RUMIY Qozizoda (Salohiddin Muso ibn Muhammad) [taxm. 1360, Kichik Osiyodagi Brussa sh. (hoz. Turkiyaning Bursa sh.) — 1437, Samarqand] — matematik va astronom. Xuroson va Movarounnaxrda bilim olgan. Taxm. 1400-y. da Samarqandga oʻqish va ilmiy faoliyatini davom ettirish uchun kelgan. Amir Temur saroyining bosh astronomi Mavlono Ahmad qoʻlida ham oʻqigan. Ulugʻbek ilmiy maktabining yaratilishida Rumiyning ishtiroki katta. Xususan, Rumiy tashabbusi bilan Gʻiyosidsin Jamshid Koshiy va b. olimlar Samarqandga taklif etilgan. U Ulugʻbek madrasasida mat. va astronomiyadan maʼruza oʻqigan. Rumiyni zamondoshlari «Aflotuni zamon» (oʻz davrining Platoni) deb atashgan. Ulugʻbek rasadxonasi qurilishining rahbarlaridan biri. Koshiy vafotidan soʻng umrining oxirigacha uning noziri. R. Ulugʻbekning barcha ilmiy tadbirlarida, jumladan, «Ziji Koʻragoniy» tuzishda ishtirok etgan.
Rumiy arifmetikaga oid tenglamalarni yechishning Koshiy taklif qilgan iteratsion usuliga oid risola va b. asarlar yozgan. Koshiyning bu muxim ixtirosi bizgacha faqat Rumiy va Miram Chalabiy asarlari orqali (har ikkisida turlicha bayonda) yetib kelgan. Shuningdek, Maxmud alChagʻminiyning «Astronomiyaning qisqa bayoni», Jamshiddin Samarqandiyning geometriya asoslariga doir, Masʼud Taftazoniyning «Ilmlar kaliti» asarlariga Rumiy yozgan sharhlari keng tarqalgan. Rumiyning oʻgʻli Hasan Chalabiy, nevarasi Miram (Miriam) Chalabiy ham taniqli olim boʻlishgan.
Ad.: QoriNiyoziy T. N., Ulugʻbek va uning ilmiy merosi, T., 1971.