RAGA, rag (sanskritcha — rang, istak) — hind va pokiston xalqlari mumtoz musiqa janri. Ragalar oʻzbek maqomlari singari muayyan tovush-qator (txat), ohang tuzilmalari (pakar) va usul (tal) jihatidan bir-biridan farqlanadi. Ragalar Bheyrav, Malkuns, Megh, Dipak kabi nomlar b-n, ularning shoxobchalari esa ragniylar deb ataladi. R. Oʻrta asrdan maʼlum boʻlib, tarixiy jarayon davomida yangi kuy va asarlar bilan boyitildi. Hind musiqa olimlari Ragalarni muayyan ruhiy va axloqiy taʼsiri jihatidan ajratadilar. Kunning muayyan vaqtlari (ertalabki, tushki Raga va h. k.), yil fasllarida ijro etiladigan Ragalar bor. R. ansambli tarkibiga, odatda, yakkaxon xonanda yoki yakkanavoz sozanda, usul beruvchi urma cholgʻu ijrochisi va b. sozandalar kiradi. Har bir Raga asosiy mavzuni bayon etuvchi vazmin surʼatdagi qismdan boshlanib, asta-sekin tezlashib boradi, turli nolalarga boy, erkin rivojlanadigan hamda avj olib keladigan qismlar orqali namoyon boʻladi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые