Daraxt shoxlarida silkinar
Kuzning yaydoq, sarxush shamoli,
Chirqirar bir qushcha…
(Rauf Parfi)
U erini ishga joʻnatdiyu oʻzi ham otlandi. Oʻsha kuni anavu koʻzlari olma-kesak teradigan habashga oʻxshagan yigit: “Yoʻlingiz tushsa, bir kirarsiz”, degan edi. “Bugun Xudo bir ol qulim, devorsaydi”, deb entikdi u va koʻzgu qarshisiga oʻtirib, pardoz qutisini ochdi. Enlik qoshlariga moʻychinak urdi, koʻzlariga allaqaysi tanishidan soʻrab olgan surmadan qoʻydi. Oppoq, silliq yuzlarini siyqaladi, goʻshtdorroq lablariga nimrang qizil surdi. Xalatini yechib ichki kiyimlarini koʻzguga solib koʻrdi: koʻngilga oʻtirishmadi. Kir taxidan qalin toʻrli ich koʻylagini, yalt-yult tasmali siynabandini oldi: bu siynaband koʻkraklarini ikki tomondan siqib baralla koʻtardi. Oʻrtada oppoq sut ariqcha hosil qildi. Soʻng qomatini koʻz-koʻz qilib tiqmachoqdek koʻrsatadigan koʻylagini kiydi. Koʻylakning oʻmizi chuqurroq oʻyilgan boʻlib, anavi oppoq sut ariqcha ovchi koʻzlarning xadafiga aylandi. U sochini bitta qilib oʻrdi-da, siltab orqaga tashladi, sumkasini yelkasiga osib, koʻzgu qarshisida birpas oʻz-oʻzini tomosha qilib turdi. Koʻzgudan oilali, bitta bolali juvon emas, oʻziga bino qoʻygan bokira qiz sadaf tishlarini yarqiratib, jilmayib turardi…
U oʻz latofatiga mahliyo boʻlib, bugun omadi kelishini xayol qilar ekan, etaklariga qizchasi yopishdi.
– Oyi, qayoqqa ketayapsiz? Meniyam obboring, – deya yalindi.
– Hay, hay, koʻylagimni gʻijimlaysan, qoʻling ham kir ekan. Men darrov kelaman, sen katta qiz boʻlib uyda oʻtirib tur, eshik taqillasa, ovoz berma, xoʻpmi? Qorning ochgani yoʻqmi hali?
Qizcha jingalak sochli boshini sarak-sarak qildi.
– Bitta oʻzim oʻtirib zerikib ketaman, – dedi qizcha oʻksinib. – Barnolarnikiga chiqa qolay.
– Pishirib qoʻyibdimi Barnolarnikida! Oʻtir koʻmilib! – bobilladi u. – Oʻynagani ketayapmanmi?
Qizcha mungʻayib qoldi. Burnini torta-torta narigi uyga chiqib ketdi. Yaqindagina dadasi olib bergan, yetaklasa yurib, yotqizsa ingalab koʻzini yumadigan qoʻgʻirchoq divanda yalpayib, beparvo yotar edi.
U qoʻgʻirchogʻini koʻtarib roʻparasiga oʻtqazdi. “Oyimning jahllari yomon, bildingmi? Yana ikkovimiz qolamiz. “Barnolarnikida pishirib qoʻyibdimi, oʻtir koʻmilib”, dedila. Bu sengayam tegishli. Tushundingmi? Oyim shunaqala, meni tashlab ketaveradila. Men seni hecham tashlab ketmayman. Tashlab ketsam yigʻlaysan-a, shunaqami?”
Qoʻgʻirchoq tushungandek munchoq koʻzlarini charaqlatib, qarab turardi.
“Koʻylaging ham isqirti chiqib, kir boʻlib ketibdi. Yuvib beraymi? Yuvilsa oqarib, xunuk boʻlib qoladi-da. Maylimi? Yangisini olib bering, deysanmi? Men hali ishlamayman-ku, qayerdan olib beraman? Hali maktabgayam borganim yoʻq-ku! Oyingga ayt, deysanmi? Aytaymi? Urishib bersala-chi?”
U qoʻgʻirchogʻini qoʻliga oldi; uning kipriklari pirpiradi.
