Qutlibeka Rahimboyeva (1952)

Qutlibeka Rahimboyeva 1952 yil 9 fevralda Toshovuzda tugʻildi. Fargʻona davlat pedagogika institutining oʻzbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil oldi. Oʻrta maktabda, Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida ishladi. Ayni choqda “Saodat” jurnalida xizmat qiladi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim Qutlibekaning ilk sheʼriy turkumiga “Saodat” jurnalida (1976) “Oq yoʻl” tilab, mashqlarida jamiyatni, inson va ijtimoiy voqelik ruhiyatini anglashga, uni tahlil etishga intilish ustuvor ekanligini qayd qilgan edi. Qutlibekaning “Yuragimda koʻrganlarim” (1981), “Uzun kunduzlar” (1984), “Uygʻonish fasli” (1989) kabi sheʼriy toʻplamlaridagi, “Chiroylisan, muhabbat” hikoyalar kitobidagi qahramonlar oʻzbekning dardu quvonchlari bilan kuyunib-suyunib yashayotgan armonli, gʻururli, oriyatli shaxs, qullik, qaramlikka murosasiz, erk uchun kurashchi, oʻz millatiga sadoqati cheksiz, kechirimli insonlardir.

Keyingi yillarda respublika gazeta-jurnallarida shoiraning “Hamma biladigan sir”, “Sulton suyagini xor etmas”, “Til uchidagi soʻz” kabi bugungi kun voqeligiga munosabat bildiruvchi, munozaraga chorlovchi turkum publitsistik maqolalari eʼlon qilindi. Uning “Qishning oxirlari” dostonida “oʻzbeklar ishi” fojialari umumlashtirilgan; “Tavba” dostonida umr boʻyi ikki xil hayot kechirgan, ikki xil qiyofada yashab, jamiyat manfaatlari yoʻlida oʻzini qurbon qilgan majruh bir inson haqida, uning ruhiy azoblariyu fojiali taqdiri haqida bahs boradi. Shoira “Tohirning Zuhrosi” nomli dramatik asar ham yozdi. U tarjimon sifatida Lesya Ukrainka, Marina Svetayeva kabi shoiralarning asarlarini ona tilimizga oʻgirdi.

Qutlibeka Rahimboyeva soʻnggi yillarda yaratilgan bir qator sheʼriy turkumlari uchun “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, “Sharq yulduzi” jurnali hamda Moskvada chop etiladigan “Smena” oynomasining mukofotlariga sazovor boʻlgan.

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Qutlibeka Rahimboyeva 1999 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/qutlibeka-rahimboyeva-1952/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x