Post Views:
633
RASHIDOV Sharof Rashidovich (1917.6.11–1983.31.10) – davlat va jamoat arbobi, yozuvchi. Jizzax pedagogika texnikumini (1935), SamDUning filologiya fakultetini tugatgan (1941). Samarqand viloyati gazetasida mas’ul kotib, muharrir o‘rinbosari va muharrir (1937–41, 1943). 2-jahon urushi qatnashchisi (1941 yil noyab. – 1942). O‘zbekiston KP Samarqand viloyati komiteti kotibi (1944–47). 1947 yildan Toshkentda. «Qizil O‘zbekiston» gazetasi muharriri (1947–49), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi (1949–50). O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumi raisi (1950–59), O‘zbekiston KP MK 1-kotibi (1959–83).
Rashidov «Foliblar» (1951), «Kashmir qo‘shig‘i» (1956), «Qalb amri bilan» (1982) qissalari, «Bo‘rondan kuchli» (1958), «Qudratli to‘lqin» (1964) romanlari, bir qancha publitsistik kitoblar va boshqa asarlar muallifi. Rashidov 1966 yilgi Toshkent zilzilasi oqibatlarini tugatish bo‘yicha katta amaliy ishlarni bajardi. Rashidov vafotidan so‘ng 80-yillar qatag‘onida nohaq qoralandi. 1991 yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rashidov nomini qayta tikladi.
Toshkentdagi ko‘chalardan biri Rashidov nomiga qo‘yilgan. Chig‘atoy qabristoniga qayta dafn etilgan. Dastlabki dafn etilgan joy (Rashidov xiyoboni)da haykal (haykaltarosh Ya.Shapiro) o‘rnatilgan.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/rashidov-sharof-rashidovich/