Ne baxt,
Quyoshiston taʼrifli diyor
Nurli peshonamga boʻlibdi nasib.
NIDO
Bagʻishlov
Hayqiraman,
Togʻlar bagʻridan
Gumburlagan sado keladi,
Ona-Yerning otash qaʼridan
“Oʻgʻlim!” degan nido keladi.
“Oʻgʻlim!”
Vujudimni chulgʻar alanga,
Boʻgʻzimga tiqilar hayajon.
– Mana men, oʻgʻlingiz,
Dardli olamga
Sizdan tanho yodgor,
Soʻylang, otajon!
Soʻylang, bir daqiqa quloq solayin,
Ovozingiz tinglab toʻyolmaganman.
Bir marta yoʻqotib topolmaganman,
Xayolimda tiklab olayin.
Otajon!
Men axir kutlugʻ bu soʻzni
Yigirma yil olmadim tilga,
Yigirma yil sakladim dilda.
Armonli oʻgʻlingiz tinglaydi sizni,
Soʻylang, eshitaman.
Vujudim tilka,
Yuragimni yoqar oʻtli iztirob
Ammo koʻzlarimda bir tomchi yesh yoʻq.
Bagʻrim oʻyib,
Bu kun menga bermoqda azob
Sizning koʻksingizni teshgan kora oʻk.
Silqib oqayotir
Koʻkragimdan kon.
Qalbim oʻrtamoqda soʻngsiz armonim…
Yurak konim bilan bitgan dostonim
Sizga bagʻishladim,
Otajon!
* * *
Xayolning tumanli pardasi aro
Yillar koʻz oldimda charx urayotir.
Qishloq koʻchasidan zanjiday qaro
Olov bolaligim yugurayotir.
Dunyo qaygʻusiga boʻlmagan oshno,
Qah-qah urayotir,
Barq urayotir.
Bilmas, boshi uzra bulutli samo
Chaqmoq chaqayotir,
Guldurayotir.
Bilmas, yaralangan bu majruh dunyo
Qasos soʻrayotir,
Bong urayotir…
Qadamlar,
Qadamlar,
Ogʻir qadamlar…
Etiklar zarbidan titraydi tuproq.
Qayerga ketmoqda shuncha odamlar?
Nahotki, yoʻllari shunchalar yiroq!
– Ana, koʻryapsanmi?
Mening dadamlar!
Dada!!!
Ovozim hech chiqmaydi biroq.
Yuguraman – ortga ketar qadamlar,
Yigʻlayman – koʻzimga kelmaydi namlar,
Murgʻak vujudimda faqat zoʻr titroq!
Boʻgʻzimda alamlar,
Achchiq alamlar,
Yoʻlning oʻrtasida turibman.
Shu chok –
Poyezd qichqiradi,
Toʻxtang, odamlar!
Qayga ketmoqdasiz?
Qani dadamlar?!
Tepamda yonadi zangori chirok…
Choʻchib uygʻonaman,
Onam qoshimda.
Mehribon qoʻllari
Otash boshimda:
– Nega yigʻlayapsan,
Yolgʻizim, koʻzim?
Tun uzoq, uxlay kol,
Koʻzlaringni yum.
Orom ol, men senga
Allalar aytay.
Tongda peshonangdan
Oʻpib uygʻotay.
Ana, derazangga
Qoʻnibdi hilol.
Boshingga egilib
Soʻrmoqchi savol.
Sening kiprigingga
Sochmoq boʻlib zar,
Hilol tegrasida
Oʻynar yulduzlar.
Men sening baxtingman
Deganday goʻyo
Imlab chorlamoqda
Yoqut Surayyo.
Senikidir bular,
Seniki bari.
Seniki osmonning
Zar qandillari.
Somonchining yoʻli –
Sening yoʻllaring,
Uzatsang Zuhroga,
Yetar qoʻllaring
Ulgʻay, bolajonim,
Ulgʻaygin tezroq.
Sening yoʻllaringga
Yulduzlar mushtoq.
Hozircha orom ol,
Yolgʻizim, qoʻzim.
Tun uzoq, uxlayqol,
Koʻzlaringni yum.
Olis sohillarda,
Ufqdan nari
Oʻlim sochmoqdadir
Yov kuzgʻunlari.
Oʻlim sochmoqdadir
Elga beayov.
Shahar qishloqlarni
Yutmoqda olov.
Oʻsha olis yurtda
Kon kechib xozir
Otang hayot uchun
Jang qilayotir.
Ellarning erk degan
Sof tilagi deb,
Jahonning nurafshon
Kelajagi deb,
Ofat solmasin deb
Olamga qotil,
Otang uzoq yurtda
Jang qilayotir.
Sen uchun, men uchun,
Oʻz uchun emas,
Faqat oʻzbek va yo
Rus uchun emas,
Butun Yer – undagi
Bor avlod uchun,
Dunyoda eng kutlugʻ
Eʼtiqod uchun
Uzoq oʻlkalarda
Qon kechib hozir
Otang hayot uchun
Jang qilayotir.
Sen uxla, yolgʻizim.
Sen uxla, koʻzim,
Bir nafas orom ol,
Koʻzlaringni yum.
Bu kunlar albatta
Oʻtib ketadi.
Bashar jarohati
Bitib ketadi.
Ona-Yer qaytadan
Yasharar bir kun.
Olam nur qoʻynida
Yashnar lolagun.
Jangu jadallarga
Kelur intiho,
Bizning dunyo boʻlur
Urushsiz dunyo.
Bu kunlardan qolur
Faqat xotira.
Ammo xalk jafoni
Unutmas sira.
Bu kunlar ketar-u,
Gʻam, dogʻi qolur.
Yuraklarga solgan
Firogʻi kolur.
Avlod-avlodlarga
Zamon-zamonga
Abadiy, abadiy
Sabogʻi qolur.
Sen ham unutmassan,
Yuragim, qoʻzim.
Hozircha tinch uxla,
Koʻzlaringni yum.
Vaqt kelar, ulgʻayib,
Odam boʻlarsan.
Ilm olib sohibi
Olam boʻlarsan.
Sen bizlar koʻrganni
Koʻrmagaysan hech,
Gʻurbat yoʻllaridan ‘
Yurmagaysan hech.
Olam toʻla quyosh,
Qalbing toʻla nur,
Oydin bir zamonda
Yashaysan masrur.
Bizlar ham oʻtamiz
Vakt kelib bir kun.
Sizlarga qoladi
Muqaddas zamin.
Siz uni avaylab
Kaftda tutasiz,
Sharaf yoʻllaridan
Olib oʻtasiz.
Otash alangaga
Tutmaysiz uni,
Dahshat ummoniga
Otmaysiz uni.
Zamin tegrasiga
Oltin kamalak
Oʻraydi yetti xil
Nurdan chambarak.
Siz uning bagʻrini
Pora qilmaysiz,
Otalar xokini
Saklab muborak.
Sen shunday davronda
Yashaysan, koʻzim.
Hozircha orom ol,
Koʻzlaringni yum…
Boshimizda otashin falak,
Poyimizda otashin tuprok,
Qoʻlimizda yogʻoch kamalak,
Ostimizda yogʻoch argʻumoq,
Oppok changdir egnu boshimiz,
Oppoq changdir koʻzu qoshimiz.
Koʻru karmiz,
Beshdan oltiga
Endigina oʻtgan yoshimiz,
Koʻcha-koʻyda koʻtarib suron
Yuguramiz sahardan to kech,
Olam uzra kezar zoʻr boʻron,
Biz bu haqda oʻylamaymiz hech.
“Urush-urush” oʻyin boʻlsa bas,
Titratamiz koʻku zaminni.
Kim oʻylabdi deysiz u nafas
Bu urushning rostakamini.
Burchaklardan bir-birimizni
Yogʻoch miltiq bilan otamiz,
Biz bilmaymiz:
Qay birimizning
Oʻqqa uchdi bu vakt otamiz.
Koʻksimizni ushlagancha jim
Yiqilamiz,
Oʻlgan boʻlamiz,
Biz dunyoda rostakam oʻlim
Borligini qaydan bilamiz?!
Dahshat solib kezarkan u dam
Uzoklarda jang guldurosi,
Bizning qishlok koʻchasida ham
Yangrar edi
Aksi sadosi.
* * *
Quyosh botar,
Okshom choʻkar koʻcha-koʻyga,
Tarqalamiz uy-uygayu tepa toʻyga,
Tun boshlanar,
Menga charchoq bilinmaydi,
Kiprigimga uyqu sira ilinmaydi.
Murgʻak fikrim yetaklaydi xayollarga,
Onam qoʻynin toʻldiraman savollarga.
“Ayting, aya, mening dadam qahramonmi?
Togʻlarni ham qulatuvchi pahlavonmi?
Toʻpponchasi bormi uning choʻntagida?
Ordeshsri juda koʻpmi koʻkragida?
Mening dadam samolyotda uchadimi?
Osmonlardan parashyutda tushadimi?
Oʻtkir poʻlat qilichini qoʻlga olib,
Dushmanlarning yuragiga koʻrkuv solib,
Katta jangga kiradimi yolgʻiz oʻzi?
Yelkasida yonadimi besh yulduzi?
Ayting, dadam meni yaxshi koʻradimi?
Kelganida toycha olib beradimi?
Koʻchalarda toychogʻimni yetaklatib,
Qoʻllarimdan ushlab olib yuradimi?
Oʻsha kunlar tezrokkina boʻla qolsin,
Ayting, dadam hayallamay kela qolsin”.
44-yil
Sentyabr tongi otdi.
Meni cheksiz quvonch bilan baxt uygʻotdi.
Koʻk jildimda alifbe va bir burda non,
Birinchi bor qadam qoʻydim maktab tomon.
Oʻyinlardan ancha erta toʻygan edim,
Kitoblarga barvaqt havas qoʻygan edim.
Yod bilardim alifbening harflarini,
Oʻqir edim informbyuro xabarini.
Juman “pochta” dadamdan xat keltirgan kun
Katta bayram boʻlar edi mening uchun.
Oʻkir edim yuz hijjalab, yuz tutilib,
Takrorlardim yirtilguncha xat titilib.
Yayrar edim maʼnosini ukarkanman,
Dadam xatin oʻkib savod chiqarganman.
Bu kun yana xat olganmiz,
Ajoyib xat,
Gospitaldan chikkan emish sogʻ-salomat,
Boshidagi jarohati bitgan emish,
Hatto oʻrni bilinmasdan ketgan emish.
Berlin tomon tushar endi yoʻlim debdi.
Xat soʻngida yaxshi oʻqi, oʻgʻlim, debdi.
Shu kun tunda uch chiziqli daftarimga,
Oro berib katta-katta harflarimga,
Xira chirok yorugʻida koʻz ishkalab –
Dadamga xat yozmoq uchun surdim qalam:
“Dadajon!”
Men sizni juda sogʻindim.
Sogʻindim ikkala koʻzim bilan teng.
Kelib qolarmishsiz ertami-indin,
Ayam shunday dedi,
Rostmi shu, ayting?!
Dada,
U kun sizni tushimda koʻrdim.
Oq otda keldingiz,
Soʻradingiz suv.
Men buni ayamga gapirib berdim.
Dadang keladi, deb aytdi,
Rostmi shu?..
Rustamning akasi urushdan qaytdi,
Qoʻltiqtayogʻi bor,
Bir oyogʻi yoʻq,
Rustam aytib berdi:
Ataka payti
Tizzasidan olib ketgan emish oʻq…
Xol aka qaytgandi uyga toʻsatdan,
Oʻgʻli, dadajon, deb chopib kelibdi.
Ota kuchay desa qoʻli yoʻq ekan,
Tik turgan joyida yigʻlayveribdi.
Darsga kelmay qoldi
Tunov kun Talʼat,
Muallim urishsa turaverdi jim.
