Ruhlar isyoni

MUQADDIMA

 

Tugʻilgansan ozod, mudom
Ozod boʻlib qol!

Nazrul ISLOM

 

Bu dunyoning
Quvonchi kam,
Dardu gʻami — ziyoda,
Ammo gʻamdan qochmoqning ham
Tadbiri koʻp dunyoda.
Kimning dildosh
Bor ulfati,
Dardin unga toʻkadi.
Yolgʻizlarning bor kulfati
Dil tubiga choʻkadi.
Kim najotni sokin tunning
Uyqusidan soʻraydi.
Kim ramini
Nikotinning —
Tutuniga oʻraydi.
Dil zahmiga malham topar
Kim habib,
Kim tabibdan.
Kim qochmoqqa aylar safar
Gʻam atalgan raqibdan.
Gar bularning
Yoʻq imkoni,
Soʻnggi chora etmoq bor.
Kulfat toʻla bu dunyoni

Shartta tashlab ketmoq bor.
Lek olamda bir dard borki,
Unga sira najot yoʻq.
Bu azobga kim duchorki,
Unga kun yoʻq,
Hayot yoʻq.
Bu mashaqqat
Ichgan bilan
Dil tubiga choʻkmaydi.
Uni hech kim yuragidan
Hech kimsaga

Toʻkmaydi.
Xalos etmas bitta arqon,
Nuqta qoʻymas
Bitta oʻq.
Chidamoqqa yoʻqdir imkon,
Qochmoqqa ham
Chora yoʻq.
U jon bilan ketsa dildan,
Sukut qolsa yuraqda,
Odamzodning
Ruhi bilan
Yashayberar falakda.
Bu – shoirning dilin ezgan
Istibdodning dardidir.
Yurakdan qon boʻlib sizgan
Isteʼdodning dardidir.
Toʻlgʻorida bu alamning
Tanho ingroq — xonish bor.

Abadiyat
Jaxannamning
Otashida yonish bor.

 

ABADIYAT XLQIDA RIVOYAT

 

Roviy aytar:
Allazamon —
Allakaysi maʼvoda
Falokatga uchrab karvon
Poyoni yoʻq sahroda,
Bu nogahon
Tasodifdan
Barcha oʻtib dunyodan,
Shu tasodif amri bilan
Omon qoldi
Bir odam.
Belbogʻiga osganicha
Quruq koʻza — suvdonni,
Kezdi necha
Kunduz, kecha
Bu dashti bepoyonni.
Keza-keza oxir toldi,
Umid uzdi jonidan.
Bir payt nogoh chiqib koldi
Bir chashmaning yonidan.
Yiqilgancha suvga behol
Lab choʻzganda tashna tan,
Toʻlqinlandi

birdan zilol,
Sado chikdi chashmadan:
«Shoshma, yoʻlchi,
Ichursan, bas,
Muzdek, tiniq, toʻlaman.

Ammo bilki,
Oddiy suvmas,
Obihayot boʻlaman.
Azob chekding koʻp sahroda,
Mayli,

Toʻyib ichib ol.
Meni ichgan bu dunyoda
Mangu yashar bezavol.
Ol, ich,

Yasha davron surib
Abadiy bu dahr aro,
Ammo

Meni ichmay turib
Fikr qilgin avvalo.
Hayotga-ku,

toʻymas koʻzing,
Yashaysanmi umrbod?
Mangu hayot uchun oʻzing
Yaraysanmi,
Odamzod?
Mangulik der odam nasli,
Lek insoniy tafakkur —
Abadiyat nadir asli,
Qila olmas tasavvur».
Yoʻlchi hayron,
Yoʻlchi sergak,
Bu qandayin chashmadir?
Ichay desa — choʻchir yurak,
Ichmay desa — tashnadir.
Uzoq-uzoq
Oʻyga toldi,
Suv labida oʻltirib.
Oxir

Obihayot oldi
Koʻzasiga toʻldirib,

Oʻylay-oʻylay nari ketdi —

Ul sehrli buloqdan.

Nogoh

Xazin sas eshitdi —

Sado keldi yirokdan.

Bordi,

E, voh, yotar bir bosh
Qum ustida benajot.
Nola chekar,
Toʻkar koʻzyosh,

«Laʼnat, deydi, — ey, hayot!
Oʻsha suvdan ichdim nega
Afsus!» deru oʻkinar.
Yoʻlchiga u:
— Rahm et menga,
Oʻldir, — deya oʻtinar.
Ming yil avval
Shu buloqdan
Suv ichganman, choʻmganman.
Yashayverib,
Bu qiynoqdan
Oʻzni qumga koʻmganman.
Umr koʻrdim haddan bisyor,
Hech toqatim qolmadi.
Yer yuzida
Mening biror —
Hamsuhbatim qolmadi.
Azob bormi
Bundan ulugʻ,
Dahshat bormi ziyoda?
Menga yerda tiriklik yoʻq,

Oʻlim ham yoʻq dunyoda.
Yoʻlchi bokdi
Hayratda lol
Tirik inson qabriga,
Soʻngra qumga choʻkdi behol,
Rahmat aytdi sabriga.
Oʻz holiga ming shukr etdi,
Yigʻib soʻnggi sabotni —
Qum ustiga
Toʻkib ketdi
Yoʻlchi obihayotni.
Yoʻlchi ketdi
Boʻlib xoli

Mangulikning ramidan.
Totib qoldi
Choʻl niholi
Obihayot namidan.
Ildiziga uning alhol
Tomchi yetdi,
Shu faqat,
Yillar oʻtib, oʻsha nihol
Chinor boʻldi oqibat.
Shundan chinor
Uzoq yashar,

Shundan chayir tanlari.
Manguliqdan kechib bashar
Foniy umr tanladi.

Kel, ey koʻnglim,
Bizning hayot
Emas ekan jovidon,
Bu dunyoda izla nashot,
Yasha faqat shodumon.
Bu hayotning yarmi rohat,

Yarmi gʻamdir, shukr qil.

Umring uzun boʻlsa — rahmat,

Agar kamdir,

Shukr qil.

Shu oftobu

Ming bir ohang,

Ming bir rangli bu dunyo

Senikidir,

Hayot esang,

Hayot esaig avvalo.

Ham shavq bilan,

Ham dard bilan

Oʻtar ekan bu damlar.

Omon boʻlsin

Sen anglagan,

Seni anglar odamlar.

 

Birinchi fasl

 

ShOIR QALBI

 

Tun bilan kun,

Oʻt bilan suv

Bir-biriga zolimdir.

Koinotda

Azal,

Mangu

Isyon ruhi hokimdir.

Zamin uzra qor quyunin
Yogʻdirganda charx-falak,
Qish qahriga egmay boʻyin,
Isyon qilar
Boychechak.
Qora bulut zulumotga
Chulgʻaganda samoni,
Chaqmoq — nursiz bu hayotga
Yorugʻlikning isyoni.
Tugʻilarkan, dod der goʻdak,
Koʻksi toʻla figʻondir.
Jajji mushti
Naq gʻunchadek,
Bu — oʻlimga isyondir.
Qaro qilgan
Koʻk daftarin
Qorongʻulik qasdiga
Tong yigʻadi nur lashkarin
Shafaq tugʻi ostiga.
Yeru ummon,
Burjlar aro
Gohi oshkor, goh pinhon,

Ibtidodan to intiho
Hukm surar gʻalayon.
Sobir inson yuragida
Qanoatki barqaror,
Kosa yangligʻ
Sabr tagida
Otash yangligʻ Isyon bor.
Kuy, gʻazali odamzodning
Darddir, ezgu armondir.
Yaralishdan,
Isteʼdodning —
Tabiati — isyondir.
Shoir yurak —
Pok tilagi,
Imonidir basharning.
Armon toʻla yurakdagi
Isyonidir basharning.

 

* * *

 

Nazrul Islom

Bu dunyoga

Shoir boʻlib tugʻildi.

Ilhom otli pok ziyoga

Goʻdak qalbi yoʻgʻrildi.

Nigohidan

Sehrli nur

Borliqqa nur taradi.

Koinotga u tahayyur
Koʻzi bilan qaradi.
Tunlar unga berdi xayol,
Shavq atadi kunduzlar.

Gullar gʻazal aytdi xushhol,
Ertak aytdi
Yulduzlar.
Ulgʻaydi u,
Oʻsmir boʻldi,
Yetdi yigit yoshiga.
Ishq otli qush kelib qoʻndi
Yosh shoirning boshiga.
U ham yondi bagʻri kabob,
Hamochildi chun bahor.
Hijron berdi totli azob,
Visol etdi baxtiyor.
Goh shodlik,
Goh alamidan
Dil chashmasi ochildi.
Uning hassos qalamidan
Ishqiy baytlar sochildi.
Bu dunyoga
Nazrul Islom
Shoir boʻlib tugʻildi.
Ibtidodan yoniq ilhom
Shuʼlasiga yoʻrrildi.
Yetti asr avvalgidek
Boʻlsa edi zamonlar,
Balki

Xusrav Dehlaviydek
Bitar edi dostonlar.
Tugʻilsaydi
Shoir agar

Yarim ming yil ilgari,
Bitar edi ruboiylar
Mirzo Bobur singari.
Agar
Necha zamon oʻtib

Kelmasa bu davronlar,
Bedilona gʻazal bitib
Tuzar edi devonlar.
Oʻzga edi ammo fursat,
Oʻzga edi el dardi.
Zamon uning
Yonib turgan
Yuragini soʻrardi.

