Quda

Bu dangʻillama hovlida bugun beshiktoʻy. Sobir akaning kenja – toʻrtinchi qizi Oʻgʻiloyning ikkinchi oʻgʻliga beshiktoʻy qilinyapti. Sobir aka qizini qishloqdoshi Murodboyning oʻgʻliga bergan. Murod aka Sobir akadan toʻrt yosh kichik. Oʻziga toʻq, tegirmoni, objuvozi bor. Ikkita “Damas”ini ijaraga berib qoʻygan. Oldin ismi Murodjon edi, keyin Murodboyga oʻzgardi. Yoʻq, oʻzi oʻzgartirgani yoʻq, odamlar shunday chaqiradigan boʻldi. Oldiniga sal oʻngʻaysizlandi-yu, keyin oʻrganib qoldi. Bora-bora bunday erkalab chaqirishlar, oʻzi tengi va baʼzan hatto oʻzidan kattalarning ham “aka”lab gapirishlari xush yoqadigan boʻldi.

Sobir aka hozir mana shu boyvachcha qudasi va quda tomondagi qarindosh-urugʻlar bilan darvoza oldida qoʻl qovushtirib turibdi. Mahalla ahli oshga aytilgan, kutishyapti.

– Hoy bollar, suving issiqmi, sochiqlaring tayyormi? Tezlash, chollar kelyapti, – deb baqirdi katta-katta qadamlar bilan yaqinlashib kelgan Zokir baqiroq. Keyin manziratda turganlar bilan qoʻshqoʻllab, tez-tez soʻrashib chiqdi.

Hamma harakatga tushib qoldi, kimdir sal oldinroqqa yurib, uchkoʻchadan burilgan chollarga nazar tashladi, soʻng:

– Qani, hamma narsa tayyormi, kep qolishibdi, – dedi.

Biroq bu galgi “boʻl-boʻl”ga unchalik eʼtibor berilmadi.

– Qoʻy qani, Elmurod, tez opchiq, manavi ustunga boyla, – deb buyurdi Murod aka.

Yigit oʻrtacha semizlikdagi qoʻchqorni olib kelib, soʻritok ustuniga boyladi. Sobir akaning yuragi “shigʻ” etdi. Qandaydir bir noxushlikni sezdi. Bu orada chollar yetib keldi. Ularning ortidan ikki qudaning tengdoshlaridan iborat guruh ham mayda qadam bilan ergashib kelardi.

– Salom alayku-um, xush kepsizlar-xush kepsizlar. Qani, ichkariga. Mulla buva, qoʻlni yuvdirvorasizlar. Qani, yigitlar, chaqqon-chaqqon, – dedi Murod aka mulozamat bilan. Biroz tin olgach, soʻzlarini tantanali ohangda davom ettirdi:

– Manavi qoʻyni koʻryapsizlarmi? Qoʻymisan-qoʻy. Sovliq emas, qoʻchqor. Rostakam qoʻchqor. Qudamiz beshiktoʻyga atabdilar. Atamasalar ham boʻlar edi-yu, lekin atabdilar.

Oraga sovuq jimlik choʻkdi. Sobir aka boshini quyi eggancha, nafas yutmay turar, mahalladoshlar bir-biriga qarab hayron, kimlardir maʼnoli koʻz urishtirar, orada labining bir tarafi bilan iljayganlar ham bor edi.

– Sobirjon baraka topsin, – deb gap boshladi chollardan biri. – Toʻrtta qizdi oq yuvib-oq tarab oʻstirdi. Halol mehnati bilan boqdi. Uchta qizdi kamolga yetkazgan jannati boʻladi. Toʻyga atab qoʻy beribdi, yana baraka topsin. Bu qoʻydi sotvormang, Murodjon, boqing. Barakasini koʻrasiz. Katagingizga qoʻy sigʻmay ketadi. Ha, balli, kam boʻlmanglar, ishqilib. Xoʻsh, biz qaysi tomonga yuraylik?

Boboyning gapi Murodboyga yoqmadi. Iltifotsiz eshitdi.

– Qani, yuraveringlar. Chollarni ichkariga, mehmonxonaga olinglar. Yoshlar hovliga, stol-stulga, – dedi Murodboy. Keyin yon-veridagilarni chorladi. Sobir akani ham taklif qildi: – Siz ham yuring, quda.

– Sizlar bemalol, biz keyinroq, – dedi Sobir aka yerdan koʻz uzmay. Murodboy ortiq undamadi. Sobir akaning koʻksi oʻt boʻlib yonar, boshi tinimsiz gʻuvillar edi. Hozir borib Murodboyning yuziga tupurgisi, gʻazabini sochgisi kelardi. Lekin dami chiqmas, ichida: “Nega meni buncha qiynading, nega menga qiz berding, ey Xudo!” deya qayta-qayta tavallo qilardi, xolos.

 

Orif Tolib

 

2014

https://saviya.uz/ijod/nasr/quda/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x