“Qoʻy, yigʻlama, oppogʻim! Xoʻp, oyimlaga aytaman, urishsalayam aytaman, qoʻy endi, yigʻlama. Oboʻ, oboʻ!”
– Lola!!!
Lola qoʻgʻirchogʻini avaylab divanga yotqizdi. Qoʻgʻirchoq ojizgina “inga”ladi. “Hozir, jonim, sen yotib tur, oyim chaqiryaptila”.
– Lola! Garangmisan?!
U chopqillab oyisining oldiga chiqdi.
– Hm.
– Men ketdim. Uyni ivirsitmasdan oʻtirgin, xoʻpmi?
– Xoʻp.
– Ishim bitsa, senga bir nimalar olib kelaman, – deb aldadi.
Lola oyisining bu iltifotidan foydalanib, qoʻgʻirchogʻining iltimosini aytishga jurʼat etdi.
– Ha, qoʻgʻirchogʻing ordona qolsin! Xoʻp, esimda boʻlsa olib kelarman.
Eshik shirq-shirq qulflandi. Lola bir zum eshik tagida turib, soʻng yagona ovunchogʻi – qoʻgʻirchogʻining oldiga kirdi. Uni qoʻliga oldi.
“Uygʻondingmi? – U qoʻgʻirchogʻining qip-qizil loʻppi yuzidan oʻpdi. – Oyim ketdila. Eslarida boʻlsa, senga koʻylak olib kelarkanla. Agar olib kelmasala, ikkinchi uy poylamaymiz-a, maylimi? Shkafda koʻylak koʻp, oʻshalardan tikib bersalayam boʻlardi, hammasi birovniki, deydila. Hammasi chiroyli: oq, sariq, qizil, koʻk… vuy, koʻzing jimirlashib ketadi. Senga mana shuncha boʻlsa yetardi, oyim tikib bermasala, Barnoning oyisi tikib beradi. Oyimlargayam tikib beradi-ku. Barnoning oyisi yaxshi-a? Barnogayam, qoʻgʻirchogʻigayam koʻylak tikadi. Lenta ham olib beradi. Munchoq ham. Mening oyim nuqul pulim yoʻq, pulim yoʻq, deganlari degan. U kuni-chi, shkaflarida mana shuncha pul koʻrdim, – u qoʻgʻirchogʻiga kaftlarini dasta qilib koʻrsatdi. – Oyim yolgʻon gapiradila-de oʻzi. Dadamgayam yolgʻon aytaveradila, kechgacha uyda oʻtiraverib siqilib ketdim, deydila. Hecham uyda oʻtirmaydilayu, faqat ikkovimiz… Zerikib ketamiz, qornimiz ham ochiqadi. Hozir qorning ochgani yoʻqmi? Mening qornim toʻq, yaqinda shirin choy ichdim-ku. U kuni koʻrding-ku, pecheniye olaman, deb tarelkani tushirib yubordim. Sinib qoldi. Rosa urdila. Sen-da, pecheniye yeyman deding. Oʻzimning ham yegim keluvdi. Charchadingmi, uxlaysanmi? Mayli, uxlay qol. Kel, mening boʻynimdan achom qilib ol. Ha, ana!”
U yotgandan keyin ham qoʻgʻirchogʻi bilan ancha vaqt gaplashdi. Dadasi haqida, oyisi haqida, buvisi haqida. Dadasi bilan oyisi hadeb janjallashaverganidan buvisi arazlab ketib qolganini ham aytdi qoʻgʻirchogʻiga. Oyisi juda gʻalati-da oʻzi. Dadasi bilan nuqul janjal qilaveradi, “pul yoʻq”, deyaveradi. Dadasi yaxshi, baqirmaydiyam. Faqat “kuning oʻtib turibdimi, boʻldi, olib-sotarligingni yigʻishtir, bir joyga kirib ishla”, deydi. Buvisi ham dadasining yonini olgan edi, oyisi uvvos tortib yigʻladi, baqirdi, Lolani “itvachcha”, deb turtib yubordi. Buvisi ammasinikiga ketib qoldi. “Harom aralashgan uyga endi sira kelmayman”, deb ketdi. Lola buvisini juda sogʻinib ketgan edi, u kuni dadasi olib bordi. Qoʻgʻirchogʻiga shu koʻylakni buvisi tikib berdi-da.
