Riyozat deb savob ishlarni qilub, gunoh ishlardan saqlanmoqni aytilur. Riyozat adabning koni, ruhning darmonidur. Insonlarni toʻgʻri yoʻlga solub, egri yoʻldan qaytarguvchi riyozatdur. Shul sababli riyozat qilguvchilar oqil va fozil boʻlur. Alloh ham xalq qoshida maqbul va moʻtabardur. Yalqovlik, koʻp uxlamak, yomon odamlar ila yurmak, vaqtni bekor oʻtkarmak, aysh-u ishrat qilmak, koʻp oshamak, foydasiz soʻzlar soʻzlamak, samovarlarda, koʻchalarda aziz umrni boʻsh otkarmak kabi ishlarning hammasi riyozatga zid, umrning egovi, Xudoning gʻazabidur. Allohning buyrugʻi, Rasulullohning sunnatlari, shariat qil degan ishlarni birin-ketin oʻz vaqtida qilmak ibodat ham riyozatdur.
Riyozatni rioya qilgan kishilar hech vaqt shariat yoʻlidan ayrilmas, Alloh buyrugʻidan chetga chiqmas va bu yoʻl ila oxirat azobidan qutulur, rohat va rahmat saroyiga kirar, riyozatni rioya qilmagan kishilar Alloh taoloning rizosini topolmas, xor-zor boʻlub, oxiratda alamlik azobga giriftor boʻlur.
Aflotun hakim: “Men riyozatdagi lazzatni hech narsada koʻrmadim, zeroki, vujudimning salomati, ruhimning saodatini riyozatda topdim. Shuning uchun riyozat ayni saodatdur deyaram, chunki fikrning, tilning islohi badanning riyozatiga bogʻlidur”, – demish.
Ibn Sino hakim: “Tan riyozatidan koʻproq ruh riyozati lozimdur. Mard kishi oʻzini riyozat va adab ila koʻrsatsun, inson ila hayvon orasidagi farq yolgʻuz maishatda emas, yaxshi axloq kasb qilmoqdadur”, – demish.
Riyozat mevasidur misli bodom,
Yuzi qattigʻ ichidur ishta inʼom.
Kishin maqsudina eltar riyozat,
Riyozatsiz ish oʻlgʻay besaranjom.
Agar sabr-u riyozat cheksang, ey jon,
Pishub oldinggʻa tushgay mevayi xom.
Abdulla AVLONIY
“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan
https://saviya.uz/ijod/nasr/riyozat-2/