 

* * *

 

Shoirni u tugʻilmasdan
Gado qilgan edilar.
Oʻz yurtida
Oʻz yurtidan
Judo qilgan edilar.
Oʻrab uning naq yurakdek
Ona Hindistonini,
Zobitlar oq oʻrgimchakdek
Soʻrardilar qonini.
Bir tomonda,
Yovni emas,

Bir-birini beomon —
Soʻyar edi taqvodan mast
Hindu bilan musulmon.
Bir tomonda
Na uy koʻrib,
Na bir toʻshak, och, xarob,
Koʻchalarda hayot qurib,
Oʻlimtopgan behisob.
Ganga oqar koʻzyosh boʻlib,

Jamuna lim boʻlib qon.
Bori butun bardosh boʻlib
Najot kutar
Hindiston.

 

* * *

 

Har nechakim zoʻr isteʼdod,
Toshqin ilhom,
U nega,
Xalqing yotsa chekib faryod,
Yaramasang kuniga.
Shoir esang,
Shoir boʻlib
Nega kelding hayotga,
Eling yotsa dardga toʻlib,
Kelolmasang najotga?!
Ne shoirsan,
Tashbihlarning
Bormi asli keragi,
Boʻlmasa el gʻami — darding,
Yuraging — el yuragi?!
Nazrul Islom
Hind xalqining
Zardobini yutardi.
Nazrul Islom
Oʻz qalbini
Bayroq qilib koʻtardi.
Yuragida to soʻnggi dam
Isyon oʻti soʻnmadi.
Haqsizlikka koʻndi olam,
Ammo shoir koʻnmadi.
Koʻrgilik bu, dedi hindu,

Taqdir, dedi musulmon.
Lekin

Zoʻrlar zulmiga u
Tan bermadi hech qachon.
Oʻzni oʻtga otdi aniq,
Joni borki, kurashdi.
Umri uning
Mangu yoniq
Qoʻshiqlarga tutashdi.

 

ISYON QOʻShIGʻI

 

«Soʻyla, inson,

Soʻyla, qadding

Koʻtarib baland.

Yuksakliqda sening qadring

Himolay monand.

Soʻyla,

Sening poyingdadir

Bu ulur zamin.

Soʻyla, otib zolimasr

Dardu alamin.

Sen oʻtmishni supurguvchi

Kuchli boʻronsan,

Osmonlarga ot surguvchi

Sohibqironsan.

Sen chaqmoqsan,

Qaro zulmat

Bagʻrini yoqqan.

Sen Indrasan,

Koʻkda ismat

Chirogʻin yoqqan.

Sev Shivasan, koinotni

Barbod qilguvchi.

Sen Gangasan, bu hayotni

Obod qilguvchi.

Sen — Durganing tosh yuragi,

Shafqat bilmaysan.

Sen — Krishna qoʻlidagi

Kuylagan naysan.

Izmingdadir cheksiz fazo,

Zaminu zamon,

Bu olamga ega tanho

Oʻzingsan, inson!

Tangrilarni to osmon

Koʻtargan ham sen,

Sajda qilgan,

Yana isyon

Koʻtargan ham sen.

Ham shafqatu

Beozorlik

Yashar qoningda.

Hamfidoiy isyonkorlik

Yonar joningda.

Soʻyla, inson,

Soʻyla, qadding koʻtarib baland.

Yuksaklikda sening qadring

Himolay monand.

Qullik senga koʻp maloldir,

Ammo ne uchun

Boshing egik,

Tiling loldir,

Qomating zabun?

Tangrilarga boʻysunmagan,

Bermagan bardosh,

Bandasiga bugun nega

Egadirsan bosh?

Sababkormi yolriz taqdir

Holingga saning?

Bilasanmi, doʻsting kimdir,

Kimdir dushmaning?

Asriy gʻaflat yetar endi,

Ey, mazlum inson!

Uygʻonmoqning vaqti keldi,

Bosh koʻtar, uygʻon!

Bosh koʻtargil,

Ming yil toʻkkan

Koʻz during haqqi.

Qoʻzgʻal,

Asriy qullik bukkan

Gʻururing haqqi.

Qoʻzgʻal,

Buyuk Tojmahalning

Shukuhi uchun.

Qoʻzgʻal,

Ulugʻ bobolarning

Pok ruhi uchun.

Erk bongin ur,

Sen intiqom —

Tablin baland chol.

Tugʻilgansan ozod, mudom
Ozod boʻlib qol».

 

* * *

 

Isyon sheʼri

Mushoira —

Minbaridan yangradi.

Kim dedi:

Bu sheʼrmas sira,

Kim dilidan angladi.
Yurt ogʻzida bu sheʼr bahsi,
El tilida bahosi,
«Qani sheʼrda gullar raqsi?
Qani bulbul navosi?»
«Bu sheʼr

Sharqqa xosdir, nahot?
Na ishqiy, na rindona…
Bunday ashʼor Saʼdiyga yot,
Hofiz uchun begona».
«Ul kun Budda:
Mard agar sen
Dardni ichga yut, degan.
Ul yuzingga ursalar sen,
Bul yuzingni tut, degan».
U dunyoda baxting taʼmin
Bu dunyoda cheksang gʻam».
Shunday deya bergan taʼlim

Ul…

Ustodi mukarram.
Malomatga qoldi endi
Shoir bitib haq doston.
Hindu uni «jobon» dedi,
«Kofir» dedi musulmon.
«Bu isyonni, bu nifoqni
Chiqarmoq ne zohirga.
Siyosat-la oʻynashmoqni
Kim qoʻyibdi shoirga».
«U hali yosh,
Hali goʻdak,
Zarra parvo etmaydi.
Es-hushi yoʻq hayiqqudak,
Jon qadriga yetmaydi».
«Ha, zulmbor,
Haqsizlik bor,
Barchaga bu ayondir.
Ammo buni zinhor-zinhor
Aytib boʻlmas zamondir».
«Hamma bilar,
Inson erkin —
Yashashi shart poyidor.
Biz ham aytsak boʻlar, lekin
Uyda bola-chaqa bor…»

 

FIDOYILIK TOʻGʻRISIDA RIVOYAT

 

Qadim zamon,
Ayol dini
Fidoyilik, deganlar.
Eri oʻlsa, xotinini
Qoʻshib koʻmar ekanlar.
Oʻtib necha avlod umri,

Oʻtib cheksiz koʻp zamon,
Hech bir davr
Bu udumni
Qilolmadi qatagʻon.
Dahshat edi bu chinakam,
Bilar edi odamlar.
Lek odatga qarshi ne ham
Qilar edi odamlar?
Ham ota,
Ham onaizor
Goʻrga kirib barobar,
Qola berdi chirqirab zor
Bola-chaqa
Darbadar.
Asli oʻsha zamonda ham
Donishmandlar bor edi.
Lekin ular ichra mard kam,
Koʻp — ehtiyotkor edi.
Bosh koʻtarmas erlar,
Isyon —

Ayollar ham qilmasdi.
(Chunki ular eri qachon
Oʻlishini bilmasdi.)
Oʻtib ketdi
Ming yil fursat,
Qarshi qudrat yoʻq edi.
Kimda shafqat,
Kimda himmat,
Kimda jurʼat yoʻq edi.
Bir kun
Jangga keta turib

Bosh koʻtardi bir oʻgʻlon.
Ot boshini shartta burib,
Yeldi tikka
Shoh tomon.
Dedi:
«Ey, shoh!
Oldimda bor
Yo hayotu, yo oʻlim.
Qolayotir rafiqam zor,
Qizalogʻim va oʻgʻlim.
Agar men bu jangda oʻlsam,
Sodiq qolib udumga,
Farzandlarimonasin ham
Hukm etarsan oʻlimga.
Men-ku,
Ular erki deya
Jangga ketayotirman.
Farzandlarim mehri deya
Fidoyiman, botirman.
Oʻlsam,

Ular onadan ham
Yetim qolsa banogoh,
Vayron boʻlsin charxi olam!
Bu ne vahshat!
Eshit, shoh!
Boqiysi yoʻq hech odamning,
Biz ketarmiz tamomiy.
Ammo ayol —
Bu olamning
Kelajagi, davomi.
Shu-chun, oʻlsam, kunim bitib,
Vasiyatim shu boʻlsin:
Yorim emas,
Hamroh etib

Jang qurolim koʻmilsin».
Bu soʻz

Misli ochiq kunda

Boʻldi momoguldirak.