Dadasidan kelgan ekan qora xat.
Hammamiz yigʻladik,
Hatto muallim…
Dadajon!
Sizga oʻq tegmasin hecham,
Men uchun xam tezrok kayting salomat,
Buvim aytgan,
Agar men tilak qilsam,
Tilagim boʻlarmish doim ijobat.
Rost aytaman,
Sizni juda sogʻindim,
Sogʻindim ikkala koʻzim bilan teng,
Kelib qolasizmi, ertami-indin?
Kutaman,
Dadajon,
albatta keling”.
Hijron kechalari gʻoyatda uzun,
Ayrilik yoʻllari olis nihoyat.
Koʻchaga chiqaman yuz bora har kun,
Koʻzlarim nigoron,
Kelarmikan xat?
Tongda turganda ham,
Kun botganda ham,
Hatto kechalari qilolmay toqat,
Eshikka karayman,
Chekaman alam.
Intizor boʻlaman,
Kelarmikan xat?
Men qaydan bilibman,
Yoʻl bosar ekan
Mening murgʻak xatim bekatma-bekat.
U yoqdan,
Xuddi u borar manzildan
Yoʻlga chiqqan edi mashʼum qora xat.
Qosh, koʻzlaring otangga oʻxshar.
Deyishadi bilganlar doim.
Soʻng xoʻrsinib qoʻshib qoʻyishar:
Oʻxshamasin umring, iloyim.
Otam tutgan mashʼalni ushlab,
Oʻsha yoʻldan boraman men xam.
Mayli edi
Otamdek yashab,
To soʻnggi dam
Unga oʻxshasam.
Bobolarning hikmati
Hayotga yorugʻ yoʻldir.
Otang bolasi boʻlma,
Odam bolasi boʻl, der.
Bu soʻzni ilk bor menga
Oʻrgatgan otam edi.
Men otam farzandiman,
U esa odam edi.
Qirq birinchi yillarning
Dahshati koʻz oldimda,
Goʻdak edim, otamni
Kuzatganim yodimda.
U koʻplar baxti uchun
Kirar ekan zoʻr jangga.
Onam boshimni silab,
Oʻxsha, degan otangga.
Mening mardlik maktabim
Jonfido otam edi.
Men otam farzandiman,
U esa odam edi.
Men otam bosib oʻtgan
Qonli yoʻlni oʻtmasman.
Ammo shonli hayotin
Bir umr unutmasman.
Ona-Vatan koʻksiga
Qalqon boʻlgan otamning,
Koʻplar baxti yoʻlida
Qurbon boʻlgan otamning –
Aziz nomin kalbimda
Vijdonimdek saqladim.
Uning oʻlmas ruhini
Shod etmokdir maqsadim.
Umrimni fido etay
U jon bergan Vatanga.
El mendan rozi boʻlsin
Oʻxshabsan, deb otangga.
* * *
Quzgʻunning qanotiday
Qaro edi oʻsha tun.
Na milt etgan yulduz bor,
Na yilt etgan bir uchqun.
Kech kuz edi,
Tund kecha,
Yer-koʻk mungli, borlik gʻash,
Qor ezgʻilab yogʻardi
Yomgʻir bilan aralash.
Sukunat.
Jang tin olar,
Faqat gohi goxida
Mushak uchib soʻnadi
Dushman qarorgohida.
Yarim tun zulmatida
Tepalikni qoralab
Toʻrt soya emaklardi
Chakalakzor oralab.
Har zamon toʻxtab-toʻxtab
Hordiq olishar edi,
Jim qolib sukunatga
Quloq solishar edi.
Mana, ular oʻrmonning
Chekkasidan oʻtdilar
Va nihoyat daryoning
Sohiliga yetdilar.
Toʻxtadilar, bir nafas
Koʻz tikdilar yiroqqa.
Atrof jim,
Faqat daryo
Urilardi qirgʻoqqa.
Sirli tun, butun borliq
Sehrlangan singari.
Shunday kecha toʻrtovlon
Yoʻl olmishlar qay sari?
Qay manzilga shoshishar
Shu sovukda, shu namda?
Goʻyo qor bor,
Yomgʻir bor,
Tun bor faqat olamda…
Avtomatlar bosh uzra
Koʻtarildi tugʻsimon.
Birin-ketin daryodan
Suzib ketdi toʻrtovlon.
Jim, sharpasiz suzishar,
Yaqin qoldi qirgʻoqqa,
Yot, notanish tovushlar
Eshitilar quloqqa.
Mana sohil – tik qirgʻoq,
Atrof yalang,
Narida
Ikki dushman soqchisi
Koʻrinar tun bagʻrida.
Bir-birovga tikildi
Bir soʻz demay toʻrt juft koʻz.
Shu qarashning oʻzida
Aytilgandi barcha soʻz.
Tek qotdilar.
Komandir
Imo qildi nihoyat,
Tun bagʻriga emaklab
Kirib ketdi toʻrt soya.
Nogahon oʻq otildi,
Oʻt chaqnadi ketma-ket.
Dushman sezdi,
Razvedka
Jangga kirdi betma-bet.
Granata portladi,
Tilga kirdi avtomat.
Bir yonda butun bir polk,
Bir yonda toʻrtta soldat.
Ikki yondan oʻq yogʻar,
Olov yogʻar beshafqat,
Bir tomonda tahlika,
Bir tomonda jasorat.
Oʻrtada tekis kenglik,
Oʻrtada quyuq zulmat.
Bir tomonda yovuzlik,
Bir tomonda adolat.
Qancha davom etdi jang
Bilar faqat qaro tun,
Bilar faqat tepalik,
Ammo bular lol va gung.
Tongga yaqin qor tindi,
Asta yorishdi osmon.
Tepalikka ilk nurin
Sochdi xurshidi jahon.
Bunda yerni quchgancha
Toshlarga qoʻyib boshin,
Toʻrt oʻgʻlon tinch uxlardi
Koʻkragida qoʻrgʻoshin.
Tungi ogʻir jangdan soʻng
Goʻyo tin olar bari.
Ona bagʻrida yotgan
Maʼsum goʻdak singari.
Shu tong sabo yigʻladi
Chidolmay bu firoqqa.
Shu tong daryo yigʻladi
Boshin urib qirgʻoqqa.
Ok, momik bulutlarning
Bagʻri chok-chok s. oʻkildi.
Shu tong oftob nurlari
Koʻz yosh boʻlib toʻkildi.
Oʻrmonlar shovillagan
Olis yurtda hali ham
Nomsiz tepalik uzra
Uxlab yotibdi otam.
* * *
Tengdoshim,
Asrdosh birodar!
Kel, bir on jim oʻyga choʻmaylik.
Bu yerda
yotibdi
fidolar.
Kel, uni
gullarga
koʻmaylik.
Bu yerda
baxt boʻlsin,
nur boʻlsin,
Boʻlmasin,
qora tun
zulmati.
Bu yerda
yuraklar
hur boʻlsin.
Qaytmasin,
u kunlar
dahshati.
Tengdoshim,
asrdosh birodar!
Uygʻok boʻl,
hushyor boq
olamga.
Bu yerni
koʻchmasin
alanga,
Qabrida
tinch yotsin fidolar.
Eshit,
ingrayapti
Ona-Yer
Qoʻltiqtayoqlarning
zahmidan,
Bu tuproq
yuragi
poradir
Atom zontlarining
vahmidan.
Eshit,
chorlayapti
Ona-Yer,
Koʻksida
olovli
oh-faryod.
Asrdosh birodar,
koʻlni ber,
Kel, Yerga
qilaylik
qasamyod:
Boʻlurmiz
gal kelsa
har birimizga
Tinchlik janggohining
fidosi.
Bu senga,
bu menga,
bu bizga
Yigirmanchi asr nidosi.
Yiroklarda koldi
Ukubatli yillar,
Yer ostida yotar topganlar zavol.
Qolganlar umrning
Sarhisobin kilar,
Soch okiga boqib surarlar xayol.
Yillar oʻtdi-ketdi
Dovulini kokib.
Tuproqqa berildi ne-ne aziz jon.
Bizlar xayollarning
Toʻlkinida okib,
U kunlar haqida toʻkiymiz doston.
Ammo oʻlganlarga
Sheʼr, dostondan ne naf,
Ne foyda yigʻlashdan kalb dardin aytib.
Ming yil shon oʻkisak,
Ming yil aytsak sharaf,
Ketganlar dunyoga kelmaydi qaytib.
Nega egilmasin
Odam ketsa odam,
Ustunga zoʻr kelar kulasa ustun.
Bu tashvishli dunyo,
Sermashakkat olam
Bizning yelkamizda qoldi-ku, doʻstim!
Uni boʻronlardan,
Quyoshli yoʻllardan
Nurli istiqbolga olib oʻtamiz.
Biz uni olganmiz
Tabarruk qoʻllardan,
Tabarruk koʻllarga eltib tutamiz.
Avlodlar uchun ham
Kutlugʻ boʻlar albat
Yer uzra toʻkilgan koʻz yosh, kon va ter.
Bepoyon kenglikda
Charx uradi abad
Ulkan yurak shaklidagi Yer…
1964
ORZU ChASHMASI
(Qora dengiz ertagi)
Kecha oydin, bahor ayyomi,
Qatra-qatra yosh toʻkar buloq.
MIRTEMIR
Debocha
Moviy dengiz sohillari,
Lojuvard osmon,
Jonbaxsh havo, bepoyon suv,
Soʻlim tabiat.
Yer yuzida jannat boʻlib
Yaralgan makon
Bugun menga orom bermas,
Bermas halovat.
Chagʻalaydek charx uradi
Betinch oʻylarim,
Tugʻyon ichra jim kezaman
Dengiz boʻylarin.
Bu dunyoning tashvishlarin
Unutib tamom,
Barcha bunda osoyishta
Olmoqda orom.
Bunga mening yoʻqmi haqqim,
Yoʻqmi huquqim?
Baxtsizligim bumi menim,
Saodatimmi?
Boshqalarga orom bergan
Bu goʻzal Qrim
Olib koʻydi tinchligimni,
Halovatimni.
Men-ku bunga qogʻozlardan
Qochib kelgandim,
Tabiatga quchogʻimni
Ochib kelgandim,
Daftarlarim kaylargadir
Sochib kelgandim…
Yana oʻzing kerak boʻlding.
Kel, ey qalamim.
Sensiz menga yashamokning
Uzi yot ekan,
Kel, ey uzoq kechalarda
Yolgʻiz hamdamim.
* * *
“Qora dengiz,
Toʻlqinli dengiz,
Etagingga tutashgan osmon.
Choʻkib yotar ostingda cheksiz
Afsonayu ertak va doston.
Ne oshiqlar sevgisi bilan
Yuragini koʻmganlar senga.
Dengiz,
Koʻhna rivoyatlardan
Bittasini soʻylab ber menga”.
Tebranadi
Ohista toʻlqin,
Moviy dengiz tilga kiradi.
Soʻylab gʻamli oʻtmish ertagin,
Qoyalarga boshin uradi…
1
Goʻzal edi,
Yosh edi Orzu,
Sevgi uchun yaralgan sanam.
Erkin edi goʻyoki ohu,
Tiniq edi orzulari ham.
Lablarida doimo xanda,
Koʻzlarida ishva-noz edi.
Bogʻlar aro xirom etganda
Gullar unga poyandoz edi.
Gʻuncha totmay
Quyosh boʻsasin,
Ufq yopmay yuziga alvon,
Yelkasiga qoʻyib koʻzasin
Yoʻl olardi
Koʻk chashma tomon.
Hilpirardi yel bilan oʻynab
Oppok shohi roʻmol boshida.
Shirin-shirin oʻylarin oʻylab
Oʻltirardi
Chashma qoshida.
Oʻltirardi sochin taroqlab,
Aks etardi koʻzguda jamol.
