Quyosh oʻlkasining kuychisi

Uygʻun (1905–1990) XX asr oʻzbek adabiyotida mashhur shoir va dramaturg sifatida teran iz qoldirgan ijodkorlarimizdan biridir. U Qozogʻistonning Jambul viloyati Marki qishlogʻida tugʻilgan. Toshkentda, Samarqandda oʻrta va oliy tahsil koʻrgan. Ilk sheʼriy toʻplami “Bahor quvonchlari” 1929 yilda bosilgan. Oʻttizinchi yillarda “Ikkinchi kitob”, “Quyosh oʻlkasi”, “Sheʼrlar”, “Muhabbat” kabi qator sheʼriy toʻplamlari bilan shoir sifatida tanilgan. 40-50 yillarda esa “Ona”, “Qaltis hazil”, “Hayot quvonchlari”, “Oltin koʻl”, “Navbahor” singari sahna asarlari yaratgan. Ayniqsa, “Alisher Navoiy” (1943, I. Sulton bilan hamkorlikda) dramasi favqulodda shuhrat qozondi, xalq ichida eng sevilgan asarga aylandi, toʻylarda va turli tantanali yigʻinlarda Alisher va Guli monologining muxlislar tomonidan ijro etilgani buning dalilidir. Eng muhimi, bu asar Navoiyni xalqimizga tanitishda bemisl xizmat qildi. Uygʻun keyingi yillarda ham unumli ijod etdi, bir necha sheʼriy toʻplamlar bilan birga “Abu Rayhon Beruniy”, “Ibn Sino”, “Zebuniso” kabi ulugʻ ajdodlarimizni zamondoshlarimizga tanishtiruvchi sahna asarlari yaratdi. Xususan, “Parvona” (1956) dramasining oltmish yildan beri tomoshabinlar tomonidan olqishlanayotgani dramaturgning ulkan isteʼdod sohibi ekanligini koʻrsatib turibdi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Uygʻun mohir tarjimon ham edi. U Shekspir, Pushkin, Lermontov, Chexov, Lev Tolstoy kabi bir qancha jahon klassiklari asarlaridan ayrim namunalarni oʻzbek kitobxoniga tanitgan. Uning jahon sheʼriyatidan qilgan tarjimalari 6 jildlik “Asarlar”idan oʻrin olgan. Quyida ana shu tarjimalardan baʼzilarini oʻqiysiz.

 

Tohir QAHHOR,

OʻzDJTU dotsenti


 

Vilyam SHEKSPIR

 

SONET

 

Birov rosa maqtanadi nasabi bilan,

Birov boylik, birov mulki, bisoti bilan,

Birov kuchi, birov temir asabi bilan,

Birov lochin, iskovich it va oti bilan.

 

Odamlarda har xil havas, ishqibozlik bor,

Ammo har kim uchun faqat bittasi afzal.

Men bir narsa bilan boʻldim gʻoyat baxtiyor,

Faqat oʻsha taqdirimni qila oldi hal.

 

Sening sevging qimmatroqdir javohirlardan,

Qadrliroq erur shohlar toju taxtidan.

Goʻzalroqdir zarbof libos, oltinu zardan,

Yoqimliroq ovchilarning omad baxtidan.

 

Ha, istasang hammasini olishing mumkin,

Meni mangu gadolikka solishing mumkin.

 

Taras SHEVCHYeNKO

 

PODSHOLAR

 

I

Apollon[1] ning qari singlisi,

Hech boʻlmasa, bir soat, bir oz

Biz tarafga tashrif etsangiz,

Yuksaltirib ilohiy ovoz –

Goʻzal qasidalar aytsangiz.

Qoʻllasangiz bir safar mani;

Madh etishga tushsak ikkimiz.

Shohlar yoki biror narsani.

Chunki sizga rostini aytsam,

Jonga tegdi anov mujiklar,

Boyvuchchalar, erga tegmasdan

Nomusidan ayrilgan qizlar.

Istar edim tojli boshlarning

Sarguzashtin soʻzlasam toʻla.

