Yarim asrdan ziyod taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtgan oʻzbek estrada qoʻshiqchiligi bugungi kunga kelib shou-biznes olamiga aylanib qoldi. U bugun son-sonoqsiz yosh qoʻshiqchilarni oʻziga jalb etgan. Ommaviy axborot vositalari, televideniye va radio dasturlari orqali efirga uzatilayotgan qoʻshiqlarning salmoqli qismini estrada janri egallab turganligi fikrimiz dalilidir. Hatto Navroʻz, Mustaqillik kabi umum xalq bayramlarini, xalqimiz toʻyu tomoshalarini, turli marosimlarni estrada qoʻshiqlarisiz tasavvur etish mushkul. Demak, biz xohlasak-xohlamasak estrada musiqasining ohanglari-yu usullari, yoʻnalish-u uslublari ongimizni zabt etib, ruhiyatimiz, maʼnaviy dunyomizga kirib boraveradi. Butun jahon madaniyatining taʼsiri natijasi oʻlaroq Oʻzbekistonga ham estrada musiqaning koʻplab uslub va yoʻnalishlari kirib keldi. Jumladan: jaz, pop, rok, disko, texno va xip-xop kabilarni sanab oʻtishimiz mumkin. Shuningdek, bugungi kunda yoshlarimizning repga boʻlgan qiziqishlari tobora ortib borayotganligi koʻz oʻngimizda namoyon boʻlmoqda. Biroq, tinglovchilar orasida yoki mutaxassislar davrasida ushbu estrada musiqasining yoʻnalishlariga boʻlgan munosabatlarini koʻrib har kimda ham turli fikrlar tugʻilishi begumondir. Shu bizga kerakmi? Undan manaviy ozuqa, estetik zavq olish mumkinmi? Qolaversa, bizning mentalitetimizga toʻgʻri keladimi? Shu kabi savollar koʻpchilikni oʻylantiradi. Va ushbu janrlarning negizida qanday falsafa yashiringanligi borasida qiziqib qolasiz.
RAP – bu “Rhythmical African poetry”, yaʼni “Ritmli Afrika poeziyasi (sheʼriyati)” soʻzlarining qisqartma shakli. Rap (rep) – inglizchada “taqqillatmoq”, “urmoq”, “zarba bermoq” kabi lugʻaviy maʼnolarni bildiradi. Odatda rep rechitativ tarzda ogʻir ritmga asoslangan musiqa ostida oʻqiladigan sheʼriy hikoya va tarixan afro-amerika anʼanaviy madaniyatining bir koʻrinishi sifatida paydo boʻlgan. Biroq qadimdan rep va u singari aytimlar nafaqat qora tanlilar folklorida, balki har qanday xalq anʼanaviy madaniyatida u yoki bu shaklda mavjud boʻlganligi ham maʼlum. Fikrimiz dalili sifatida quyida qisqacha tarixiy maʼlumotlarni keltirib oʻtamiz.
Islomgacha boʻlgan arab dunyosi bozorlarida repga oʻxshash janr keng tarqaladi. Har bir koʻchmanchi arab qabilasidan bir shoir-notiq (ritor) davraga chiqib, boshqa qabilalarga qarata badihagoʻylik bilan ochiq-oydin haqoratli aytimni boshlaydi. Oʻz navbatida boshqa qabilalardan chiqqan shoir-notiqlar ham unga oʻz javoblarini aytishadi. Odatda bunday “aytishuv”lar ommaviy janjallar bilan yakun topgan.
“Yamb” deb ataluvchi xuddi shunday musobaqa qadimgi Yunonistonda Dionis va Demetrilar sharafiga bagʻishlangan bayramlarda ham uyushtirilgan. Qadimgi skandinaviya anʼanasida mazkur musobaqalar “manjafbr”(erkaklar olishuvi) sifatida mashhur boʻlib, asosan u svyatki (rojdestvo) kunlarida oʻtkaziladigan oʻyin hisoblanadi.
Avvaldan afro-amerikaliklar oʻrtasida repga oʻxshash musobaqalar boʻlganligi haqida baʼzi (chala-chulpa) maʼlumotlar uchrasa-da, rep va uning (“Dozens”(oʻn ikkilar), “Signifying” (izhor qilmoq), “Talking shits” (kemalar suhbati) kabi shakllari haqidagi ilk ilmiy tavsiflar 30-yillarda Garlem va Janubiy Bronksda boʻlgan. Oʻsmirlar muayyan qatʼiy kanonik qoidalar asosida tuzilgan 3 ta toʻrtlik sheʼr matnini (“dyujin” – 12 lar, rep shakli shundan kelib chiqqan) navbatma-navbat aytib, imkon qadar aniq va ritmik improvizatsiya qilish borasida bellashadilar. Ikki raqib, keskin oʻzgaruvchan ritm asosida toʻrtlik almashadilar. Ulardan birining (ritorika) – nutqi boshqasidan afzal chiqqunga qadar davom etadi. Repning asosiy maqsadi raqibni haqoratlab yerga urish boʻlgan.
- “Dyujins” – repning maxsus shakllaridan boʻlib, unda dastlabki toʻrtlik maqtanchoqlikka asoslanib, badihagoʻy-muallifni oʻz obroʻsini kuchli darajada orttirib koʻrsatishga qaratilgan boʻladi. Shundan soʻng raqib tomondan ham buning soʻzlaridan kulimsirab nafratlanib aytilgan (mendek mohir repchiga qarshi chiqishga qanday jurʼat qilding degan maʼnodagi) javobi yangraydi. Keyingi toʻrtligi mahalla hayotidagi voqealar, turli gʻoyalar va umuman yangi tugʻilgan fikrlar asosida quriladi. Bu jarayon soatlab davom etishi mumkin va agar gʻolib aniqlanmasa, unda qatnashuvchi va ishqiboz-muxlislarning oʻzaro urish-janjali bilan yakun topadi.