Keltirdilar

Bolta…

Kunda…

Bas,

Tafsilot ne kerak…

Bechoraning ochiq kolgan

Koʻzlarini yumdilar.

Mozoriga

Oʻzi bilan

Qilichini koʻmdilar.

Boʻlsin deya tavki laʼnat,

Avlodlarga taʼlimot,

Qabri uzra

Yozdilar xat:

«Bunda yotar manfur zot!
Koʻring bu kas holatini,
Yotar misli xoru xas,
Bobolarning odatini
U bilmadi mukaddas.
His qilmadi
U yurakdan —
Ayol uchun dunyoda
Eri bilan koʻmilmakdan
Saodat yoʻq ziyoda!»
Qurbon boʻldi
Bir mard yigit,
Qoldi tavqi laʼnatga.
Lekin ilk bor hukm oʻqildi
Ul kun mashʼum odatga.

Kel, ey koʻnglim,
Inson aslo
Yaralmagan sabrga.
Sigʻinaylik oʻsha tanho
Tahqirlangan qabrga.

Haq uchun

Bosh tutgan tikka

Mardlar ruhi yor boʻlsin.
Bu dunyoda nohaqlikka
Koʻnmaganlar bor boʻlsin.
Zoʻrlik koʻrsang,
Qilma toqat,
Har boshda bir oʻlim bor.
Fidoyilar umri fakat
Bu dunyoda poyidor!

 

 

Ikkinchi fasl

 

GʻALAYON

 

Kalkutta, 1926 yil

 

Kalkuttani
Quchdi gʻulu,
Bosh koʻtardi olomon.
Qutlugʻ jang, deb turdi hindu,
Gʻazot, dedi musulmon.
Barahmanlar dovul qokdi,
Fatvo berdi
Imomlar.
Koʻcha toʻlib qonlar oqdi
Toʻqnashganda imonlar.
Farzandidan ona ayru,
Otasidan — qiz, oʻgʻlon,
Budda haqqi,
Bos, der hindu,
Alqasos, der musulmon.
Hindu ishi tahqir boʻldi,
Muslimishi — tahdidlar.
Butxonalar vayron boʻldi,
Yakson boʻldi
Masjidlar.
Rikshami bu, sohibmi bu,
Gadomi yo zodagon —
Farqsiz,
Faqat —
Bir yon hindu,

Bir yon esa — musulmon.
Sirtga chiqdi
Asrlik kin
Va ming yillik kudurat.
Ikki jondosh el aro din
Yana soldi adovat.
Aslida-ku
Hayot ogʻu,
Turmush oʻzi — zimiston.
Aybdor emas bunga hindu,
Gunohkormas musulmon.
Aslida-ku…
Beiztirob

Hoʻplab qora qahvoni,
Derazadan oq tan janob
Kuzatar mojaroni.
U koʻp xursand,
Labda kulgu,
Koʻzi chaqnar komiron.
Musulmonni yanchar hindu,
Hindni esa musulmon.
Janob shodon,
Ushalmoqda
Niyatning eng ulugʻi.
Hosil berdi shu tuprokda
Ekkan nifoq urugʻi.
Boʻlmasin, deb qilar orzu,
Bu nizoga hech poyon.
Mayli,

Koʻproq oʻlsin hindu,
Koʻp qirilsin musulmon.

Nazrul Islom

Olomonga

Qaradi-yu oh chekib —
Oʻzni otdi tik maydonga
Yoqasini chok etib.
Faryod qildi:
«Ne vahshat bu,
Bas, haloyiq!
Al-omon!
Qotillikni toʻxtat, hindu,
Gʻazotni qoʻy, musulmon —
Bizlar axir
Birodarmiz,
Farzand Odam Atoga!
Haq oldida barobarmiz,
Ayting,
Ne bor nizoga!
Xunrezlik qil demagan-ku
Axir Veda
Va Qurʼon!

Tigʻ uradi nega hindu,
Bosh kesadi musulmon?
Farq — kim mehrob, kimsa butga
Sigʻinib bosh qoʻyadir.
Shu farq uchun
Yoqib oʻtga

El bir-birin soʻyadir.
Bas, adovat!
Bas, endi kin,
Jangni qoʻying, odamlar!
Sizning asli yovingiz kim —

Bilib qoʻying,

Odamlar!

Ular

Uzoq yurtdan kelib,

Yerga bukib shonimiz,

Bizni bizga

Dushman kilib,

Soʻrmoqdalar qonimiz.
Bosqinchining
Qadimdanoq —
Falsafasi ayondir.
El ichida boʻlsa nifoq,
Demak, zolim omondir.
Ular

Mazlum vatanida
Boʻlmasin der sobitlar.
Jaholatning gulxanida
Isinadi zobitlar.
Eldan omad ketsa, dastlab
Hamjihatlik yoʻqolgay.
Bunday elni,
Sirtmoq tashlab,
Har boskinchi yiqolgay.
Bu adovat
Nahot, mangu?
Nahot, bitmas bu kiron?
Doʻst boʻlolmas
Nahot, hindu —
Jigariga musulmon?
Sen hindmisan,
Muslimmi yo,
Birlik chogʻi bu choqdir.

Bosqinchini eng avvalo

Hind bahriga uloqtir.

Soʻng ushalgay

Barcha orzu,

Yashar ozod, tinch, omon

Vatanida ega hindu,

Yurtida bek — musulmon».

 

* * *

 

Shoir aytgan soʻzlarin men
Undoq bayon kilmadim.
Oʻshal yoniq nafasga teng
Soʻzlar topa bilmadim.
Tarjima ne?
Asl sheʼrning
Maʼnosiyu gʻoyasi.
Ammo ul oʻt, ul sehrning
Faqatgina soyasi.
Nazrul Islom
Bangolaga

Mashhur boʻldi nogahon.
Alangali bu nolaga
Quloq tutdi
Hindiston.
Keksa Tokur shukr aytdi shod,
Oq soqolin siladi.
Yosh shoirga
Nurli ijod,
Bezavollik tiladi.
Bu dunyoga
Shoir ammo

Olov boʻlib kelgandi.
Oʻz oʻtida yonib ado —
Boʻlishini bilgandi.
Asroldi na xalq, na Tokur,
U sigʻmadi zamonga.
Isyonkorlik
Uni oxir
Olib keldi zindonga.

 

* * *

 

Shoir boʻlsang,

Boʻlsin qalbing

Elga qurbon boʻlgudek.

Shoir boʻlsang,

Boʻlsin xalqing

Senga qalqon boʻlgudek.

Shoir boʻlsang,

Seni eling

Qalbi bilan tinglasa.

Yod olmasa hamki sheʼring,

Fidoliging anglasa.
Shoir boʻlsang,
Yurtda yasha
Meniki deb aytgulik.
Jannat yurtdan kechib oʻsha
Xarobaga qaytgulik.
Shoir boʻlsang,
Qalamingni
Nayza qilib tutolsang.
Yurakdagi alamingni
Oq qorozga toʻkolsang.
Shoir boʻlsang,
Qalb chirogʻing
Yonib tursa to abad.

Bu dunyodan

Ketar chogʻing

Yigʻlab qolsa sheʼriyat.

Oʻz bagʻriga olsa quchib

Seni ona makoning…

Gar shu baxtlar boʻlsa nasib

Yoʻq dunyoda armoning.

 

* * *

 

Nazrul Islom boʻldi mahbus,
Tunda uydan oldilar.
El koʻzidan uzoq, maxsus
Bir xonaga soldilar.
Ishi qiziq bu jahonning,
Hakamlar hukm etdilar:
Shoirni ul gʻalayonning
Sababkori, dedilar.
Aybnomani tinglang, hatto —
Faryod qilar toshlar ham,
«Hindu bilan muslim aro
Qutqu solgan — shul odam!»
Olis yurtdan kelgan birov
Ayb qoʻydi beandisha!
«Nazrul Islom —
Xalqiga yov,
Nifoq istar hamisha».
Bu dunyoda
Bor qabohat,
Bu dunyoda bor yolgʻon.
Ammo bunday
Yovuz tuhmat
Boʻlmagandi hech qachon.
Nazrul Islom nomi oxir
Ming baloga taqaldi.
El uchun

Jon tikkan shoir
El dushmani ataldi.

Xukm oʻqildi.

Bosh egib u

Asta borar hibs tomon.

Ajab!

Soqchi — bir yon hindu,
Bir yon esa musulmon.
Uni turtar musulmon ham,
Siltalar hind havoldor.

— Qirpichokda oʻldi akam,

Senda ekan ayb, murdor!

— Koʻp azoblar chekdi hindu,
Koʻp qon toʻkdi musulmon.
Sen kabilar yoʻqolsa-ku,
Yashar edik
Tinch, omon…
Asta qadam tashlar mahbus
Oʻylaridan ogoh yoʻq.
Soqchilar ne bilar,
Afsus,
Jaholatda gunoh yoʻq.