Valiahdlar qissasin kuylab,

Xumorimni yozsam bir yoʻla…

Hech boki yoʻq agar bilmasam,

Yordamingiz boʻlsa bu yoʻlda,

Muqaddas yogʻ bilan moylangan

Kokillarni ushlardik qoʻlda.

Tashlang koʻhna Parnas[2] ingizni,

Bunda keling bir soat, bir oz,

Yoqimli, ilohiy tovushingizni

Soz maqomda yangratingiz boz.

Bu toj kiygan zumrani boplab

Koʻrsatamiz orqa-oldidan –

Soʻqirlarga yaxshi soatda,

Kel, kengashchim, boshlaylik tezda.

 

II

Hech kishi yoʻq Quddus sharifda,

Darvozaga qulf solingan.

Maydoniga Dovud shahrining

Goʻyo vabo yastanib olgan.

Yoʻq, vabo yoʻq, yaramas bir vaqt

Isroil[3] ni qoplab olmishdir.

Shoh urushi! Bechora xalqning

Boshiga gʻam, kulfat solmishdir.

Barcha quvvat, shoh knyazlari,

Tamomiy xalq: oʻsmir, yosh, qari,

Shahar ichra beklab Kivot[4] ni,

Tashqariga chiqdilar bari.

Talay jonlar chiqdi maydonga

Javlon qilib va ot soldirib,

Jang qildilar maydonda; aziz –

Goʻdaklarin yetim qoldirib.

Shahar ichra, gʻamxonalarda

Yosh, yesirlar – shoʻrlik boshlilar,

Qorongʻi, zax, tor kulbalarda

Yosh juvonlar, qora qoshlilar –

Termulishib goʻdaklariga

Yigʻlaydilar. Paygʻambarlari,

Toʻymas hokim, podsholari

Dovudni koʻp qargʻaydi bari.

U boʻlsa-chi, zarbof jandada,

Xonasining baland tomida

Biqinini ushlab, har tomon

Borib-kelib, bosib yurmoqda

Xuddi mushuk ishtaha bilan

Qaraganday dumba yogʻiga,

U koʻz tashlab qoʻyar qoʻshnisi –

Guriyaning goʻzal bogʻiga.

Tani qizil, yuragi oʻynar,

Olov boʻlib yonadi koʻzi.

Guriyaning xotini, shohning

Quli – Virsaviya bir oʻzi

Xuddi jannat ichra Havvoday,

Oʻzining soz goʻzal bogʻida

Yuvar edi oppoq toʻshini:

Choʻmilardi suv quchogʻida.

Podshoning oʻyi buzilib,

Choʻrisiga tikilib turdi:

Goʻzal Virsaviya avliyo

Podshoning yuragidan urdi.

Qorongʻulik dunyoni koʻmib,

Pardasini sudramoqdadir.

Qaygʻuli bir zulmatga choʻmib,

Quddus sharif mudramoqdadir.

Dovud goʻyo oʻzni yoʻqotgan,

Turli tuman xayol suradi.

Hech toʻymas shoh oʻz xonasida

Nari beri bosib yuradi.

Oʻz-oʻziga deydi: men… bizlar

Buyuramiz – tangri xalqiga!

Oʻzim shohman! Va oʻz yerimda

Men Xudoman! Men hamma narsa…

Bir oz oʻtgach qullar bosh egib,

Kechki taom, may keltirdilar.

Shoh buyurdi: kechki taomga

Xotinlarin keltirsin qullar!

Goʻzal Virsaviya ham keldi

Tangri shohi oldiga shu on.

Taom yedi paygʻambar bilan,

Sharob ichdi, koʻz oldi tuman.

Taomdan soʻng oʻz shohi bilan

Bir oz dam olishga joʻnadi…

Guriya ham yotar, uxlolmas,

Bu xoʻrlikka qanday koʻnadi?

Uyidan shoh oltin, kumushmas,

Balki asl Virsaviyasin,

Oʻgʻirlaganini yaxshi biladi…

Shoh oʻldirdi uni, bilmasin deb –

Virsaviyaning qilgan ishini

Shu ravishda mahv etdi Dovud

Kimsasiz qul, gʻarib kishini.

