Bir inson 90 yoshga kirsa, piru badavlat deb, havas va eʼzoz bilan qaraymiz. Uning odamlarga qilgan yaxshiliklarini eslab, qoshida bosh egamiz. Xalqimizning maʼnaviy-maʼrifiy dunyosini yuksaltirish, elu yurt koriga yaraydigan chinakam ziyoli farzandlarni tarbiyalash yoʻlida beminnat xizmat qilib kelayotgan qutlugʻ dargoh – Samarqand davlat universiteti toʻqson yoshni qarshi olyapti! Toʻqson yil ichida bu tabarruk dorilfunun necha minglab insonning hayotiga ziyo, nur taratdi, qancha shaxslarni jamiyatning gʻurur-iftixoriga aylantirdi – aniq hisobini aytish qiyin. Quvonarlisi, bu nuroniy universitet bugungi kunda yanada navqironlashib, yanada kuchga toʻlib, ezgu vazifasini sidqidildan bajarmoqda. Bu yerda taʼlim berayotgan ustozlaru tahsil olayotgan talabalarni chin dildan qutlarkanmiz, universitet tarkibidagi eng nufuzli yoʻnalishlardan biri – filologiya tarixiga muxtasar nigoh tashladik…
Bu koʻhna zaminda shunday maskanlar borki, uzoq asrlar davomida insoniyatning madaniy qatlami, ilmu irfon ahlini ohanrabo singari oʻziga tortib keladi. “Sayqali roʻyi zamin”, “firdavsmonand”, “baldai mahfuza” deya eʼzozlangan Samarqand ana shunday ilm va madaniyatning qadimiy oʻchoqlaridan biridir.
Mirzo Ulugʻbek madrasasi va rasadxonasida dunyoviy ilmlarning barq urib rivojlanishiga shohid boʻlgan azim Samarqandda XX asrning yigirmanchi yillarida zamonaviy oliy oʻquv yurti faoliyat koʻrsata boshladi. U oʻsha paytda Oʻzbekistonda tashkil etilgan ikkinchi oliy oʻquv yurti edi. Bu muqaddas oliy dargoh bugungi kunda mustaqil Vatanimizning yirik ilm-fan, madaniyat va sanʼat markaziga aylangan Samarqand davlat universitetiga tamal toshi qoʻygan Oliy pedagogika instituti edi.
Ushbu oliy taʼlim muassasasida tilshunoslik va adabiyotshunoslik maktablari faoliyatining ilk davridayoq vujudga kelishida A. Fitrat, S. Ayniy, Ye. Polivanov, A. Saʼdiy, Gʻozi Olim Yunusov, O. Sharafiddinov, I. Ponomaryov, S. Mutallibov kabi bilimdon olimlarning xizmatlari katta boʻldi.
1927 yilda asos solingan va 1930 yildan boshlab Pedagogika Akademiyasi, 1933 yildan Oʻzbekiston davlat universiteti deya nomlangan Samarqand davlat universitetida ilk tashkil etilgan ilmiy markazlardan biri oʻzbek-tojik adabiyoti kafedrasi boʻldi. Abdurauf Fitratning Ahmad Yassaviy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Alisher Navoiy, Mashrab hayoti va ijodi, aruz sheʼriy tizimi, Sadriddin Ayniyning Firdavsiy, Saʼdiy, Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy hayoti va ijodiga doir fundamental tadqiqotlari, A. Saʼdiyning “Alisher Navoiy ijodi oʻzbek klassik adabiyotining yuksak bosqichi sifatida” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi oʻzbek-tojik adabiyotshunosligining shakllanishida oʻziga xos poydevor vazifasini oʻtadi. A. Fitratning “Oʻzbek adabiyoti namunalari” (1928), S. Ayniyning “Namunai adabiyoti tojik” (1927), O. Sharafiddinovning ikki tomli “Oʻzbek adabiyoti tarixi” (1941,1945) darslik-xrestomatiyalari mamlakatimizda shu sohada yaratilgan ilk oʻquv adabiyotlaridir.
Adabiyotshunoslik maktabi bilan bir vaqtda boʻy koʻrsatgan tilshunoslik maktabining toʻngʻich vakili Gʻozi Olim Yunusov 1927–1931 yillarda Oʻzbekiston davlat pedakademiyasida oʻqituvchilik qilib, yoshlarga tilshunoslik fanlaridan dars berish bilan birga oʻzbek tiliga oid qator ilmiy tadqiqotlar oʻtkazdi. Uning “Oʻzbek tili”, “Yuridik terminlar lugʻati”, “Oʻzbek lahjalari tasnifidan bir tajriba”, “Oʻzbek tili grammatikasi” kabi asarlari shu ilmiy tadqiqotlarning natijasi boʻldi.
Mamlakatimizda oʻzbek tilini ilmiy jihatdan oʻrganish ishini boshlab bergan Samarqand tilshunoslik maktabining boshqa bir toʻngʻich vakili professor Abdurauf Fitrat boʻlib, uning “Oʻzbek tili qoidalari toʻgʻrisida bir tajriba. Sarf. Birinchi kitob”, “Oʻzbek tili qoidalari toʻgʻrisida bir tajriba. Nahv. Ikkinchi kitob” (Samarqand-Toshkent, 1924–1930,6 marta nashr qilingan) nomli ilmiy asari, ayniqsa, qimmatlidir.