- “Signifying” (boshqa bir shakli) – dyujindan cheklanmagan badihagoʻyligi bilan farqlanadi. U ritmning maqsadli buzilishi va sinkopalanishi asosida boʻlib, oxiri dastlabki ritmga qaytiladi. “Signifying” rus tez aytishlariga yaqindir. U oʻz navbatida 10 satrdan iborat matnning yagona qofiyaga asoslanganligi bilan mukammal hisoblanadi. Bu janrlar asta-sekin Nyu-York diskotekalarida rivojlanadi.
Aytish joizki, rep davrlar osha rivojlanib xalqlar ijrochilik amaliyotida oʻrnini topdi va ijro anʼanalari ham tubdan oʻzgardi. Janr sifatida qoʻshiqqa yaqinroq koʻrinishga keldi va eng muhimi sahna sanʼatidan joy oldi. Jumladan: “Sugar Xill Gang” guruhining “Reppers Delayt” qoʻshigʻi ilk rep yozuvlaridan biridir. Mazkur qoʻshiq dunyo miqiyosida xit darajaga koʻtariladi.
Yuqorida keltirilgan rep musiqasining tipologiyasidan koʻrinib turibdiki, janrning ilk shakllanishi gʻalizroq boʻlsa-da, rivojlanish jarayonida musiqiy janr sifatida va xalqona matnlarni ifoda etishga moʻljallangan koʻrinishga kelgan. Yaʼni, repning soʻz-matnining maʼno-mazmuni, maqsadi oʻzgargan, lekin undagi shakl, yoʻl-yoʻlakay mos kelib qoluvchi qofiyaga asoslangan hikoya tarzidagi soʻz badihagoʻyligi saqlanib qolgan.
Mustaqillikka erishganimizdan soʻng oʻzbek estrada ijrochiligiga turli uslublar bilan bir qatorda rep yoʻnalishi ham kirib keldi. Albatta, bu uslubning namoyondalari sifatida Shohrux, Shahriyor va “Radius 21” nomlarini tilga olamiz. Mazkur xonandalar ijodi yoshlar tomonidan iliq kutib olinganligi ham rost. Lekin, nazarimizda, oʻzbeklarning mentalitetiga toʻgʻri kelishi yoki kelmasligi maʼnaviyat va madaniyatga taʼsiri xususida ham oʻylab koʻrish zarur. Chet el rep ijrochilarining egnidagi libosi, taqinchoqlari, soch turmaklari va hatto behayo raqs harakatlarini ham oʻzbeklarda koʻrib ajablanmay qoldik.
Rep qoʻshiqlarining mazmuniga ahamiyat beradigan boʻlsak, soʻz qoʻllash sanʼatining fojiasiga guvoh boʻlamiz:
Madorim yoʻq shu bugunda bor-u yoʻgʻim mana shu
Yuragimda absolyutniy bardak, vot tak.
Kechagina berilgan bu vaʼdalaring
Unutildi darrov, gapirildi prosto tak.
Yana nima-nima, har gal bitta gapingga ishonib
Yashadim man axmoq.
Sani gaping mana bundoq:
– Keling endi iltimos mani kechiring,
Endi yaxshi yashaylik.
Shohrux repning “Xato” nomli bu qoʻshigʻi koʻpchillikka manzur boʻlar balki, lekin, xaqiqatni aytish lozim. Bu qoʻshiq emas, safsata, bemaʼni valdirash emasmi? Bu bizga kerakmi? Nima uchun? Koʻcha soʻzlari, qolaversa, ikki til (oʻzbek va rus) qorishib yotibdi. Mening nazarimda bunday soʻz matnlarini sanʼatda qoʻllash sharq madaniyati, sheʼriyati, soʻzamolligiga putur yetkazishdan boshqa ish emas. Afsuski, bu yoʻldan shiddat bilan borayotgan yoshlarimizning safi talaygina. Jumladan, “Ummon” guruhi ham bugun koʻplab muxlislarga ega boʻldi, oʻzining konsert dasturlarini oʻtkazdi. Repertuaridan oʻrin olgan qoʻshiqlari soni ham ortib bormoqda. Sifati esa yuqorida aytilganidek, xolos. Ayniqsa “Ummon baribir ummon-de”, “Mayli ketaver”, “Sevaveraman”, shu kabi bir qator qoʻshiqlarini eshitib yoqa ushlaysan kishi.
Balki, repning ijro uslubi mazkur xonandalarga yoqar, lekin, shuni esdan chiqarmaslik lozimki, sanʼat bedarvoza emas, istagan kishi kirib, oʻz ishini qiladigan. Sanʼatning maqsadi:
– Maʼnaviyatni yuksaltirish, estetik zavq ulashish va ezgulikka yetaklash. Har qanday ijodkor bu maqsadni yoddan chiqarmasligi zarur. Sanʼat xalqning maʼnaviyati uchun xizmat qilishi kerak.
Biz oʻzbek estrada ijrochiligida rep uslubini umuman inkor etish maqsadida emasmiz. Aksincha, oʻzbek musiqasining negizida oʻzbekona odob, axloq, munosabat va lutf doimo goʻzallikka intilish, goʻzallik haqida kuylash, goʻzallikning jozibasini namoyon etish, hayotga zavq berish va faoliyatga chorlash kabi mezonlar yotadi. Va bu barkamol avlod tarbiyasida muqobil keladigan omillar sifatida qadrlanib keladi.
Gulhayo UZOQOVA,
Oʻzbekiston Davlat konservatoriyasi talabasi
“Yoshlik”, 2012 yil, 6-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/rep-haqida-gap/