U qoʻgʻirchogʻi bilan gaplasha-gaplasha uxlab qoldi.
Eshikning taraqlab ochilishidan uygʻonib ketdi. Oyisi ekan.
– Voy, aqlli qizimdan aylanay! Maza qilib uxlab yotibdi-ya. Mana senga morojenoye. Ol, ye! – dedi oyisi.
Uning kayfiyati juda-juda yaxshi edi. Yuzlari gul-gul ochilgan, qop-qora surma tortilgan koʻzlari porlar edi. Lola muzqaymoqqa juda xursand boʻldi-yu, ammo qoʻgʻirchogʻiga qarab, koʻylak esiga tushʼdi.
– Qoʻgʻirchogʻimga koʻylak olib kelmadizmi? – deb soʻradi yigʻlamsirab.
– Voy, qoʻgʻirchogʻing oʻlsin! Esimdan chiqib ketibdi. Ol, morojniyni, ye!
U xirgoyi qilib, likillagancha narigi xonaga kirib ketdi.
Lola juda xafa boʻldi, yigʻlar ediyu qoʻgʻirchogʻi baqrayib qarab turganini koʻrib yigʻisini ichiga yutdi. “Nega oʻlar ekan qoʻgʻirchogʻim, oʻlmasin. Oʻlsa men kim bilan oʻynayman”. U qoʻlidagi muzqaymoqqa qaradi. Juda yegisi keldi. Ammo oyisiga jahl qilib arang stol ustiga qoʻydi. Qarab-qarab qoʻydiyu baribir yemadi. Qoʻgʻirchogʻini qoʻliga oldi. “Morojenoye yeysanmi? A? Ozgina yegin. Oʻlsin deganlarini eshitdingmi? Yoʻq, sengamas, anavi magazindagi qoʻgʻirchoqqa. Ye, ol! Ozgina!”
– Lola! Qorning ochdimi? – Narigi xonadan oyisining erkalovchi, ayni paytda shangʻi ovozi keldi. – Hozir lagʻmon qilib beraman senga!
– Ana, oyim yaxshila. Lagʻmon qilib berarmishla. Yeysanmi lagʻmon?
U zoʻr berib xafa boʻlib qolgan qoʻgʻirchogʻining koʻnglini olishga tirishar edi.
Oyisi esa narigi xonada olib kelgan yalt-yult toʻrt kiyimlik matoni dam yelkasiga solib koʻrar, dam qavatlarini sanab chamalar edi.
Uning bugun chindan ham omadi keldi. Oʻsha habashga oʻxshagan yigit ishlaydigan magazinga bordi. Yigit ishshayib kutib oldi. Uning qaddi-qomatiga, ochiq koʻkragiga suq bilan tikildi. Biroz hazil-huzul, uchirma gaplar qilishdi-da, magazinning orqasiga oʻtishdi.
– Bizga atalgani qani? – dedi u erkalanib omborxonaga kirgach.
– Sizga atalganining taxi buzilgani yoʻq, jonidan, – dedi yigit taʼmakor ishshayib. – Oldin jindek suhbatingizni olaylik, keyin…
– Yoʻgʻ-e, uyim yolgʻiz, tez bormasam boʻlmaydi, – dediyu, ammo yigit koʻrsatgan joyga oʻtirdi.
– Qachon endi mundo-oq bemalolroq gaplashamiz, a? – Yigit bitta stulni uning yoniga taqab oʻtirib qoʻlini ushladi.
– Voy, nariroq oʻtiring, birov koʻrib qolsa nima deydi? – U shunday deb, oʻz kursisini nariroq surdi.
