Tarjimai hol
Asli kasbi kori huquqshunos bo‘lgan Bahrom Rahmonov o‘nlab otashin va dolzarb publitsistik maqolalari va «Yurak sirlari» sahna asari bilan ham adabiyotimiz tarixidan munosib o‘rin egallaydi. Ushbu asar ustoz rejissyor Toshxo‘ja Xo‘jayev tomonidan hozirgi O‘zbek milliy akademik teatrida sahnalashtirilgan. Uning o‘nlab siyosiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hayot muammolariga bag‘ishlangan publitsistik asarlari o‘zining o‘ta dolzarbligi bilan alohida ajralib turardi.
Adib 1915 yil Toshkentda ziyoli-hunarmand oilasida tavallud topgan bo‘lib, o‘rta maktabni tugallagach, Toshkent Davlat yuridik institutiga o‘qishga kiradi. Oliy ma’lumotni olib, mazkur institut qoshidagi aspiranturada tahsil oladi.
U 1939-1940 yillarda Krasnodardagi 78-o‘qchi polk maktabida o‘qiydi. Maktabni tugatib, shu polkning bo‘lim komandiri sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Bo‘lg‘usi adib huquqshunos bo‘lganligi tufayli urush arafasida Janubiy frontdagi 74-o‘qchi polk prokuraturasida harbiy tergovchi vazifasida xizmat qildi. U Ikkinchi jahon urushining boshdan-oyoq barcha mashaqqatlarini o‘tab, 1946 yilda ona shahri Toshkentga qaytadi. Avvaliga Turkiston harbiy okrugida prokuror yordamchisi, so‘ngra Tashqi ishlar vazirligida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlaydi. 1948-1953 yillarda esa dastlab «Qizil O‘zbekiston» (hozirgi «O‘zbekiston ovozi») gazetasida targ‘ibot bo‘limini boshqaradi, biroz vaqtdan so‘ng mazkur gazetaning bosh muharriri o‘rinbosari etib tayinlanadi. Uning badiiy ijodga kirib kelishi gazetada ishlab yurgan kezlaridan boshlangan bo‘lib, dastlab o‘nlab publitsistik maqolalar yozadi.
«Bahrom Rahmonov huquqshunos bo‘lsa ham, — deb eslaydi yozuvchi va jurnalist Maqsud Qoriyev o‘zining «Ezgulikka intilib» (1998) nomli kitobida, — jurnalistika, adabiyot, san’atga benihoya havasli inson edi». Chindan ham, uning o‘nlab siyosiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hayot muammolariga bag‘ishlangan publitsistik asarlari o‘zining o‘ta dolzarbligi bilan alohida ajralib turardi.
Bahrom Rahmonov 1955-1958 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi raisi bo‘lib xizmat qiladi, biroq haqiqatparast, o‘ta vijdonli inson hayot yo‘li davomida ro‘baro‘ kelgan nohaqlik va fojialar beiz qolmadi.
U ham odamlardek ko‘p yashashi, ko‘p yaxshi asarlar yaratishi mumkin edi, ammo bevaqt o‘lim uni bor-yo‘g‘i 48 yoshida oramizdan olib ketdi. Bu 1963 yil aprel oylari edi.