Suvsizlanib halok boʻlganlar haqida eshitgansiz. Qonsizlanish haqida ham tasavvurga egadirsiz. Kitobsizlanish degan dard haqida bilasizmi? Suhbatimiz shu xususda…
Bir tasavvur qilib koʻring. Xonadoningizda bitta ham kitob yoʻq. Maktabda ham, kutubxonada ham, idorayu ofislarda ham, kompyuter saytlariyu doʻkon va bozordan ham bu zormandani izlab topolmaysiz. Kitob oʻqigan u yoqda tursin, saqlagan odamni beshafqat taʼqib kutadi…
Shunda nima boʻladi?
“Jahon adabiyoti” jurnalining eski sonlaridan birida Rey Bredberining “Farengeyt boʻyicha 451 daraja” asarini takroran oʻqidim. Va… taassurotlarimni Sizga ham ilindim…
“ULAR BIZNING YASHASHIMIZGA XALAQIT BERISHADI”
Mashhur Amerika fantast yozuvchisi Rey Bredberi 1920 yilning 22 avgustida Uokigan (Illinoys shtati) shahrida dunyoga kelgan. Ilk hikoyasi 1941 yilda bosilgan adib 92 yil yashadi va ulkan adabiy meros qoldirdi. Uning kitoblari butun dunyodagi fantast adabiyoti ixlosmandlariga tanish va sevimli. Ayniqsa, “Momaqaymoq sharobi”, “Mars xronikalari”, “Farengeyt boʻyicha 451 daraja”, “Boqiy bahor kunlari kitoblari”, “Insoniyat xotirasi”, “Dengiz, sohil va daryo qushlari”, “Sovuq shamol, iliq shamol”, “Odamlarga yaxshilik qil” singari oʻnlab kitoblari barcha qitʼalarda sevib oʻqiladi. Aqalli oliy maʼlumotga ham ega boʻlmagan Rey Bredberi adabiyotdagi xizmatlari va asarlari uchun koʻplab mukofotlarga sazovor boʻlgan yozuvchi edi.
Bredberi oʻta kuchli shaxs edi: keyingi yillarda u nogironlik kursisiga mixlanib qolgan, bir qoʻli umuman ishlamasdi, ammo koʻzlarida hayot porlar edi. U toʻqson yoshida, kasal holida ham dunyodagi voqea-hodisalardan xabardor boʻlib turar va tinimsiz ishlar edi! Uni ilmiy fantastika dahosi, koinot asri shoiri deb hisoblashardi, ammo oʻzi bu taʼriflarni yoqtirmas va odamlar haqida yozayapman, deya taʼkidlardi. Garchi yarim asr muqaddam plazmali televizorlar, bankomatlar va kuzatuv kameralari haqida oʻz asarlarida bashorat qilgan boʻlsa-da, adibning uyidagi bor-yoʻq texnika televizor va oddiy telefondangina iborat edi. Rey Bredberi mashinalardan, kompyuterlardan va internetdan nafratlanishini yashirib oʻtirmagan: “Ular bizning yashashimizga xalaqit berishadi, ular bizning vaqtimizni olib qoʻyishadi. Odamlar kompyuterda juda koʻp ishlashadi. Ular bir-birlarini tinglash oʻrniga, juda koʻp vaysashadi”.
“YONIB KUL BOʻLGUNCHA YONDIR, KEYIN KULINI HAM YOQIB YUBOR”
“Farengeyt boʻyicha 451 daraja”ning bosh qahramoni Gay Monteg – oddiy oʻt oʻchiruvchi. Aslini olganda unga oʻt oʻchiruvchi degan emas, aksincha oʻt yoquvchi degan taʼrif toʻgʻri keladi. Chunki uning vazifasi xavf-xatar signali olinganidan soʻng darhol “samandar” mashinasida tegishli manzildagi uyga yetib borish, uyning eshik-romlarini sindirib boʻlsa-da ichkariga kirib …“oʻz vazifasini bajarish”. Faqat rezina shlanglardan suv oʻrniga kerosin otiladi. Oʻtsocharlar u va u yashayotgan jamiyat uchun oʻta xavfli boʻlgan bir buyumga yoʻnaltiriladi. “Bu yomon ish emas, – deydi uning oʻzi asar boshida bu xususda bamaylixotir. – Dushanba kuni Edna Milley kitoblarini yoqamiz, chorshanba kuni Uitmanni, juma kuni Folknerni kuydiramiz. “Yonib kul boʻlguncha yondir, keyin kulini ham yoqib yubor”. Professional shiorlarimiz ana shunday”.
