XX asr jahon adabiyotining ulkan namoyandalaridan biri, Xalqaro Nobel mukofoti sovrindori Hermann Hesse (1877–1962) asarlari eng koʻp mutolaa qilinadigan olmon adiblaridan sanaladi. Uning qator roman, qissa, hikoyalari, sheʼrlari, siyosiy, adabiy-tanqidiy ruhdagi asarlari chop etilgan. Ular orasida, ayniqsa, “Choʻl boʻrisi”, “Marjonlar oʻyini”, “Demian” kabi kitoblari dovrugʻ qozongan. “Gʻildiraklar ostida” romani, “Nyurnbergga sayohat” safarnomasi, “Kurortdagi kishi” qissasi va boshqa koʻpgina asarlari ham mashhur. Adibning kitoblari dunyo miqyosida 55 tilda 100 milliondan ortiq nusxada chop etilgan. H. Hesse 1946 yilda Shvetsiya Qirollik akademiyasi tomonidan “insonparvarlikning mumtoz gʻoyalarini oʻzida tobora yaqqol namoyon etayotgan joʻshqin ijodi, shuningdek, yorqin uslubi uchun” Nobel mukofotiga munosib topilgan.
Hermann Hesse 1877 yil 2 iyulda Kalv (Vyurttemberg)da Yohannes Hesse va Mariya Gundert oilasida ikkinchi farzand boʻlib dunyoga keldi. Otasi kelib chiqishiga koʻra boltiqboʻyilik nemis, onasi shveysariyalik xonadonga mansub edi. Hessening otasi maʼlumotli missioner boʻlib, avvaliga Hindistonda qaynotasi Hermann Gundertning yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan boʻlsa, keyinchalik Kalvda noshirlik ishlari bilan mashgʻul boʻlgan.
Garchi Hesse umrining talaygina qismi chet ellarda, yot oʻlkalarda oʻtgan boʻlsa-da, u oʻzi tugʻilib oʻsgan vatanini ulkan qalb ila sevgan. “Agar men shoir, yozuvchi sifatida oʻrmon, daryo, qir-adiru koʻkalamzorlar, kashtan soyalari yoki archazorlar haqida yozgan boʻlsam, bilingki, ular Kalvning qalin oʻrmoni, Nagold daryosi, ajoyib kashtanzorlari va archazorlaridir. Bularning barchasi, hattoki bozor maydoni, koʻprik va koʻchalar ham mening kitoblarimdan joy olgan. Men Bremen, Neapol, Vena, Singapur kabi dunyoning goʻzal va ulkan shaharlarida boʻldim. Biroq men koʻrgan hamda bilgan shaharlar orasida eng goʻzali Nagold boʻyida joylashgan moʻjaz goʻsha – Kalv shahri boʻlib qolaveradi…”
H. Hesse nafaqat mashhur yozuvchi, balki hassos shoir va musavvir ham boʻlgan. H. Hessening ilk kitobi 1899 yilda nashr etilgan – “Romantik qoʻshiqlar” nazmiy toʻplami boʻlib, undagi sheʼrlar soddaligi, samimiyligi va ohangdorligi bilan ajralib turadi.