Maʼlumki, Alisher Navoiyning Samarqanddagi hayoti va ijodi 1941 yilgacha umuman oʻrganilmagan edi. Ilmiy adabiyotlarda u Samarqandda ikki yil boʻlib, faqih Abulays madrasasida tahsil koʻrgan, deb aytilardi, xolos. Navoiyning Samarqandga kelishi sabablari ham nomaʼlum boʻlib, har xil taxminiy mulohazalarga suyanilardi. Akademik V. V. Bartold va boshqa sharqshunoslarning asarlarida bu davr Samarqandda ilm, fan va madaniyat tushkunlikka yuz tutgan, Hirotda esa, aksincha, rivojlangan, degan fikrlar ilgari surilgan edi. Samarqand adabiyotshunoslik maktabining yorqin vakili Vohid Abdullayev navoiyshunoslikning ana shu kamchiligini toʻldirishga bel bogʻlab, 1940–1941 yillarda “Alisher Navoiyning hayoti va Samarqanddagi adabiy faoliyati” mavzui ustida ilmiy ish olib bordi. Olim mazkur nomzodlik dissertatsiyasini 1941 yilda respublikada birinchilardan boʻlib zoʻr muvaffaqiyat bilan yoqladi. Dissertatsiyada Alisher Navoiyning Samarqandda toʻrt yil yashagani, Samarqand va Movarounnahrning qator shoirlari va olimlari bilan ijodiy aloqada boʻlgani, olgan taassurotlari keyingi butun ijodiga samarali taʼsir koʻrsatib, goʻzal sheʼrlari va dostonlariga material sifatida xizmat qilgani ilmiy faktlar asosida isbotlab berilgan.
Samarqand adabiyotshunoslik maktabining koʻzga koʻringan vakillaridan yana biri filologiya fanlari doktori, professor Orifjon Ikromovdir. Uning adabiyot masalalariga oid 200 dan ortiq maqola, ilmiy ocherk va oʻquv qoʻllanmalari nashr etilgan. Ushbu tadqiqotlarda olim oʻzbek adabiyotining muhim, dolzarb mavzularini mahorat bilan tadqiq qilgan.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, akademik Botirxon Valixoʻjayev haqida soʻz ketganda, “Samarqandning ilmiy vijdoni”, “olimu fozillar botiri” kabi taʼriflar ishlatilishi bejiz emas. Zero, ustoz Botirxon Valixoʻjayev butun umrini ilmu ziyoga bagʻishlagan, nafaqat oʻzbek, balki fors-tojik adabiyotining dolzarb muammolari boʻyicha keng qamrovli tadqiqotlar olib borgan zukko, nuktadon olim edi.
Ustoz mohir murabbiy sifatida mustaqillik yillarida Alisher Navoiy ijodini teran tahlil etuvchi uch nafar fan doktorini tayyorladi: Muslihiddin Muhiddinovning “Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida inson konsepsiyasi” (1995), Dilorom Salohiyning “Alisher Navoiy badiiy uslubining tadrijiy takomili” (1999), Shuhrat Sirojiddinovning “Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga oid XV-XIX asrlarda yaratilgan fors-tojik manbalari” (2001) mavzusidagi dissertatsiyalari mamlakatimiz va dunyo navoiyshunosligiga muhim hissa boʻlib qoʻshilganini uzoq va yaqin xorijdagi mutaxassislar tan oladilar.
Samarqand tilshunoslik maktabining yanada gullab-yashnashida J. Muxtorov, X. Doniyorov, B. Oʻrinboyev, R. Qoʻngʻurov, V. Egamov, N. Abdurahmonov, B. Yoʻldoshev, N. Rajabov, T. Xoʻjayev, J. Hamdamov va boshqa olimlarimizning hissasi katta boʻldi. Bir soʻz bilan aytganda, Samarqand tilshunoslik maktabi vakillari oʻzbek dialektologiyasi, oʻzbek tili tarixi, hozirgi oʻzbek tili yoʻnalishlarida muhim tadqiqotlar olib borib, oʻzbek tilini ilmiy oʻrganishni yangi bosqichga koʻtardilar.
Samarqand adabiyotshunoslik maktabining yuksalishi, keng quloch yoyishida Rahmonqul Orzibekov, Qobiljon Tohirov, Abdurashid Abdurahmonov kabi marhum ustozlarning ham munosib oʻrni bor. Shuningdek, bugungi kunda qizgʻin faoliyat olib borayotgan professor Muslihiddin Muhiddinov ham sal kam ellik yillik ilmiy izlanishlari davomida Alisher Navoiy va uning xamsanavislikdagi salaflari ijodi, xamsanavislik anʼanasining oʻrganilmagan jihatlarini yoritish, yangi qirralarini tadqiq etish bilan mashgʻul boʻlmoqda.
