Qozizoda Rumiy (XIV asr oxiri – XV asr boshi)

XV asr boshlarida Movarounnahrda shuhrat qozongan ulkan matematik va astronomlardan biri Qozizodadir. Olimning toʻliq nomi Salohiddin Muso ibn Muhammad ibn Mahmud.

Qozizoda aslida hozirgi Turkiyaning shimoli-gʻarbidagi Marmara dengizidan janubroqdagi Bursada tavallud topgan. Uning otasi Muhammad “Xoja Afandi” laqabi bilan maʼlum boʻlib, Salohiddinning bolalik yillarida vafot etgan. Xoja Afandi ancha olim va komil odam boʻlib, koʻp yillar Bursaning qozisi lavozimida xizmat qilgan. Salohiddinning tugʻilgan yili aniq maʼlum emas. Turkcha manbalarda u hijriy 755–765 (milodiy 1354–1364) yillar orasida tugʻilgan, deb taxmin qilinadi.

Qozizoda boshlangʻich maʼlumotlarini Bursadagi madrasada olib, astronomiya va matematika bilimlarini mavlono Shamsiddin Fanoriydan oʻrganadi. Lekin u yoshligidan Movarounnahr va Xurosonda ilm-fanning yuksak darajada ekanligini eshitib, u yerga ketishga taraddud koʻra boshlaydi. Bu haqda XX asr boshlaridagi turk tarixchisi Solih Zakiy bunday yozadi: “Mavlono Fanoriydan Xuroson va Movarounnahr ulamosining ulumi riyoziyadaki ovozai shuhratini eshita-eshita, nihoyat ikmoli tahsil uchun u joniba getmakka qaror vermish”. Oila aʼzolari bu sayohatga monelik qilishlaridan qoʻrqib, buni sir tutadi. Qozizoda XIV asr oxirlarida bir kun toʻsatdan Bursadan gʻoyib boʻladi. Avvaliga u Xurosonga borib, u yerda poytaxt Samarqandning shuhrati haqida eshitadi va oʻsha shahar tarafga intiladi. Bu orada Amir Temurning yetti yillik yurishi boshlanib qoladi. Qozizoda yoʻdda Temurning ulamolari qatoriga qoʻshilib qolib, ular bilan orqaga qaytib, yurishda ishtirok etadi va shu ketishda oʻzining Bursadagi ustozi mullo Fanoriyning “Anmuzaji ulum” asariga sharh bitadi. U Xuroson va Movarounnahrga kelib olimlardan tahsil olib, bilimini kamolotga yetkazadi. Xususan u Temurning saroy astronomi Mavlono Ahmaddan astronomiya va matematika fanlaridan chuqur maʼlumotlar oladi. Amir Temurning yetti yillik yurishi tugagach, 1404 yil yozida Salohiddin birinchi marta Movarounnahr poytaxti Samarqandga keladi. Tez orada Salohiddin Movarounnahr va Xuroson olimlari orasida “Qozizoda Rumiy” (Usmonli turklar mulki boʻlib qolgan Kichik Osiyo, yaʼni qadimgi Rim imperiyasi yerlarini Sharqda Rum deyilar edi) nomi bilan shuhrat qozonadi.

1405 yil boshida yuz bergan Sohibqironning vafotidan keyingi Movarounnahrda hukm surgan notinchlik Qozizodani Ulugʻbek bilan birgaliqda Hirotga ketishga majbur qiladi. Bu yerda u bir necha yil davomida boʻlajak buyuk olimga astronomiya va matematika fanlaridan saboq beradi va unda shu fanlarga nisbatan chuqur va soʻnmas mehr uygʻotadi. Ulugʻbek keyinchalik oʻz “Zij”ida Qozizodani minnatdorchilik bilan “ustozim” deb tilga oladi.

Ulugʻbekning oʻzi ayttanidek, uning ustozi Qozizoda Rumiydir.

Ulugʻbek Samarqandda 1417–1420 yillarda madrasa taʼsis etib, Qozizodani u yerda rais ul-muallimin nasabiga tayinlaydi va aksariyat hollarda uning darslarida oʻzi ham ishtirok etadi. Ulugʻbek madrasasi kvadrat shaklida boʻlib, uning toʻrt tarafida darsxonasi va har bir darsxonaning oʻz mudarrisi boʻlgan. Qozizoda madrasada darsga chiqquncha darsxonalarning talabalari oʻz mudarrislari bilan chiqib, uni kutib turganlar.