 

JAHOLAT TOʻGʻRISIDA RIVOYAT

 

Alqissakim,
Juda qadim
Jaholatlik zamonda
Bir donishmand ulugʻ hakim
Oʻtgan ekan jahonda.
U kun boʻyi
Giyoh terib
Kezib togʻu biyobon,

Odamlarga shifo berib
Yashar ekan
Shodumon.
Unga ming bir mushkul dardning
Ayon boʻlib davosi,
Bora-bora
Odamlarning
Ortaverdi ixlosi.
Tabobatga
Qalban, ruhan
Fido qilib oʻzini,
Hatto bir kun
Nashtar bilan
Ochmish

koʻrning koʻzini.
Rivoj topmish
Sohib hikmat,
Donish,

Mehnat madadkor.
Ammo

Qayda boʻlsa shuhrat,
Yonboshida
Hasad bor.
Duoxonlar, parixonlar,
Oʻquvchilar chilyosin…
Xullas,

Yurtda bor nodonlar
Boshladilar igʻvosin.
Tinmay

Kechayu kunduzi
Topib kitob soʻzidan,
Dedilar:
«Dard bergan —
Oʻzi!

Davosi ham
Oʻzidan!

Bandasiga bermak doru
Yaratganga isyondir.

Demak,

Hakimishi makru
Uning oʻzi
Shaytondir».
Bu soʻzlarni chin, deb bildi
Nodon, johil olomon.
Donishmandni sazo qildi,
Kaltakladi
Beomon.
Choʻr temirda
Koʻksin dogʻlab,
Dorga osmoq boʻldilar.
Soʻng boʻyniga xarsang bogʻlab
Suvga bosmoq boʻldilar.
Keyin
Suvni, arqonni ham
Hayf bildilar

«shayton»ga,
Yoqing, — dedi
Eng bosh hakam, —
Olib chiqib maydonga!»
Keng maydonga
Koʻmib ustun,
Bogʻladilar hakimni.
Soʻng temirni oʻtga qoʻyib,
Dogʻladilar hakimni.
Buyurdilar:
«Yoqing shitob,
Azozilning oshnasin.
Kerak boʻlsa
Kimga savob,

Choʻp keltirib tashlasin».
Savob uchun
Birov oʻtin,
Birov tashlar dona xas.
Hakim boshin baland tutib
Johil elga qaramas.
Bir payt

Gulxan sari bir chol

Asta kela boshladi.

Quchogʻida

Bir bogʻ poxol,

Gʻaram uzra tashladi.

Dedi:

«Asli tugʻilgandan

Basir edim men oʻzim.

Sen joduning tigʻi bilan
Ochib qoʻyding koʻr koʻzim.
Tangri bilib

Yaratgan koʻr,
Davo qilding ne uchun?
Oxirat men — manglayi shoʻr —
Nima deyman
Soʻroq kun?

Haq yoʻlidan ozgan odam,
Koʻzim ochib, ne berding?
Meni bir yoʻl
U dunyo ham —
Bu dunyodan ayirding.
Koʻrligimda
Bu olamni

Tasavvurda koʻrardim.
Dunyodagi bor odamni
Mushfik bilib yurardim.
Shafkat ila
Kim nonu kim
Chaqa tashlab ketardi.
Men ham shunga koʻngan edim,
Menga shu ham yetardi.
Qornim toʻysa —
Saodatim,
Yoʻk tuman xil tilaklar.

Hamsuhbatim,

Ham ulfatim

Jajji shirin goʻdaklar…

Oʻylar edim dunyoda bor

Musaffolik,

Soddalik.

Koʻzim ochib

Koʻrdim ilk bor

Berahmlik,

Soxtalik.

Oʻgʻriligu fahshni koʻrib

Jim yurarkan odamlar.

Oʻz doʻstiga

Kulib turib,

Tigʻ urarkan odamlar.

Bir yonda aysh

Koʻkka chirmash.

Bir yonda, boq, ohu voh…
Bukun mening koʻnglimda gʻash,
Imonimda — ishtiboh.
Derdim:

Yurtni bir bor koʻrsam.
Koʻrdim.

Orzum toʻq endi.
Yoʻlda yotgan xaschalik ham
Eʼtiborim yoʻq endi.
Bu dunyodan toʻydim oxir,
Ado boʻlsam mayliga.
Yo qaytadan,
Oʻsha basir,
Gado boʻlsam mayliga!»
Bu soʻzlarni
Eshitdi-yu
Faryod qildi donishmand.

«Yoqing, — deya soʻradi u, —
Olov boʻlsin sarbaland.
Tezroq ketay
Bu dunyodan,
Hech toqatim qolmadi.
Mendan shifo oldi odam,
Olam — shifo olmadi.
Xurofotning zahri tekkan
Nodon, johil, gumrohlar —
Davosiga ojiz ekan
Men kashf etgan giyohlar.
Koʻr koʻzlarga
Mehrgiyodek
Nur baxsh etdi nashtarim.
Qalblar koʻzin ochmoqqa lek
Kamlik qildi
Hunarim.
Odamlarga men yaxshilik —
Qilmoq boʻldim,
Netayin,
Manglayda shu ekan bitik,
Yoqing,
Kuyib ketayin!»

Oʻt qoʻydilar.
Yondi gulxan.
Qaro boʻldi samovot.
Jaholatning hukmi bilan

Qurbon boʻldi
Buyuk zot.
Gulxan yondi
Koʻkka oʻrlab.
Choʻgʻi har yon sochildi.
Shu olovdan
Elning, ajab,
Aql koʻzi ochildi.
Oʻkindilar,
Aza tutib
Yigʻladilar, kuydilar.
Donishmandga
Yillar oʻtib
Oltin haykal qoʻydilar.

E, voh,

Olim koʻzi bilan
Koʻrsaydi bu hurmatni…
Ammo

Hakim oʻzi bilan
Olib ketdi hikmatni.

Qoʻy, ey koʻnglim,
Sen ul zamon
Dahshatin kam oʻylagin.
Senga nasib boʻlgan davron
Sozin olib
Kuylagin.
Shukronalik mayin ichib
Yayrab qolgin bir nafas.
Bu olamdan

Bir kun kechib
Ketuvchi bir  biz emas.

Kel, ey koʻnglim,
Kel, muhabbat,
Sheʼr zavqiga qonaylik.
Oʻtda yonish boʻlsa, faqat —
Ishq oʻtida yonaylik.
Faqat

Bizga gʻamu kadar,
Qaygʻu-hasrat yot boʻlsin.
To biz uchun jon berganlar —
Ruhi mangu shod boʻlsin.

 

 

Uchinchi fasl

 

TUTQUNLIKDA

 

«Onajonim,

Menga bu kun

Sendan oʻzga dilxoh yoʻq.

Zindondaman,

Bilmam, nechun,

Menda zarra gunoh yoʻq.

Gunohkorman

Na ollohim,

Na vijdonim oldida.

Faqatgina…

Bir gunohim

Onajonim oldida.

Kechir, onam!

Koʻzingda gʻam,

Azob boʻldim joningda.

Bukun bayram,

Men bukun ham

Boʻlolmadim yoningda.

Odamlardek

Beozor, tek

Yashab yursam netardi.

Menga tole,

Senga tinchlik

Balki nasib etardi.

Bulbullarga,

Gullarga mast

Yozsam faqat gʻazallar,

Balki meni

Mirshablarmas,

Izlardi yosh goʻzallar.

Menga ham yor sokinligu

Sening ham yoʻk bu darding;

Men — uylik,

Sen — kelinligu

Nabiralik boʻlarding.

Oh, u yoʻl berk,

Menda yoʻq erk,

Tirik umrim — aftoda.

Ne qilayki,

Odamlardek

Yasholmadim dunyoda.

Lek koʻnglimda nolish emas,

Allanechuk dilshodlik.

Garchi jismim

Bandi qafas,

Ruhimda bor ozodlik.

Tugʻilishdan qul emasman,

Qullik yot bu jonimga.

Erk istagi

Suting bilan

Kirmish mening qonimga.
Meni otash, girdoblarga
Otgan oʻshal istagim.
Onajonim,
Azoblarga
Qoʻydi seni yuragim.
Meni kechir,
Faqat sendan
Bukun uzr soʻrayman.
Uzr soʻrab, umid bilan
Xayolimni oʻrayman.
Rozi boʻlgin,
Gar oʻrloning
Yurak qoʻrin asrolsa.
Bir kun ona Hindistonning
Xizmatiga yarolsa».

 

* * *

 

Vaqt kam boʻlsa,

Undan odam

Ulgurgancha oladi.

Koʻp boʻlsa, ne qilarin ham

Bilolmasdan qoladi.

Shoir qaynoq ish qoʻynida

Kun oʻtganin bilmasdi.