Adib koʻhna Sharq olamiga, Sharq adabiyoti va falsafasiga alohida muhabbat bilan munosabatda boʻlgan, xususan, hind va xitoy mifologiyasi unda katta qiziqish uygʻotgan. Shu oʻrinda uning 1911 yilning kuzida Hindistonga safari natijasida yozilgan “Siddhartha” romani (“Hind dostoni”) koʻhna Sharq falsafasi va maʼnaviyati eʼtirofining mahsuli ekanini taʼkidlash joiz. H. Hesse yana bir mashhur asari – “Marjonlar oʻyini” romanida Sharq va Gʻarb donishmandligini birlashtirib, sintez usulini qoʻllashga muvaffaq boʻladi. Adibning maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishda yaratilgan asarlaridan biri – “Gʻildiraklar ostida” nomli romanida qobiliyatli bir oʻquvchining fojiali taqdirini ochib berish orqali jamiyat va shaxs oʻrtasidagi ziddiyatlar, jumladan, jamiyat, maorif va maktabning yosh avlod tarbiyasi oldidagi yuksak burch va masʼuliyati kabi dolzarb masalalar xususida fikr yuritiladi. “Nyurnbergga sayohat” safarnomasi va “Kurortdagi kishi” qissasi ham mazkur yoʻnalishda yaratilgan asarlar sirasiga kiradi. Safarnomada yozuvchining 1924 yilning kuzida Tessindan Nyurnbergga qilgan ikki oylik sayohati qiziqarli tarzda bayon etiladi. Qissaga esa uning Syurix yaqinidagi kurort shaharcha Baden bilan bogʻliq xotiralari asos qilib olingan. Ushbu asar mazmun-mohiyatiga koʻra, muallifning oʻz shaxsiy muammolari, ruh bilan vujud orasidagi, shaxs va jamiyat oʻrtasidagi ziddiyatlar haqida odatdagi badiiy toʻqimalar vositasida emas, balki avtobiografik qissa shaklida hikoya qilishga boʻlgan ilk urinish sifatida taassurot uygʻotadi.
Ilk bor 1927 yilda bosilib chiqqan “Choʻl boʻrisi” romani teran psixologik asar boʻlib, muallifga olamshumul shuhrat keltirdi.”Choʻl boʻrisi”da oʻz-oʻzini tahlil qilish va hal etilmagan maʼnaviy-ruhiy ziddiyatlarni yengish yoʻlidagi saʼy-harakatlar qalamga olinadi. Unda muallifning avvalgi asarlarida ozmi-koʻpmi aks ettirilgan Ruhga murojaat etish uslubi oʻzining yakuniy hamda toʻlaqonli ifodasini topgan. Yozuvchi Tomas Mann ushbu roman haqida shunday degan edi: “Choʻl boʻrisi” eksperimental dadillikda “Uliss” va “Faux Monnayeurs” singari asarlardan qolishmaydigan kitob ekanligini aytib oʻtirishga hojat bormikin? “Choʻl boʻrisi” menga anchadan buyon haqiqiy kitob mutolaasi nimaligini qaytadan oʻrgatgan asardir.”
Darhaqiqat, mazkur roman Hesse ijodining durdonasi hisoblanadi. Adib ushbu asar ustida 1924–1927 yillar mobaynida ishlagan va u kitob holida dastlab Fisher nashriyotida 1927 yilning yozida – yozuvchi 50 yoshga toʻl-gan chogʻida bosilib chiqqan. Asarning yaratilishi koʻp jihatdan adib oʻtgan asrning yigirmanchi yillarida oʻz boshidan kechirgan ruhiy inqiroz bilan bogʻliqdir. Rut Venger xonim bilan boʻlgan nikohning barbod boʻlishi, ijo-diy ishlarning majburan toʻxtab qolishi, oʻsha davrdagi pul qadrsizlanishi va boshqa iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bogʻliq tang ahvol, shuningdek, Germaniyadagi siyosiy vaziyat – bularning barchasi yozuvchini tushkun bir holatga, boshi berk koʻchaga olib kiradi. U oʻzini chindan ham yolgʻiz, horgʻin va holdan toygan “choʻl boʻrisi” yangligʻ his eta boshlaydi.
Biroq yana shuni alohida taʼkidlash joizki,”Choʻl boʻrisi” yozib qoldirgan esdaliklar yolgʻizlanib qolgan nevrotik xastaning shunchaki “patologik yozishmalari”gina emas, balki yanada muhimroq bir narsaki, u muayyan davr hujjati,”davr xastaligi”, yaʼni “Haller mansub boʻlgan avlod chalingan nevroz kasalligi tarixi” hamdir. Hesse ana shu xastalik alomatlarini chuqur tahlil qilib, ayovsiz fosh etadi. Romanning soʻngsoʻzida shunday satrlar bor: “Men, albatta, kitobxonlarga ushbu qissamni qanday tushunishlari xususida maslahat bera olmayman va bermoqchi ham emasman. Har bir oʻquvchi undan oʻziga kerakli va foydali xulosani oʻzi chiqarib olaversin! Choʻl boʻrisi haqidagi hikoya, garchi xastalik va tanglikni tasvir etsa-da, biroq bu xastalik oʻlimga olib bormaydi, bu tanglik tanazzul emas, balki aksincha: shifo, davo, muolajadir.”