Bir kuni qandaydir sababga koʻra Ulugʻbek oʻsha toʻrt mudarrisdan birini taʼzil etadi, yaʼni koyib ishdan chetlatadi. Buni eshitgan Qozizoda raddiya sifatida darsga chiqmaydi va bu hol bir necha kun davom etadi. Ulugʻbek bundan ogoh boʻlib, Qozizodaning huzuriga boradi va uning sihat-salomatligini koʻrib, uning darsga chiqmayotganining sababini soʻraydi. Shunda Qozizoda bunday javob beradi: “Biz mudarrislikning hech bir kimsaga aloqasi va munosabati yoʻq bir mansab deb bilamiz. Hamda mudarrislik mansabi taʼzil joriy etilmaydigan mansabdir, deb hisoblardik. Holbuki endi bu mansab ham sultonlik tasarrufida ekanligini koʻrdik. Binobarin biz ham endi oʻzimizni mudarrislik amalidan forigʻ etdik”.

Ulugʻbek buni eshitib, oʻsha mudarrisni darhol oʻz vazifasida tiklaydi va bundan buyon hech bir mudarrisni taʼzil etmasligi haqida vaʼda beradi. Qozizodadan esa darslarga yana chiqishini iltimos qiladi.

Qozizoda Ulugʻbek madrasasida mudarrislik yillarida “sayyid as-sanad” deb tilga olinadigan Sayyid Sharif Jurjoniy nomli bir mudarris bilan muloqotda boʻladi. Qozizoda u kishi bilan koʻp mubohisa va munozara qilardi. Baʼzan shunday boʻlardiki, bu mubohisalarda ikkala shaxs ham bir-biriga nisbatan ovozini koʻtarar va tafovut, muxolifotga borardilar. Shunday hollarda Qozizoda Sayyid Sharifga nisbatan “matematik fanlarda qudratsiz” desa, Sayyid Sharif Qozizodaga “taʼbi matematik fanlarga magʻlub va falsafiyotga mansub” der edi. Lekin ikkisi ham bir-birining asarlarini tahrir kilar va tortishuvga sabab boʻlgan masalalarni talabalar oldiga qoʻyar edilar.

Ulugʻbek Jamshid Koshiydan “Ziji Elxoniy” haqida va Marogʻadagi kuzatishlar daqida koʻp eshitib, oʻzi rasadxona barpo etish va yangidan astronomik kuzatishlarni boshlashga tashabbus koʻrsatadi. Rasadxona qurilishini Qozizoda bilan birga Jamshid Koshiy boshqaradi. Qurilish tugatilib, kuzatishlar boshlanishi bilanoq Koshiy vafot etadi. Bundan soʻng ishlarga ilmiy rahbarlik Qozizodaning zimmasiga yuklanadi. U ham kuzatishlar oxiriga yetkazilmasdan vafot etadi. Endi kuzatishlarni davom ettirish navbati Ali Qushchiga keladi va u bu ishda katta jonbozlik koʻrsatib, ustozi Ulugʻbek bilan ishni nihoyasiga yetkazadi.

Qozizoda bilan Jamshid Koshiylar, shubhasiz XV asr birinchi yarmida Sharq va Gʻarbning eng buyuk olimlaridan edilar. Ular ikkisining oʻzaro munosabatlari doʻstona edi va ular bir-biriga katta hurmat bilan qarar edilar. Xususan Qozizoda Koshiyga “birodari aʼzam” deb murojaat etardi. Qozizoda Samarqanddaligida juda koʻp shogirdlar yetishtirdi. Bularning avvali va eng buyugi Ulugʻbeqdir. Ikkinchi shogirdi Fathulloh Shervoniy boʻlib, u 1449 yili Ulugʻbek oʻldirilishi bilan darhol Kichik Osiyoga ketadi va Kastamonu shahrida mudarrislik bilan shugʻullanadi. Qozizoda Samarqandda uylanib, bu nikohdan boʻlajak yirik olim Miram Chalabiyning otasi Qutbidsin dunyoga keladi.

Qozizodaning vafot etgan yili maʼlum emas. Lekin bu voqea 1426–1436 yillar orasiga toʻgʻri keladi, deb taxmin qilinadi.

Olimning qalamiga mansub asarlar quyidagilardir:

1. “Risola fi-l-hisob” (“Hisob haqida risola”). Arifmetikaga doir arab tilida yozilgan risola boʻlib, unda kasr va butun sonlarning oʻnlik uslublaridagi hisobi bayon etilgan. Risola 1382 yili Bursada yozilgan. Ikkita qoʻlyozmasi Mashhadda imom Rizo kutubxonasida saqlanadi.