Naq bir olam yuk boʻynida,
Kecha kunduz tinmasdi.
Boʻsh vaqt bermas jarida ham
Noshirlikning ishi koʻp.
Uyda, eldan narida ham
Tinch yoʻq,
Yoʻqlar kishi koʻp.
Bir tomonda bitilmagan
Dostonlari behisob.
Bir yon

Koʻrib yetolmagan
Yotar ming-ming jild kitob…
Sheʼr ustida oʻltirmoqqa
Tanho bedor kecha bor.
U xudodan
Oʻy surmoqqa
Vaqt soʻrardi necha bor.
Mana fursat,
Xayol uchun.

Oʻy sur, koʻkka havolan.
Kerak boʻlsa, umring butun
Qayta yasha xayolan.
Ammo

Xayol, oʻydan ne naf,
Qoʻlda qalam boʻlmasa,
Yurak ochmoq uchun soʻylab,
Dildosh odam boʻlmasa.
Qalam nadir,
Boʻlsa ayon

Ketmasligi bekorga,
Barmogʻidan chiqarib qon,
Yozar edi devorga.
Umid boʻlsa
Bir kimsaning
Kelishidan sadoga,
Dildosh nadir,
U dil sasin
Yetkazardi samoga.
Ammo benaf.
Koʻz oldida

Faqatgina tosh devor.
Xayol esa… xayolida
Poyonsiz bir boʻshlik bor.

 

* * *

 

Nazrul Islom tor zindonning
Tuynugidan karaydi.
Koʻrib zangor sof osmonning —
Bir parchasin,
Yayraydi.
Unda

Erkin qanot koqib
Qushlar uchib yuribdi.
Bunda

Shoir koʻkka boqib
Havas qilib turibdi.
Qushlar bilan uchay desa,
Qani uning qanoti?
Bir olamdir
Orzu esa…
Yetarmikan hayoti?
Nazrul Islom

tor zindonning
Tuynugidan qaraydi.
U falaqdan
Hindistonning
Toleini soʻraydi.
«Mayliga,

Men tutqun boʻlsam,
Sen ozod boʻl,
Onajon!
Ming qiynoqda
Mayli, oʻlsam,
Yurtim,

bor boʻl,
Boʻl omon.

Umrim yetsa,
Mehring tayanch,
Seni yayrab kuylarman,
Bu kun esa,
Mushkul,

ayanch
Qismatingni oʻylarman.
Necha ming yil
Manglay tering
Toʻkib yerga,

qolding och.
Sen olamga
Ipak berib
Oʻzing oʻtding

yalangoch.
Bebaho —

fil suyaklaring,
Bahring aro —

toʻla dur.
Gʻavvos qilib goʻdaklaring,
Kelgindilar

oladur.
Yurtim,

Bitmas matonating,
Sen —

mujassam bardoshsan.
Fil singari
Zoʻr qudrating,
Fil singari
Yuvoshsan.
Ona oʻlkam,
Bir kun seni
Ozod koʻrgnm keladi.
Istibdodnnng zanjirini
Barbod koʻrgim keladi.
Koʻtarasan
Sen ham qadding,
Yoʻl olarsan

erk sari.
Himolayning ortidagi
Ozod vatan snngari».

Nazrul Islom

Zindonda band,

U zax yerni quchardi.

Sheʼri esa qushlar bilan

Osmonlarda uchardi.

Kengliklardan oshar edi

Qalb shukuhi shoirning,

El dilida

Yashar edi

Isyon ruhi shoirning.

Oʻz umrini qilgandi u

Sheʼri bilan jovidon.

Oʻqir edi

Uni hindu,

Yodlar edi

Musulmon.

Shoir bandi, |

Sheʼri biroq

Uchar edi betoʻsiq,

Himolaydan oshib

Uzoq —

Ketgan edi bu qoʻshiq.

Dunyo boʻylab

Dovruq soldi

Nazrul Islom erk sasi… |

Hindistonda esib qoldi

Ozodlikning nafasi.

 

* * *

 

Qiynadilar uni

Uzoq —

Yurtdan kelgan janoblar.

Sindirmadi ammo qiynoq,

Bukolmadi azoblar.

Umid unga sabot berdi,

Ishonch berdi

Matonat.

Yuragiga qanot berdi

Ona yurtga

Muhabbat.

Bu kunlar ham oʻtib ketar,

Hayot oldda…

Hali yosh…

Baʼzan…

Xayol surib ketar

Tosh devorga qoʻyib bosh.

Yosh koʻngliga qilar taʼsir

Falakning kaj xislati.

Koʻz oldidan oʻtar bir-bir

Shoirlarning qismati.

Bobokalon Rudakiy der:

«Quloq solgin soʻzimga.

Adolat deb bitdimu sheʼr,

Nil tortdilar

Koʻzimga».

Navoiy der:

«Zulmat aro

Koʻp izladim yoʻlimni.

Men oʻzimni qildim, ado,

Yengolmadim zulmni».

Nazrul Islom faryodiga

Oʻxshar barin nidosi.

Oxir

Shoir koʻz oldiga

Kelar Bobur siymosi.

Deydi:

— Tingla ogoh boʻlib,

Gar sen boʻlsang tutqunda,

Men bir yurtga podshoh boʻlib,

Umrimoʻtdi quvrinda.

Oʻn ikkimda

Taxtga mindim,

Yosh ochildi koʻzlarim.

Qondoshlarga yov koʻrindim,

Meni sotdi doʻstlarim.

Najot istab

Men har nafas

Quyun kabi yelganman.

Yurtingga men

Shoh boʻlibmas,

Panoh izlab kelganman.

«Tole yoʻqi jonima baloligʻ boʻldi,

Ne ishniki ayladim, xatoligʻ boʻldi.

Oʻz yurtni koʻyib, Hind sori yuzlandim,

Yo rab, netayin, ne yuz qaroligʻ boʻldi».

Shoir boʻlib,

El ichida

Ruhimoʻsdi shonimdan.

Shoh boʻlib,

Yov qilichida

Dogʻlar qoldi qonimdan.

Men shoh boʻlib,

Alam bilan

Koʻrdim jangu

Suronni.

Shoir boʻlib

Qalam bilan

Oldim yarim jahonni.

Keltirdi koʻp balo, sitam

Tiriklikda taxtu toj.

Yarim ming yil soʻngida ham

Yogʻar menga

Taʼna tosh.

Gʻussa ichra

Oʻylar shoir

Falakning kaj xislatin.

Buncha ogʻir

Etding, taqdir,

Sheʼr ahlining qismatin?

Pushkin sheʼri

Qildi faryod,

Oʻqqa tutdi oʻt qalbni.
Lermontovni otgan jallod
Dorga osdi
Mashrabni.
Shoirlarning —
Erkdir dini,
Erkka sajda qildilar.

Erk kuychisi

Nasimiyni

Tovonidan shildilar…

Nazrul Islom

Surar xayol,

Oʻyi ado boʻlmaydi.

Der:

Shoirda

bor bir iqbol,
Yaʼni,
Shoir oʻlmaydi.

 

ShOHI JAHON VA AVRANGZEB XAQIDA RIVOYAT

 

Podsho odil boʻlmas, degan
Aqidabor —
Oʻylaylik.
Keling,

shohlar zolim ekan,
Bizlar odil boʻlaylik.
Tojdorlardan bezdi dunyo,
Koʻraverib zolimlar.
Shohlar aro
Boʻlgan ammo
Shoirlaru olimlar.
Tarix koʻp yil tahqir bitar
Chingiz kabi jobirga.
Ammo mangu taʼzim etar
Ulugʻbekka,
Boburga.

Xullas…

Taxmin, Mirzo Bedil

Tirikligi vaqtida

Shohi Jahon oʻttiz bir yil

Oʻltirdi Hind taxtida.

Neki qildi —

Haq deb bildi,

Bildi shuni adolat.

Kimlargadir zulm qildi,
Kimlargadir — saxovat.
Oʻz davrida davron surdi,
Yodlasin deb asrlar —
Necha-necha shahar qurdi,
Shahar ichra —
Qasrlar…
May hamichdi,
Aysh ham qildi,
Gʻussasini oʻldirdi.
Xazinani zaru dilni
Shodlik bilan toʻldirdi.
Shohi Jahon jasur, dono,
Koʻp hikmatga yor edi.
Shohning ammo
Bir bedavo
Ogʻir dardi bor edi.
Har komiron odamning ham
Boʻlganidek bir kami,
Shoh koʻngliga
Goh choʻkib ram,
Qaro edi olami.
Bu gʻam — na mulk, na dardi shon
Na farzand, na ishq dogʻi.
Nomsiz gʻamki,

kelar oson,
Qiyin edi ketmogʻi.
Bunday chogʻlar orom berur
Na sayru na sayohat.
Koʻzlaridan qochardi nur,
Yuragidan halovat.