“Choʻl boʻrisi” romanida Gʻarb va Sharq gʻoyalari, Gʻarb va Sharq falsafasi, shu bilan bir qatorda insonning oʻz murakkab “men”iga boʻlgan quvnoq va vazmin munosabati, oʻz-oʻzini bilish va anglash, oʻz-oʻzini topish sari konsepsiya yorqin ifodasini topgan. Bu esa Hessening Sharqqa, Sharq falsafasi va anʼanalariga azal-azaldan ixlosi hamda hurmati sarbaland boʻlganligidan dalolatdir. “Choʻl boʻrisi” – teran mazmun va chuqur falsafiy mushohadalarga boy psixologik asar boʻlib, tili ham shunga yarasha murakkab deyish mumkin, biroq bu narsa asarning kitobxon tomonidan yengil va ravon oʻqilishiga aslo monelik qilmaydi.
“… Men butun bir asrlik olmon adabiyoti bilan shu qadar batafsil tanishib chiqdimki, – deb yozadi Hermann Hesse oʻzining “Jahon adabiyoti kutubxonasi” nomli maqolasida, – hatto mutaxassislar ham u bilan menchalik keng tanishmagan boʻlsalar kerak. Bir qismi allaqachonlar eskirib ketgan bu kitoblardan men uchun benihoya qadrdon boʻlgan jonajon ona tilim – olmon tilining muattar boʻyi ufurib turardi. Bu til ayni XVIII asrda oʻzining gullab-yashnash davriga qadam qoʻyish arafasida turgan edi. Olmon tilini men ana shu majmualardan, ana shu chang bosib yotgan romanlaru qahramonlik dostonlaridan oʻrganganman.”
Oʻzini u yoki bu millat namoyandasi deb bilgan har bir kishi uchun Hessening quyidagi fikrlari ham ibratomuzdir: “Oʻz tilini yaxshi bilmagan, uni sevib ardoqlamagan, parvarishlamagan va himoya qilmagan xalqning shoiri boʻlish uyatdir.”
Chindan ham Hesse asarlaridan koʻp narsani oʻrganish mumkin. Uning tili shirali, taʼsirchan, kamalak yangligʻ turfa boʻyoqlarga, tagdor, nozik qochirimlarga, ramzlar, oʻtkir iboralarga, teran mazmun va falsafiy mushohadalarga, fantaziyalarga boy. Bundan tashqari, adibning har bir asari zimmasidagi “yuk” nihoyatda salmoqli.
Yozuvchi Hermann Hessening butun hayotini ham bagʻrikenglik va sabr-qanoat bilan yashashning namunasi, deb atash mumkin. Adib butun umri mobaynida oʻz ijodiga suyanib yashadi. U asarlarida ilgari surgan butun dunyoda tinchlik, xavfsizlik, hamkorlik, ahillik va hamjihatlikka erishish gʻoyalariga bugun jahondagi barcha xalqlar, el-elatlar intilib yashayotganining shohidi boʻlib turibmiz. Bu esa yozuvchi ijodining umrboqiyligiga yana bir dalildir.
Shunisi qiziqki, Germaniyaning oʻzida Hesse ijodiga adabiy tanqidning munosabati aksariyat hollarda salbiy boʻlgan. Adib nomi oʻtgan asrning ikkinchi yarmida, ayniqsa, 1946 yili unga Nobel mukofoti berilgandan soʻng, butun dunyoga tanildi. Harvard universitetining sobiq professori Timoti Liri shunday degan edi: “Choʻl boʻrisi”ning yakuniy qismi bebaho darslikdir.”
Ulugʻ adib Hermann Hesse 1962 yil 9 avgust kuni 85 yoshida Montanola (Shveysariya)da vafot etdi. Uning qoldirgan boy maʼnaviy merosi hali koʻplab avlodlar qalbidan ham munosib oʻrin olishiga shak-shubha yoʻq.
Mirzaali AKBAROV tayyorladi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7
https://saviya.uz/hayot/nigoh/ruhiy-olam-iztiroblari/