Kelajagin,
Baxtin soʻroqlab
Goh chashmaga berardi savol.
Qomatining bandasi sarvlar
Boshi uzra tashlardi soya,
Mayingina shildirab suvlar
Soʻylar edi
Qizga hikoya:
“Ufqlarga tutashgan
Koʻk dengizning ortida
Bir oʻlka bor.
Unda el
Siynasi chok, bagʻri qon.
Qaro tun sochin yoygan
Bu istibdod yurtida
Sulton nomli bir zolim
Xalqni ezar beomon.
Tutkun kizlarga toʻla
Unda haramxonalar,
Dengiz oʻsha baxtsizlar
Koʻz yoshidan shoʻr boʻlgan.
Farzandlari hajrida
Zardob yutib onalar
Intizor kechalarda
Yigʻlay-yigʻlay koʻr boʻlgan…”
Hikoyaga quloq solib kiz
Uzoq-uzoq
Oʻyga tolardi.
Toʻlqin urgan poyonsiz dengiz
Yuragiga gʻuluv solardi.
Koʻrinardi
Bari koʻziga
Goʻyo tungi vahimali tush,
Yelkasida suv toʻla koʻza,
Qaytar edi
Uyiga xomush.
2
Oylar oʻtib,
Fasllar oʻtib,
Yosh koʻshildi kizning yoshiga.
Xaridorlar ostona oʻpib
Kelaberdi
Ota koshiga.
Uzok-yaqin ovullardanu
Olis-yovuk elatlardan ham
Kelaberdi.
Barida orzu –
Orzu deya atalgan sanam.
Birisining qoʻlida dunyo,
Birisida yoshlik va qudrat,
Biri elda tengi yoʻq dono,
Biri esa
Tanho xushsurat.
Yana biri sohibkor bogʻbon,
Tosh ustida undirguvchi gul.
Biri naqkosh,
Biri suxandon,
Biri esa qoʻshiqchi-bulbul…
Xaridorman degan damo-dam
Kelaberdi ota qoshiga.
Kelaberdi,
Ketaberdi ham
Tole qushi qoʻnmay boshiga.
3
Aslida-chi,
Goʻzal Orzuning
Oʻzga yorda edi tilagi.
Toza gulday kalbida uning
Barg yozgandi
Sevgi kurtagi.
Ayni bahor kulgan chogʻ edi,
Sayil joyi soʻlim bogʻ edi.
El yigʻilgan navroʻz bazmiga,
Barcha xushnud,
Dillar chogʻ edi.
Avjda edi oʻyin va xanda,
Avjda edi tanbur, chirmanda.
Yoshligini eslardi chollar
Qiz, yigitlar lapar aytganda.
Lekin
Choʻmgan kabi qaygʻuga,
Bir chekkada oʻltirib hamon
Qoʻshilmasdi
Oʻyin-kulgiga
Sodda yigit –
Kamsuxan choʻpon.
Eng soʻngida davraga tushib
Asta qoʻlga oldi sozini.
Mayin, dilbar ohangga koʻshib
Soʻylab ketdi
Koʻngil rozini…
Kuy chashmaday sokin okardi,
Jim qolgandi barcha hangu mang.
Bu qoʻshiqda oshiqning dardi
El dardiga edi hamohang.
Orzu ham bor edi sayilda,
Qoʻshiqqa band edi xayoli.
Shu yigitga
Mahliyo boʻlib
Boshdan tushdi shohi roʻmoli…
4
Shu kech uyga qaytdi-yu Orzu,
Ololmadi tun boʻyi orom.
Xayol qushi koʻkka uchdi-yu,
Tinchligini yoʻqotdi tamom.
Magʻrur kizning shumidi holi,
Nahot, yigit dunyoda tanho?
Qizga uning shirin xayoli
Kechalari boʻldi oshno.
Qani uning
Dilshod chogʻlari,
Ohu kabi erka yurishlar?
Qani endi
Yuksak togʻlarni
Jaranglatib xanda urishlar?
Ishk savdosi u kutmay hali
Otash soldi shirin joniga.
Dilin ochib
Najot soʻrgali
Keldi Orzu chashma yoniga.
“Koʻrgil, chashmam,
Parishon holim,
Bir yigitning boʻldim shaydosi.
Soʻyla, chashmam,
Soʻyla, zilolim,
Ishq dardining bormi davosi?
Erkak boʻlsam,
Sevib qolsam yor,
Yuragimni qilardim bayon.
Ayt,
Boʻlaymi sevgimga iqror,
Yo ishkimni tutaymi pinhon?”
Shunda chashma
Tilga kirdiyu
Soʻylay ketdi chuldirab biyron:
“Ishq dard emas,
Ishq saodat-ku,
Tutma aslo sevgingni pinhon!
Baxtiyorsan,
Yigʻlama, o, qiz!
Qalbingni yoz sevgi xatiga.
Maktubingni men bilan oqiz,
Oqiz, joylab gulbarg katiga.
Togʻ-toshlarni oralab yurib,
Sevganingni topaman albat,
Daladami,
Qirdami koʻrib,
Qoʻllariga tutqazaman xat.
Muhabbati boʻlsa uning ham,
Majnun kabi yelib qoladi.
Seni izlab,
Ishongil, erkam,
Bir kun oʻzi kelib qoladi”.
5
Qaro tunda
Oq qogʻoz uzra
Koʻz yoshini yulduzday toʻkib,
Qalbidagi eng hassos soʻz-la
Orzu yozdi
Yigitga maktub:
“Nomingni ham bilmayman, yigit,
Maktub yozdim va lekin senga.
Sayilgoxda u kun koʻrdimu
Yuragimda yondi alanga.
Senga maktub yozmas edim ham,
Qizga ishkdan soʻz ochmoq ordir.
Lekin netay oʻrtanib sevsam,
Aytmasga ne ilojim bordir?
Oʻsha kuni yonib kuylading,
Yondi shunda mening ham qalbim.
Ayt-chi, yigit,
Kimni oʻylading,
Kuylaganing kim edi?
Ayt, kim?
Kim oʻrtadi hajrida seni,
Kimga orzung boʻlmoq muyassar?
Quvonardim,
Ey togʻ lochini,
Topgan boʻlsang baxtingni agar.
Men esam-chi,
Shaydoying boʻlib,
Yoding bilan yashayman mudom.
Xatim olsang,
Yetkazsin gulim
Seni sevgan Orzudan salom”.
6
Sayilgohda
U kun chindan ham
Xomush edi Ogʻadoʻst choʻpon.
Barcha xurram,
Faqat unda gʻam,
Qalbi edi dard bilan soʻzon.
Choʻpon bir kun
Chashma qoshida
Oʻltirardi nay chalib yolgʻiz.
Shunda,
Oppoq roʻmol boshida
Suvga chiqdi bir dilrabo qiz.
Qaradi-yu
Lol qoldi choʻpon,
Tosh ortiga oldi oʻzini.
Uzoq-uzoq termildi pinhon,
Parivashdan uzmay koʻzini.
Bunday kaddu
Bunday jamolni
Koʻrmagandi Ogʻadoʻst aslo.
Oʻsha kundan
Uning xayolin
Band ayladi shu oftob siymo.
Shu boʻldiyu
Ogʻadoʻst har kun
Kelar boʻldi buloq boshiga,
Tosh ortiga berkinib sekin
Boqar boʻldi sohibi husn –
Goʻzal qizning koʻzu qoshiga.
7
Bolalikdan
Ota-onasiz
Yetim oʻsgan edi Ogʻadoʻst.
Yetim edi,
Emasdi yolgʻiz,
U barchaga edi ogʻa, doʻst,
Qishlogʻida xoh keksa, xox yosh,
Barcha dardkash unga yor edi.
Ammo uning qalbiga sirdosh
Bittagina doʻsti bor edi.
Shu doʻstiga
Payt topib bir kun
Aytdi boshdan oʻtganin butun.
Doʻsti dedi:
“Sen sevgan dilbar
Orzu deya atalgan suluv,
U ne oʻktam, botir yigitlar
Yuragiga solmagan gʻuluv.
Koʻplar unga intilgan,
Ammo –
Qizning sevgan yori bor emish.
Boqmas emish
Oʻzgaga aslo,
Sevganiga vafodor emish”.
8
Suv boʻyida oʻltirgancha u
Uzoq qoldi boshdan uchib hush.
Yigʻlay-yigʻlay uxlab qoldi-yu,
Koʻrdi shu kun
Ajoyib bir tush.
Kimdir uni
Uygʻotar emish,
Dermish:
“Kutib olgin vaqtida.
Yor yoningga kelmoqda, dermish,
Xushboʻy atirgulning qatida”.
Uygʻondiyu
Termildi har yon.
Hech kimsa yoʻq.
Oʻrtandi koʻngil.
Shu payt birdan Ogʻadoʻst choʻpon
Suv betida koʻrib qoldi gul.
Boqdi. Ajab –
Oʻzi qizil gul,
Bir gulbargi nega oq ekan?
Asta tutib
Qoʻlga oldi ul,
Qatidagi bir varaq ekan.
Oq qogʻozni avaylab ochib,
Qiz xatini oʻqidi choʻpon.
Oʻqidi-yu,
Tinchin yoʻqotib,
Majnun kabi yugurdi har yon.
9
Tong otarda
Qoʻlida koʻza
Suv boʻyiga asta choʻkib tiz,
Koʻngli kabi tiniq firuza
Chashma bilan
Soʻylashadi qiz:
“Zilol chashmam,
Oʻynoqi chashmam,
Ayt, ne boʻldi men yozgan maktub?
Yuraklarim qon boʻldi kutib.
Qaylardadir
Men kutgan odam?
Sevgi xatim unga yetdimi?
Oʻqidimi,
Soʻylagin, qani?
Yoki yirtib tashlab ketdimi,
Bor ekanmi oʻzga sevgani?”
“Goʻzal Orzum,
Pariroʻy Orzum,
Kecha oldi maktubingni yor,
Izlab seni
Tin olmay bir zum,
Kelayotir visolingga zor.
Kelayotir,
Koʻzlarida oʻt,
Qayda deya goʻzal sarvinoz.
Kelayotir,
Sevganingni kut,
Chiqa qolgin yoʻliga peshvoz”.
10
Qora sochin
Yoyganda oqshom,
Dengiz yuzi boʻlganda qirmiz,
Suv boʻyida
Olardi orom
Sevganining ogʻushida qiz.
Kuylar edi yigit ishqidan,
Yangrar edi qoʻllarida tor
Va dilrabo, shoʻx qoʻshiq bilan
Joʻr boʻlardi
Unga suluv yor.
“Bahor chogʻi togʻlardan
Sharqirab soy keladi.
Meni yoʻqlab bogʻlardan
Yuzlari oy keladi.
Yuzlari oy kelganda
Koʻlga olay sozimni,
Oqshom payti boʻlganda
Aytay yurak rozimni,
Quchay sarvinozimni”.
“Mening koʻnglimni olgan
Barno yigit qaydadir,
Yuragimga oʻt solgan
Tanho yigit qaydadir.
Oʻsha barno yigitga
Shohi roʻmol tikkanman,
Oʻsha tanho yigitga
Jonni nisor etganman…”
Qora sochin
Yoyganda oqshom,
Dengiz yuzi boʻlganda qirmiz,
Suv boʻyida
Olardi orom
Sevganining ogʻushida qiz.
11
Qishloq boʻylab
Tarqaldi xabar,
Boʻldi elning tilida doston.
Bu oqshom toʻy,
Bu kun qoʻshilar –
Orzu bilan
Ogʻadoʻst choʻpon.
Qanchalarning koʻzida shodlik,
Qanchalarning dilida armon.
Yor boʻladi bu kun umrlik
Orzu bilan
Ogʻadoʻst choʻpon.
Sahardanok
Eshitgan borki,
Oqa berdi kizning uyiga.