Soʻngra xalq oldida, xalqni aldab,

Shoh ozgina yigʻlagan boʻldi.

Oyat oʻqib eski tavrotdan

Yuragini tigʻlagan boʻldi.

Soʻngra yana avvalgiday mast,

Shodligini koʻkka yetkazdi.

Oʻsha goʻzal qul xotin bilan

Ishratini davom etkazdi.

 

Abay QOʻNONBOYEV

 

* * *

Bozorga qarab tursam, har kim borar,

Izlagani ne boʻlsa – shu topilar.

Birov ovqat oladi, birov marjon.

Har kimga bir xil narsa bermas bozor.

 

Har kimning izlagan bir narsasi bor,

Chamalab oqchasiga shundan olar.

Birov uqmas bu soʻzni, birov uqar,

Bahosin fahmlamay hayron qolar.

 

Soʻz uqar ushbu kunda kishi bormi?

Demayman: soʻzim yurtga birday yoqar.

Yozgan soʻng yerda qolmas teshik munchoq.

Birovdan birov olib, elga tarqar.

 

Bir kishimas, yozganim yalpi yurt-ku,

Gʻijinmasdan, chiroqlar, uqsang yarar.

“It marjonni ne qilsin” degan soʻz bor

Dili oʻtli yigitlar bir uylanar.

 

* * *

Yarq etmas qaro koʻnglim ne qilsa ham,

Osmonda oy bilan kun chaqilsa ham.

Dunyoda sira senday menga yor yoʻq,

Senga yor mendan ortiq topilsa ham.

 

Shoʻrlik oshiq sargʻaysa, sogʻinsa ham,

Yor ketib, toʻgʻri soʻzdan yanglishsa ham,

Chidaydi yor hajriga rozi boʻlib,

Masxara va xoʻrlikda topinsa ham.

 

* * *

Talay soʻz bundan burun koʻp aytganman,

Tagʻin oʻylab, koʻp qaygʻu yeb aytganman.

Aqllilar orlanib uyalgan-chun,

Oʻylanib, tuzalarmi, deb aytganman.

 

Qozoqning boshqa yurtdan soʻzi uzun,

Birining biri uqmas aytgan soʻzin.

Koʻzning yoshi, yurakning qoni bilan

Eritishga boʻlmaydi ichki muzin.

Yurtim-ay, havolanmay, soʻzga tushun,

Oʻylan-chi sirtin qoʻyib, soʻzning ichin.

Irjanglamay tinglasang nimang ketar,

Axir, soʻzni yaratgan tinglash uchun.

 

Adashib anglama yoʻl topolmay,

Beriroq toʻgʻri yoʻlga chiq qamalmay.

Na ilming bor va mehnat qilasan,

Oʻtmoqdasan hatto mol ham boqolmay.

 

Abdulla TOʻQAY

 

ChIN VA YOLGʻON

 

Boshida dunyoda yer yoʻq, suvgina boʻlgan emish,

Unda yolgʻiz Chin bilan Yolgʻongina suzgan emish.

 

Bu iki dushmanga tangridan berilmish bir kema,

Bas, oʻtirmish bir-biriga teskari shul kemada.

 

Koʻp oʻtmay Chin birla Yolgʻon chiqarganmish bir urush,

Boʻlmasa, doʻstlik yetarlik, jang erur behuda ish.

 

Bir urib lunjiga Yolgʻon Chinni oʻxshatgan emish:

Qaytadan chiqmas boʻlib Chin manguga botgan emish!

 

TILANCHI

 

Qish, boʻron, muzday havo, yaproq misoli qor tushar,

Yel quvar qorni va lokin qor “tushay” deb tortishar.

 

Ishqirar yel, izgʻirar yel, qor boʻronin orttirar,

Shul zamon masjid yonida mungʻayib koʻr chol turar.

 

Kecha-kunduz ushbu yerda, yoʻqchilik qiynar uni,

Toʻrvasin tutgan – tilar non yoz, bahor, kuz, qish kuni.

