RUS TILI

RUS TILI — rus xalqi tili, jahonda keng tarqalgan tillardan. Avval SSSRda, soʻng RF va MDH da millatlararo va davlatlararo aloqa vositasi. Rus tili Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi 6 rasmiy tildan biri sanaladi. Ukrain va belorus tillari bilan birgalikda hindevropa tillari oilasiga kiruvchi slavyan tillarining sharqiy guruhini tashkil etadi. Oʻtgan asrning 80-y. laridagi maʼlumotlarga koʻra, Rus tilida soʻzlashuvchilarning umumiy soni 250 mln. kishidan, jumladan, hoz. RF va MDH mamlakatlarida 185 mln. kishidan iborat. Bundan tashqari, mazkur hududlardagi 60 mln. dan ortiq kishi Rus tilida erkin soʻzlasha oladi.

Rus tili juda uzoq va murakkab rivojlanish tarixiga ega. Eng qad. rus adabiy tili Kiyev Rusida shakllangan boʻlib, u 14-a. gacha sharqiy slavyanlar uchun umumiy til hisoblangan. 14—15-a. larda qad. Rus tili 3 tilga — velikorus (rus), ukrain va belorus tillariga boʻlinib ketadi. Shu davrdan boshlab Rus tili boshqacha aytganda, velikorus tili markazi Moskva boʻlgan Rus davlati hududida rivojlana boshlaydi.

Rus tili lahja va shevalari 2 ga: shim. velikorus («o» lovchi) va jan. velikorus («a» lovchi) guruhlariga boʻlinadi; oʻrta rus shevalari mazkur har ikkala guruh xususiyatlarini oʻzida aks ettiradi. 16— 17-a. larda shim. va jan. lahjalar chegarasida boʻlgan Moskvada oʻziga xos koyne (umumiy laxja) shakllanib, u namunali tilga aylanadi.

Qad. Rus tili xususiyatlarini saklab qolgan adabiy til bilan soʻzlashuv tili oʻrtasida sezilarli tafovutlar paydo boʻlib, 17-a. dan boshlab rus millati va rus milliy tili shakllana boshlaydi. 17-a. oxiri —18-a. boshidagi adabiy til boy va ifodali, koʻplab gʻarbiy yevropa oʻzlashmalariga ega esada, barqaror boʻlmagan. Uni tartibga solish va barqarorlashtirishda M. V. Lomonosovning xizmatlari katta boʻlgan. 19-a. boshlarida adabiy tilning xalqchilligi bosh muammo hisoblanib, bu muammoning yechimida I. A. Krilov, A. S. Griboyedov, ayniqsa, A. S. Pushkin ijodi alohida oʻrin tutadi. Ayni Pushkin ijodida umummilliy rus adabiy tilining shakllanishi yakun topadi. Pushkinning buyuk xizmati shundaki, uning ijodida adabiy Rus tilining umummilliy meʼyorlari ishlab chiqilgan va mustahkamlangan hamda bu meʼyorlar Pushkinning zamondoshlari va undan keyingi avlod tomonidan qabul qilingan.

Adabiy tilning boyishiga 19—20-a. lardagi rus adabiyotining mumtoz vakillari ulkan hissa qoʻshdilar; 19 a. ning 2-yarmidan boshlab uning rivojlanishiga yozuvchilar bilan bir qatorda jamoat arboblari, fan va madaniyat namoyandalari ham katta taʼsir koʻrsatib kelmokdalar. Okt. toʻntarishidan soʻng oʻzgacha ijtimoiy tuzum hamda fan va texnikaning rivojlanishi tufayli Rus tilida, ayniqsa, uning leksikasida sezilarli oʻzgarishlar paydo boʻddi, adabiy tilning umumiy demokratlashuvi kuchaydi.

Rus tili flektivsintetik tillardan boʻlib, unda 3 ta grammatik jins kategoriyasi, otlarning 3 xil turlanishi, feʼllarning 2 xil tuslanishi mavjud; koʻmakchilar predlog koʻrinishida, yaʼni oʻzi bogʻlanadigan soʻzlar oldidan joylashadi.

Hoz. rus alifbosi Kirill yozuvi (kirillitsa)ga asoslangan (q. Rus alifbosi). Unda bitilgan eng qad. yodgorliklar 11-a. ga taalluklidir.

20-a. oʻrtalaridan boshlab butun jahonda Rus tilini oʻrganish keng tarqaladi. Rus tili dunyodagi 100 dan ortiq mamlakatda oʻqitiladi. 1967-y. da Rus tili va adabiyoti oʻqituvchilarining xalqaro assotsiatsiyasi, 1973-y. da A. S. Pushkin nomidagi Rus tili in-ti tashkil etilgan. Shoʻro davrida Oʻzbekistonda va MDHning bir qancha mamlakatlarida Rus tilini oʻqitishoʻrgatishga alohida eʼtibor berilgan, hatto bu jarayon majburiy asosda olib borilgan. Hoz. paytda ham respublikamizda Rus tilini oʻrgatish, avvalgiday majburiy boʻlmasada, oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.

Ad.: Vinogradov V. V., Russkiy yazыk. Grammaticheskoye ucheniye o yazыke, 2 izd., M., 1972; Russkaya grammatika, t., 1—2, M., 1980.

Abduvahob Madvaliyev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x