2. “Sharhi mulaxxis fi-l-hayʼa” (“Astronomiya haqida qisqacha risolaning sharhi”). Asar Mahmud ibn Muhammad ibn Umar al-Xorazmiy al-Chagʻminiyning (XIII asr) “Mulaxxis fi-l-hayʼa” nomli asariga arab tilida yozilgan sharhidan iborat. Sharh hijriy 1412 yili Ulugʻbek uchun Samarqandda yozilgan. Risolaning 150 dan ortiq qoʻlyozma nusxalari dunyodagi turli kutubxonalarda saqlanadi.

3. “Sharhi ashkol at-taʼsis”. Bu risola XV asrda yashagan matematik Shamsiddin Samarqandiyning “Ashkol at-taʼsis” (“Asoslangan jumlalar”) nomli geometriyaga doir risolasiga arabchada yozilgan sharhidir. Bu ham 1412 yili Samarqandda Ulugʻbek uchun yozilgan. Bu risolaning ham 70 dan ortiq qoʻlyozmalari boʻlib, turli kutubxonalarda mavjuddir.

4. “Risola al-jayb” (“Sinus haqida risola”). Bu risolada bir darajaning sinusini aniqlashning yangi bir usuli bayon etilgan, arab tilida Samarqandda yozilgan. Uning ikki qoʻlyozmasi Istanbulda Sulton Muhammad kutubxonasida saqlanadi.

5. “Dar bayoni istirohati jaybi yak daraja” (“Bir daraja sinusini aniqlash usulining bayoni haqida”). Bu risola ham oldingi risola mavzusiga bagʻishlangan va fors tilida Samarqandda yozilgan.

6. “Dastur al-amal va tasʼhiq al-jadval” (“Amal dasturi va jadvallarini tuzatish”). Arabchada yozilgan va Ulugʻbek “Zij”idagi bir matematik masalaning sharhiga bagʻishlangan. Birgina qoʻlyozmasi Tbilisida saqlanadi.

7. “Misoxa” (“Oʻlchash”). Arab tilida yozilgan, yuzalarni oʻlchashga bagʻishlangan risola. Bir nusxasi Mashhadda Mavlaviy kutubxonasida saqlanadi.

8. “Risola fi-l-hayʼa va-l-handasa” (“Astronomiya va geometriya haqidagi risola”). Birgina nusxasi Turkiyada, Bursa shahrida saqlanadi.

9. “Sharh at-Tazkira”. Nasiriddin Tusiyning “At-Tazkira” nomli arab tilidagi risolasiga sharh.

10. “Sharh Tahrir al-Majistiy” arab tilida yozilgan. Astronomiyaga doir risola, ikki qoʻlyozmasi Berlin va Londonda saqlanadi.

11. “Risola fi ilm al-hayʼa” (“Astronomiya ilmi haqida risola”). Birgina qoʻlyozmasi Sankt-Peterburgda saqlanadi.

12. “Risola fi rubʼ al-mujayab” (“Sinus kvadrat haqida risola”). Arab tilida. Qoʻlyozmalari Sankt-Peterburg, Mashhad va Tehron kutubxonalarida saqlanadi.

13. “Lima kana halla kavni nisba irtifaʼ aʼzam al-jibol ila qutri al-arz kanisba subʼ ard shaʼira ila ziraʼ” (“Nima uchun togʻlarning eng balandining Yer diametriga nisbati arpa donining bir gazga nisbati kabi ekanligi qabul qilingani”). Yer oʻlchamiga bagʻishlangan arab tilidagi risola. Birgina qoʻlyozmasi Berlinda saqlanadi.

14. “Risola fi samiy al-qibla” (“Qibla azimuti haqida risola”). Qoʻlyozmasi Bursada (Turkiya) saqlanadi.

15. “Sharh hikmat al-ayn”. Al-Qazviniyning “Hikmat al-ayn” nomli risolasiga sharh, arab tilida. Qoʻlyozmalari Bogʻchasaroy (Qrim), Berlin, Dushanbe, Qozon, Qohira va boshqa koʻplab shaharlardagi kugubxonalarda saqlanadi.

Ulugʻbek rasadxonasining yetuk namoyandalaridan sanalgan va Ulugʻbekdek buyuk olimni tarbiyalagan Qozizoda Rumiy qoddirib ketgan adabiy-ilmiy meros bugungi avlodning oltin mulki hisoblanadi. Lekin shuni ham taʼkidlab oʻtish joizki, bu olimning qator asarlari oʻz tadqiqotchilarini hanuzgacha kutib yotibdi.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/qozizoda-rumiy-xiv-asr-oxiri-xv-asr-boshi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x