REPORTAJ (ing. report — yetkazmoq, xabar qilmoq) — jurnalistikaning informatsion janr turi. Bu janrda jurnalist (reportyor) bevosita oʻzi ishtirok etgan, shohidi boʻlgan, koʻrgan voqeahodisalar haqida zudlik bilan yorqin, atroflicha xabar beradi. Bunda, odatda, muallif voqealarni oʻz tilidan bayon etadi. Reportajda barcha informatsion janrlar (lavha, hisobot, suhbat va sh. k.) unsurlari qoʻshilib ketadi. Unda badiiy obrazlar, tarixiy dalillardan keng foydalaniladi.
Ommaviy axborotaloqa vositalari turiga (matbuot, radioeshittirish, telekoʻrsatuv) qarab materiallarni Reportaj orqali yoritishning ayrim oʻziga xos xususiyatlari bor. Matbuotda (asosan, gaz. da) Reportaj vokeaband va mavzuli (turli vaqtda boʻlgan voqealar bir mavzuga birlashtirilib bayon etiladi) boʻlishi mumkin. Bunday Reportajlar, odatda, voqealar boʻlib oʻtgan joylardan olingan fotosuratlar b-n bezatiladi. Matbuotda fotoreportajlar ham keng tarqalgan. Radio orkali beriladigan Reportajda voqealar obrazli, jonli soʻzlar bilan tavsiflanib, hamma vaqt xronologik izchillik saqlanadi. Telekoʻrsatuvlardagi Reportajda ekranda namoyish etilayotgan voqealar sharhlab beriladi.