Yigit endi dadillandi. “Birov koʻrib qolsa…” degan jumla unga bir taʼminot berib, daʼvat etgandek, shartta juvonning belidan olib oʻziga tortdi. Juvon yigit quchogʻiga tushgach, pitirladi. Ikkita kursi gʻirchilladi. Juvon bir amallab oʻrnidan turib olgan edi, yigit ham chapdastlik bilan bagʻriga bosdi… Juvon yulqinib quchogʻidan chiqib oldi. Yigit yana xiralik qilgan edi, juvon ikkala qoʻlini uning koʻkragiga tirab qarshilik koʻrsatdi. “Xafa boʻlaman, hozir joyimas, keyin…” – dedi shivirlab. “Qachon, axir, nuqul aldaysiz”. “Keyin, dedim-ku, hozir ishim zarur, erim hali-zamon ishdan kelib, yoʻq boʻlsam toʻpolon qiladi”. U sochlarini tuzatib, koʻylagini kafti bilan tekislagan boʻldi. Murodi hosil boʻlmagan yigit tumshaydi. Juvon ado bilan jilmaydi: “Hali qoʻlimga tushasiz-ku, tishlash ham gapmi, yeb qoʻyaman”. “Ho, ajabmi, erimdan toʻlovga qolasiz”.
Ayol kishi oshigʻiga erini yo jazmanini eslatdimi, tamom, har qanday yoniq ehtiros piss etadi. Yigit ham shundoq boʻldi: nariroq borib bir tugundan koʻylaklik yaltiroq mato sugʻurib, juvonning oldiga tashladi. Boyagi oshiqona ehtiros, “jonim”lab shivirlash, “oh-voh” bir zumda yoʻqolib, ikki oʻrtada “qancha”, “qimmat”, “arzon”, “napx”, “bozor” degan oʻlik soʻzlar alohida bir hayajon bilan talaffuz etila boshlandi, dudoqlarni silovchi, boʻyinga osiluvchi oppoq, momiq qoʻllar mato qatlarini oʻzgacha bir shavq bilan siypalar edi.
U qoʻlidagi matoni divan ustiga tashladi-da, koʻzgu qarshisiga kelib gajaklarini himarib qoʻydi. “Oʻlgur, yeb qoʻyay dedi-ya! Harholda ishim bitdi. Bitta-yarimta quchoqlasa et-betim yeyilib qolibdimi? Oʻpsa netar, yuvsa ketar. Oʻzimga pishiq boʻlsam boʻldi-da, laqillatib yuraveraman”. U oʻzidan bagʻoyat mamnun holda oshxonaga chiqdi, supra yoyib, lagʻmonning harakatiga tushʼdi. Uning omadi kelgan kuni uyda lagʻmon pishirilar edi.
Lola hamon qoʻgʻirchogʻi bilan andarmon edi. Oyisi bilmay “oʻlsin” deb yuborganiga qattiq xafa boʻldi qoʻgʻirchogʻi. “Yur, seni oʻynatib kelaman”, dedi u va qoʻgʻirchogʻini yerga tikka qoʻyib qoʻlidan yetakladi. Qoʻgʻirchoq ham alpong-talpong qadam tashlab yura ketdi. “Qayoqqa olib boray? Narigi xonagami? Yura qol, yur!” U qoʻgʻirchoqni yetaklagancha narigi xonaga oʻtdi. “Ana, oyim yolgʻon gapiribdila-de, senga koʻylaklik olib kelibdila, qara. Bu birovnikimas, birovniki shkafda turadi. Shundan senga koʻylak tikib beradila. Oʻzim tikib beraymi? Men tikishni bilmayman-de. Ha, mayli, buzib qoʻysam oyim, yoʻq Barnoning oyisi tuzatib beradi. A? Sen mana bu yerga oʻtirib tur, men qaychi, nina-ip olib kelaman. Xoʻpmi? Oʻtir”. U qoʻgʻirchogʻini avaylab oʻtqazdi. Qoʻgʻirchoq butini kergancha oʻrin ustidagi matoga baqrayib oʻtirib qoldi.
Lola qoʻlida katta qaychi, koʻrpa qaviydigai igna, bir gʻaltak ip bilan qaytdi va qoʻgʻirchogʻiga bir kulib qarab qoʻydi-da, matoni yoyib, duch kelgan joyiga qaychi soldi…
Oyisi xamir qorib yoydi, shokilda qilib qirqdi, shaqillab qaynab turgan suvga solib, soch boʻlib ketgan xamirni pishirdi, pishgan xamirni chovli bilan suzib olib, togʻoraga soldi. Erining ulushini pishirmay olib qoʻydi-da, oʻzi bilan qiziga suzdi.