Kim dugona,
Kim doʻstu yorki,
Kela berdi sevgi toʻyiga.
Kela berdi mashshok, hofizlar
Yoʻlda sozlab tanbur, sozini.
Kela berdi rakkosa qizlar
Koʻrsatmoqqa ishva-nozini.
Butun qishloq
Bugun xurram, shod,
Butun qishloq sayilgoh bugun.
Yaxshilarning dillari obod,
Yomonlarning koʻksida tugun.
12
Orzu kizning
Hech armoni yoʻq,
Orzusiga yetdi nihoyat.
Sevinchining chek, poyoni yoʻq,
Kulib boqdi unga saodat.
Lekin bir dard chulgʻar oʻyini.
Qiz tark etar
Ota uyini.
Yuragida cheksiz gʻalayon.
U dol etib shamshod boʻyini
– Xayr, – dedi, –
Munis otajon.
Mehribonim, xayr, yagonam,
Unutmasman seni hech qachon
Rozi boʻlgin qizingdan sen ham.
13
Orzu bu kun
Qiz dugonalar –
Barchasiga aytdi alvido.
Vidolashdi kelin to sahar
Takdirini bilganday goʻyo.
Erta yana
Uygʻonib nahor,
Qolmasin deb koʻnglimda armon,
Xayrlashmoq uchun soʻnggi bor
Yoʻl oldi qiz
Koʻk chashma tomon.
Goʻzal Orzu,
O, suluv pari,
Nega kelding chashma yoniga!
Bilmasmiding,
Makkor koʻzlarning
Qasd kilganin shirin joningga?!
Oh, chashmaga aytmasang vido
Qolarmidi mangu armoning.
Bilmasmiding,
Chashma qoshida
Turganini yovuz baloning!
Qiz oʻgʻrisi Ali qoʻlida
Ochilmayin soʻlar iqboling.
Uzoq yurtda
Zulmat elida
Haramlarda ne kechar holing?!
14
Koʻtarildi dengizdan quyosh
Suvni boʻyab qip-qizil qonga.
Quyosh bilan el koʻtardi bosh,
Toʻyxona ham
Uygʻondi tongda.
Uygʻondi-yu, qoʻzgʻaldi faryod,
Barcha chopdi
Dengizga tomon.
Ota qilar dod ustiga dod,
Telbalardek yugurar choʻpon.
Yigʻilganda barcha kirgʻoqka,
Uzoqlardan keldi kiz sasi.
Ketar edi
Qalkib yiroqqa
Qaroqchining mashʼum kemasi.
Tik qoyaga keldiyu choʻpon,
Ok yelkandan uzmay koʻzini
Faryod deya soʻnggi bor giryon
Qoyalarga otdi oʻzini.
Barcha qoldi quyi egib bosh,
Butun borliq
Egdi boshini.
Dengiz uzra yuksalgan quyosh
Suvga toʻkdi qonli yoshini.
15
Bazm qizgʻin xon saroyida,
Arkoni taxt xonning poyida.
Mugʻanniylar kuy qilar ogʻoz,
Raqqosalar raks etar sernoz.
Jangdan gʻolib kaytgan xon uchun,
Oʻlja olib qaytgan xon uchun
Madh oʻqishar soʻzga mohirlar,
Sheʼr aytishar zukko shoirlar.
Nozu neʼmat toʻla dasturxon,
Eng balandda oʻltiradi xon.
Gulob deya kiladi xitob,
Soqiy unga tutar mayi nob.
Barmok bilan qilsa ishora,
Koʻzlari oʻt, oʻzi qop-kora
Zanji kelar,
Xon amrin kutib
Halqa taqqan kulogʻin tutib,
Tiz choʻkkancha oʻltiradi jim.
Xon der unga:
– Soʻyla, ey kulim,
Nega hamon Ali ogʻo yoʻq?
– Qaygʻurma, xon.
Koʻngling boʻlsin toʻk.
Senga sodiq qul Ali ogʻo
Farmoningni etmoqda ado.
– Unga yetkaz,
Shodiyonamga
Tuhfa aylab haramxonamga
Kiritmasa bir hur, parivash,
Bu kech mening koʻnglim boʻlur gʻash.
Boshi ketar Ali ogʻoning,
Qurbon boʻlar sening ham joning.
16
Oh, Orzu qiz,
Oh, goʻzal sanam.
Oh, togʻlarning erka ohusi.
Bandi boʻlding
Yorga yetgan dam,
Xazon boʻldi qalbing orzusi.
Berahmlar soldilar kishan
Nozikkina ok bilagingga.
Gʻam soyasi tushdi ishq bilan
Lim-lim toʻla pok yuragingga.
Toleingga quzgʻun chang soldi,
Qayga yetar endi oh-zoring,
Ona eling uzokda qoldi,
Uzoqlarda qoldi diyoring.
Oh, dilrabo,
Yoʻqotib seni,
Zoʻr togʻlarning qaddi boʻldi ye.
Parchaladi yoring koʻksini,
Otang boʻldi hajringda ado.
Togʻ bagʻriga
Fayz edi sening
Shoʻx qoʻshigʻing, dilbar karashmang.
Sen ketdingu soʻldi chamaning,
Qurib bitdi begʻubor chashmang.
Sen ketdingu
Choʻkdi endi gʻam.
Kundan-kunga ortdi qaygʻusi…
Oh, Orzu qiz,
Oh, goʻzal sanam,
Oh, togʻlarning erka ohusi.
17
Oʻtaverdi kunlar va oylar,
Oqaverdi diydalardan qon.
Baxtsiz kunda,
Tutqunda giryon
Ona boʻldi Orzu mushtipar.
Gʻam, hijrondan yuragi pora.
Diyoridan yiroq-yirokda,
Oʻzga yurtda,
Oʻzga qirgʻoqda
Ona boʻldi Orzu bechora.
Soʻngsiz gʻazab koʻksida otash,
Ayriliqning alami ichra,
Zolim xonning harami ichra
Ona boʻldi
Orzu jafokash.
18
Oqshom.
Choʻkdi dengizga quyosh.
Tikilgancha kunbotar yoqqa,
Qoʻlda goʻdak,
Koʻzda qonli yosh,
Orzu chiqdi baland qirgʻoqqa.
Dardin soʻylab yigʻladi tanho.
Ona yurtga,
Sevgan yoriga,
Padariga – gʻamguzoriga
Eng soʻnggi bor
Aytdi alvido.
Baxtsiz tanni quchgancha turib,
Koʻz yoshi-la yuvdi yuzini.
Soʻngra birdan
U qah-qah urib,
Toʻlqinlarga otdi oʻzini…
19
Hijron dardin yengar ekan vaqt,
U har qancha boʻlmasin ogʻir.
Yigʻlab-yigʻlab
Orzu gʻamin ham
Unutdilar kishloqda oxir.
Barcha banddir
Oʻz dardi bilan,
Oʻz tashvishi bilan ovora.
Yigʻinlarda eslashar baʼzan
Ne boʻldi deb
Orzu bechora.
Oylar oʻtdi
Chopgan ohudek,
Bahor keldi qishning izidan.
Bir kun tunda
Qoʻlida goʻdak
Suv parisi chiqdi dengizdan.
Asta koʻydi goʻdakni
Choʻpon –
Koʻksin urgan qirgʻoq toshiga.
Sukut saqlab oʻltirdi bir on,
Soʻng yoʻl oldi
Chashma qoshiga.
U keldi-yu,
Qurigan chashma –
Koʻzlaridan oqib ketdi yosh.
Goʻdak uni simirdi tashna
Va qumlarga qoʻyib yotdi bosh.
Koʻkda soʻnggi
Sayyora qolib,
Yorishganda ohista osmon,
Suv parisi goʻdakni olib,
Yurib ketdi
Dengizga tomon.
Chashma xuddi
Ona ohudek
Koʻzda yoshi tirqirab qoldi.
Suv parisi
Qoʻlida goʻdak
Toʻlqinlarga kirib yoʻqoldi.
Xotima
Qulok solib oʻltiraman jim
Qora dengiz hikoyasiga.
Dardga toʻla sevgi dostonim,
Mana, yetdi nihoyasiga.
Qora dengiz,
Toʻlkinli dengiz,
Etagingga tutashgan osmon,
Choʻkib yotar ostingda cheksiz
Afsonayu ertak va doston.
Ne oshiqlar sevgisi bilan
Yuragini koʻmganlar senga.
Dengiz,
Sonsiz ertaklaringdan
Bittasini soʻylading menga.
1964 yil, Yalta
PALATKADA YOZILGAN DOSTON
26 APREL
“Toshkent” seysmik stansiyasi xabar beradi: “Bugun 26 aprel ertalab 5 dan 23 minut oʻtganda Toshkent shahrida kuchli yer qimirlash boʻldi… Zilzila epitsentri shahar ostida… Zilzilaning kuchi markazda 7,5–8 ballga yetdi. Dastlabki maʼlumotlarga qaraganda…”
Yoʻq, bu doston emas,
Bular barchasi –
Zilzilada koʻchgan
Sheʼrlar parchasi.
26 aprel
Tong sahar
Qattiq silkinishdan
Uygʻondi shahar.
Kvartallar goʻyo
Katta eshelon –
Siltanib koʻzgʻaldi,
Yura boshladi,
Allanechuk boʻlib
Yerishdi osmon,
Qaydadir gumburlab
Devor tashladi.
Bola qichqirigʻi,
Ayolning dodi,
Itlar vovillashi
Qoʻshildi bir on.
Birdan koʻtarilib
Muallaq qoldi
Qashqar mahallaning
Ustida toʻzon.
Bir zum oʻtmay, barcha
Tovushni bosib,
Sirena ovozi
Taralib ketdi.
Projektor kabi
Shaharni kesib,
“Tez yordam” har yonga
Tarkalib ketdi.
…Bir ayol chaqaloq bolasini beshigi bilan koʻtarib oʻzini eshikka otdi. Qoʻrquv, sarosymada toshoynaga urilib behush yiqildi…
…Student bola ikkinchi qavatdagi yotoqxona derazasidan oʻzini pastga tashladi. Yotoqxona hovlisiga taxlab qoʻyilgan matraslar ustiga tushib omon qoldi. Chap kuragi chiqib, tirsagi bir oz lat yedi…
Soʻngra jimlik choʻkdi,
Tong otdi asta.
Quyosh yupatganday
Qaradi pastga.
Odamlar egnidan
Changlarni qokib,
Ishga shoshiladi
Soatga boqib.
Yana davom etar
Odatiy hayot.
Odamlar,
Odamlar –
Mujassam sabot!
Shu kun tongda koʻchaga chiqqanlar bir ajib hodisaning guvohi boʻldilar. Shaharning hamma soatlari xuddi zilzila yuz bergan daqiqani qayd etgandek, 5u 23 minutda toʻxtab qolgan edi.
Yoʻq, bu doston emas,
Bular barchasi –
Zilzilada koʻchgan
Sheʼrlar parchasi.
Bu na chaqirigʻu,
Na tashviq, shior,
Plakat na darkor?
Nutqlar na darkor?
Shunday payt betargʻib,
Besoʻz, bealvon,
Falokat nimadir –
Hammaga ayon,
Devordan uzilib
Tushsa plakat,
Axir bitta boshga
Bu ham “palakat”…
Bu boʻlgan voqea. Katta idoraning tepasiga zilzila munosabati bilan osilgan plakat u kungi qattiq boʻronda uzilib tushib, bir pensionerning chakkasini yordi.
Bu ishlar oʻtmishga
Berildi bukun,
Devorlar darz ketdi,
Yuraklar butun.
Binolar yikildi,
Odamlar yashar.
Doʻstlarin chaqirar
Hasharga shahar.
Rejadan boshlanar.
Tong gorsovetda.
Shahar yashamoqda,
Vahmasi chetda.
