Post Views:
1 414
Abdurauf Fitrat she’riyati haqida so‘z ketganda shuni aytish kerakki- shoir ilk she’ridan boshlab Turk Dunyosini, Turkiston birligi, istiqlol g‘oyasini ilgari surdi, u turk dunyosiga millatparvar va yoniq shoir sifatida tanilgan edi. Bu haqda unga zamondosh tanqidchilardan Abdurahmon Sa’diy shunday yozadi: “Fitrat – hozirgi o‘zbek she’riyatida arab, fors so‘zlariga yo‘lni berkitdi. O‘zbek she’r tuzilishining rivojlanish yo‘llarini belgilay borib, ko‘pgina yosh shoirlarni o‘zining uslubi va tili bilan ergashtira oldi, atrofiga yosh shoirlarni to‘plab ularga til va uslubdan yo‘l ko‘rsatmakdadir.”
Abdurauf Fitrat to‘rt she’riy kitob muallifi. Bular: “Sayha”, “Uchqun”, “She’rlar va doston”, “Mening tunim”. Fitratning professor Hamidullo Boltaboyev tayyorlagan ko‘p jildlikning birinchi jildiga kirgan 22 ta she’r haqida suhbatlashamiz.
Fitrat she’riyati nochor qolgan shoirning o‘tli nidolaridangina iborat emas, u Turkistonni oyoq osti qilgan kelgindilarga, jaholat tufayli tovushlari o‘chgan vatandoshlariga achchiq nafratli murojaatidir. She’rlarning shakliy qurilishlari ham mavzu e’tibori bilan o‘ziga xosdir. Bu she’riyat- yangicha bo‘lib yangicha shuur, yangicha dunyoqarashning yangicha tamoyillarini o‘zida aks ettiradi. Yangi o‘zbek she’riyati butun dunyoni uyg‘otadigan bir qudratga ega bo‘lishi kerak edi.
Yangi o‘zbek she’riyatining asos manzili, o‘chog‘i Vatan, Turkiston, istiqlol, Erk mavzui bo‘ldi.
Bukun ham shunday.
«Buxoro vaziri Nasrullo Parvonachiga ochiq maktub»ida Fitrat yozadi: «Har qancha ko‘z va qulog‘ingizni berkitsangiz ham, bu qadimiy islom millatining faryodi va muqaddas vatanimizning xarobligiga achinmay tura olmaysiz…Millatimiz va yurtimizni shu holga keltirib qo‘ydikki, dunyoning burchagida eng qiyin kunlarda tashvish chekib yashayotgan odamlar ham bizning ahvolimizga qon yig‘lamoqdalar.» Amirga qarata aytilgan so‘zlari ham asarga ilova qilingan, bu bayonotda mana bunday deyiladi:” Bugun yo erta dini islomning dushmanlari biz — musulmon xalqni qora kunlarga solarlar. Bu jinoyatchilarning vazifasi avvali dini islomga xusumat bo‘lib, yaqin zamonlar bizdan dinimizni tark qilishni talab qilarlar. Imonimizni to‘pga, azonimizni qo‘ng‘iroqqa, masjidimizni cherkovga almashtirmoqdan boshqa narsa qolmas.”
Fitrat barcha dindosh birodarlariga murojaat qilarkan ” bu tanazzul (ya’ni nimaiki boy berilayotgan bo‘lsa) , musulmonlarning unsizligi va harakatsizligi natijasi”, deya biladi.
Fitrat hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan juda ko‘p xorijiy manbalarda, zamondoshlarining xotiralarida uning nomiga ”shoir” sifatlashi ko‘plab aytilgan. Bu Fitratga nisbatan shunchaki shaxsiy munosabatning natijasi bo‘lmay, balki uning shoirlik iste’dodiga alohida hurmat bilan qaraganliklarining boisi hamdir.
Fayzulla Xo‘ja 1911 yili chop etilgan ”Sayha” (”Nido”, ”Na’ra” ma’nolarini beradi.) she’riy to‘plami haqida shunday yozadi: ”Vatanparvarlik she’rlari to‘plami bo‘lgan ”Sayha” ni o‘qigan kishilarni Buxoro hukumatigina emas, rus hukumati ham ta’qib qila boshladi, chunki bu she’rlarda mustaqillik g‘oyasi birinchi marta juda yorqin shaklda ifodalab berildi.”
