda ochilgan. Unda 41 bola oʻqigan. 1891-y. Xivada, 1894-y. Buxoroda ham ochilgan. Ularning soni 19-a. oxirida 100 dan oshgan. Rus-tuzem maktablarida taʼlim muddati 4 y. boʻlgan. Rus-tuzem maktablari ruscha va mahalliy sinflarga boʻlingan. Rus tili, oʻqish, yozish, hisob, geom., tarix, boshlangʻich oʻzbek tili, arab tili va islom dini asoslari oʻqitilgan. Rus tili, hisob, yozuv, geom., tarix darslarini rus oʻqituvchisi, oʻzbek tili, arab tili, islom dini asoslarini oʻzbek muallimi oʻqitgan. Saidrasul Saidazizovning «Ustodi avval» (1902), Aliasqar Kalininning «Muallimi soniy» (1903), S. M. Grameniskiyning 3 qismdan iborat oʻqish kitoblari Rus-tuzem maktablari oʻquvchilarining asosiy darsliklari boʻlgan. Ayrim Rus-tuzem maktablari qoshida kattalar uchun (rus grammatikasi asosini oʻrgatish maqsadida) kechki maktablar, koʻchmanchi aholi uchun esa internatlar tashkil kilingan. Keyinchalik 2 y. lik va ayollar uchun ham Rus-tuzem maktablari ochilgan. Rus-tuzem maktablari mahalliy aholining bir qismiga oʻsha davr uchun ilgʻor boʻlgan madaniyat yutuqlaridan baxramand boʻlish imkonini yaratgan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x