Zardob yutib gʻussasidan,
Na suhbat,

na may talab —
Ulugʻ podsho goʻshasidan
Chiqmas edi haftalab.
Koʻzyosh yuvar yuzlarini,
Koʻngli toʻla tahlika…
Shunda

uning soʻzlarini
Tinglar edi

malika.
Aytar edi shoh oʻz dardin
Mumtoz Mahal xonimga:
«Toʻydim toj-taxt,
Mulk — baridan,
Bari tegdi jonimga.
Bu davlat,
Bu shonu shavkat
Omonatga oʻxshaydi.
Vazirlarning fikri faqat
Xiyonatga oʻxshaydi.
Barchasining choʻntagida
Shoh qasdiga pinhon oʻq.
Farzandlarim yuragida
Menga zarra mehr yoʻq.
Har bir sharpa
Menga qoʻrqinch —
Holat boʻlib koʻrinar.
Umrimsoʻngi —

toʻla oʻkinch,
Dahshat boʻlib koʻrinar.
Boʻlmay turib
Bir falokat,
Yo bir fitna qurboni,
Tark etsaydim
Bexosiyat,

Bevafo bu dunyoni».
Shunda goʻzal Mumtoz Mahal
Tinglab shohning zorini,
Oʻqib har gal
Bitta gʻazal,

Ovutardi yorini.
Bedorlikda tunlar bilan
Ulanardi kunlari
Ming bir kecha
Ertak aytgan
Shahrizoda singari.
Zulmu fitna,

adovatning
Gunohligin oʻqirdi.
Mangulikka adolatning
Hamrohligin oʻqirdi.
Oʻqir edi odamki bor,
Oʻtmogʻi bor jahondan.
Faqat ezgu ishlar yodgor
Qolgʻusidir insondan.
Yuragiga shohning qanot —
Berar edi razallar.
Qanot nadir —
Qayta hayot
Berar edi gʻazallar.
Lekin shohning
Qay gunohi,

Qay zulmiga intiqom —
Bir tong

koʻkka chikdi ohi,
Qoʻldan tushib sindi jom.
Voh,

hech kimga

yoʻkdir omon,
Yoʻqdir omon

ajaldan.
Judo boʻldi Shohi Jahon —
Qalbi Mumtoz Mahaldan.
Devonaga aylandi shoh,
Dardin elga soʻzladi.
Majruh sherdek
Toʻlgʻandi goh,
Goh boʻtadek

boʻzladi…

 

* * *

 

Kunlar oʻtib

Shohi Jahon,

Tengsiz hajr azobida

Qurmoq uchun berdi farmon

Malikaga obida.

Dedi:

«Tiklang, shunday saroy,

Zarni qilmang hech hisob.

Havas qilsin kechalar oy,

Kunduzlari — oftob.

Yer yuzida uning aslo

Barobari boʻlmasin,

Mumtoz Mahal nomi dunyo

Turgunicha oʻlmasin».

Ishga tushdi

Sonsiz asir,

Meʼmor,

naqqosh,

sangtarosh.
Zanji qullar ogʻoch tashir,
Fillar tashir xarsangtosh.
Yigirma yil
Yigirma ming

Jon jabridan bir amal —
Moʻjizasi bu olamning
Bino boʻldi
Tojmahal.

 

* * *

 

Yigirma yil…

Vaqt — beshafqat.

Koʻpni koʻrib dunyoda,

Shoh qaridi,

Lek alpqomat

Yigit boʻldi shahzoda.

Tilak qildi

Shohi Jahon:

«Oʻgʻlim faqat shod boʻlsin.

Mendagi bul dardi hijron,

Hasratlarga yot boʻlsin».

Oshno qildi

oʻyin, kulgu,
Ovga, cholgʻu,

sanʼatga.
Xayolotni qildi mamnuʼ,
Oʻrgatdi shavq,

gʻayratga.
Yovqur,

jasur,

har bir ishga
Qodir qilib oʻstirdi.
Tigʻ urishga,

oʻq otishga
Mohir qilib oʻstirdi…
Fan bobida imlo ila
Shariatdan berdi dars.
Nutq sanʼati,

harbiy hiyla,
Siyosatdan berdi dars.
Lek, rahmat, deb
Darslar uchun,
Mana harbiy nayrang, deb,
Otasiga qarshi bir kun
Isyon qildi Avrangzeb.
Shoh qoʻlida qilich sindi,
Nihoya yoʻq armonga.
Otaoʻgʻil taxtga mindi,
Ota tushdi zindonga.
Demang,

bular rivoyatdir —
Xayolotda yetilgan.
Bu shafqatsiz haqiqatdir,
Tarixlarda bitilgan…
Vaqt yetib

Ming oltmish toʻqqiz
Yilning shaʼbon oyiga,
Choʻktirdilar otani tiz
Oʻz farzandi poyiga.

 

Avrangzeb

 

Taqdir ekan,
Ne dey oʻzga,
Falak hukmi — adolat.

 

Shohi Jahon

 

Bas,

Hojat yoʻq ortiq soʻzga,

Sodir boʻldi xiyonat.

Ters aylandi garduni dun,

Soʻzla,

nedir muroding?
Hukm — sening hukming bu kun,
Vojib — sening irodang.

 

Avrangzeb

 

Alamingga nihoya yoʻq,

Ne taxtaparast odamsan.

Bugun

Senga himoya yoʻq,

Ammo netay,

otamsan.
Oʻyla oʻzing,
Gunoh kimda?
Kimdan oldim tarbiyat?
Sen uygʻotding yuragimda
Toju taxtga muhabbat.
Bu tuygʻuni berib, nega
Qaro qilding baxtingni?
Soʻng, qarib ham
Nechun menga
Boʻshatmading taxtingni?
Ha, ha!

Inson shohmi, gado
Odamsutin ichgandir.
Tiriklikda qaysi podsho
Toju taxtdan kechgandir?

 

Shohi Jahon

 

Kelar bir kun senga ham gal,
Yoshsan,

vaqt bor sinovga.
Oʻzingga ur tigʻni avval,
Ogʻrimasa —

birovga.
Shuhrat mayi gʻoyat shirin,
Sarxush qilar odamni.
Sen bu taxtga yetding, lekin
Zabun qilib otangni.
Unutmaki,
Doxil boʻlding
Tojdorlikning shoniga,
E, voh,

boʻyab ikki qoʻling
Ikki orang qoniga.
Bobur nasli

tarixida
Bu eng qaro bir varaq.
Bilki, inson taqdirida
«Alqasosul minalhaq!»

 

Avrangzeb

 

«Haqdan qasos!»

Ayo, Xurram!

Sen ham mendek boʻlgansan.

Oʻz otangga qarshi sen ham

Bir vaqt isyon qilgansan.

Yurishmadi

Lek omading,

Kelolmay taxt yoniga,

Qoʻllaringni boʻyolmading

Buzrukvoring qoniga.

 

Shohi Jahon

 

Koʻtarganman isyon rostdan,
Makr emasdi u biroq.
Saltanatni inqirozdan

Lozim edi qutqarmoq.
Ayon etdi vaqt —

kim haqli,
Koʻrdi, bildi jahon ham.
Inson bilan inson farqli,
Isyon bilan isyon ham.

 

Avrangzeb

 

Oʻz qilmishin

Har bir tojdor

Adolat deb aytadir.

Bilur yolgʻiz parvardigor —

Chin haqiqat qaydadir.

Men — Ollohmas,

Ne bilayin,

Lek qilichim kesgan payt,

Endi seni ne qilayin,

Padarimsan,

Oʻzing ayt.

 

Shohi Jahon

 

Ajab,

meni padar deysan,
Lek mehr yoʻq koʻzingda.
Ne qilay, deb soʻrma mendan,
Ixtiyoring oʻzingda,
Lozim koʻrsang qay ajalni,

Buyur —

Xoh kes,

xohi os.

Iltimosim —

Tojmahalni

Vayron qilma,

shu xolos.
Oʻsha mendan yodgor tanho.

Uygʻoq ruhim,

Yuragim.
Jonimni ol,

ruhim ammo

Xarob qilma.
Soʻragum…

 

Avrangzeb

 

Vahshiylikka bormas qoʻlim,

Tojmahalni buzmasman.

Soʻramagil mendan oʻlim,

Ota boshin uzmasman.

Padarkushlik shonin aslo

Ravo koʻrmamoʻzimga

Sen yasharsan

Mendan rizo,

Rizo boʻlsang soʻzimga.

Erta meni podsho qilib

Koʻtarurlar,

kelarsan,
Xalq oldida,
Rizoman deb
Meni duo qilarsan.
Qarib qolding,
Taxt gʻamin qoʻy,
Orom gashtin surib yot.
Huzurimda maslahatgoʻy
Boʻlib qolgin umrbod.

 

Shohi Jahon

 

«Maslahatgoʻy boʻlib qolgin
Huzurimda umrbod…»
Sen dunyoga kelgan ul kun
Men naqadar edimshod.
Yurganingda atak-chechak,
Minganingda ilk bor ot,
Kelin koʻrib,
Soʻngra goʻdak…
Men naqadar edim shod.

Oʻsha shodon damlar nechun

Men dunyodan oʻtmadim.