– Lola! Lola!
– Hm, – dedi Lola ishidan bosh koʻtarmay.
– Kel, ovqat pishdi, qoʻlingni yuv!
“Ana, ovqat pishibdi. Qorning ochdimi? Agar yana ovqat yemasang, atata qilaman. Hm…”
Lolaning hadeganda chiqavermaganidan xavotir olib alanglay boshladi; uning ovozi chiqqan xonaga kirdi. Lola eshikka orqa oʻgirgancha pichirlar, nimadir qilardi. Ajablanib qaradi. Qaradi-yu ichidan gʻayritabiiy bir chinqiriq otildi. Bir zarb bilan Lolani eshik tomon uloqtirib yubordi. Qizcha chirqillab qoldi. Qoʻgʻirchoqni tepib yuborgan edi, boshi uzilib, “inga” dediyu Lolaning ustiga borib tushdi. Jon holatda qiymalangan matoni qoʻliga oldi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, Lolasi tushmagur uni juda zoʻr hafsala bilan qiymalab ulgurgandi…
U vahshiy bir qiyqiriq bilan qizchaga tashlandi, buydalab ura boshladi. Urar-qargʻar, qapgʻap-ypap edi.
– Juvonmarg boʻl-a! Oʻliging chiqqur! Qoʻlginang singur! Yer yutkur-a! Qoʻllaring akashak boʻlib orqangga yopishsin-a!
Qargʻishlarning, mushtlarning son-sanogʻi yoʻq edi. Lola chirqillar, “oyijon, ikkinchi qilmayman”, deb zorlanar, ammo uning qulogʻi tom bitgan, qargʻish va doʻpposlashdan tinmasdi. Charchadi shekilli, qaddini rostladi, gilam ustida tarvaqaylab yotgan qaychiga, yaltillagan ignaga koʻzi tushib qoldi. Qoʻliga ignani oldiyu qizining kaftlariga port-port tiqa boshladi. Bola ilon chaqqandek chinqirib yubordi, qoʻllarini onasining changalidan tortib olishga zoʻr berib behuda urinardi. Lola chirillayverib nafasi ichiga tushib ketdi. Onasi ignani yerga otib urib, oʻzini divanga gurs etib tashladi-da, oʻkirib yubordi. Birozdan keyin Lolaning “xiq-xiq” qilib ovozi chiqdi, onasi tomon qoʻrqa-pisa qarab sekin oʻrnidan turdi-da, oʻz xonasiga qochib kirib, oʻrniga yotib oldi.
Kosalarga suzilgan lagʻmon shamdek qotdi.
Eri kelganda ham oʻrnidan turmadi.
Naim u yotgan xonaning ivirsigʻiga chandon eʼtibor bermadi, “yana jazavasi tutibdi”, deb qoʻya qoldi. Kosalardagi lagʻmonni isitdi-da, yigʻidan shishib uxlab qolgan qizini uygʻotdi. Lola hurkib koʻzini ochdi, tepasida dadasini koʻrib yigʻlab yubordi.
– Dadajon, endi qilmayman, hecham tegmayman! – deb zorillab yigʻlardi u.
U qizini bir narsadan choʻchigan deb oʻylab, dast koʻtarib bagʻriga bosdi.
– Xoʻp, xoʻp, oppoq qizim, endi qilmaysan! Boʻldi, boʻldi!
Dadasining uni jazolash niyati yoʻqligini sezib bagʻriga boshini suqdi, oʻksinib-oʻksinib yigʻlay boshladi.
– Kap-katta qiz ham yigʻlaydimi? Voy, uyat!
Qizcha oʻzini tutolmas, oʻpkasi toʻlgandan gapirolmasdi. Dadasi bosh-koʻzlarini silab-siypab ovutdi.
– Kap-katta qiz yigʻlasa, uyat boʻladi. Bor, bir yuzingni yuvib kel-chi, chopa qol.
Lola vannaxonaga kirib qoʻllarini yuva boshladi. Kaftlarida qon qotib qolgan edi, yuvib tozaladi, yuzini ham yuvdi.
