“Razvedka”

(Jangchi togʻamning “ishonsa ham boʻlaveradigan” hangomasi)

 

Urushda Berlingacha borib, yarimjon boʻlib kelgan togʻam boʻlardi. Hammani “bolam, boʻtam” deb gapirar, shirinsoʻz, juda xushchaqchaq odam edi. Ammo urush haqida gapirishni yoqtirmasdi. Biz bolalar “Urushni aytib bering”, desak, “Qoʻy, bolam, u kunlarni esimga solma”, derdi. Faqat bir marta hol-joniga qoʻymaganimizdan keyin ajoyib hangomani hikoya qilib bergan.

– Qirq beshinchi yilning aprel oyi, Berlinni ana olamiz-mana olamiz, deb turilgan kezlar edi. Bir kuni palkovnikning lichna oʻzi “Leytenant Abdusamatov, senga muhim topshiriq bor, bu Genshtabning buyrugʻi”, deb qoldi. Askarlarimiz Oder daryosi boʻyidagi kichik bir shaharcha ostonasida turar, shaharning bir qismi qoʻlimizga oʻtgan, bir qismi dushmanda qolgan edi. “Tong qorongʻusida shaharga kirib, qaysi koʻchada nemisning qancha tanki, qancha zambaragi borligini bilib kelasan”, dedi. “Oʻrtoq polkovnik, men razvedkachi emasman, aloqachiman”, desam, “Buyruq muhokama qilinmaydi, bajariladi!” deb baqirib berdi. Keyin yotigʻi bilan tushuntirdi. “Sen bilan hech kimning ishi boʻlmaydi, basharang xuddi nemisnikiga oʻxshaydi: koʻzing koʻk, soching sariq”, dedi. “Shunaqa-ku, nemis tilida bir ogʻiz ham gapirolmayman-da”, desam, “Zarari yoʻq, sen soqov nemis boʻlasan”, deb egnimga shtandartenfyurer libosini kiygizib qoʻyishdi.

Shunday qilib, desang, “shtandartenfyurer” boʻlib shaharchaga kirib bordim. Polkovnik toʻgʻri aytgan ekan. Koʻp uylar vayron boʻlgan, it egasini tanimaydi. Har kim oʻz jonini asrab qolish payida. Birov u yoqqa yuguradi, birov bu yoqqa… Yarim soatcha yurgandan keyin ancha dadil tortdim. Tank, pushka degan narsalar koʻrinmaydi. Ammo koʻchaning ikki chetidagi olmalar shunaqa chiroyli gullabdiki, odamning havasi keladi. Shunga mahliyo boʻlib ketayotsam, bafarmoni Xudo, yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, shundoq roʻparamdan nemis generali chiqib qolsa boʻladimi?!

Savlatidan ot hurkiydi, laʼnatining! Tizzalarim qaltirab, taqqa toʻxtab qoldim! Nima qilishni bilsam, oʻlay agar! Bu yogʻi nima boʻlganini oʻzim bilmayman! Qoʻlimni koʻksimga qoʻyib “Assalomu alaykoʻ-oʻ-oʻm”, deb yuboribman! General ham toʻxtab qoldi. Hozir otib tashlaydi deb oʻylab, oʻzim ham toʻpponchamga qoʻl yubordim. Shunda gʻalati ish boʻldi. General kiroyi odob bilan “Va alaykum assalom!” desa boʻladimi?!. Baqa boʻpqopman! Qarasam, yonida adʼyutanti yoʻq! Ovozini pasaytirib, “Siz ham oʻzbekmisiz?” dedi. “Xuddi shunday, ese-ye-yer general!” degan edim, “Shahar parki ichida toʻrtta “Ferdinant” tanki, cherkov yonida beshta zambarak bor. Dushmanning asosiy qismlari shahar gʻarbida”, dedi-da, yoʻliga ketaverdi. Ertasiga bilsam, “general” ham oʻzimiz qatori leytenant, qoʻshni qismda xizmat qiladigan razvedkachi ekan.

Urushda shunaqasi ham boʻpturadi, jiyan!..

 

Oʻtkir HOSHIMOV

https://saviya.uz/ijod/nasr/razvedka/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x