Ey mening
horigan togʻlarim,
qorlari arigan togʻlarim,
kimlarni kutasiz intizor,
intizor, qarigan togʻlarim,
qoringiz ayrilib koʻl boʻldi,
boringiz ayrilib moʻl boʻldi,
bagʻringiz tilsimli xazina,
toshingiz ayrilib yoʻl boʻldi,
yoʻldan bir pahlavon kelarmi,
berguvchi jonga jon kelarmi,
kelarmi tortgali qoʻllardan,
jilmayib qoʻlini berarmi,
yoʻllaysiz yozlarda salomlar,
tip-tiniq dur kabi kalomlar,
osmonni jo etgan har tomchi –
buloqlar soʻzida talonlar,
sukun-la borishmoq istaysiz,
siz ham bir yorishmoq istaysiz,
yoritib atrofni har qachon,
shu taqlid qorishmoq istaysiz,
yoʻl yurib kutasiz, tolasiz,
kutib, yoʻl yurasiz, qolasiz,
otdosh pahlavonlar qaytgaymi?!
eh qachon siz kutib olasiz?!
Yulduzni
oladilar,
qopiga soladilar,
elkaga qoʻndirurlar,
nenidir undirurlar,
yigʻlab qayoqqa ketsin,
bechora yulduz netsin,
osmon ostida edi,
erning ustida edi,
porlagani qoʻymadi,
bir qoʻl olib oʻynadi,
taqdi yomon koʻksiga,
yulduz endi oʻksigan,
hech chaqnab yonolmaydi,
qismatdan tonolmaydi,
qoʻl oʻynar, oʻynar yelka,
biror naf yoʻqdir elga,
kekkaymang yuksakman deb,
yulduz – saboq, emas zeb.
Karvonlar
asrni asrga ular,
turnalar ufqdan ufqqa oʻtar,
maʼyus, shod nolalar olamni tutar,
daryo toʻlqinlari kabidir dunyo.
Yulduz shuʼlasidan goʻzal tun yuzi,
charaqlab ketadi umidning koʻzi,
holbuki sahrodir, qarodir yuzi,
sahro yolqinlari kabidir dunyo.
Yoʻlchi yulduzlarga qarab yurasan,
qalbda ishq boʻlmasa hayron turasan,
parishon yoʻlingni qayga burasan,
sarob joʻshqinlari kabidir dunyo.
Goh qumlar koʻrasan, gohida gullar,
erkda mungli, qafasda shod bulbullar,
sinov, saboq ichra komil koʻngullar,
bahor toshqinlari kabidir dunyo.
Quvonchni sogʻingan intiq xonasan,
garchi otadirsan, garchi onasan,
asil yurt hurligin izlab yonasan,
oshiq shoshqinligi kabidir dunyo.
Sabo
uchar havolarda,
sabo uchar daryolanib,
talpinadi samolarga –
daryo uchsa havolanib,
sabolanib uchsa daryo
bagʻrida xush navolanib
yulduzlarday suzar dunyo
shifolanib, davolanib!
Yoz
Salqin bogʻlar entikib qoʻyar,
sarin shamol ifor bilan xush,
oy bogʻlarni ming rangga boʻyar,
rangin gullar koʻrar rangin tush.
Uxlayotgan goʻdakday diyor,
orzularning ogʻushida jim,
takror etar baxt soʻzin ming bor,
tamshanadi sohillar soʻlim.
Koʻrinadi navdalar aro
oʻrik kabi yulduzlar yirik,
osmonlarda nurli favvora,
ufqlarda ziyolar sirli!
Kuni
bilan yurdim parishon
kayfiyatsiz ruhsiz negadir
tiniqlikka aksincha osmon
tengsiz goʻzallikka egadir
koʻkday keng bagʻirli insonga
siqilmaslik uchun behuda
havas qilmas bejiz osmonga
oʻxshagisi keladi juda
targʻil har xil bulutlar chiqdi
nogoh koʻkka tushdi gʻalayon
ufq labidagi uchuqni
taʼriflashga ojizdir zabon
Yirik-yirik tomchilar tushdi
koʻksim tutib yayradim chunon
oʻz vahmidan eti uvushib
menga havas qilardi osmon.
Tulpor
uchib borar, hayratdadir togʻ,
tulpor parvozidan goʻzal parvoz yoʻq,
choʻqqilar silkinib qaraydi, nigoh –
engil chang ichra bir hayqiriq: ayy-yoʻ!
Jazbador suvoriy qoʻygan jilovni,
zar uchqunlar sochar tulpor tuyogʻi,
egar qoshi boʻlar havo – olovni,
shiddat soyasida zahmat boʻyogʻi,
uzoqqa taralar tuyoq sadosi,
olamni tutadi hur yolqinlari,
choʻqqilar – hayajon, hayqiriq sassiz, figʻon ovozsiz,
yana toʻlqinlanar togʻ toʻlqinlari.