Lola shikoyat qilishga oʻrganmagan edi. Oyisi ursa ham dadasiga shikoyat qilmas, koʻchada bir gap boʻlsa ham indamay kirib kelar, sirdoshi qoʻgʻirchoqqagina shivirlab hammasini tushuntirardi.
Bu gal ham, garchi kaftlari ogʻriyotgan boʻlsa-da, shikoyat qilmadi. Ammo kechasi bilan isitmaladi. Mehmonxonadagi divanda yotgan Naim (xotini ters paytda yaqiniga yoʻlay olmasdi) Lolaning ingrashi, alahlashi qulogʻiga chalinib uygʻonib ketdi. Bolaning issigʻi oʻttiz toʻqqiz daraja edi! U qoʻrqib ketib “tez yordam” chaqirdi. Yarim kechada Lolani kasalxonaga olib borib, azonga yaqin qaytib keldi.
– Latta-puttangning padariga laʼnat. Bolaning yuragini olganga oʻxshaysan. Nuqul alahsirayapti, – dedi Naim koyinib. – Qoʻliga nima qiluvding?
U boʻzarib “hech…” dedi, xolos.
– Ikkala kafti yara boʻlibdiyu! – Naim, ehtimol, birinchi marta xotiniga teshib yuborgudek haybat bilan tikildi.
Ayol eski usulini qoʻlladi:
– Voy, nima qipman! Oʻzimning tuqqan bolam, oʻldirsam ham haqqim bor. Bir-ikki ursam, osmon uzilib yerga tushibdimi? Namuncha!..
Naim toʻngʻillab ozgina mizgʻib olish uchun divanga yonboshladi.
Eriga baland keldiyu, ammo yuragiga gʻulgʻula tushdi. Hali ish boshlanmasdanoq kasalxonaga kirib bordi.
Lolaning isitmasi sal qaytgan, ahvoli ham biroz yengillashdi. Tagʻin ham dardni bola koʻtaradi.
Urishqoq odam yarashqoq boʻladi: u Loladan aylanib-oʻrgildi, siniqib ketgan yuzlaridan choʻlpillatib oʻpdi.
– Siz Lolaning oyisimisiz? – dedi kirgan hamshira salomlashmasdanoq. – Siz bilan eringizni boʻlim mudiri chaqiryapti, kiring! Eringiz qani?
“Muncha sovuq, muncha qoʻrs!” – xayolidan oʻtkazdi u. Ammo diliga gʻashlik kirdi. “Tinchlikmi?” – deb soʻradi nafasi zoʻrgʻa chiqib.
– Kirganda bilasiz! – Hamshira shunday dedi-da, chirt burilib chiqib ketdi.
U birov boʻyniga arqon solib sudragandek boʻlim mudirining xonasiga kirdi.
Xonada allanimalarni yozib oʻtirgan baland boʻyli, oʻrta yoshlardagi, qomatdor kishi darrov oʻrnidan turdi.
– Sizmisiz Lolaning oyisi? – Ovozi ham guldirab chiqdi. – Dadasi bor-a Lolaning?
“Muncha sovuq”, dilidan oʻtdi ayolning va “ha” ishorasini berib boshini egdi, gapirishga holi qolmagan edi chogʻi.
– Juda soz, birga olib keling, gap bor!
– Nima gap oʻzi? Aytavering, – dedi u yuragi poʻkillab.
– Nima gapligini sizlardan soʻramoqchi edim! Qizcha nima gunoh qilgan ediki, shunchalar jazo beribsiz. Ikkala qoʻli gangrena boʻlgan. Kesib tashlashdan boshqa ilojim yoʻq. Kaftdagi qon yurishi toʻxtagan, toʻqimalar qattiq shikastlangan, yiringlab ketayapti.
Doktorning har bir soʻzi uning boshiga toʻqmoq boʻlib urilar, yuragiga oʻsha koʻrpa qaviydigan ignaday sanchilardi. U ikki qoʻli bilan yuzini berkitgancha oʻkirib yigʻlab yubordi.
– Qilgʻiliqni qilib endi yigʻlayapsizmi?
U birdan doktorning oyogʻiga oʻzini tashladi.
– Jon doʻxtir, bir ilojini qiling. Bola-chaqangizning orzu-havasini koʻring. Choʻringiz boʻlay! Peshonamda bitta shu qizim!