Ha, uning kundalik ishi – kitoblarni yoqish! Barcha hamkasblari singari u mana shunday hayot tarziga koʻnikib ketgan. Xabar kelsa, boradi, yoqadi, qaytadi…
TOʻRT DEVOR ORASIDAGI “DEVOR”LAR
Monteg tunda navbatchilikni tugatib, atrofga tanasining ich-ichigacha singib ketgan kerosin hidini anqitib uyiga qaytadi. Uyida esa uning kelayotganini ham, ketayotganini ham sezmaydigan, mehmonxonasining uch devoriga ham ulkan plazmali televizor oʻrnatib olib, kunu tun ekrandagi dasturlar, allaqanday shoularu seriallarga shoʻngʻib ketgan, boqibegʻam xotini Milli bor. Bu xotin ekrandagi “qarindosh”lari hayotiga shu qadar kirib ketganki, hatto qancha uyqu dori ichganini, soʻng oʻlar darajada hushidan ketganini, kechasi “Tez yordam”da kelgan sanitarlar qonini butunlay soʻrib olib, yangidan qon quyishganini… oʻn yil birga yashagan turmush oʻrtogʻi bilan birinchi marta qayerda uchrashganini ham eslay olmaydi. Butun fikri-xayoli eriga gʻingshib, mehmonxonaning toʻrtinchi devoriga ham ulkan ekran oʻrnattirish tashvishi bilan band. Atrofidagi ham oʻzi singari dunyoni suv bossa toʻpigʻiga chiqmaydigan, birovi farzandlarni ortiqcha tashvish deb hisoblaydigan (“Bizning davrimizda esli-hushli odam bolani nima qiladi?”), boshqasi esa oyida uch kungina uyida boʻladigan bolalarini mehmonxonaga “devor”larni tomosha qilishga haydaydigan (“Xuddi kir yuvgandek. Kirni mashinaga solasizu, shaq etib, qopqogʻini yopasiz”) vaysaqi dugonalari bilan toʻrt devor orasida umrini oʻtkazib yuraveradi.
Koʻchada esa reaktiv tezlikdagi mashinalarda shunchaki hordiq uchun sayr qilayotgan, bir-biriga befarq, his-tuygʻulardan mosuvo olomon… Shunchalik loqaydki, boshlarida uchayotgan bombardimonchi samolyotlar, erta-indin boshlanishi muqarrar boʻlgan urush xavfiga ham parvoyifalak, oʻzlarining bemaʼni kundalik tashvishlariga, kayf-safolariga, ermaklariga boshlari bilan shoʻngʻib ketishgan…
NAJOT FARISHTASI YOXUD “YOTIB-YOTIB PORTLAYDIGAN BOMBA”
Shunday kunlardan birida Monteg tunda ishdan qaytayotib, Klarissa ismli qizga duch keladi. Dastlab Montegga telbadek tuyulgan maʼsuma qiz unga oʻrmonda kezish, qushlarni tomosha qilish, kapalaklar tutish, yomgʻirda sayr qilish, yaproqlarning dolchinmonand hidini tuyish, momaqaymoq qidirish haqida gapirib beradi. Va hissiz temirtanga aylanayozgan oʻt oʻchiruvchining ongu shuurida gʻalati oʻzgarishlar boshlanadi. Alaloqibat oʻzining baxtsiz, oʻn karra baxtsiz ekanligini anglab qoladi. Uni hayrat dunyosiga yetaklagan Klarissaning sirli oʻlimidan soʻng bu tuygʻu yanada alangalanib ketadi. “Istaysanmi, yoʻqmi, boshi berk koʻchaga kirib qolganimiz aniq, – deydi u xotiniga. – …Senu mana bu hapdorilaring, tunlari avtomobilda bemaʼni sayr qilishlaring, men va mening ishim qayerdan paydo boʻldi, nihoyat bularning tagiga yetib tushunib olishimiz kerak. Biz tubsiz jarlikka qarab ketayapmiz, Milli…”.
Ha, u najotni oʻzi har kuni yoqayotgan KITOBlardan izlaydi. Shundan soʻng u kitoblardan ayrimlarini avval oʻqib koʻrishga harakat qiladi. Ammo yetti uxlab, tushiga ham kirmagan, muqarrar darajada oʻlimga olib boradigan benihoya kuchli taʼqibga duch keladi. Ha, Monteg yashayotgan jamiyatda oʻzining kimligini, atrofida nimalar boʻlayotganini, hayotning mohiyatini anglashga intilib, kitoblarga talpingan odamni telbaga chiqazishardi. Bunday kishi maʼsuma Klarissa singari jamiyat uchun xavfli deb hisoblanar, alaloqibat goh pinhona, goh oshkora yoʻq qilib yuborilardi (“Qiz esa yotib-yotib portlaydigan bombaning naq oʻzi ekan, – deydi bu xususda oʻt oʻchiruvchilar boshligʻi Bitti. – …Uni biron narsa qilinishi emas, nimaga va nima uchun qilinishi qiziqtirar edi. Bunday qiziquvchanlik xavflidir. Nima uchun, nega deb qiziqa boshladingmi, tamom, vaqtida esingni yigʻib olmasang, oxiri voy boʻladi. Bechora oʻlib tinchidi…”).