Bu xabar Qarshiga
Uchdi kabeldan:
“Yer yorilib ketdi,
Suv hozir beldan.
Oʻrtoq, Toshkent tamom”.
Bu gapni oʻrtoq
Termizga tarkatdi
Sal boʻrttiribroq.
Vahimalar oʻtdi,
Barchasi ortda.
Nimalar boʻlmaydi,
Axir, hayotda.
Gap uy-joyda emas,
Jon boʻlsin omon.
Lekin shunday paytda
Bilinar inson.
Bilinar kim tanti,
Kim behamiyat.
Bunday payt uzr, soʻz
Beahamiyat.
Bu ayon – har narsa
Silkingan paytda
Yirigi yuzaga
Chikar albatta.
Yer qalkdi – yer bilan
Yuraklar qalkdi.
Yuzaga tuygʻular,
Tilaklar qalqdi.
Odamlar ajraldi
Unu kepakka –
Sarak-sarakkayu
Puchak – puchakka.
Bir doʻstim soʻzlardi
Minbardan turib,
Burch, vijdon hakida
Koʻksiga urib,
Derdi: fido boʻlsin
Jonim xalqimga…
Bu kun kelib qoldi
Joni xalqumga.
Qalbim payvand derdi
Oʻsgan yerimga.
Tonggi reys bilan
Uchdi Qrimga…
Raysovetga yozilgan arizadan:
“… Kecha mening uyimga kelib zilzila oqibatini tekshirgan komissiyalar: “Uyi yashash uchun yaroqli, zilziladan zarar koʻrmagan”, deb yozib ketibdi. Holbuki, mehmonxonaning ikki joyida ganch koʻchgan. Bu zararning haqini kim toʻlaydi?..”
Butun xalq qoʻzgʻaldi,
Ham burch, ham hashar.
Qishda palatkada
Qolmas hamshahar.
Deydilar, kulfatda –
Yurak boʻlsa keng –
Tor uy ham doʻst uchun
Keng olamga teng.
Bizlar besh jon edik,
Oʻn bir jon boʻldik.
Bir kunda tanishib,
Jonajon boʻldik.
El boshiga nogoh
Kelgan bu kulfat
Bir-biriga qildi
Hammani ulfat.
Yozuv:
“Uy omonat.
Ehtiyot zarur”.
Bunday paytlarda
Eʼtiqod zarur.
Uy omonat boʻlsa,
Oʻy boʻlsin butun.
Sabot – gʻisht, ganch kabi
Zarurdir bu kun.
Guzar.
Uzunquloq
Odam tumonat.
Ehtiyot!
Bu yerda ishonch omonat.
Bir mulla yutinib
Soʻzlaydi yuvvosh:
“Ayb oʻzimizda
Odamlar bevosh.
Imonni bilmaydi
Na keksa, na yosh.
Xotinlar beniqob,
Qizlar yalang bosh.
“Gar gʻazab aylasa
Xoliqi qudrat…
…Shunday bayt aytibdur
Huvaydo hazrat…”
Bejiz aytilmagan,
Bu hak begumon:
Fojia va kulgu
Doim yonma-yon.
Tramvaydagi suhbat:
– Kecha futbol zoʻr boʻldi-da!
– Oʻyinning oʻrtasida ikki marta yer siltab tashladi.
Stadion xuddi bir kosa suvday chayqalib ketdi…
– Aytgancha, futbolchilar oylik oladimi?
– Katta pul olsa kerak. Krasnitskiy tramvay olgan emish. Tunov kuni oʻz koʻzim bilan oʻqidim.
– Tramvay emas, travma olgan, ovsar…
Oʻtdi dahshatli kun,
Qora sahifa.
Bugun studentlar
Toʻqir latifa…
Askiya payrovi
Eng yangi mavzu,
Yana choyxonada
Koʻk choy va kulgu…
Yana kechagidek
Uygʻonib sahar
Tugʻurukka patir
Yasar kampirlar…
Yana davom etar
Odatiy hayot,
Odamlar,
Odamlar –
Mujassam sabot.
…Toshkent aholisiga yordam berish uchun armiya qismlari yuborildi…
Men oʻsha “Ferdinand”,
“Tigr”lar bilan
Yuzma-yuz olishgan
“Tank-34”man.
Pensiyaga chiqib,
Toshkentga keldim,
Karilar joy olar
Odatda toʻrdan.
Toʻpimni oldilar,
Zirh kubbam qoldi,
Yubordilar maydon
Tozalash uchun.
Koʻrib turibsanki,
Uy buzmoqdaman,
Ketmon xizmatini
Qilyapman bu kun.
Lekin or qilmayman,
Xizmatmi – xizmat.
Zang bosgandan koʻra
Bosay dedim chang.
Aslini olganda,
Bu yer ham front,
Bu yerda ham axir
Bormoqda zoʻr jang.
Yonboshimga oʻtib
Bir qara, yigit,
Zirhimda oʻqlarning
Izi bor hamon.
Zanjir gʻildiragim
Ostiga bokkin,
Bunda oʻchmas boʻlib
Qotib kolgan qon.
Qancha yoʻllar bosdim,
Qancha manzillar,
Ortimda qoldi ming,
Million chaqirim,
Rus va Ukraina,
Polsha tuprogʻi,
Bu yonda begʻubor
Kavkaz va Qrim.
Koʻp janglarni koʻrdim,
Koʻp qonlar toʻkdim.
Ezilib ketadi
Temir yuragim.
Yoʻk, bu kerak edi,
Men majbur edim,
Yurtga qalkon boʻlgan
Poʻlat koʻkragim.
Beshafqat boʻlmasam
Oʻshanda agar,
Yov qaysi bozorda
Sotardi seni…
Yoʻq, bu kerak edi,
Men majbur edim.
Tarix hech gunohkor
Qilmagay meni.
Ammo tinchlik bermas
Menga xotiram.
Kechalar tushimga
Kirar doim kon.
Meni oʻrab olar
Qoʻrqinch sharpalar,
Oʻliklar kurshaydi
Boʻlib olomon.
Menga koʻrinadi
Yana qaytadan
Doʻzax olovida
Yonguvchi dunyo.
Roʻparamga kelib
Dahshat ichida,
Odamlar kichqirar
Beun, besado.
Shunda titrab ketar
Butun vujudim,
“Yoʻq!” deb kichkiradi
Ichki bir ovoz.
Yoʻk, sira kaytmaydi
Qonli fojia,
Qaytmaydi,
Qaytmaydi,
Qaytmaydi u boz.
Oʻsha kichkirikdan
Hushimga kelib,
Atrofga qarayman,
Har yon sukunat.
Xayriyat deyman-u
Va lekin yana
Tun kelgach, qaytadan
Boshlanar dahshat…
Odamzod – baxtiyor,
Odam unutar,
Ammo temirlarda
Mangu xotira.
Inson oʻzi bilan
Koʻmar yodini,
Temir unutolmas,
Unutmas sira…
Mana, fojiam shu –
Fojiam – yodim,
Mahkum etilganman
Shunga umrbod.
Bu tengsiz dahshatdan
Qutkarib agar
Meni eritsalar,
Boʻlar edim shod.
Men oʻsha “Ferdinand”,
“Tigr”lar bilan
Yuzma-yuz olishgan
“Tank-34”man.
Senga dardim aytib,
Yosh yuragingga
Ogʻir oʻylar soldim,
Kechir, maʼzurman.
BOLALARNI JOʻNATISH
Kecha bir gruppa toshkentlik bolalar Podmoskovyega joʻnatildi. Ular u yerda uch oy dam oladilar…
Bundan rosa chorak asr ilgari,
Xuddi shu kungiday issik saraton
Moskva yoʻlidan karvon singari
Eshelon kelardi Toshkentga tomon.
Bugun,
Rosa chorak asrdan keyin
Xuddi oʻshandayin issiq saraton
Poyezd vokzaldan qoʻzgʻaldi mayin.
Bu safar
Toshkentdan Moskva tomon.
Bolalar ketmoqda sokin, beozor,
Doʻmboq qoʻllarida gullar, lolalar.
Kuzatgan otalar ichra balki bor
Birinchi poyezdda kelgan bolalar.
Ona bagʻri kabi keng ochiq bugun
Moskva, Kiyevning oltin qopqasi.
Poyezd uchar.
Uchar izidan uchqun,
Bu kun gʻarbga koʻchdi “front orkasi”.
Yana portlashlaru
Yana chang-toʻzon
Goʻdaklarni ortga koʻchirmoqda boz.
Ammo bu gal joʻnar bolalar shodon,
Negaki, “ayriliq” – faqat uch oy yoz.
Ular qaytgunicha changlar bosilib,
Yangi kvartallar koʻtaradi qad.
Bolalar qaytishar,
Yayrab, yozilib,
Bu kun joʻnashmoqda
Uch oyga faqat.
Ey, siz,
Jajji, doʻmboq ukajonlarim.
Istikboli yorkin,
Baxti barqaror!
Uzoq yoʻl oldidan, jonajonlarim,
Sizga ikki ogʻiz aytar soʻzim bor.
Salqin Podmoskovye oʻrmonlarida
Qaragʻaylar aro,
Kayinlar aro,
Ajoyib bogʻlaru boʻstonlarida
Sizlar yayrab-yayrab olganda orom –
Bilib qoʻying,
Bundan chorak asr avval
Izgʻirin tunlarda,
Achchiq qahraton –
Odamlar bu yerda yalang toʻshlarin
Fashist tanklariga kilganlar qalqon.
Hayron boʻlmang yana
Tuproq ichidan
Zang bosgan dubulgʻa topib olsangiz,
Gumburlagan sado kelib turadi
Yerning yuragiga quloq solsangiz.
Mabodo koʻrsangiz tanho qabrni,
Mayli, kim boʻlmasin,
Gullar tergan dam,
Ukalar, men uchun bir chechak qoʻying,
Oʻsha yerda kolgan mening ham akam.
Bir dam sukut saqlang
Qabr ustida.
Ayting,
Tinch uxlasin u aziz inson.
Sen koʻrgan u kunlar kaytmas deng sira,
Tiriklar yoʻl qoʻymas bunga hech qachon.
KELINCHAK
“Toshkent” seysmik stansiyasining maʼlum qilishicha, kecha kunduz Toshkentda yer qimirlamagan…
Bu dahshat fojia yuz berdi kecha.
Sokin choshgoh payti,
Kuppa-kunduzi.
Hamma yoq osuda,
Tinch edi yer ham.
Soʻndi bu choshgoxda bir kalb yulduzi…
Dasturxonda koldi yarim kosa osh,
Qoldi silkingancha quruk belanchak.
Goʻdagini kuchib,
Dod solib nogoh
Koʻchaga yugurib chiqdi kelinchak.
Olazarak bokdi atrofga.
Jimjit…
Jimjit otash sochar iyun quyoshi.
Sochini siladi,
Soʻzsiz yigʻladi.
Duvillab toʻkildi koʻzidan yoshi.
Olucha shoxida titrar bir yaproq,
Arikcha jildirab okar erinchak.
Siynasin gʻijimlab,
Uzoq yigʻladi,
Soʻngra… birdan qah-qah urdi kelinchak.
Bu dahshat fojia yuz berdi kecha,
Sokin choshgoh payti.
Kuppa-kunduzi:
Hamma yok osuda,
Tinch edi yer ham,
Soʻndi bu choshgoxda bir kalb yulduzi.
Hali parvoz etmay sindi bir qanot,
Bevaqt ochilmasdan soʻldi bir chechak.
Qurbon boʻlganlarning soniga kirmas
Yurakdan ayrilgan
Bitta kelinchak.
Yori, sevar yori
Rangida qon yoʻq,
Unsiz yigʻlamoqda, berolmay bardosh.