– Ie! Turing oʻrningizdan! – Doktor uni qoʻltigʻidan suyab turgʻizdi-da, stulga oʻtqazib qoʻydi.
U esa yigʻidan toʻxtamas, yalinishʼda davom etar, jagʻi-jagʻiga tegmas edi. Eshikdan odamlar moʻralay boshladi. Doktor xijolat boʻlibmi yo bu juvonga hozir biron gap uqdirish mushkulligini angladimi, uni tezroq joʻnatish payiga tushdi.
– Dadasini boshlab keling-chi, gaplashamiz.
U doktorga umidvorlik bilan moʻltirab qaradi, negadir “rahmat”, deb uchib chiqib ketdi.
U qizining oldiga ham kirishga sabri chidamay, Naimning ishxonasiga yugurdi. Naimga doktorning gapini aytgan edi, u hangu mang boʻlib qoldi.
– Nima, nega? – dedi u shoshib. – Nima boʻlgan ekan? Kecha hamshira tuzalib qoladi, degan edi-ku!
– Bilmadim, – dedi u hiqillab. – Jon Naim aka, yuring, gaplashing. Bu gapni eshitib adoyi tamom boʻldim. – U serrayib qolgan Naimning yelkasini silay boshladi. – Erkak kishini erkak kishi tushunadi. Naim akajon! Nima boʻlsayam gaplashing. Ikkala qoʻli-ya! Meni oʻldi deyavering. Ogʻziga siqqanini soʻrasin! Hamma narsamni sotib beraman, oʻzimni garovga qoʻyaman.
Naimning quloqlariga uning gaplari kirmas, faqat kasalxonaga shoshar edi.
Doktor Naimning oʻzini qabul qilib uzoq gaplashdi.
– Hech iloji yoʻqmi, doʻxtir? – Naim zoʻrgʻa shuni soʻray oldi, xolos, uning yuragi uzilib pastga tushib ketganday, nigohi qarshisida hamma narsa ayqash-uyqash edi. Koʻzlaridan shashqator yosh oqardi.
– Men ham eng avvalo insonman, uch farzandning otasiman, – dedi doktor oʻpkasi toʻlib. – Nahotki, iloji boʻlsayu shu ilojni murgʻak qizchaga qoʻllamasam, doʻstim!
U deraza tomonga oʻgirilib, quyilib kelgan yoshini artdi. Soʻng siniq ovozda gʻaflatdagi shoʻrlik otani ovuta boshladi:
– Albatta, tushunaman, qiyin, qiyin boʻladi. Ammo iloj? Soʻngroq protez qoʻyamiz. Hozir Yevropa mutaxassislari ishlagan protezlar inson organizmidan juda kam farq qiladi. Ishni orqaga surmaylik, bu yaramas kasal tez yuksaladi, onasini chaqiring, tilxat yozinglar.
U bir varaq qogʻoz olib Naimning oldiga qoʻydi…
Ertasiga Lola karavotda yotar, bintlangan ikki qoʻli ikki yonida jonsizdek choʻzilgan edi.
Onasi telbasifatroq boʻlib qolganligi, kasalxona hovlisida sochlari yoyilgan, yuzlari timdalangan holda boʻgʻiq ovoz bilan nimalarnidir javrab yurgani uchun Lolaning oldiga Naimni qoʻyishdi. Bu ham oʻzida emas edi. Faqat erkaklik nomigina uni ushlab turardi.
Doktor kirdi. Lola uygʻoq edi. Doktor uni erkaladi. Basharasini qiziq bir holatda burishtirib qiqirlatib kuldirdi. U endi xayrlashib chiqib ketmoqchi edi, Lolaning qoʻngʻiroqdek ovozi uni toʻxtatdi:
– Amaki, qoʻllarimni qaytib berasiz-a? Endi oyimlarni koʻylaklarini hecham qirqmayman. Qoʻllarimni qaytib bering! Qoʻllarim boʻlmasa, qoʻgʻirchogʻimni qanday oʻynataman…
Asror SAMAD
“Sharq yulduzi”, 2017–1
https://saviya.uz/ijod/nasr/qolchalar/