“OʻZLARI TUSHUNISHLARI, OʻZLARI OʻYLAB KOʻRISHLARI LOZIM…”
Asarni mutolaa qilar ekansiz, koʻz oʻngingizda beixtiyor KITOBSIZLANISH fojiasi, aniqrogʻi, kitobsiz jamiyat tanazzuli namoyon boʻladi.
“Hammasi qurib ketsin, – deya jazava bilan oʻshqiradi bu jamiyatning zombiga aylangan vakillaridan biri. – Bizga oʻyin-kulgi kechalar, akrobatlar va fokuschilar, xatarli mashqlar, reaktiv avtomobillar, mototsikl-helikopterlar, pornografiya va narkotiklar berishsa bas. Koʻproq oddiy avtomatik reflekslar uygʻotadigan narsalardan boʻlsin! Agar drama mazmunsiz, film sayoz, komediya boʻsh, qiziqarsiz boʻlsa, meni junbishga keltiradigan narsa bering – quloqni qomatga keltiradigan musiqa bilan asablarimga zarba bering… Menga baribir emasmi? Changimni qoqqandek silkitishlarini judayam yaxshi koʻraman…”
Shafqatsiz taʼqibdan qochgan Gay Monteg tasodifan bir guruh kishilarga duch keladi. Maʼlum boʻlishicha, ular xuddi shunday taʼqibdan qochib, yoqilgan kitoblarni yodlab, xotiralarida saqlaydigan allomalar ekan. Ularning biri Aflotun, ikkinchisi Shekspir, uchinchisi Konfutsiy, toʻrtinchisi Gandi… “Biz kitoblarni ogʻizdan-ogʻizga farzandlarimizga yetkazamiz, ular esa oʻz navbatida boshqalarga yetkazishadi, – deydi allomalar yetakchisi Grenjer. – Talay qismi yoʻqotilgan boʻladi, shubhasiz. Biroq odamlarni kuch bilan tinglashga majbur qilish mumkin emas. Ularning oʻzlari tushunishlari, nega shunday boʻlgani, nega ularning koʻz oʻngida dunyo portlab ketganini oʻzlari oʻylab koʻrishlari lozim”.
DUNYONING ASL XALOSKORLARI
Asarni qayta oʻqib, koʻp mulohazalar xayolimda charx urdi. Televideniye, radio, mobil aloqa, internet, 5D oʻlchamdagi kinoteatrlar va boshqa texnologiyalar taraqqiy etgan davrda odamlarning kitobdan, mutolaadan uzoqlashib ketayotgani haqida koʻp gapirayapmiz. Koʻchada, bekatda yo bozorda qoʻlida bir “blok” aroq koʻtargan kishini koʻrsak beparvo oʻtamizu bir dasta kitob koʻtargan odam koʻzimizga allanechuk gʻalati koʻrinadi (esimda, oʻzaro suhbatlarimizdan birida bir oʻsmir “kitob koʻtarib yurishdan uyalaman”, deb aytgandi).
Bir hamkasbim nadomat bilan aytib qoldi: “Ziyoli deb oʻylaganimiz bir xonadonda gazeta uchun oilaviy surat olishga toʻgʻri keldi. Surat yaxshi chiqsin, deb uy sohibidan qoʻlingizda bitta kitob ushlab turing, desak, ishonasizmi, katta xonadondan bitta ham kitob topilmasa, deng…”
…Taniqli adib Temirpoʻlat Tillayev bir maqolasida kitobparastlik, kitobxoʻrlik va kitobxonlik oʻrtasidagi tafovutni tahlil etgan edi. Uning fikricha, kitobparastlar oʻzlarini maʼrifatli, ziyoli inson qilib koʻrsatish uchungina kitob yigʻadilar. Yiqqanlari xashaki narsami, durdona asarmi – ularga farqi yoʻq, javonlarida qalin-qalin jildli kitoblar terilib tursa bas. Rey Bredberi aytganidek, kitobni olovda yoqishdan ham yomonroq jinoyatlar bor. Masalan, uni oʻqimaslik.
Kitobxoʻrlar qoʻllariga nima tushsa, oʻqiyveradilar. Kitobxonlar esa izlab, saralab, mohiyatini anglashga astoydil intilib oʻqiydilar. Va dunyoni jaholatdan, tanazzuldan va boshqa turli ofatlardan asrab qoladilar.
Barchamizga kitobxonlik saodati va mutolaa zavqi hamroh boʻlsin, azizlar!
Nuriddin EGAMOV
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/rey-bredberi-kitobni-olovda-yoqishdan-ham-yomonroq-jinoyatlar-bor/