Koʻzin
pirpiratib qaraydi ufq,
qoʻl uzatar menga choʻkayotgan soy,
meni quyosh deya oʻylar, taassuf,
izimdan qolmaydi, ergashadi oy,
men izlab yuribman bir aziz izni,
topsam koʻzlarimga suraman, iz pok,
koʻz yumib koʻraman ul porloq yuzni,
koʻzim ochilsa deb, qarayman uzoq.
Qancha
kitob oʻqib, qahramon bilan
birga oʻlib birga tirildim qancha,
goh tunlar ogʻrigan yuraging silab,
goh tonglar titrading koʻp yigʻlagancha,
yuz doston oʻqisang mingta hayotni
koʻnguldan kechirish hazil ish emas,
varaqlar boʻzlaydi, iztirob – qafas,
chiqib ketolmaysan kitobni yopib,
goh yashab qolasan oʻsha “xato”da,
Avliyootada shahidlik topib,
iymon keltirasan taqdir atoga,
shukrona aytasan Qodiriy boʻlib,
topshirar ekansan millat uchun jon,
ming bora tugʻilib, ming bora oʻlib,
kitobga boylanib beip, bearqon,
kitobga aylanib qolasan tamom.
Sheʼr
senda shodligim, hiddatim qolsa,
qon qusgan qalamning suvrati qolsa,
qolsa bogʻlarimning oʻtkir ifori
va oʻlkam bahori, oʻlkam bahori,
odam-ku shodliksiz, mungsiz yasholmas,
bu goʻzal vatanda soʻngsiz yasholmas,
agar ketar boʻlsam kelib oʻshal kun,
diyorim suvratin jo etgin butun,
meni koʻrib kelding har kun, har nafas,
endi hislarimga boʻla qol qafas,
lekin vatan bilan ozod yashagin,
odamlar dilida obod yashagin,
seni oʻqiganda olis nabiram,
boshini egmasin xijolat birla,
desinki, kurashib oʻtibdi bobom,
yuragi haydalgan, tashna bir yobon,
mevalay boshlabdi u tortgan ohlar,
unibdi nihollar, rangin giyohlar,
desin, nafasi bor vatan bogʻida,
duo qoʻshib qoʻysin soʻz adogʻida.
Ey osmon
koʻnglimga kir,
dunyodan bir oʻtilgaysan,
ey osmon, koʻnglimga kir,
sen qafasdan qutilgaysan!
Bepoyonsan, kekkaymagin,
koinotga enkaymagin,
ey osmon, koʻnglimga tush,
parvoz qilgin misoli qush!
Sidrilgaysan, sitilgaysan,
har-xil izdan titilgaysan,
ey, osmon koʻnlimga tush,
mahkumlikdan qutulgaysan!
Hurlik
diyoridan uchib kelgan qush,
tovlanar patlari rangin shamolda,
shox bilan tebranar, navo aylar xush,
goʻyo paydo boʻlgan goʻzal xayolda,
xazonlar toʻkila boshlar bogʻlarda,
men bilan qushchaning dardlari kabi,
u esa sakraydi shoxdan shoxlarga,
kuylaydi toʻldirib huznli qalbni,
yalongʻoch novdada gul kabi kuylar,
navodan ochilar eshik deraza…
hayotda emasday odamlar, uylar
entikar, chulgʻaydi goʻzal bir larza,
dunyoda emasday navo shamoli
porlatib yuborar yuzu koʻzlarin,
roʻyob boʻlgan kabi orzu xayoli,
xayolga kirganday sezar oʻzlarin,
yoʻq, oʻzga dunyoga tushganin bilmas,
lahza quchogʻida abadiy kabi,
endi hech erk istab koʻngli ezilmas,
yorilmas tashnalik oʻtidan labi,
qoʻllar ajib titrar gullar misoli,
gulga aylantirib qoʻydi goʻzal dod
roʻyob boʻlgan kabi orzu xayoli,
roʻyo boʻlgan kabi kechirgan hayot,
yoʻq, bizga tuyular. Azaldan ular
shundoq kelganlaru qolganlar yashab,
hurlik diyoriga xayolin ulab,
erk nurida yongan gullarga oʻxshab.
Togʻman
deb kekayib, buncha shishasan,
bagʻring ham toshdandir, ulkan qushchasan,
poyingdan bir xarsang olinsa agar,
hech turar joying yoʻq, qulab tushasan!
Sukunat
Havoning koʻksiga oʻq qadab boʻlmas,
yap-yangi olamdir, hech itob boʻlmas,
bu kuy oʻlikdurki, tirilmoqday gap,
bu qanday navoki, hech chidab boʻlmas.
Yoʻldosh ESHBEK
“Ijod olami”, 2017–3
https://saviya.uz/ijod/nazm/rangin-gullar-korar-rangin-tush/