XX asr oʻzbek adabiyoti yuksalishida ham Samarqand adabiy muhitining roli beqiyosdir. Bu davrda Hamid Olimjon, Uygʻun, Oydin, Mirtemir, Usmon Nosir, Hasan Poʻlat, Amin Umariy, Nasrulla Oxundiy kabi ijodkor yoshlar talabalik chogʻlaridayoq ilm oʻrganishni ijodiy ish bilan qoʻshib olib bordilar. Ular turli mavzularda sheʼrlar, badiiy lavhalar yozib, adabiy hayotda faol ishtirok etganlar. Bu ijodiy anʼana keyinchalik ham davom etdi. Samarqand davlat universitetida taʼlim olgan Sharof Rashidov, Burhon Tursun, Nazarmat, Oʻtkir Rashid kabi tolibi ilmlar oʻsha davrdagi madaniy-adabiy muhitning shakllanishiga katta hissa qoʻshganlar.
Shoir va yozuvchilarning tarbiya topishi va shakllanishida 1950 yillardan keyin ham universitetning oʻrni beqiyos boʻldi. Barot Boyqobilov, Oqiljon Husanov, Gʻaybulla Salomov, Normurod Narzullayev, Omon Matjon, Yazdon Xudoyqulov, Ahad Hasan, Meli Normatov, Muhammad Salom, Samariddin Sirojiddinov, Dushan Fayziy, Mardi Nuriddinov, Qambar Ota, Farmon Toshev, Ullibibi Otayeva, Ismat Sanayev, Xosiyat Bobomurodova, Bibisora Turobova, Erkatosh Shukurova, Ilhom Hasanov, Orif Hoji, Toshpoʻlat Tugalov kabi isteʼdodli ijodkorlarni yetishib chiqishida universitetdagi ijodiy muhit katta mahorat maktabi vazifasini bajardi. Bu ezgu anʼana mustaqillik yillarida ham davom etib kelyapti. Uygʻun Roʻziyev, Muhabbat Toʻxtasheva, Orif Toʻxtash, Feruza Togʻayeva, Azamat Qorjovov, Umid Ali, Xoliyor Safarov, Abdulla Chimirzayev kabi oʻnlab ijodkorlarning voyaga yetishida universitet filologiya maktabining oʻrni alohida.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Nuriddin Shukurov ana shunday isteʼdodli yoshlarning mehribon, jonkuyar ustozi edi. Olim Samarqand davlat universitetida “Shalola” toʻgaragini yaratadi. Bu toʻgarak sheʼriyat ixlosmandlarini birlashtirib, ularga yuksak parvozlar qilishiga yoʻl ochdi. Natijada Samarqandda katta adabiyot, sheʼriyat maktabi yuzaga keldi.
Shuningdek, adabiy jarayon, adabiyotshunoslikning nazariy va amaliy muammolari bilan qizgʻin shugʻullangan yetuk olimlar – Saʼdulla Mirzayev, Rahim Muqimov, Hotam Umurov, Shavkat Xolmatov, Isroil Mirzayev, Hamid Absamiyev, Ilhom Hasanov, Shavkat Hasanov, Abdurahim Soliyev kabi ustozlar ham zalvorli mavzularda tadqiqotlar olib borib, doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildilar, yosh ijodkorlarning boshini silab, ularni har jihatdan qoʻllab-quvvatladilar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev viloyat saylovchilari bilan uchrashuvda Samarqand adabiy muhitining millatimiz madaniyati, adabiyoti tarixida tutgan oʻrnini: “Samarqandning oʻziga xos ilmiy-ijodiy muhitini shakllantirish va rivojlantirishda unutilmas xizmat qilgan Botir Valixoʻjayev, Nuriddin Shukurov, Mamarasul Boboyev, Maʼruf Jalil, Barot Boyqobilov, Mashrab Boboyev kabi atoqli olim va adiblarning xotirasi xalqimiz yodida yashab kelmoqda”, deb yuksak baholadi. Bu soʻzlar qadimiy va hamisha navqiron shaharda yashab ijod etayotgan olimu fuzalolar va ziyolilarlarni butun xalqimiz kabi qizgʻin ijodga, fidokorona mehnatga chorladi. Binobarin, SamDUda 90 yil davomida shakllangan tilshunoslik va adabiyotshunoslik maktablarining bugungi kundagi vakillari ustozlarning boy ilmiy anʼanalarini munosib davom ettirgan holda oʻzbek tili, oʻzbek adabiyoti tarixi, mantshunoslik, adabiyot nazariyasi, adabiy aloqalar kabi yoʻnalishlarda jiddiy tadqiqotlar olib bormoqda. Ular bugun yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, xalqimizga, jamiyatimizga yanada samarali xizmat qilishlari shubhasizdir.
Joʻliboy Eltazarov,
Samarqand davlat universitetining filologiya fakulteti dekani, professor.
Sobirjon Tohirov,
mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi dotsenti
“Yoshlik”, 2017–8
https://saviya.uz/hayot/nigoh/qutlug-va-ulug-dargoh/