 

Koʻp ayanch hol, koʻp ayanch hol, koʻp qiyin, oh, koʻp qiyin;

Bersangiz-chi, bir tiyin, ha, tanga ermas, bir tiyin.

 

Aytsam aytay endi sizga: bu kishi xoʻp boy edi;

Ichgani boldan, shakardan, oshi gʻarchcha moy edi.

 

Yor edi bir vaqt bu koʻr chol katta shuhrat-shonga ham,

Dongʻi ketgandi Qozonu Xankrman, Astirxonga ham.

 

Ul binolar, sizga aytsam, ul hisobsiz mulku mol,

Rang-barang har xil matolar – istagan narsangni ol.

 

Ul troyka otlari, haddan goʻzal faytonlari,

Qayda endi tulki poʻstin, qayda, hay-hay toʻnlari?

 

Soz edi! Koʻp soz edi! Men shundan ortiq ne deyin?

Qip-yalangʻoch, koʻrdingizmi, bersangiz-chi, bir tiyin.

 

Barcha hazrat boshda bu cholning edi maftunlari,

Qolmadi bu chol uchun hech qilmagan afsunlari.

 

Bosh egib, jilpanglashib, pul, xayru ehsonlar tilab,

Yurdilar chol tegrasida yoʻrgʻa toydek yoʻrgʻalab.

 

Qayda boy chogʻidagi jondan sevikli doʻstlari:

Qayga qochgan barchasi: Gaynuklari, Axmushlari?

 

Koʻp ayanch hol! Koʻp ayanch hol! Koʻp qiyin, oh, koʻp qiyin;

Bersangiz-chi, bir tiyin, ha, tanga ermas, bir tiyin.

Besh namoz vaqti, namoz ahliga javrab qoʻl choʻzar,

Hazratim bu cholni koʻrmas, koʻz qirin tashlab oʻtar.

 

Shundaqa! Pul borligida hamma doʻstu hamma yor;

Pul hidi chiqmay qolganda barcha yoningdan qochar!

 

Sulaymon RUSTAM

 

MENING ILHOMIM

 

Men ilhomni, hamma bilur, boʻshliqlardan olmayman.

Barmogʻimni peshonamga qoʻyib oʻyga tolmayman.

 

U shoirdan, bu shoirdan koʻchirmayman sheʼrimni,

Shoir kabi bu hayotda bilaman oʻz yerimni.

 

Meni taʼrif etsalar ham tez-tez soʻzning boshida,

Bundan boshim aylanmaydi umrimning bu yoshida.

 

Siynam bir kon, qoʻlim bolgʻa, soʻzim esa temirdir,

Mehnatimning natijasi, ozmi-koʻpmi, sheʼrimdir.

 

Oʻsha meni Vatanimga va xalqimga bogʻlagan,

Ilhom toʻla yuragimni shu qadar yosh saqlagan.

 

VASIYAT

 

Aziz bolam, yaqin kel, yaxshi quloq os menga,

Kel, soʻzlayin otamdan ne qoldi meros menga.

 

Ellik yil temir yanchgan poʻlat bolgʻa, bel, parkor,

Orzumizdan yaralgan bu davlatga eʼtibor.

 

Ona tuproqqa hurmat, xalqqa chuqur muhabbat.

Bu – charchashni bilmagan qoʻllarimdagi quvvat.

 

Bularsiz yashamasdim, oʻtmasdan dildan-dilga,

Tushmasdi shoir nomim bularsiz tildan-tilga.

 

Oʻgʻlim, koʻzing yaxshini, yomonni ajratolsin,

Mayli, bu oddiy meros ham mendan senga qolsin.

 

UYGʻUN tarjimalari

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–8


 

[1] A p o l l o n – qadimgi yunon mifologiyasida sanʼat Xudosi.   

[2] P a r n a s – yunon mifologiyasida xudolar yashaydigan togʻ, togʻli joy, makon demak.

[3] I s r o i l – yahudiylar qabilasi va oʻshalar yashaydigan oʻlka.

[4] K i v o t – tavrot saqlanadigan maxsus shisha yashik.

https://saviya.uz/ijod/nazm/quyosh-olkasining-kuychisi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x