Oh, naqadar ogʻir,
Naqadar ogʻir
Koʻrmok yigit kishi koʻzlarida yosh…
Zoʻrgʻa ayirdilar boladan uni,
Onaga intilar,
Goh kochar goʻdak.
Halok boʻlganingda edi nogahon,
Bunchalar yigʻlamas edim,
Kelinchak.
Pok qadaming tekkan koʻcha changi ham
Xayrlashar chogʻi yerdan koʻzgʻaldi.
Seni olib ketgan oqish mashina
Ortidan ergashib,
Buralib qoldi.
Sen ketding,
Dillarni oʻrtab, yondirib,
Yuraklarda koldi alam-tugunchak.
Hayotni sevarding,
Qandoq sevarding,
Koʻchamizning koʻrki eding,
Kelinchak.
Yoʻq, hech ishonmayman,
Ishongim kelmas,
Hali bor koʻksimda umid uchquni,
Doktor,
Mana mening yuragim, oling
Va lekin hayotga qaytaring uni.
Usiz yorugʻ dunyo huvillab kolar,
Usiz ochilmaydi bogʻlarda chechak.
Yetim boʻlib qolar oʻksik shaharim
Hayotga qaytmasa
Usha kelinchak.
OʻZBEK QIZI LYUBOV TIMCHYeNKO
…Kecha toshkentliklar Xarkov va Luganskdan kelgan quruvchilarni qarshilab oldilar.
Bejo koʻz tashlama menga,
Hoy yigit,
Yaxshimas,
Bekorga xafa qilaman.
Til bilmaydi deya oʻylama meni,
Oʻzbekchani sendan yaxshi bilaman.
Sening shaharingga
Uzoq Xarkovdan
Muhabbat kidirib kelgan emasman.
Men oʻzbek qiziman,
Men shu yerlikman,
“Jonon” dema meni, jonon emasman.
Asli mening ismim Bahrixon edi,
Abdurazzok kizi edim aslida.
Oʻynab yurgandirman,
Kim bilsin, balki,
Bizlar buzayotgan manov yaslida…
Mening qissam uzoq,
Soʻzlayin agar
Tinglamoqchi boʻlsang kanoat ila.
Yosh boʻlsam ham mening
Butun hayotim –
Chorak asr davom etgan zilzila.
Men esimni tanib
Shu yerda oʻsdim.
Har qarich tuprogʻi menga oshino:
Abdurazzoq ota – dadam edi-yu,
Onaginam edi – Sharifaniso.
Dadam oʻlib ketdi,
Yolgʻiz qiz qoldim,
Meni ishonmasdi hech qayga onam.
Kechalari issik bagʻriga bosib,
Oʻpib erkalardi,
Derdi yagonam.
Oʻzbek qizi edim,
Yoʻq edi shubham,
Bahor gullaridan boshimda gultoj.
Jamalak sochimni silab qoʻshnilar,
Suyib atardilar meni “Oltin soch”.
Ikkinchi sinfga endi koʻchgandim,
Orzularim kabi keng edi olam.
Bir kun
Uyimizni soʻroklab keldi
Soldat kiyimida
Notanish odam.
Eshikdan kirdiyu
Qulochin ochib,
“Lyuba, Lyubam” deya menga tashlandi.
Yigʻlamasdi sira erkak kishilar,
U soldatning koʻzi birdan yoshlandi.
“Akaginang kani,
Onang kani”, deb,
Faryod qilib meni tutdi savolga.
Yana qanday onam,
Qanday akam, deb
Hayron boʻlar edim bu ajib holga.
Soʻng…
Soʻng joʻnab ketdim u odam bilan,
Xuddi kechagidek yodimda bari:.
Koʻz oldimdan sira ketmaydi u kun
Onamning javdirab boqqan koʻzlari.
Bor, kizim, derdi u,
Bor, doʻmbokqinam,
Kuzda borib oʻzim olib kelaman.
Derdi: – Bu oʻz dadang.
Men esa garang,
Dadam boshqaligin qaydan bilaman.
Yoʻl boʻyi u menga qildi hikoya:
(Soʻzlardi u odam gʻoyat taʼsirli.)
Urush boshlanishi,
Dahshatli janglar,
Soʻng dushman qoʻlida toʻrt yil asirlik.
Gʻalaba…
Ozodlik,
Yurtga qaytgani,
Meni izlagani, kezib mamlakat.
Hikoya soʻngida – mana sen deya,
Choʻntagidan olib koʻrsatdi surat.
Suratdan boqardi yarim yashar qiz,
Men kabi sariq soch,
Yuzi dumaloq.
Men shunda ishondim,
U – otam edi,
Dada, degim keldi,
Aytmadim biroq.
Biz Xarkovga keldik,
Yoz boʻyi turdik –
Toʻrt xonalik uyda faqat ikkovlon.
Mehrim ortar edi kundan-kun unga,
Dada demas edim
Va lekin hamon.
Onamni, Toshkentni sogʻinar edim,
Lekin bilintirmas edim alamim.
Bu odam kechirgan kunlar oldida
Nima boʻpti mening
Kichkina gʻamim…
Yangidan birinchi sinfga bordim,
Sentyabr tongida ochilib xushhol.
Oʻzim ham taajjub qilardim –
Tilim
Ukrain soʻziga qovushdi darhol.
Ammo
Yosh boshimga tushdi falokat,
Gʻam buluti bosdi baxt osmonimni.
Yarim kecha edi,
Bir kishi kelib
Olib ketdi yolgʻiz mehribonimni.
Oʻsha kech kuz payti,
Yomgʻirli kecha
Koʻz oldimdan nari ketmaydi hamon:
Xayrlashar ekan,
Birinchi marta
U odamni quchib
Dedim:
“Dadajon!”…
Dadam qaytgani yoʻq,
Uni eslasam
Anor donasidek ezilar yurak.
Sogʻindim,
Koʻp kutdim,
Zor boʻldim, ammo
Oʻzbek onamdan ham topmadim darak…
U kuni
Moskva qilganda xabar
Falokat tushganin Toshkent boshiga,
Darhol uchib keldim,
Qizi kelgandek
Ogʻir kunda qolgan ona qoshiga.
Baxtli edim,
Kichik mehnatim bilan
Shahrim yarasiga malham boʻlolsam,
Qurilajak Toshkent poydevoriga
Yuragim mehrini payvand qilolsam.
Mana, sahar turib,
Kun boʻyi ishlab,
Kechqurun shaharni kezaman tanho.
Nogahon uchrasa oq sochli ayol.
Soʻrayman:
Sizmasmi Sharifaniso?
Yoʻq deb bosh chayqashar,
Zilzilaga yoʻyib –
Shoʻrlik qiz deyishar,
Bokishar hayron.
Men-chi, yigirma yil oʻtgan boʻlsa ham
Onamdan umidvor,
Izlayman hamon.
Agar hayot boʻlsa,
Uni topaman,
Quvonchga toʻldirib munis qalbini,
Agar oʻtgan boʻlsa,
Kechirim soʻrab,
Quchoklab yigʻlayman topib qabrini…
Mana mening qissam,
Eshitding, yigit.
Endi xalal berma savollar ila,
Yosh boʻlsam ham mening
Butun hayotim –
Chorak asr davom etgan zilzila.
ShAHAR IJROKOMINING RAISIGA OSHIQLARDAN ARIZA
“… 26 aprelda Toshkent “Baxt uyi”da 25 ta nikoh qayd etilgan…”
Oʻrtoq rais,
Ishingiz koʻp,
Vaqtingiz kam, bilamiz.
Ammo, uzr, uch-toʻrt minut
Fursatingiz olamiz.
Qoʻying bir dam qogʻozlarni,
Dunyo ishi bitganmas.
Koʻzoynakni olib koʻyib,
Quloq bering bir nafas.
Biz oshiqlar, yaʼni biz ham
Shu shaharga grajdan.
Arizaga haqqimiz bor
El qatori shu vajdan.
Qanday boʻlsa yangi shahar –
Bizga emas baribir.
Oshiq xalqi tarqoq xalq-u,
Lekin gapi, dardi bir.
Oʻrtoq rais, ishq ahlini
Qoʻshsangiz gar qatorga,
Taklifimiz eshitingu
Tirkab qoʻying qarorga.
Avvalo shu –
Bizlar koʻpmiz,
Bizlar yuz ming nafarcha.
Shahar ichra qurib bering
Bizlar uchun shaharcha.
Bu shaharga nom qoʻyilsa –
“Sevgi shahri” atalsin.
Darvozasi tepasiga
Katta shior qadalsin.
Bu shiorga katta qilib,
Hamma uchun koʻrsatib,
Zoʻr shoirga buyurtirib
Sheʼr yozilsin toʻrt satr.
Mazmuni shu:
Bu shaharcha
Barcha uchun keng ochiq,
Kim boʻlmasin yuragidan
Faqat boʻlsin chin oshiq.
Ammo zinhor bu shaharga
Kiritilmas bedardlar.
Sevgi yukin koʻtarolmay
Bir bor qochgan nomardlar.
Chin muhabbat, chin dard boʻlsin
Bu shaharcha ahlida.
Shaharchaning aylanasi
Boʻlsin yurak shaklida.
Sadoqatga makon boʻlsin,
Timsol boʻlsin umrbod.
Eng markaziy koʻchasiga
“Vafo” deya qoʻying ot.
Bitta koʻcha “Upich” boʻlsin,
Bitta maydon
“Ahd-paymon”.
Bu koʻchaga kirmaganlar
Mangu qilsin pushaymon.
Bir xiyobon “Visol” boʻlsin,
Hech boʻlmasin firogʻi.
Xira boʻlsin, koʻkish boʻlsin
Bu xiyobon chirogʻi.
Bitta koʻcha bu shaharda
“Izhori ishq” atalsin.
Tajribasiz yosh oshiqlar
Dardin bunda aytolsin.
“Sevaman” deb yozib qoʻying
Bu koʻchaning boshiga.
Aytolmagan toʻxtab tursin
Shu yozuvning qoshida.
Katta ravon shahroh nomin
“Pokizalik” deb qoʻying.
Oq marmardan lavha qoʻyib,
Navoiydan bayt oʻying.
Bu shaharga mangu qilib,
Oʻchmas qilib zarhali
Oʻrnatilsin Farhodlarning,
Majnunlarning haykali.
“Vafo” nomli koʻcha uzra
Tursin ahli chin vafo,
Romeo va Tohir boʻlsin,
Djulyetta va Zuhro.
“May va mahbub” koʻchasining
Kiraverish yoʻlida
Tursin shoir Umar Xayyom,
May kosasi qoʻlida.
“Sargashtalik” koʻchasining
“Rashk” tupigi ustida
Otelloning shakli tursin
Qora kiyib ustiga.
Bu koʻchaning oxirida
Boʻlsin “Makr” maydoni.
Tasvir eting bunda gʻolib
Yosuman va Yagoni.
“Gumon” va “Gʻash” koʻchasiga
Belgi qoʻying kattakon.
Bu koʻchaga kirishmasin
Yosh oshiqlar hech qachon.
Qorovullar qoʻying, haydang,
Intilsa deng “nari bor!”
Ayting, koʻcha oxirida
“Ayriliq”ning jari bor.
Shaharchada oʻssin faqat
Sarvu gulu sunbullar…
Gul shoxida ertayu kech
Sayrab tursin bulbullar.
Tovuslar tinch xirom etsin
Berib oʻzga orolar…
Bu shaharga koʻchirilsin
Barcha ZAGS byurolar.
Uylanganlar bu shaharga
Kelib tursin gohida.
Orom olib oʻtirishsin
Bir dam “Yarash” bogʻida.
Mayli, kisqa qilamiz.
Biz sizdan uy soʻramaymiz,
Bizlar shunday, turfamiz,
Boshpanamiz moviy osmon,
Yulduzlardir koʻrpamiz.
Boshpanamas, bizga faqat
Pana kerak tuzukrok.
