ROJIY (taxallusi; asl ismsharifi Muhammad Yusuf Mahzum ibn Xoʻjamberdi; 19-a. 30-y. lari — Xiva — 20-a. boshi) — shoir, tarjimon va xattot. Sheʼrlarining yetakchi mavzui — ishq-muhabbat. Mumtoz adabiyot anʼanalarini ijodiy davom ettirgan, unga yangi mavzu va obrazlar olib kirgan. Gʻazallarida maʼrifatparvarlik gʻoyalarini targʻib qilgan, kishilarni saxovatpeshalikka, kamtarinlikka undagan («Choy», «Bel ogʻriq», «Kelur», «Bois» va b.). Navoiy, Fuzuliy, Husayniy, Komil Xorazmiy, Ziyrak va b. gʻazallariga muxammaslar bogʻlagan. Xorazm xoni Sayd Muhammadxon (1856—65), Muhammad Rahimxon II (1865—1910) ga bagʻishlab qasidalar bitgan. «Ravzat ussafo» (Mirxond)ning 4—5-boblarini va bir qancha adabiy asarlarni fors tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. 200 misradan ortiq sheʼrlari 3 devonida bizgacha yetib kelgan. Xattotlik qilgan, tanburni yaxshi chalgan. Devoni qoʻlyozmalari Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-ti qoʻlyozmalar fondida saqlanadi (inv. №922, 1119, 1271).
Ad.: Yunusov Yu., Xorazm shoirlari, T., 1967; Murodov A., Oʻrta Osiyo xattotlik sanʼati tarixidan, T., 1971.