Koʻchat ekaman
Bogʻimizda tantana,
Erta tongdan shomgacha.
Chumchuq qoʻnib oladi
Devor osha tomgacha.
Qushlarning ashulasi
Bir-biriga ulanar.
Qaldirgʻoch tugul hatto
Bulbul navbat tilanar.
Qushlar bazmiga makon
Bobomlar ekkan daraxt.
Uzumlarni asrolmay
Baʼzan buvimlar karaxt.
Uzum yetar hammaga,
Deyman, bobomdek kulib.
Men ham koʻchat ekaman,
Daraxtga bola qilib.
Koptok
Tomda, tarnov oldida
Eski koptok yotibdi.
Bilmadim, qaysi bola
Uni tomga otibdi?
Qor, yomgʻirda, oftobda
Shumshayib qolibdi u.
Oʻchib ketsa ham ranggi,
Goʻyoki gʻolibdir u.
Tushirmoq boʻlib obdon
Moʻljalga olibdilar.
Kitob, daftar, qalamdon…
Irgʻitib tolibdilar.
Koptok-chi, qatorlashgan
“Oʻq”lar bilan qolibdi.
“Tushmasang, tushma!”degan,
Doʻqlar bilan qolibdi.
Oʻjar bolalar misol
Aytganini qilibdi.
Oʻjar bolalar misol,
Yakkalik ne bilibdi…
Muhabbat
Muhabbat oilaning
Kenja qizi – shirini.
Nega bunday ekanin
Aytib beray sirini.
Akasiyu opasi
Ketishgach oʻqishiga,
Yordamlashar, yoʻq, demay,
Buvijonin ishiga.
Chelakchada suv sepib,
Hovlini supuradi.
Tuproqning nondek isi
Dimoqqa ufuradi.
Dastroʻmolini yuvib,
Quritadi soʻrida.
Buvisi esa maqtar
Oʻtirib uy toʻrida.
Zeriktirmasdan hatto
Qoʻshiq aytib beradi.
Buvijoniga yoshlik
Paytin qaytib beradi.
Ulgurar qoʻgʻirchogʻin
Allalab uxlatishga.
Hatto gazga choy qoʻyar
Oyijoni qaytishga.
Hammani qarshi olar
Bir-bir: “Salom”, “salom”lab.
Erka qiz boʻlib qolar
Dadasini achomlab.
Shirintoy
Shavkatjonning sevgani
Shirin choy, shirin choy.
Shunga hamma der uni
Shirintoy, Shirintoy.
Ichar solib novvot, qant –
Shirin choy, shirin choy.
Qoʻl yuvmas berguncha pand
Shirintoy, Shirintoy.
Qoʻli tugul yuz, quloq
Shirali, shirin choy.
Dangasa ham erinchoq
Shirintoy, Shirintoy.
Shunday qilsa bermaymiz
Shirin choy, shirin choy.
Erkalatib, demaymiz,
Shirintoy, Shirintoy.
Umida ABDUAZIMOVA
“Sharq yulduzi”, 2011–3
https://saviya.uz/ijod/nazm/qushlarning-ashulasi/