Shahar yorugʻ kecha-kunduz,
Dala esa koʻp yirok.
Yoʻk, hazilga yoʻymang buni,
Gaplarimiz bari chin.
Biz bilmasak, kim biladi
Shaharning har karichin.
Ha deng, yo yoʻq, ketmas bunda
“Ammo”, “yoxud”, “magar”i,
Bizga kolsa butun Toshkent
Boʻlsin “Sevgi shahari”.
Xulosa shu – iltimosni
Bajarsangiz xoʻpu xoʻp,
Yoʻq desangiz, yukoriga
Yozajakmiz bizlar koʻp.
Hayron boʻlmang, ustingizdan
Arz kiluvchi joyimiz –
Na Sovmin, na Oliy Sovet,
Balki kelin oyimiz.
Axir siz ham sevishgansiz…
Xoʻp desangiz ajabmas,
Kelin oyim ikki ogʻiz
“Qurib bering” desa bas.
Xayr endi, qaror kutib
Yuragimiz oshiqar.
Salom bilan shahringizda
Yashaguvchi oshiqlar.
ShAHRI DILOROM
Toshkent,
Oʻzbekiston raisiga tegsin.
Men bu yil toʻrtinchi sinfni bitirdim. Yoshim oʻn birda. Yer qimirlash qanaqa boʻlishini bilmayman. Bizning mahallada kecha Toshkentga yordam deb pul yigʻishdi. Men atlas koʻylakka yiyeib yurgan besh soʻm pulimni yuborayapman. Bolalar bogʻchasi qurishingizni soʻrayman.
Dilorom. Oʻsh shahridan.
Dilorom,
Dilorom,
Jajji singilcham,
Doʻmboq yuzlaringni qildim tasavvur.
Munisam,
Kattakon madading uchun
Bosh egib aytaman senga tashakkur.
Jahon podsholari xazinasidan
Oltin yuborganda hamki beadad,
Dilorom,
Dilorom,
Jajji singilcham,
Sening yordamingcha boʻlmasdi madad.
Biz bunga bir emas, yuzlab va minglab
Bogʻchalar quramiz,
Koʻrkma, yetadi.
Sendek mehriboni bor ekan, demak,
Toshkent jarohati bitib ketady.
Faqat sen omon boʻl, yayragin kulib,
Qora qoshlaringga qoʻnmasin gʻubor.
Sen salomat boʻlsang, mehribonginam,
Bu ogʻir kunlarda tolmaymiz zinhor.
Sen uchun bir shahar quraylik, doʻmboq,
Kiroyi odamlar qilgudek havas,
Osmonday keng boʻlur, dengizday moviy,
Koʻksingni toʻldirib olursan nafas,
Xiyobonlar aro seni yetaklab,
Charogʻon kechada va yo kunduzi
Birma-bir Toshkentni koʻrsatib chikar
U kun Oʻzbekiston raisi oʻzi.
Naqadar ajoyib,
Naqadar suluv,
Bunga sen sababsan, sening himmating.
Yam-yashil shaharning eng oʻrtasiga
Oʻrnatib qoʻyamiz katta surating.
Toki uzoq-uzoq yurtlardan kelib
Goʻzal shahrimizda olganda orom,
Doʻstlar soʻrasinlar:
Bu kanday shahar?
Biz javob beraylik:
Shahri Dilorom.
NIHOYa
“Toshkent seysmik stansiyasi xabar beradi: 26 apreldan buyon oʻtgan ikki oy ichida Toshkentda 500 marta yer qimirladi. Zilzilaning kuchi soʻnib bormoqda”.
Bular doston emas,
Bular barchasi –
Zilzilada koʻchgan
Sheʼrlar parchasi.
Jarangli qofiya,
Chiroyli nisbat,
Yangi tashbehlarga
Yoʻq edi fursat.
Zudlik kerak edi,
Kutardi zamon,
Palatka ichida
Tugʻildi doston.
Fikrlar beniqob,
Yalang tuygʻular.
Chang bosgan daftarga
Yozildi bular.
Bu – shoirlik emas,
Insonlik farzim,
Boʻynimda qoladi
Hali koʻp qarzim.
Shoirlar yozajak
Hali koʻp doston.
Bir oz fursat oʻtsin,
Bosilsin toʻzon.
Boshdan uchgan hushlar
Joyiga qoʻnsin,
Chayqalish toʻxtasin,
Fikrlar tinsin.
Koʻngilga sheʼr sigʻmas
Yuraklar tanda –
Simob qatrasiday
Qalqib turganda.
Bari oʻtib ketar,
Vahima – ortda.
Nimalar boʻlmaydi,
Axir, xayotda.
Hali ishimiz koʻp,
Hali koʻp hashar.
Qurmogʻimiz kerak
Yangidan shahar.
Hakiqiy Toshkentni
Tiklaymiz hali.
Soʻng kelar haqiqiy
Sheʼrlarning gali.
Bulbullar sayragan
Bogʻu gulshanda
Sheʼrxonlik qilamiz
Toʻyib oʻshanda.
Quvnoq gurungimiz
Etadi davom,
Biz bilan boʻladi
Jajji Dilorom.
Sharifanisoni
Topgan Lyubaxon
Uyida boʻlamiz
Bir kecha mehmon.
Bizdan nima ketdi –
Yoʻlma-yoʻl bir dam
Bosh suqib oʻtamiz
Ijrokomga ham.
Bizni qarshi olar
Dilkash, quvnok mer,
Tortmasidan olib
Oʻkib berar sheʼr.
“Bu xatni yozishgan
Oshiqlar menga…”
Bizlar bilmaganday:
“Ha, shunday deng-a…”
Rais bizni boshlar
Koʻchalar sari.
“Mana, doʻstlar, sizga
“Sevgi shahari”.
Oshiqlar nakazin
Qiloldik ado.
Bu shaharga kelsin
Kim boʻlsa shaydo”.
Koʻchalar chetida
Olmayu gilos,
Anorlar qizarib
Gullaydi qiygʻos.
Necha yillar osha
Uchmay zarhali
Turadi Farhodu
Majnun haykali…
Ha, shahrim tillarda
Doston boʻladi.
Qrimga qochganlar
Qaytib keladi.
Yana majlislarda
Minbardan turib,
“Jonim xalqimga” der
Koʻksiga urib.
Biz esa majlisdan
Qochib oʻshanda
Sheʼrxonlik qilamiz
Bogʻu gulshanda.
“Gʻazal” xiyobonin
Etamiz sayr.
Uquvchim,
Shu yerda
Hozircha xayr.
1966 yil 28 may – 10 iyun,
Toshkent
QUYOSH MASKANI
(dostondan boblar)
* * *
Men bir oʻzbek oʻgʻli,
Kelib dafʼatan
Qadimiy Sayhunning kanorasidan
Bukun Moskvaga qarab turibman
Yuksak Ostankino minorasidan.
Qoʻlimda bir kadah tim qora qahvo,
Yelkamda muazzam gumbazi davvor.
Qarshimda poyonsiz bu ajib maʼvo
Koʻkish tuman ichra yotar ulugʻvor.
Bulutlar tegramda suzib yuripti,
Shunchalar yaqinki, yetguday qoʻlim.
Nigohim hayratdan yoʻqotib koʻnim
Moviy cheksizlikda kezib yuripti.
Quyosh gʻarb ufqiga lovillab botar.
MGU qubbasida bir hovuch zari.
Olis-olislarda tovlanib yotar
Granit qirgʻoqli daryo kamari.
Mana,
Sharq ufqidan yuksalib asta
Yonginamga kelib toʻxtadi hilol.
Sohir qanotiga chirmab orasta
Meni olib uchar
Oydin bir xayol…
* * *
Xayol…
Sayri uning goh yer, goh falak.
Koʻzguning beorom shuʼlasi misol.
Unga bir nafasdir oʻtmish, kelajak.
Unga bir kadamdir janub va shimol.
Men bu yuksaklikda xayol bilan mast,
Xayolning kiftida turibman oʻzim.
Faqat nigoh yetgan ufqlar emas,
Butun koinotni koʻrmoqda koʻzim.
Hov ana,
U yerda tugaydi oʻrmon,
Davomi tutashdir poyonsiz choʻlga.
Choʻl orti men uchun eng aziz makon
Oʻzbekiston deya atalgan oʻlka.
Ne ajab,
U tomon bokdim dafʼatan,
Vujudimni tortdi bir ohanrabo.
Oy ham koʻtarilar oʻsha tarafdan,
Oʻsha yurt ustida porlaydi Zuhro.
Unda men ilk marta olamni koʻrib,
Ilk bor “Alifbo”dan olganman taʼlim.
Olam markazining kiftida turib,
Ona yurtim,
Senga qilaman taʼzim.
* * *
Soʻlim Fargʻonaning munis bagʻrida
Bor olti ariqdan suv ichgan kishloq.
Unda
Chorak asr mendan narida
Bolaligim chopar toʻzgʻitib tuproq.
U yiroklab borar,
Men ortidan jim
Xayol durbinida qarab kolaman.
Ox, bolalik, deyman,
Ammo oʻzim kim?
Otamning yoshiga yetgan bolaman.
U mening yoshimda umrini yashab,
Sharaf kitobiga bitib nomini,
Oʻzi shundoq sevgan hayotni tashlab…
Yoʻk. u boqiy qildi hayot shonini.
Men qisqa kechmishim sarhisob etsam
Bir savol fikrimda hamisha yoniq:
Odam boʻloldimmi dunyoda men ham
Otamning oʻgʻliman demoqqa loyiq?
Men shunday yashashni qilardim orzu,
Ham shunday boʻlmokni el uchun fido.
Qon boʻlib qalbimga singgan bu tuygʻu,
Mening maslagim shu
Azal ibtido…
* * *
Oʻtgan kunlarimni
Qilsam xayolot,
Umrim kitobini varaklab koʻrsam,
Barcha shodliklarin beribdi hayot,
Ayamabdi ammo ozorini ham.
Hali yetti yoshga toʻlib-toʻlmasdan,
Onamdan ham konib eshitmay ertak,
Otamning mehriga toʻyib-toʻymasdan
Qoʻsha judolikni koʻribdi yurak…
Lekin taqdirimdan norizo boʻlsam,
Yolgʻiz oʻsdim desam yoʻq zarra haqqim.
Ona boʻlib meni kuchdiyu oʻlkam,
Ota boʻlib boshim siladi xalqim.
Jigar boʻlib boqdi necha mushfiq koʻz,
Necha doʻst-yor topdim, necha birodar,
Esim tanib, menga
“Togʻa” degan soʻz
“Ota” degan soʻzga boʻldi barobar.
Uning mehri ila
Umr irmogʻim
Quyildi kattakon hayot nahriga.
Qoldi Oltiariq –
Ota qishlogʻim,
Ona shahrim Toshkent oldi bagʻriga.
* * *
Sogʻinch bilmasaydi
Bolalik agar,
Oʻychan qilmasaydi pinhona dardim,
Balki, koʻp katori men ham bir hunar,
Bir foydali kasbning izmin tutardim.
Men yuksak bilardim olim xizmatin,
Muhandis boʻlmoqni qilardim tilak.
Ammo xayol berdi menga qismatim,
Takdir menga berdi beorom yurak.
Munajjim boʻlmoqni qilardim orzu,
Gohi koʻk sayrida tonglar otardi.
Ammo yuragimda oʻzga bir gʻulu,
Uzga bir gʻalayon choʻkib yotardi.
Bulok yer ostida kezib koʻp zamon.
Silkib zamin uzra chikkanday bir kun,
Koʻksimni toʻldirib yotgan dard, tugʻyon
Ok qogʻoz yuziga toʻkildi butun.
Shunda unut boʻldi barcha iztirob,
Yana nurga toʻlib koʻrindi olam.