Bir tarafdan Turkistonda ochlik, qashshoqlik hukm surib turgan zamonda, bir tarafdan rus imperiyasi bilan ingliz jahongirlari Turkistonni egallash haqida yashirin muzokaralar olib borayotgan kunlarda ”turklikning qonini qaynatguvchi, iymonini yuksaltguvchi quvvat bergan bir suyunchli so‘z tug‘ildi, ya’ni 27 no‘yabrning kechasinda milliy laylatulqadrimiz bo‘lgan Turkiston Muxtoriyati e’lon qilindi.” Shul qop-qorong‘u dunyoning uzoq bir yerinda oydin bir yulduz kabi yalqillagan bu muxtoriyatni olqishlarkan, Fitrat mahkama eshiklaridan yig‘lab qaytgan, yirtqich jandarmaning tepkisi bilan yiqilgan , yondirilgan , osilgan dindoshlarimizning holatini shunday arz etadi: ”Ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik, qo‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi, og‘zimiz qulflandi, yerimiz bosildi, talandi, sharafimiz surildi, nomusimiz g‘asb qilindi, huquqlarimizga tajovuzlar bo‘ldi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi- to‘zumli turdik, sabr etdik. Kuchga tayangan har buyruqqa bo‘yinsundik, butun borlig‘imizni qo‘ldan berdik. Yolg‘iz bir fikrni bermadik, yashinturdik, iymonlarimizga o‘rab saqladik: Turkiston muxtoriyati!”
Taassufki, milliy laylatulqadrimiz — Turkiston muxtoriyati o‘z oldiga qo‘ygan olamshumul rejalarni bajarishga ulgurmay, Kolesov boshliq ”tinchlikni barqaror qiluvchi kuchlar ” tomonidan yo‘q qilib tashlandi.
Biz yanglishgan edik. Yana yanglishdik.
Bu alamli tuyg‘u yangi o‘zbek she’riyatining mag‘zini tashkil qiladi.
Yangi o‘zbek she’riyatining buloqlarining ko‘zlarini ochgan buyuk alloma Abdurauf Fitrat bo‘ladilar.
O‘ttiz asrlik O‘zbek adabiyoti, xususan o‘zbek she’riyati dunyoviy hodisadir. Bu hodisani tadqiq qiladigan akademiyalar, institutlar, assambleyalar, forumlar kerak. Dunyoviy hodisani dunyo miqyosida amalga oshiradigan kuchli mustaqil demokratik davlat zarur!
Biz agar Uilyam Shekspirni bilmaganimizda edi, ko‘p narsani yo‘qotgan bo‘lar edik. Ahli dunyo Alisher Navoiyni bilmagani uchun ko‘p narsani yo‘qotdi.
Biz agar Tomas Manni bilmaganimizda edi, ko‘p narsani yo‘qotgan bo‘lar edik. Ahli dunyo Abdulhamid CHo‘lponni bilmagani uchun ko‘p narsani yo‘qotdi.
Biz agar Robindranath Thakurni bilmaganimizda edi, ko‘p narsani yo‘qotgan bo‘lar edik. Ahli dunyo Abdurauf Fitratni bilmagani uchun ko‘p narsani yo‘qotdi.
Bundayin qiyoslarni uzluksiz davom ettirish mumkin. Foydasiz. O‘zimiz hali bilmagan narsani dunyo qayerdan bilsin.
Jahon Adabiyoti tubsiz va cheksiz bir ummondir, unga har kim o‘z shaxsiy piyolasi bilan boradi.
Turk Dunyosi, Turon, Turkistonning madaniy ta’rixida jahon maqduniyatini uchsiz cho‘qqilarga ko‘targan buyuk allomalar o‘tkan. Ularning amallari dunyoga ma’lum va mashhur. Ana shunday allomalardan biri, ulug‘ vatandoshimiz Abdurauf Fitratdir.
O‘zining ikkinchi oltin davrini tugatib 16 asrdan Turkiston tanazzulga yuz tutgan, xususan 19-20 asrga yetib ayanchli holatda to‘lg‘onar edi.
Chor imperiyasi, keyinchalik qizil saltanat Turkiston musulmonlarining, ayniqsa, turk xalqlarining birlashuvidan qattiq qo‘rqardi, shuning uchun tish-tirnog‘i bilan qurollanib turkchilarni, turkchi bo‘lmaganlarni ham, umuman tubchak aholidan chiqqan munavvarlarni tirik qoldirmaslikka kirishadi. O‘g‘ri, bosqinchi, makkor, xudosiz mahluqlar muqaddas Turkiston tuprog‘ini taladilar, bo‘g‘dilar, qonga botirdilar.
Turkiston- o‘zining balogardonini, ulug‘ farzandining tug‘ilishini juda-juda istar edi va Alloh irodasi-la u Inson tug‘ildi. Abdurauf Fitrat nasabi bilan dunyoga keldi.
Abdurauf Fitrat- Turkiston ruhining dahosidir. U Turkiston istiqloli uchun qurbon bo‘ldi. Istiqloldan keyin qayta tug‘ildi. Bu kun Abdurauf Fitrat jahon fuqarosiga, Turkistonning olamshumul ramziga aylandi.
28.04.2004.
https://shosh.uz/uz/rauf-parfi-fitrat-she-riyati-haqida/