Yo bolangga toʻy qilgan kun

Senga aza tutmadim.

Koʻzlarimga butun dunyo

Hech oqarmas tun bu kun.

Sulolangdan,

Bobur mirzo,

Omad ketgan kun bu kun,

E, voh,

Ota-farzand aro

Koʻtarildi oqibat.

Bu — intiho!

Chin intiho —

Yetib keldi oqibat!

 

* * *

 

Tarix —

bir ming oltmish toʻqqiz
Yilning shaʼbon oyida
Toj sohibin
Qildilar hibs
Oʻzi suygan joyida.
Yaʼni arkli saroyida —
Sharkda shunday qoida —
Izzat-ikrom oʻz joyida,
Qoʻsh gilamlar poyida.
Faqatgina taxtu toj yoʻq,
Mashvarat yoʻq,
Devon yoʻq.
Xazinaga ehtiyoj yoʻq,
Chunki qoʻlda farmon yoʻq.
Kecha Ajam, Rum, Xitoga
Mashhur boʻlgan buyuk shoh,
Qarab yotar keng dunyoga
Tor darchadan…
Koʻkda moh

Asta kezar,

Sochar xomush

Borliq uzra siymin hal.

Misli xayol,

Sehri tush,

Magʻrur turar Tojmahal…

 

* * *

 

Ey dil,

Quloq ber nidoga,

Toki yerda inson bor,

Na podshoga,

Na gadoga

Alqasosdan omon bor.

«Jafo uchun,

Vafo uchun

Haqqin oldi Shoh Jahon.

Biri uni qildi zabun,

Biri esa — jovidon.

Gʻamli tarix ibrat boʻlsin,

Boʻlsin senga namuna…»

Deya, asta, maʼyus, sokin
Oqib yotar Jamuna.

 

 

Toʻrtinchi fasl

 

ShARPALAR

 

Insoniyat

Minglab qiynoq —
Oʻylab topgan dunyoda.
Bu qiynoqlar ichra biroq
Birisi eng ziyoda.
Unga toqat yoʻq insonda,
Yoʻq undan zoʻr

Dil dogʻi.
Bu iztirob —
Tor zindonda
Tanholikning qiynogʻi.
Shoir qalbning
Dildoshi yoʻq,
Qiynaladi

yosh joni,
Qutulmoqning

iloji yoʻq,
Yoʻq oʻlmoqning

imkoni.
Nazrul Islom
Oʻylab yotar
Shiftga boqib
Uzun kun.

Necha-necha tonglar otar,
Necha-necha choʻkar tun.
Goh

Ajib bir holat boʻlar.
Hayron boʻlar

oʻziga,
Allanechuk
Oq sharpalar
Koʻrinadi

koʻziga.
Ular kelib

Har zamonda:

«Yetar!

Shoir!

Tur! — deydi. —

Oʻltirma bu

zax zindonda,
Bizlar bilan yur», deydi,
«Yoʻq, yoʻq», — deya
Tutqun shoir, —
Sharpalarni quvadi.
Koʻzdan oqqan
Achchiq yoshi
Yuzlarini yuvadi.
Sheʼr oʻylaydi
Nazrul Islom,
Izlab jonga halovat.
Oʻyda sheʼr yoʻq,
Dilda ilhom,
Ruhda shavqi sinoat.
Nahot,

Tamom boʻldi shoir?
Nahot, bitdi saboti?
Nahot,

Qalbda tugadi sheʼr,
Tugamasdan hayoti?
Axir, unda
Qancha orzu,
Ishq bor edi,

muddao!
Nahot tamom
Barchasi…
U

Qildi koʻkka
Iltijo:

«Ey, xoliqi olam,
Tilagimni qondir,
Umrimga ber barham,
Vujudimni yondir.
Holim bir senga ham —
Bir menga ayondir,
Yaratibsan odam,

Odamlikcha qoldir.
Tugadi iroda,
Yoʻq oʻzga dil rozim,
Yetganim maʼvoda
Boʻlinsin ovozim.
Kim, avji navoda
Sindirgil bu sozim,
Eng oliy fazoda
Tugasin parvozim.
Shoirga dunyoda
Aslida shu lozim.
Ey, xoliqi olam,
Tilagimni qondir,
Umrimga ber barham,
Vujudimni yondir.

Na jonda gʻayratim,
Na koʻzda hayratim,
Na dilda alam bor,
Na qoʻlda qalam bor.
Na boshda fikratim.
Na kerak
Siyratim.
El uchun adoman,
Tugadim tamoman.
Sigʻmay keng jahonga,
Sigʻdimtor zindonga.
Ey, holiqi olam,
Tilagimni qondir,
Umrimga ber barham,
Vujudimni yondir!»
Nazrul Islom
Qilgan nido
Yetdi

yuksak osmonga.
Oliy ruhlar
Uni ravo
Koʻrmadilar

zindonga.
Shoir ruhin
Olib mangu

Koʻkka

parvoz etdilar.
Tor zindonga
Faqat jonu

Jismin tashlab ketdilar.
Nazrul Islom
Tor kataqda
Devonavor turibdi.
Ruhi uning

keng falaqda
Qanot yozib yuribdi.

 

OLIY RUHLAR TOʻGʻRISIDA NAQL

 

Bolaliqda eshitganim
Talay-talay ertakdan —
Xayolimda biri manim,
Sira chiqmas yuraqdan.
Marhumlarning ruhi koʻqda
Doim uchib yurarmish.
Biz ularni koʻrmasak-da,
Ular bizni koʻrarmish,
Biz xayrli ishlar qilsak,
Shodon boʻlar emishlar.
Mabodo,

Biz yomon boʻlsak,
Nolon boʻlar emishlar.
Doʻst, qarindosh —

urugʻlarning
Ruhi — oddiy ruh emish.
Lek daholar,
Ulugʻlarning
Ruhi — oliy ruh emish.
Uz arshidan
Ular bizga

Boʻlarmishlar rahnamo.
Koʻp ishlarni dilimizga
Solarmishlar doimo.
Yirokda

Dard ichra qolib
Doʻstimiz zor boʻlsa gar,

Dilimizga gʻashlik solib,

Qilarmishlar

Boxabar.

Bizni kunduz

Band etsa ish,

Xoli topib uyquni,

Ular bizga eslatarmish

Ketganlarning ruhini.

Shuning-chun ham

Dilimizni —

Koʻmarmishlar yorduga.

Qilarmishlar oshno bizni

Mehr degan tuygʻuga.

Ofat kelsa

Bizga nogoh,

Bilguvchi ham ularmish.

Falokatdan bizni ogoh

Qilgʻuvchi ham ularmish.

Ammo

Oliy ruhlar faqat —

Pok dillarga yor emish.

Qayda boʻlsa samimiyat —

Oʻsha yerda bor emish.

Ular yashar

Bizdan oʻzga,

Benamoyon va besas.

Sharpalari hech bir koʻzga,

Hech quloqqa sezilmas.

Ular bizni

Koʻrib turar,

Buni sezmas nodonlar.

Ular bilan suhbat kurar

Faqat

Buyuk insonlar.

Ular borki — bizlar odam,

Haqiqat bor beomon.

Yaxshilik ham,

Yomonlik ham,

Qaytar bir kun, begumon.

Biz mabodo,

qilsak gunoh,

Har qanchaki xilvatda,

Oliy ruhlar

Boʻlur ogoh,

Jazo berar albatta.

Lazzat shirin,

Davlat shirin,

Hech toʻymaslar odamlar.

Ruhlar borki,

bir-birlarin
Yeb qoʻymaslar odamlar.

Kel, ey koʻnglim,

Ruhlarni sen,

To borsanki, qilgin yod.

Kimlar uni vijdon desin,

Kimlar desin

Eʼtiqod.

Ammo ular

Dunyoda bor!

Shak keltira koʻrmagin.

Meni nopok yoʻldan

Zinhor,

Zinhor olib yurmagin.

Hatto oʻzing qolsang yolgʻiz,

Dema,

Mendan ogoh yoʻq,

Yashamoqdan eʼtiqodsiz,

Ortiq yerda gunoh yoʻq.

 

 

Beshnnchi fasl

OZODLIK

 

Bayroq qilib,

El qoʻzgʻaldi —

Nazrul Islomismini.

Tor zindondan uni oldi,

Ammo faqat

Jismini.