Maʼyus yuragimni ovutdi kitob,
Kemtik hayotimni toʻldirdi qalam.
Qalam!
Ehtiromim. olqishim senga,
Tanho kechalarda ey tanho ulfat.
Olam yukin ortdim nozik belingga,
Ioʻlimiz olisdur,
Toliqma faqat.
Hech kimga ochmagan koʻnglimni tanxo
Senga ochgan edim, sirdosh, qadrdon.
Yodingdami,
Bir kiz etganda shaydo
Yozgandik ishk xatin birga ikkovlon.
Qalbim soʻzlariga jim qulok solib
Sen tunlar koshimda sham boʻlib yonding.
Men-ku senga aytdim,
Sen ichga solib
Kuyib koʻmir boʻlmish rishtai joning.
Hamon sirdoshimsan,
Ne kelsa dilga,
Senga aytmok uchun koʻlga olurman.
Ishonchim bor,
Hatto soʻnggi manzilga
Seni aso qilib yetib borurman.
Rost qadding qaddimni qilgusi raso,
Chunki toʻgʻriliging – kuching, qalamim.
Adil yoʻlga boshla meni doimo,
Oʻtkir boʻlsin mudom uching, qalamim.
* * *
Sheʼriyat – bu asli junun kamoli,
Mayliga, kim uni nima demasin.
Hayot ummonida yozmish shamoli
Boʻronlarga burdi umrim kemasin.
Maksad sohiliga intildim betin,
Intilmok yor boʻldi goʻdak yoshimdan.
Gohi yelkasiga koʻtardi toʻlkin,
Goh esa muzdek suv kuydi boshimdan.
Izlanish yoʻlining saboklari moʻl,
Kim kidirmas ekan,
Boʻlmas xatosi.
Yanglishsam koʻrsatdi menga toʻgʻri yoʻl
Qutlugʻ eʼtikodim kiblanamosi.
Yoʻlning azobidan egilsa kaddim,
Betin zahmatlardan toliksa yurak,
Navoiy ruhidan madad soʻradim,
Usmondek Pushkindan oʻtindim koʻmak.
Ioʻlimni yoritdi
Shu ikki mayoq,
Dilimni hamisha toʻldirdi nurga.
Qalb!
Senga ishondim yoʻl boshidayoq,
Uzing rahnamo boʻl butun umrga.
* * *
Meni sheʼr bogʻiga yetaklagan kim?
Bu chaman asrorin kim etdi ayon?
Olamdan men faqat shodlik izladim,
Menga ustoz boʻldi Hamid Olimjon.
Yuragimga yana bir hamdam topdim
Yesenin sheʼriga boʻlgach oshino,
Gyote ochdi menga sirlar kitobin –
Faust bilan birga sayr etdim dunyo.
Fuzuliy devonin qoʻlimga oldim,
U soldi koʻnglimga gʻazal mehrini…
Koʻp zahmat soʻngida
Anglab yetoldim
Ustoz Alisherning buyuk sehrini.
Uni tanidimu elimni bildim,
Mahkamroq turganday boʻldim zaminda.
Diyorim,
Sen bilan iftixor qildim,
Barcha shavqu otash shu bois menda.
Shuning-chun soʻrsalar:
– Ilk ustozing kim?
Senga sheʼr asrorin kim etdi oshkor?
Deyman:
– Qalam berdi muqaddas yurtim,
Vatan mehri etdi meni sheʼrga yor.
* * *
Olam keng,
Ellar koʻp,
Yurtlar beshumor.
Har yurt oʻz ahliga goʻzal va ajib.
Ne baxt,
Quyoshiston taʼrifli diyor
Nurli peshonamga boʻlibdi nasib.
Men ilk bor dunyoning har itasida
Oltin uzuk yangligʻ oʻlkamni koʻrdim.
Zaminning doʻppidek bir pallasida
Hiloliy nusxa gul –
Bu mening yurtim!
Diyorim timsoli keksa Tiyonshon,
Choʻzib ikki daryo – ikki qoʻlini,
Uzatib turipti Sharku Gʻarb tomon
Doʻstlik kosasini – Orol koʻlini.
Oʻlkamning tasviri oʻxshaydi koʻzga,
Ne tong, keng olamga boqqan koʻzim ul.
Yana yurtim uchun ne deyman oʻzga,
Mening hayotim ul, rizqu roʻzim ul.
Axir onaga ham sidq aylab bajo
Uni atamaslar oy yoki quyosh.
Qoshida tiz choʻkib,
Ona, deb tanho,
Indamay koʻyurlar siynasiga bosh.
* * *
Byorns sheʼrlarida tirildi togʻlar.
Jambul oʻlanlari tutdi saxroni.
Har shoir oʻz elin nazmga bogʻlab.
Yurtiga karatdi butun dunyoni.
Chingiz Olatovga baxsh etdi yurak.
Mirzo gʻazalida kuldi Badaxshon…
Men yurtimni yozsam boʻlmogʻi kerak
Osmon ok qogʻozu
Dengiz siyoxdon.
U quyoshday munis. xayotbaxsh siyna.
Zaminu zamiri tuganmas kondir.
Yerning nasya emas. balki nakdina
Jannati atalgan Uzbekistondir.
Bu yerda bitmagan neʼmat yoʻq aslo,
Jonfizo koʻksida gurkirab yotar
Eng uzoq shimolning archasidan to
Eng olis janubning limusi qadar.
Daryolar,
vodiylar,
dengizu
togʻlar…
Tabiat koʻrkining hammasidan bor.
Bunda sheʼr boʻlib ochilar lola,
Bunda ertak boʻlib yetilar anor.
* * *
Qancha aziz boʻlsa,
Qancha mukarram
Ryazan sohiriga[1] javdar boshogʻi,
Shunchalar muqaddas boʻldi menga ham
Tuprogʻimda oʻsgan paxta chanogʻi.
Paxta…
U sevgidek mavzudir oʻlmas,
U ilhom chashmasi – mangu bulokdir.
Ammo u chamanning koʻksida gulmas,
Yerning kaftidagi ok poʻrsildokdir.
U jon rishtasidan yaralgan samar,
Chanoqqa jo boʻlgan xovuch toʻla nur.
U manglay teridan yetilgan gavhar,
U nuri diydadan bino boʻlgan dur.
Shu dur bilan toʻldi
Oʻlkamning qoʻyni,
Javohir koniga aylandi bu kun.
Ona xalqim!
Tarix yelkangga qoʻydi
Million tonnalarning zaminday yukin.
Ulugʻlayman
Toki tanda jonim bor
Manglayidan oftob oʻpgan oʻlkani.
Seni ulugʻlayman,
Azamat diyor!
Saxovat maxzani,
Quyosh maskani.
* * *
Muhabbat qoʻyolgay qaysi maʼvoga
Oʻz yurti qadrini bilmagan odam.
Shuncha boʻlarmidi mehrim dunyoga,
Oʻzbekiston, seni shuncha sevmasam?
Qalbim sening uchun joʻsh urmaganda
Nurli koʻringaymi edi bu jahon?
Ona muhabbatin bilmagan banda
Sodiq boʻlolgaymi doʻstga hech qachon?
Bayron – oʻz yurtining suyuk oʻgʻloni,
Oʻz eli mehri-la tuzdiyu navo,
Yunon tuprogʻida uzildi joni,
Bir xalq erki uchun jon qildi fido.
Yeniseyda oʻsgan sibirlik yigit –
Unga ham oʻz yurti edi keng jahon,
Vaqt kelib oʻlimga turdi betma-bet,
Yevropaga kildi koʻksini qalqon.
Yoniq shoir yurak Sulton Joʻraning
Belorus yerida qolgan qabri bor…
Kindik qoning tekkan yermi Vataning,
Yo kalb qoni tomgan zaminmi diyor?
* * *
Qardosh doʻstim!
Sen ham oʻkirsan sheʼrim,
Tilingga tarjima boʻlsa mabodo.
Hozircha til topib olamiz, sherik,
Biz uchun bu ortiq emas muammo.
Tasodif uchrashib qoldik biz bugun
Yuksak Ostankino minorasida.
Kel, jinday ichaylik,
Jiddiylik nechun
Oʻtirganday mestkom idorasida.
Bilmayman, noming kim,
Millating nadir.
Hozir buning nima zarurati bor?
Sen borsan, men borman.
Bor may va surur.
Shuncha yuksakdamiz,
Oʻzga ne darkor?
Yoshlarning tili bir derlar hamisha,
Ayniksa safarda…
Bu gap-ku ayon.
Agar bilsang, doʻstim, mana bu shisha
Olamda tengi yoʻq burro tarjimon.
Kel, qardoshim,
Ikkov boʻlib hamnafas,
Mana shu qadahni ichaylik bu kun.
Notiqlar soʻylagan “hamdoʻstlik” emas,
Bizning shu devona oshnalik uchun.
* * *
Balki polkdosh boʻlgan otalarimiz,
Balki bir okopda birga yotishgan.
Billur qadahlarda sharob ichsak biz,
Ular flyagadan spirt otishgan.
Tilaklar aytganda, balki bir nafas
Bizning bu onlarni kilishgan xayol.
Bu yerda oʻltirgan. oʻyla, biz emas,
Oʻsha bir vaqt polkdosh boʻlgan ikki chol.
Bu ularning koʻzi,
Ular kilgan xis.
Bu ular koʻksida yongan extiros.
Biz faqat ularning tirik ruhimiz –
Biz ular umrining davomi, xolos…
* * *
Yulduzlar daryosi –
Chayqalar samo,
Yarim oy tikkada balqib turibdi.
U cheksiz falakda muallaq, tanho,
Olam yuragidek kalkib turibdi.
Ming yillar avval ham shunday edi oy,
Shunday sharkdan chiqib
Gʻarbga botardi.
Saʼdiyni lol etgan edi bu chiroy,
Iskandar ham balki unga boqardi.
Bu kun ham u oʻsha,
Faqat bu zamon
Fazo kemalari qatnab turibdi.
Lekin shu choq Yerda
Bir guruh inson
Qamish kiyib, oʻq-yoy osib yuribdi.
Biz esak goh qoʻyib olam ishlarin
Fazodan tirik jon izlaymiz, ajab.
Yer uzra zamonning tebranishlari
Cheksizlik oldida nima degan gap?
Qoʻy bu xayollarni!
Kel, maydan oldik.
Balki tomchisida uning ming dunyo.
Biz ikki zarramiz –
Uchrashib qoldik
Buyuk va Besarhad Mangulik aro.
* * *
Nur qoʻynida yonar falak ham, yer ham,
Hilol koʻkdan pastga ohista suzar.
Oʻylayman,
Hozir men darchani ochsam
Kapalakday uchib kirar yulduzlya!!
Hamon bilolmayman
Oʻngmi bu roʻyo?
Parvoz etmoqdaman goʻyo fazoda.
Doʻstim, qoʻlingni ber,
Oʻzingmisan; yo –
Koʻrganim malakmi arshi aʼloda.
Yulduzlar bazmiga topolmay kiyos
Turibman bu nurlar koshonasida.
Bu yerdan samovot bir qadam, xolos.
Maskanim falakning ostonasida.
Yur, doʻstim,
Birga sayr etaylik, oʻsha –
Somon yulduzlari boʻlsin poyondoz.
Bizni yuksaklarga yoʻllagan goʻsha
Yiroqlardan boqsin xushnud sarfaroz.
Ufq manglayiga durday qadalgan
Oʻsha yulduzimiz yarqirok boʻlsin.
Uning
Jahoniy Erk
deya atalgan
Nurli kelajagi yaqinroq boʻlsin.
1970
Erkin VOHIDOV
“Ishq savdosi” (“Sharq” nashriyoti, 2000) kitobidan
[1] Sergey Yesenin nazarda tutilmoqda.
https://saviya.uz/ijod/nazm/quyosh-maskani/