Nazrul Islom

Ozod,

Ammo

El qanoti qayrildi,

Yosh,

navqiron,
Tirik siymo —
Shoiridan ayrildi.
Nazrul Islom
Sheʼri butun
Hindistonda yangrardi.
Ammo shoir

uni bugun
Na tinglar,
Na anglardi.
Shoirini qoʻymay —
Qoʻlda —

El koʻtarib eltardi.
Na quvonar
Shoir bundan
Va na parvo etardi.
Bir yonidan quchar hindu,
Bir yonidan musulmon.
Ammo

Hushdan ayrilgan u,
Unga yotdir bu jahon.
Tabriklaydi
Uni Tokur,

«Ozodliging muborak!»
Roʻznomalar qutlov yozur.
Bular unga ne kerak?
U na uygʻoq
Va na uxlar,
Hissiz boqib turardi.
Ruhi uning
Oliy ruhlar
Dargohida yurardi.
Shoir topdi
Erk chinakam,
Ozod boʻldi tamoman.
Bir yoʻl unga dardi olam
Barbod boʻldi tamoman.
U bir yoʻla
Shoʻrishlardan,
Savdolardan qutuldi.
Jabru jafo koʻrishlardan,
Nizolardan qutuldi.
Qutuldi

u sigʻolmagan,
Sigʻdirmagan jahondan,
Xolis boʻldi
Ham zindondan,
Hamzindondek zamondan.
Ham tark etdi
Bir yoʻl uni
El dardidek ogʻir yuk.
Bu dunyoda

qoldi tani,
Behush, beruh,

va buyuk.

 

* * *

 

Qirq yil oʻtdi,
Uzoq qirq yil.
Bu dunyodan begona —
Nazrul Islom

Yashar bedil,
Yashar darvish,
Devona.
Qirq yil ichra
Nelar koʻrib,
Nelar chekdi
Hindiston.
Ammo

koʻzi
Ochiq turib,
Gʻofil oʻtdi

yoniq jon.

Bosqinchilar

Yurtdan ketdi —

El gʻazabi

Quvoldi.

Shoir

Buni

Na his etdi,

Na koʻrdi,

Na quvondi.

Nazrul Islom

Bu dunyoda

Yetmish besh yil

Yashadi.

Ammo

Oʻttiz ikki yoshda

Bu dunyoni

Tashladi.

Shoir umri

Qoldi sheʼrda,

Qoldi

Yoniq dostonda.
Bitganlari

uning —

erda,

Ruhi esa —

osmonda.

 

ZOHIDLAR VA ORIFLAR HAQIDA HIKOYAT

 

Bu ming yillik hikoyatdir,

Bayon etgan qosidlar.

Tarki dunyo

Saodatdir,

Deb aytdilar zohidlar.

Tiriklikda

Ular oʻlim

Sharobini totdilar.

Bu olamdan ayru boʻlib,

Gʻorga kirib yotdilar.

Ahli zuhud bandalarni

Darveshlikka chorladi.

Lek kiymadi jandalarni,

Orif inson

Bormadi.

Zohid soʻzi:

Kech jahondin,

Tinglagil shayx maqolin.

Orif soʻzi:

Olloh zamin

Uzra sochgan jamolin.

Zohid aytdi:

Sharob harom,

Osiy erur mayparast.

Lekin shoir Umar Xayyom

Ishq mayiga boʻldi mast.

Zohid dedi,

Huru gʻilmon,

Orif dedi, jonona.

Qays Laylining ishqi bilan

Majnun boʻldi devona.

Tun borki,

Tong bor unga zid,

Suv bordirki — alanga.

Tugʻilganda

Yerda zohid,

Orif keldi olamga.
Vahdat mayin
Toʻla ichib,

Shavqqa toʻldi shoirlar.
Zohidlarga qarshi chiqib,
Orif boʻldi shoirlar.
To dunyoga kelmish bashar,
Bir jabhada kelib duch,
Birga yashar,
Ham kurashar
Inson aro ikki kuch.
Boshlar boshqa-boshqa yoʻldan
Boshqa-boshqa tilagi —
Zohid yangligʻ aqli bilan,
Orif yangligʻ yuragi.
Biri tutib
Aysh yoʻlin berk,
Tiyilmoqqa undaydi.
Biri esa shaloladek
Quyilmoqqa undaydi.
Men ham bitta sargashta jon,
Oʻrta yoʻlda tururman.
Ular aro ikki jahon
Ovorasi erurman.
Sheʼr, ishq faslin
Ilk onidan

Rahnamodir qalb menga.
Balki sheʼrning osmonidan
Tushmoq chogʻi zaminga…

Ey koʻngil, boʻl sodiq habib,
Meni zinhor tashlama.
Habibim boʻl, ammo hadeb
Oʻz koʻyingga boshlama.
Yolgʻiz manim desa fikrat,
Yoʻq, manim, deb daʼvo qil.
Lekin gohi,
Yetdi fursat,

Fikratga ham oshno kil.
Tutma menga ishq yoʻlin berk,
Mayli, toshgin, quyilgin.
Ammo oʻzga berma koʻp erk
Qirqni koʻrding, quyilgin.
Bas, oʻy surma, senga dunyo —
Asroridan ne gʻam bor?
Bu dunyoda
Odil tanho
Vaqt atalgan hakam bor!

 

NIHOYAT

 

Dehli 20 mart, 1979 yil

 

Oʻt balosi,

Suv balosi,

Ortiq yerda balo yoʻq.

Lek ofatning yoʻq davosi —

Bosh koʻtarsa

Xaloyiq.

Oʻtu suvga tadbir bordir,

El gʻazabi — beomon.

Oʻt nochordir,

Suv nochordir

Qoʻzgʻalsa och olomon.

Shunday deyman

Toʻxtab qolgan

Avtobusda oʻltirib.

Namoyishga el qoʻzgʻalgan,

Koʻchalarni toʻldirib

Oqib kelar yalangoyoq —

Dehqon, kosib, koranda.

Ikki yuz ming

Qoʻli qadoq,

Ikki yuz ming

Och banda.

«Bering bizga yer bilan suv,

Mehnat bering,
Bering non».
Bosh koʻtargan
Tamilnadu,

Bosh koʻtargan Rajaston.
«Bu tuprokda,
Ayting, inson —
Nega buncha beqadr?
Bizda ham bor orzu,

armon,
Gunohimiz nimadir?
Yo aybimiz —
Bizning maskan —
Shu jafokash vatanda?
Qarolik yo oʻt tutashgan
Qaro koʻzda,
Badanda?

Birovlarda har narsa bor,
Bizda esa…
Nega biz —
Faqat chayir,

ammo nochor
Qoʻlgagina egamiz?
Yaralishda
Ham mahsharda
Tengmiz,
Inson boʻlamiz.
Ne uchun biz koʻchalarda
Tugʻilamiz,
Oʻlamiz?
Asli qismat

yo asirlik,
Iztirob, koʻz yoshmidi?
Sharq chindan ham ming asrlik
Qotib qolgan toshmidi?
El oqimi qator-qator,
Yoʻq,

Shashqator —

koʻzdan dur.
Oqib kelar
Panjob,
Bihor,
Maysur,
Assom,
Manipur…

Oqib kelar ufq tagidan
Soʻngsiz qora olomon.
Bu –

Hindiston yuragidan
Silqib oqqan
Qora qon.
Men bu fursat
Ishtiroksiz
Derazadan qarayman,
Ne qilayki,
Bunda yolriz
Tomoshaga yarayman.
Negaki,

Men oʻzga eldan,
Balki oʻzga zamondan,
Balki bunda uchib kelgan
Yiroq yulduz tomondan —
Bir mehmonman.
Hayrat koʻzin
Mashʼal qilib boqaman.
Xayolan

Shul mavjli toʻlqin
Quchogʻida oqaman.
Jisman chetda,
Ammo ruhan
Gʻalayonda men ham bor.
Nazrul Islom
Ruhi bilan
Bormoqdaman bir qator.

Men hamalvon

Tigʻ koʻtardim.

Shu el dogʻi dogʻimdir.

Dardi uning —

Mening dardim,

Ohi — mening ohimdir.

 

* * *

 

Koʻtarolmay

Dardlar yukin,

Zamin qalqib turibdi.

Nazrul Islom

Ruhi bukun

Olam kezib yuribdi.

Ilhom chogʻi

Dil zamindan

Koʻk toqiga oʻrlaydi.

Nazrul Islom

Ruhi mendan

Shunda hisob soʻraydi.

Shoir boʻlib

Elga bukun

Darkormisan,

der menga.
Fidolikka xalqing uchun
Tayyormisan,

der menga.
Der:

«Shoirlik — yurakda qon —
Silqib turgan jarohat.
Tilamasman senga, oʻgʻlon.
Osuda baxt,
Farogʻat.

Tilamasman bir zumorom,
To tiriksan,
Bedor boʻl.
Azob bersin senga ilhom,

Sheʼr dardida bemor boʻl.
Taqdiringdan senga dunyo
Rohatlarin soʻrmasman.
Oʻz qismatim

senga ammo
Sira ravo koʻrmasman.
«Saqla, —

deydi, —

yurak qoʻring.
Dil otashing soʻnmasin.
Umring ado boʻlmay turib
Choʻgʻing ado boʻlmasin».

 

1978-1979

 

Erkin VOHIDOV

 

Sheʼr dunyosi” (“Sharq” nashriyoti, 2001) kitobidan

https://saviya.uz/ijod/nazm/ruhlar-isyoni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x